O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining



Download 53,62 Kb.
Sana19.01.2020
Hajmi53,62 Kb.
#35683
Bog'liq
Nikohdan ajratish bo'yicha 06 20.07.2011



O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining

Qarori

Sudlar tomonidan nikohdan ajratishga oid ishlar bo‘yicha qonunchilikni qo‘llash amaliyoti to‘g‘risida

Sudlar tomonidan nikohdan ajratishga doir ishlarni ko‘rishda qonunchilikning qo‘llanilishi shuni ko‘rsatadiki, sudlar oilaviy munosabatlardan kelib chiqadigan nizolarni asosan to‘g‘ri hal etishmoqda. Ayni paytda mazkur toifaga oid ishlarni ko‘rishda sud amaliyotida nikohning tugatilishi, uni haqiqiy emas deb topish, shuningdek iqtisodiyot erkinlashuvi sharoitida er-xotin mulkiy munosabatlarini tartibga soluvchi qonunchilikni qo‘llash bilan bog‘liq masalalar kelib chiqmoqda.



Sudlar tomonidan nikohdan ajratishga doir ishlarni ko‘rishda qonunchilikning to‘g‘ri va bir xilda qo‘llanilishini ta’minlash maqsadida, “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonunning 17-moddasiga tayangan holda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi qaror qiladi:

1. Sudlarning e’tibori shunga qaratilsinki, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida oila jamiyatning asosiy bo‘g‘ini sifatida e’tirof etilganligi, unda oila davlat tomonidan himoya qilinishi kafolatlanganligi to‘g‘risidagi normalarning mavjudligi nikoh-oilaviy munosabatlardan kelib chiqadigan ishlarni ko‘rishda sudlar zimmasiga katta mas’uliyat yuklaydi.

Sudlar oila to‘g‘risidagi qonunchilik vazifalaridan kelib chiqib, qonunda nazarda tutilgan hamda oilani mustahkamlash, er-xotin va ularning bolalari huquqlari hamda qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan barcha choralarni ko‘rishlari lozim.

2. Tushuntirilsinki, Oila kodeksining 37-moddasiga muvofiq nikoh er-xotindan birining vafoti yoki ulardan biri sud tomonidan vafot etgan deb e’lon qilinishi oqibatida tugaydi.

Er va xotin hayotligida nikoh ulardan biri yoki har ikkalasining arizasiga ko‘ra nikohdan ajratish yo‘li bilan tugatilishi mumkin. Zarur hollarda, agar buni muomalaga layoqatsiz er yoki xotin manfaatlari himoyasi taqozo etsa, nikohdan ajratish to‘g‘risidagi ariza uning vasiysi tomonidan berilishi mumkin.

3. Oila kodeksining 42-moddasiga ko‘ra, voyaga etmagan umumiy bolalari bo‘lmagan er-xotinning o‘zaro roziligi bo‘lgan taqdirda nikohdan ajratish fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlarida (bundan buyon matnda-FHDYo organlari) amalga oshiriladi, er-xotin o‘rtasida mehnatga layoqatsiz muhtoj er yoki xotinga moddiy ta’minot berish yoki umumiy mol-mulkni bo‘lish to‘g‘risida nizo mavjud bo‘lgan hollar bundan mustasno.

4. Oila kodeksining 43-moddasiga muvofiq, nikohdan ajratish quyidagi hollarda er-xotindan birining arizasi bo‘yicha, ular o‘rtasida voyaga etmagan umumiy bolalar borligidan qat’i nazar, FHDYo organlarida amalga oshiriladi, agar er-xotindan biri sud tomonidan:

bedarak yo‘qolgan deb topilgan bo‘lsa;

ruhiyati buzilishi (ruhiy kasalligi yoki aqli zaifligi) sababli muomalaga layoqatsiz deb topilgan bo‘lsa;

sodir qilgan jinoyati uchun uch yildan kam bo‘lmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilingan bo‘lsa.

Qayd etilgan asoslardan birortasi mavjud bo‘lganda FHDYo organi nikohdan ajratish to‘g‘risidagi talabni rad etishga haqli emas. Er-xotin o‘rtasida bolalar to‘g‘risida, mehnatga layoqatsiz muhtoj er yoki xotinga moddiy ta’minot berish yoki umumiy mol-mulkni bo‘lish to‘g‘risida nizo mavjud bo‘lgan hollar bundan mustasno.

5. Tushuntirilsinki, OK 42-moddasi ikkinchi qismi va 43-moddasi ikkinchi qismida nazarda tutilgan barcha hollarda nikohdan ajratish sud tartibida amalga oshiriladi.

Nikohdan ajratish masalasi FHDYo organlari vakolatiga taalluqli bo‘lgan ayrim hollarda ham u sud tartibida amalga oshirilishi mumkin, chunonchi, agar er-xotindan biri nikohdan ajratish to‘g‘risida ariza berishdan bosh tortsa yoki FHDYo organiga ariza berish uchun shaxsan kelish imkoniyatiga ega bo‘lmasa yoxud ariza berib, nikohdan ajratishni qayd etish uchun hozir bo‘lmasa. Bunday holatlar mavjudligi FHDYo organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari ma’lumotnomalari va h.k.lar bilan tasdiqlanishi mumkin.

Shuni nazarda tutish lozimki, OK 43-moddasi birinchi qismida belgilangan nikohdan FHDYo organlarida ajratish tartibi spirtli ichimliklar, narkotik vositalar yoki psixotrop moddalarni suiiste’mol qilishi oqibatida muomala layoqati cheklangan shaxslar bilan nikohdan ajratish hollariga tatbiq etilmaydi. Bunday shaxslarga nisbatan berilgan, shuningdek bunday shaxslar tomonidan berilgan da’volar bo‘yicha nikohdan ajratish sud tartibida amalga oshiriladi.

6. Nikohdan ajratish to‘g‘risidagi da’vo arizasini qabul qilishda shuni inobatga olish lozimki, OK 39-moddasiga muvofiq, er xotinining roziligisiz uning homiladorligi vaqtida va bola tug‘ilganidan so‘ng bir yil mobaynida nikohdan ajratish to‘g‘risida ish qo‘zg‘atishga, garchi u tug‘ilish to‘g‘risidagi yozuvlar daftarida bolaning otasi sifatida yozilmagan bo‘lsa ham, haqli emas. Mazkur qoida bola o‘lik tug‘ilgan yoki bir yoshga to‘lmay vafot etgan hollarga ham tatbiq etiladi.

Xotinning nikohdan ajratish to‘g‘risida ish qo‘zg‘atishga roziligi bo‘lmagan hollarda, sudya da’vo arizasini qabul qilishni rad etadi, agar u qabul qilingan bo‘lsa, sud ish yuritishni tugatadi. Nikohdan ajratish to‘g‘risidagi ish xotinning roziligi bilan qo‘zg‘atilgan bo‘lib, ishni sud majlisida ko‘rish vaqtida u nikohdan ajratishga qarshi e’tiroz bildirgan, shuningdek xotinning homiladorligi va uning nikohdan ajratishga roziligi yo‘qligi ishni apellyatsiya, kassatsiya yoki nazorat instansiyasida ko‘rish vaqtida ma’lum bo‘lgan barcha hollarda ham ish yuritish tugatilishi lozim.

Shuni nazarda tutish lozimki, OK 39-moddasida ko‘rsatilgan holatlar mavjudligi nikohdan ajratish to‘g‘risidagi da’vo xotin tomonidan qo‘zg‘atilishiga to‘sqinlik qilmaydi.

7. Sudlarga tushuntirilsinki, nikohdan ajratish to‘g‘risidagi da’volar, qoida tariqasida, javobgarning doimiy yashash joyidagi sudga, FPK 241-moddasida nazarda tutilgan hollarda esa, da’vogarning xohishi bo‘yicha taqdim etiladi. Xususan, nikohdan ajratish to‘g‘risidagi da’vo:

jazo muddatidan qat’i nazar, ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxs bilan (agar ish sudning sudloviga taalluqli bo‘lsa) — mazkur shaxsning sudlangunga qadar oxirgi yashash joyida;

yashash joyi noma’lum bo‘lgan shaxs bilan-uning ma’lum bo‘lgan oxirgi yashash joyida yoki uning mol-mulki turgan joyda, da’vogar voyaga etmagan bolalari borligi yoki salomatligi tufayli javobgarning yashash joyiga borishga qiynalgan hollarda esa,-da’vogarning yashash joyida;

O‘zbekiston Respublikasida yashash joyiga ega bo‘lmagan yoki mamlakatdan chiqib ketgan shaxs bilan uning mol-mulki turgan joyda yoki O‘zbekiston Respublikasida ma’lum bo‘lgan oxirgi yashash joyida taqdim etilishi mumkin.

8. Bir yil davomida yashash joyi haqida ma’lumot bo‘lmagan shaxsga nisbatan nikohdan ajratish haqidagi da’vo bilan murojaat qilinganda, sudya da’vogarga fuqaroni bedarak yo‘qolgan deb topish tartibini tushuntiradi (FK 33-moddasi).

Shu bilan birga, agar er yoki xotindan biri ikkinchisini bedarak yo‘qolgan deb topish haqida ariza berishdan bosh tortsa, sudya da’vo arizasini qabul qilishni rad etishga haqli emas, sud esa, nikohdan ajratish haqidagi da’voni umumiy asoslarda ko‘rishga majbur.

9. O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini chet el fuqarolari bilan tuzilgan, chet el fuqarolarini o‘zaro tuzilgan nikohdan ajratish, shuningdek mazkur shaxslarning oilaviy-huquqiy munosabatlaridan kelib chiqadigan boshqa nizolar Oila kodeksining 9-moddasi hamda VIII-bo‘limida nazarda tutilgan qoidalarga muvofiq amalga oshiriladi.

10. Nikohdan ajratish haqidagi da’vo arizasi FPK 149, 150-moddalari talablariga javob berishi kerak. Unda jumladan, nikoh qachon va qayerda rasmiylashtirilganligi, nikohdan bolalar bor-yo‘qligi, ularning yoshi, er-xotin o‘rtasida ularni ta’minoti va tarbiyasi haqida kelishuvga erishilgan-erishilmaganligi, nikohdan ajratish sabablari nikohdan ajratish haqidagi da’vo bilan birga ko‘rilishi mumkin bo‘lgan boshqa talablar bor-yo‘qligi ko‘rsatiladi.

Arizaga nikoh tuzilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma, bolalar tug‘ilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma nusxalari, er-xotinning oylik maoshi va o‘zga daromadlari haqidagi, davlat boji to‘langanligi to‘g‘risidagi hujjatlar, da’vo talablarini tasdiqlovchi dalillar ilova qilinadi.

Fuqarolik protsessual qonunida nikohdan ajratish to‘g‘risidagi talablarni sudga qadar ko‘rib chiqish tartibi belgilanmaganligi sababli, sud da’vogardan qonunda belgilanmagan hujjatlarni, jumladan mazkur nizo dastlab fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarida ko‘rilganligi to‘g‘risida ma’lumotnoma talab qilishga haqli emas.

11. Nikohdan ajratish to‘g‘risidagi arizani qabul qilgach, sudya har bir ish bo‘yicha uni FPK 16-bobida nazarda tutilgan tartibda sudda ko‘rishga tayyorlashi shart.

Jumladan, ishni sudda ko‘rishga tayyorlash tartibida, qoida tariqasida, ikkinchi tarafni chaqirishi, uning arizaga nisbatan munosabatini aniqlashi kerak. Shu maqsadlarda sudya taraflar bilan oilani saqlab qolish masalasida suhbat o‘tkazadi. Sudya, shuningdek er-xotin o‘rtasida nikohdan ajratish da’vosi bilan bir vaqtda hal qilinishi lozim bo‘lgan boshqa nizolar bor-yo‘qligini aniqlaydi, taraflarga voyaga etmagan bolalari ta’minoti uchun buyruq tartibida aliment undirish huquqini tushuntiradi, ishning ko‘rilishi uchun ahamiyatga molik boshqa masalalarni aniqlaydi.

12. Oila kodeksining 44-moddasiga muvofiq nikohdan ajratish to‘g‘risidagi ishni ko‘rishda er-xotin sudga quyidagi masalalar yuzasidan kelishuv taqdim etishlari mumkin:

nikohdan ajratilgandan keyin voyaga etmagan bolalar ulardan qaysi biri bilan yashashi to‘g‘risida;

voyaga etmagan bolalar va (yoki) mehnatga layoqatsiz muhtoj er(xotin)ga ta’minot berish uchun mablag‘ to‘lash tartibi va miqdori to‘g‘risida;

er-xotinning umumiy mol-mulkini bo‘lish to‘g‘risida.

Bunday kelishuv mavjud bo‘lmagan yoki mazkur masalalar yuzasidan er-xotin o‘rtasida nizo bo‘lgan hollarda ular nikohdan ajratish to‘g‘risidagi talab bilan bir vaqtda mazmunan ko‘rib chiqiladi.

Nikohdan ajratish to‘g‘risidagi da’vo bilan bir vaqtda nikoh shartnomasini to‘liq yoki qisman haqiqiy emas deb topish to‘g‘risidagi talab ham, basharti bunday talablar o‘zaro bog‘liqligi sababli, ko‘rib chiqilishi mumkin (FPK 156-moddasi). Sud mazkur ishda javobgarning nikohni haqiqiy emas deb topish to‘g‘risidagi qarshi da’vosini ham ko‘rishga haqli (FPK 247-moddasi).

13. Agar da’vo arizasida nikohdan ajratish ishi bilan bir vaqtda ko‘rilishi mumkin bo‘lmagan talab qo‘yilgan bo‘lsa (masalan, nikoh tuzilgunga qadar topilgan mol-mulkni olib berish, uyga kiritish va h.k.), bunday da’vo alohida ish yuritishga ajratiladi.

14. Nikohdan ajratishga doir ishlar bo‘yicha qonuniy va asosli hal qiluv qarori qabul qilinishi uchun sud ishning haqiqiy holatlarini har taraflama, to‘liq va xolisona tekshirib chiqishi, jumladan, er-xotin o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar xususiyatini, nikohdan ajratish masalasi qo‘yilishiga asos bo‘lgan sabablar, er-xotin o‘rtasidagi kelishmovchilikning asl sabablarini aniqlashi shart. Shu maqsadlarda, sud ishni ikkala taraf ishtirokida ko‘rishi lozim.

Da’vogar va javobgar sud majlisiga kelmagan taqdirda, kelmaslik sabablari uzrli yoki uzrsizligidan qat’iy nazar, sud ishni ko‘rishni keyinga qoldiradi. Da’vogar va javobgar sud majlisiga ikkinchi chaqiruv bo‘yicha uzrsiz sabablarga ko‘ra kelmagan taqdirda, sud arizani ko‘rmasdan qoldirishga haqli. Faqat da’vogar ikkinchi chaqiruv bo‘yicha uzrsiz sabablarga ko‘ra kelmagan taqdirda, sud javobgarning roziligi bilan arizani ko‘rmasdan qoldirishga haqli (FPK 174, 175-moddalari).

Sud majlisining vaqti va joyi to‘g‘risida tegishli tartibda xabardor qilingan javobgar sud majlisiga kelmagan taqdirda, basharti da’vogar bunga qarshi e’tiroz bildirmasa, ish sirtdan ish yuritish tartibida ko‘rilishi mumkin (FPK 224-moddasi). Bunday holda, faqat sud javobgarni so‘roq qilmasdan turib ham ishning barcha holatlari har tomonlama va to‘liq tekshirilganligi haqida xulosaga kelgan taqdirdagina nikohdan ajratish to‘g‘risidagi da’vo qanoatlantirilishi mumkin.

Er-xotindan biri doimiy yashash uchun O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqariga ko‘chib ketgan va uning sud majlisiga kelish imkoniyati bo‘lmagan hollarda, sud O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari normalariga muvofiq taraflarni xabardor qilish choralarini ko‘radi.

15. Sudlarga tushuntirilsinki, OK 1-moddasi ikkinchi qismi talabiga muvofiq nikohdan ajratish to‘g‘risidagi ishni ko‘rishda sud oilani saqlab qolish yuzasidan choralar ko‘rishi lozim. Shu maqsadda, sud majlisida oilani saqlab qolish mumkinligini tasdiqlovchi holatlar (bolalar borligi, nikohning davomiyligi, oiladagi munosabatlarning xususiyatlari va boshqa holatlar) aniqlansa, sud har ikkala tarafning yoki ulardan birining iltimosiga binoan yoxud o‘z tashabbusi bilan nikohdan ajratish to‘g‘risidagi ish ko‘rilishini keyinga qoldirishga haqli.

Ishning ko‘rilishi keyinga qoldirilganda, sud OK 40-moddasining ikkinchi qismiga muvofiq er-xotinga yarashishlari uchun olti oygacha muddat tayinlashga haqli. Bunda shuni e’tiborga olish lozimki, OK 218-moddasi talablarini inobatga olgan holda yarashish uchun beriladigan muddat uch oydan kam bo‘lishi samarasiz hisoblanadi. Er-xotin yarashishi maqsadida olti oylik muddat ichida ishning ko‘rilishi bir necha marta keyinga qoldirilishi mumkin.

Er-xotinga yarashishi uchun muddat berilishi munosabati bilan ishning ko‘rilishini keyinga qoldirish to‘g‘risidagi sud ajrimi taraflarning tushuntirishlari tinglangandan so‘ng, zarur hollarda esa, boshqa dalillar tekshirilganidan so‘ng chiqariladi.

Sud er va xotinning yoki ulardan birining arizasiga ko‘ra, yarashish uchun berilgan muddatni bunga jiddiy asoslar mavjud bo‘lgan hollarda qisqartirishga va ishni bu muddat tugagunga qadar ko‘rishga haqli. Yarashish uchun berilgan muddatni qisqartirish to‘g‘risidagi masala sud majlisida taraflarni xabardor qilgan holda va ajrim chiqarish yo‘li bilan hal etiladi.

Er-xotin yarashishi uchun ishning ko‘rilishini keyinga qoldirish to‘g‘risidagi ajrim alohida xonada (maslahatxonada) chiqariladi va bunday ajrim kelgusida ishning harakatiga to‘sqinlik qilmasligi sababli, uning ustidan apellyatsiya, kassatsiya tartibida shikoyat qilinishi yoki protest keltirilishi mumkin emas (FPK 346, 34816-moddalari).

Ishning ko‘rilishi keyinga qoldirilib, er-xotinga yarashish uchun muddat berilganda, sud OK 112-moddasi va FPK 263-moddasiga muvofiq bolalar ta’minoti uchun aliment undirish masalasini muhokama qilishga haqli.

16. Sudlarning e’tibori shunga qaratilsinki, nikohdan ajratish to‘g‘risidagi talab, faqat, er-xotin bundan buyon birga hayot kechirishlarining va oila batamom buzilganligi sababli uni saqlab qolishning iloji yo‘qligi aniqlangan holdagina qanoatlantirilishi lozim (OK 41-moddasi).

Turmushda kechadigan vaqtinchalik kelishmovchiliklar va tasodifiy sabablarga ko‘ra er-xotin o‘rtasida kelib chiqqan ixtiloflar, shuningdek er-xotindan birining yoki har ikkalasining jiddiy vajlar keltirmagan holda nikoh munosabatlarini davom ettirishni xohlamasligi nikohdan ajratish uchun yetarli asos bo‘la olmaydi.

Nikohdan ajratishga asoslar bo‘lmaganda, sud da’voni rad etadi.

17. Nikohdan ajratish to‘g‘risidagi da’vo rad etilgan taqdirda, mazkur da’vo bilan birga berilgan boshqa talablar sud tomonidan alohida ish yuritishga ajratilishi lozim (FPK 157-moddasi).

Agar da’vogar nikohdan ajratish to‘g‘risidagi da’vodan voz kechsa, ishning shu qismi ish yuritishdan tugatilishi, er yoki xotinning mazkur da’vo bilan birga bergan boshqa talablari esa, mazmunan ko‘rilishi lozim.

18. Sudlarga tushuntirilsinki, aynan o‘sha taraflar tomonidan aynan o‘sha asoslar bo‘yicha nikohdan ajratish to‘g‘risidagi takroriy da’vo arizasi sudning ish yurituviga bunday da’voni rad qilish haqidagi hal qiluv qarori yoki da’vogarning da’vodan voz kechganligi yoxud taraflar yarashganligi munosabati bilan ish yuritishni tugatish haqidagi ajrim qonuniy kuchga kirgan kundan boshlab, kamida olti oy o‘tgandan so‘ng qabul qilinishi mumkin. Bunday da’vo yangi asoslarga ko‘ra taqdim etilganda, takroriy da’vo arizasi mazkur muddatga rioya qilinmasdan berilishi mumkin.

19. Nikohdan ajratish to‘g‘risidagi da’vo bilan bir vaqtda er-xotin o‘rtasidagi umumiy mulkni bo‘lish to‘g‘risidagi nizoni ko‘rishda, sudlar bunday nizo uchinchi shaxslar huquqlariga daxl qilish-qilmasligini aniqlashlari lozim.

Agar nizo uchinchi shaxslar huquqlariga daxl qilsa (masalan, mol-mulk dehqon (fermer) xo‘jaligi mulki bo‘lib, uning tarkibida er-xotin va ularning voyaga etmagan bolalaridan tashqari boshqa a’zolar ham bo‘lsa) sud taraflarga ularning umumiy tartibda alohida da’vo taqdim etish huquqlarini tushuntirishi lozim, chunki qonun (OK 44-moddasi uchinchi qismi) bunday hollarda nikohdan ajratish va mol-mulkni bo‘lish to‘g‘risidagi talablarni bitta ish yurituvda hal etishga yo‘l qo‘ymaydi. Bu qoida xo‘jalik shirkatlari va jamiyatlari (AJ, MChJ va h.k.) ustav fondi omonatlariga, shuningdek ishlab chiqarish va matlubot kooperativlari paylariga nisbatan huquq to‘g‘risidagi nizolarni hal etishga ham tatbiq etiladi. Bunday shirkatlar va jamiyatlar mulkini bo‘lish masalalari fuqarolik qonunchiligi normalari bilan tartibga solinadi.

Oila kodeksi 44-moddasi uchinchi qismida nazarda tutilgan qoida er-xotin tomonidan banklar yoki boshqa kredit-moliya tashkilotlariga qo‘yilgan omonatlarni bo‘lish hollariga (pul mablag‘lari er-xotindan qaysi birining nomiga qo‘yilganligidan qat’iy nazar) tatbiq etilmaydi, chunki bunday omonatlarni bo‘lishda banklar yoki boshqa kredit tashkilotlari huquqlariga daxl etilmaydi.

Agar er yoki xotinga uchinchi shaxslar pul mablag‘lari bergan va uni er yoki xotin o‘z nomiga bank yoki boshqa kredit-moliya tashkilotiga qo‘ygan bo‘lsa, FK normalariga muvofiq uchinchi shaxslar pul summasini qaytarish to‘g‘risida (omonatni bo‘lish to‘g‘risida emas) da’vo qo‘zg‘atishga haqli bo‘lib, u alohida ish yurituvda hal etilishi lozim. Dehqon (fermer) xo‘jaligi a’zolarining va boshqa shaxslarning dehqon (fermer) xo‘jaligi a’zosi bo‘lgan er yoki xotinga nisbatan talablari ham shu tartibda hal etilishi mumkin.

20. Oila kodeksining 23-moddasiga muvofiq er-xotinning bo‘linishi lozim bo‘lgan birgalikdagi umumiy mol-mulki deganda, ular tomonidan nikoh davomida orttirgan mol-mulklar, shuningdek nikoh qayd etilgunga qadar bo‘lajak er-xotinning umumiy mablag‘lari hisobiga olingan va FK 81, 82, 209-moddalariga ko‘ra fuqarolarning mulk huquqi obyekti bo‘la oladigan ko‘char va ko‘chmas har qanday mol-mulklar tushuniladi, basharti ular o‘rtasida tuzilgan nikoh shartnomasida mol-mulkka nisbatan boshqacha tartib belgilangan bo‘lmasa.

Sudlarga tushuntirilsinki, sud tomonidan faqat ishni ko‘rish vaqtida amalda mavjud hamda er-xotinning birida yoki uchinchi shaxslarda (masalan, ijara, mulkdan tekin foydalanish, omonat saqlash va sh.k. shartnomalar bo‘yicha) bo‘lgan umumiy mol-mulk bo‘linishi lozim.

Mulkni bo‘lishda, shuningdek er-xotinning umumiy qarzlari (OK 28-moddasi uchinchi qismi) va oila manfaatlari yo‘lida vujudga kelgan majburiyatlar bo‘yicha talab qilish huquqi inobatga olinadi. Biroq sudlar shuni nazarda tutishlari lozimki, to‘yni, shuningdek nikoh marosimlari bilan bog‘liq boshqa tadbirlarni o‘tkazish bo‘yicha qarzlar va boshqa xarajatlar inobatga olinmaydi (OK 44-moddasi).

Nikohni FHDYo organlarida qayd etmasdan bir oila bo‘lib yashaydigan shaxslarning mulkiy nizolari fuqarolik qonunchiligi normalari bo‘yicha hal etiladi.

21. Oila kodeksining 25-moddasi birinchi qismiga muvofiq nikohga qadar er va xotinning har biriga tegishli bo‘lgan, shuningdek ulardan biri tomonidan nikoh davomida hadya tariqasida, meros huquqi bo‘yicha yoki boshqa tekin bitimlar bo‘yicha olingan mol-mulk uning o‘z mulki hisoblanadi.

Er-xotin tomonidan tekin asoslarga ko‘ra olingan, jumladan to‘y sovg‘alari, to‘ydan so‘ng o‘tkaziladigan marosimlar munosabati bilan olingan sovg‘alar, agar ular umumiy foydalanish buyumlaridan iborat bo‘lsa, birgalikdagi umumiy mulk tarkibiga kiradi. Agar bu sovg‘alar er-xotindan birining shaxsiy foydalanishi uchun mo‘ljallangan bo‘lsa, ular o‘sha er yoki xotinning o‘z mulki hisoblanadi (qimmatbaho va serhasham buyumlar bundan mustasno).

Er-xotindan biriga nikohga kirgunga (to‘yga) qadar tegishli bo‘lgan mol-mulk, bu buyumlardan nikoh tuzilganidan so‘ng foydalanilganligidan qat’iy nazar, birgalikdagi umumiy mulk tarkibiga kirmaydi (masalan, mebel, gilamlar, idish-tovoq va kelin sepini tashkil etuvchi boshqa mol-mulk).

Oila kodeksining 25-moddasi ikkinchi qismiga muvofiq, er-xotindan har biriga tegishli bo‘lgan mulk, basharti nikoh davomida mazkur mulk qiymatini ancha oshishiga olib kelgan mablag‘ qo‘shilganligi (kapital ta’mirlash, qo‘shimcha imorat qurish, yangidan jihozlash va h.k.) aniqlansa, ularning birgalikdagi umumiy mulki deb topilishi mumkin.

22. Oila kodeksining 24-moddasiga muvofiq er-xotin o‘zlarining birgalikdagi umumiy mulkka nisbatan mulk huquqini (egalik qilish, foydalanish, tasarruf etish) har ikkalasining roziligi bo‘yicha amalga oshirilishi lozimligini inobatga olgan holda, agar umumiy mulkni bo‘lish to‘g‘risidagi talabni ko‘rishda er yoki xotindan biri ikkinchisining irodasiga xilof tarzda o‘z xohishiga ko‘ra umumiy mulkni boshqaga o‘tkazgan yoki oila manfaatiga mos bo‘lmagan tarzda sarflagan yoxud mol-mulkni yashirgan bo‘lsa, bo‘lish chog‘ida o‘sha mol-mulk yoki uning qiymati hisobga olinadi.

Agar oilaviy munosabatlar va umumiy xo‘jalik yuritilishi amalda tugagandan so‘ng er-xotin birgalikda mulk orttirishmagan bo‘lsa, sud OK 27-moddasining beshinchi qismiga muvofiq, har bir er yoki xotin tomonidan ular alohida yashagan davrda topilgan mol-mulkni ulardan har birining mulki deb topishi va faqat er-xotin tomonidan umumiy xo‘jalik yuritilishi to‘xtatilgan vaqtga qadar topilgan mol-mulkni bo‘lishi mumkin.

23. Sudlar er-xotinning umumiy mulkini bo‘lishda shuni nazarda tutishlari lozimki, OK 27-moddasi oltinchi va yettinchi qismlariga ko‘ra, voyaga etmagan bolalar ehtiyoji uchun olingan narsalar (kiyim-kechak, oyoq kiyimi, maktab va sport anjomlari, musiqa asboblari, bolalar kutubxonasi va boshqalar), shuningdek er-xotin tomonidan ularning umumiy mulki hisobidan ular o‘rtasidagi voyaga etmagan bolalar nomiga qo‘yilgan omonatlar ham er-xotinning umumiy mol-mulkini bo‘lishda hisobga olinmaydi.

24. Er-xotinning umumiy mol-mulkini bo‘lishda, sudlar OK 28-moddasiga rioya etishlari va, qoida tariqasida, er va xotin hissalari tengligi prinsipidan kelib chiqishlari lozim.

Agar nikoh shartnomasida birgalikdagi mulkka nisbatan qonunda belgilangan tartib o‘zgartirilgan bo‘lsa, sud er-xotinning umumiy mol-mulkini bo‘lish to‘g‘risidagi nizoni hal etishda bunday shartnoma shartlariga rioya etishi lozim. Bunda shuni inobatga olish kerakki, OK 31-moddasi beshinchi qismiga ko‘ra, nikoh shartnomasining er yoki xotindan birini o‘ta noqulay sharoitga solib qo‘yadigan (masalan, er-xotindan birini nikoh davrida topilgan mol-mulkka nisbatan mulk huquqidan batamom mahrum etadigan) shartlari mazkur er yoki xotin talabi bo‘yicha sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkin.

Er-xotinning umumiy mol-mulkini bo‘lishda, sud ayrim hollarda OK 28-moddasining ikkinchi qismiga muvofiq voyaga etmagan bolalar manfaatlaridan yoki er-xotindan birining e’tiborga molik manfaatidan kelib chiqib, er va xotin hissalari tengligi prinsipidan chekinishga haqli. Er-xotindan birining e’tiborga molik manfaati deganda, jumladan nafaqat er yoki xotin uzrsiz sabablarga ko‘ra daromad olmagan yoki umumiy mol-mulkni oila manfaatlariga zarar yetkazgan holda sarflagan hollar, balki er-xotindan biri sog‘lig‘i holatiga yoki unga bog‘liq bo‘lmagan boshqa sabablarga ko‘ra mehnat faoliyatidan daromad olish imkoniyatidan mahrum etilgan hollar ham tushunilishi lozim. Agar nikoh shartnomasiga muvofiq er va xotin hissalari tengligi prinsipidan chekinish mumkin bo‘lmasa, unga faqat shartnomaning shu qismi haqiqiy emas deb topilgandagina yo‘l qo‘yiladi.

Sud hal qiluv qarorida umumiy mulkda er va xotin hissalari tengligi qoidasidan chekinish sabablarini bayon etishi shart.

25. Er-xotindan biriga u yoki bu mulkni asl holida berish masalasini hal etishda sud mulkning xususiyati va nima uchun mo‘ljallanganligini, uni sotib olish shartlari va boshqa e’tiborga molik holatlarni e’tiborga olishi lozim. Chunonchi, avtomobilni bo‘lishda sud er-xotindan qaysi biri undan amalda foydalanganligini, texnik holatiga qarab kelganligini, uni boshqarish uchun huquqi borligini va h.k.larni e’tiborga oladi.

Uyni asl holida bo‘lish masalasi sud tomonidan fuqarolik qonunchiligi normalarini inobatga olgan holda hal etilishi lozim (FK 223-moddasi).

26. Bo‘linishi lozim bo‘lgan mol-mulk qiymati hal qiluv qarori chiqariladigan kundagi bozor narxlaridan kelib chiqqan holda belgilanadi. Uyning qiymati nizoli uy turgan joydagi narxdan kelib chiqqan holda belgilanadi.

Er-xotinning umumiy mol-mulki qiymati yuzasidan nizo bo‘lgan taqdirda tegishli ekspertiza tayinlanishi mumkin.

27. Sudlar shuni nazarda tutishlari lozimki, 1944-yil 8-iyulga qadar nikohni qayd etmasdan turib oilaviy munosabatlarga kirishgan shaxslarning mol-mulkiga nisbatan er-xotin o‘rtasidagi birgalikdagi mulk tartibi tatbiq etiladi. Bunday mol-mulkni bo‘lish to‘g‘risidagi nizoni hal etishda OK 23 — 28-moddalarida belgilangan qoidalarga rioya etish lozim.

28. Oila kodeksi 27-moddasining to‘qqizinchi qismida nikohdan ajratilgan er-xotinning birgalikdagi umumiy mulkini bo‘lish uchun belgilangan uch yillik da’vo muddatining o‘tishini nikoh tugatilgan vaqtdan (ya’ni, FHDYo organlarida nikohdan ajratish qayd etilgan yoki sudning hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirgan kundan) emas, balki shaxs o‘z huquqi buzilganligini bilgan yoki bilishi lozim bo‘lgan kundan boshlab hisoblash lozim (FK 154-moddasi birinchi qismi).

29. Nikohdan ajratish yoki nikohdan ajratishni rad qilish haqidagi hal qiluv qarori qonuniy, asosli bo‘lishi hamda sud majlisida har tomonlama tekshirilgan dalillarga asoslangan bo‘lishi lozim.

Hal qiluv qarorining asoslantirish qismida sud tomonidan aniqlangan er-xotin o‘rtasidagi kelishmovchilik sabablari, sudning oilani saqlab qolish imkoniyati borligi yoki uning uzil-kesil barham topganligi to‘g‘risidagi xulosasiga asos bo‘lgan dalillar, sud tomonidan u yoki bu dalillarni rad etish uchun asos bo‘lgan vajlar, shuningdek sud qo‘llagan qonunlar ko‘rsatiladi.

Nikohdan ajratish haqidagi da’voni qanoatlantirish to‘g‘risidagi hal qiluv qarorining xulosa qismi quyidagilarni o‘z ichiga olishi lozim:

taraflarning barcha talablari bo‘yicha, shu jumladan birgalikda ko‘rish uchun birlashtirilgan talablari bo‘yicha ham sud xulosalarini;

fuqarolik holatlarini qayd etish daftarida nikohdan ajratishni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlar (nikoh qayd qilingan sana, dalolatnoma yozuvining raqami, nikohni qayd qilgan organning nomi);

er-xotinning familiyalari — nikoh tuzilganligi to‘g‘risidagi guvohnomaga muvofiq (nikohga kirish vaqtida familiya o‘zgartirilgan bo‘lsa — nikohgacha bo‘lgan familiya ham);

er-xotinning har biridan undirilishi lozim bo‘lgan davlat boji miqdori yoki ulardan qaysi biri uni to‘lashdan ozod qilinganligi haqida ko‘rsatma (davlat boji miqdorini belgilashda sud ulardan har birining moddiy ahvolini, oilaning buzilishida aybi darajasini va boshqa muayyan holatlarni, jumladan voyaga etmagan bolalar er-xotindan qaysi biri bilan yashash uchun qolayotganligini hisobga oladi);

mol-mulk qiymati — er-xotindan biriga mol-mulk asl holida berilganda.

30. Sudlarga tushuntirilsinki, nikohga kirish vaqtida o‘z familiyasini o‘zgartirgan er (xotin) nikohdan ajratilgandan keyin ham shu familiyada qolishga haqli. Biroq, uning xohishiga binoan nikohdan ajratish to‘g‘risidagi qaror chiqarilayotganda sud tomonidan unga nikohgacha bo‘lgan familiyasi qaytarilishi mumkin. Agar mazkur masala sud tomonidan qaror chiqarish paytida hal qilinmagan bo‘lsa, familiyani o‘zgartirish fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organi tomonidan nikohdan ajralishni qayd etish paytida hal etiladi (OK 220-moddasi).

31. Nikohdan ajratishni rad etganda, shuningdek ish yuritish tugatilgan barcha hollarda, sud da’vogarning arizasiga ko‘ra unga nikoh tuzilganligi to‘g‘risidagi guvohnomani qaytaradi.

32. Oila kodeksining 47-moddasiga muvofiq nikoh fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organida nikohdan ajratilganlik ro‘yxatga olingan kundan boshlab tugatiladi.

Mazkur qoida nikoh tugatilishi payti qonunga ko‘ra sudning hal qiluv qarori kuchga kirgan paytdan boshlanishi tan olingan (1998-yil 30-apreldan 2010-yil 15-sentabrgacha) davrga nisbatan tatbiq etilmaydi.

33. Sudlarga tushuntirilsinki, OK 50-moddasining birinchi qismiga muvofiq nikohni haqiqiy emas deb topish faqat sud tartibida amalga oshiriladi.

Nikohni haqiqiy emas deb topish to‘g‘risidagi da’vo arizasini qabul qilishda, sudya nikohning haqiqiyligi qanday asos bo‘yicha nizolashilayotganligini va da’vogar OK 51 — 54-moddalariga ko‘ra aynan da’vo arizasida ko‘rsatilgan asos bo‘yicha nikohni haqiqiy emas deb topish to‘g‘risidagi masalani qo‘zg‘atish huquqiga ega bo‘lgan shaxslar toifasiga kirish-kirmasligini aniqlashi lozim. Agar arizachi bunday shaxslar doirasiga kirmasa, sudya uning da’vo arizasini qabul qilishni FPK 152-moddasi birinchi qismi 1 bandiga asosan rad etadi.

34. Oila kodeksining 49-moddasida ko‘rsatilgan nikohni haqiqiy emas deb topish asoslari qat’iy bo‘lib, ularni kengaytirib talqin etishga yo‘l qo‘yilmaydi. Bunday asoslarga quyidagilar kiradi:

Oila kodeksining 14 — 16-moddalarida belgilangan shartlar buzilishi;

soxta nikoh tuzilishi, ya’ni er-xotin yoki ulardan biri oila qurish maqsadini ko‘zlamay nikoh qayd qildirsa;

nikohlanuvchi shaxslardan biri tanosil kasalligi yoki odamning immunitet tanqisligi virusi (OIV/OITS kasalligi) borligini ikkinchisidan yashirsa.

Jumladan, agar nikohni tuzish vaqtida shaxs o‘z harakati mohiyatini tushunmaganligi va ularni idora qila olmaganligi natijasida nikohga kirishga nisbatan o‘zining haqiqiy roziligini bermaganligi aniqlansa, nikoh OK 14-moddasida nazarda tutilgan shartlar buzilgan degan asos bilan sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkin.

Shuni nazarda tutish lozimki, soxta nikoh tuzgan shaxslar ish sud tomonidan ko‘rilgunga qadar amalda oila qurgan bo‘lsalar, bunday nikoh er-xotin huquqlarini qo‘riqlash maqsadida soxta deb topilishi mumkin emas.

35. Agar nikohni haqiqiy emas deb topish to‘g‘risidagi da’vo nikohdan sud tartibida ajratilgandan so‘ng berilgan bo‘lsa, sudya da’vo arizasini qabul qilishni u sudda ko‘rishga tegishli emasligi sababli rad etadi (FPK 152-moddasi birinchi qismi 1 bandi). Bunday da’vo faqat nikohdan ajratish to‘g‘risidagi sudning hal qiluv qarori va nikohdan ajratish to‘g‘risidagi dalolatnoma yozuvi belgilangan tartibda bekor qilingan holda ko‘rilishi mumkin.

Agar nikohdan FHDYo organlarida ajratilgan bo‘lib, keyinchalik nikohdan ajratish to‘g‘risidagi dalolatnoma yozuvini bekor qilish va nikohni haqiqiy emas deb topish to‘g‘risida talablar qo‘yilgan bo‘lsa, sud bu talablarni bir vaqtning o‘zida ko‘rishi shart.

36. Nikohdan ajratish to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rishda, sudlar oilaning buzilishi sabablarini aniqlashlari va oila buzilishida aybdor bo‘lgan er-xotin va boshqa shaxslarning nomunosib xulq-atvorlaridan dalolat beruvchi faktlarga nisbatan xususiy ajrim chiqarish yo‘li bilan munosabat bildirishlari lozim.

37. Qoraqalpog‘iston Respublikasi fuqarolik ishlari bo‘yicha Oliy sudi, fuqarolik ishlari bo‘yicha viloyatlar va Toshkent shahar sudlari nikohdan ajratishga doir ishlar bo‘yicha sud amaliyotini muntazam ravishda umumlashtirib borishlari va ushbu toifa ishlar bo‘yicha qonunchilikni qo‘llashda yo‘l qo‘yilgan sud xatolarining oldini olish yuzasidan zarur choralar ko‘rishlari lozim.

38. Mazkur qaror qabul qilinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 1998-yil 11-sentabrdagi 22-sonli “Sudlar tomonidan nikohdan ajratish haqidagi ishlarni ko‘rishda qonunlarni qo‘llash amaliyoti to‘g‘risida”gi qarori o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilsin.

Oliy sud raisi B. MUSTAFAYEV

Plenum kotibi, Oliy sud sudyasi V. NAZAROV

Toshkent sh.,

2011-yil 20-iyul,

06-son

Download 53,62 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©hozir.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling

kiriting | ro'yxatdan o'tish
    Bosh sahifa
юртда тантана
Боғда битган
Бугун юртда
Эшитганлар жилманглар
Эшитмадим деманглар
битган бодомлар
Yangiariq tumani
qitish marakazi
Raqamli texnologiyalar
ilishida muhokamadan
tasdiqqa tavsiya
tavsiya etilgan
iqtisodiyot kafedrasi
steiermarkischen landesregierung
asarlaringizni yuboring
o'zingizning asarlaringizni
Iltimos faqat
faqat o'zingizning
steierm rkischen
landesregierung fachabteilung
rkischen landesregierung
hamshira loyihasi
loyihasi mavsum
faolyatining oqibatlari
asosiy adabiyotlar
fakulteti ahborot
ahborot havfsizligi
havfsizligi kafedrasi
fanidan bo’yicha
fakulteti iqtisodiyot
boshqaruv fakulteti
chiqarishda boshqaruv
ishlab chiqarishda
iqtisodiyot fakultet
multiservis tarmoqlari
fanidan asosiy
Uzbek fanidan
mavzulari potok
asosidagi multiservis
'aliyyil a'ziym
billahil 'aliyyil
illaa billahil
quvvata illaa
falah' deganida
Kompyuter savodxonligi
bo’yicha mustaqil
'alal falah'
Hayya 'alal
'alas soloh
Hayya 'alas
mavsum boyicha


yuklab olish