O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining



Download 30,26 Kb.
Sana26.10.2019
Hajmi30,26 Kb.
#24340
Bog'liq
914-II 13.06.2014



O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining

qarori

O‘zbekiston Respublikasi qishloq va suv xo‘jaligi vazirining “2013 – 2017-yillar davrida sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash hamda suv resurslaridan oqilona foydalanish bo‘yicha Davlat dasturi bajarilishining borishi to‘g‘risida”gi axboroti haqida

“O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonunining 25-moddasiga muvofiq, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasi hamda O‘zbekiston Ekologik harakatidan saylangan deputatlar guruhining tashabbusiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi O‘zbekiston Respublikasi qishloq va suv xo‘jaligi vaziri Sh. Teshayevning “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 19-apreldagi “2013 — 2017-yillar davrida sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yanada yaxshilash hamda suv resurslaridan oqilona foydalanish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-1958-sonli Qarori bilan qabul qilingan “2013 — 2017-yillar davrida sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash hamda suv resurslaridan oqilona foydalanish bo‘yicha Davlat dasturi bajarilishining borishi to‘g‘risida”gi axborotini eshitdi.



O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi shuni qayd etadiki, mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi sohasini isloh etish va modernizatsiya qilish, melioratsiya va irrigatsiyani yaxshilash, yerlarning unumdorligi va samaradorligini oshirish bo‘yicha keng miqyosli ishlar davom ettirilmoqda hamda chuqurlashtirilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning “O‘zbekistonda oziq-ovqat dasturini amalga oshirishning muhim zaxiralari” mavzuidagi xalqaro konferensiya ochilishidagi ma’ruzasida ta’kidlanganidek, O‘zbekistonning ko‘plab mintaqalari qisqa muddatda jahon bozorida xaridorgir bo‘lgan meva va sabzavot mahsulotlari etishtiradigan va eksport qiladigan hududlarga aylandi. Yuqori hosil beradigan intensiv bog‘lar tashkil qilindi, tomchilatib sug‘orish tizimi joriy etildi. O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan oziq-ovqat dasturi aholining to‘laqonli va mutanosib ovqatlanishini ta’minlashdek muhim vazifani hal etish imkonini berdi. Bunda ilg‘or agrosanoat texnologiyalarini jalb etishga, qishloq xo‘jaligi infratuzilmasi, irrigatsiya va melioratsiya tizimlarini rivojlantirish va rekonstruksiya qilishga, marketing va jahon bozorlariga chiqish bo‘yicha yangi texnologiyalarni joriy qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

2013 — 2017-yillar davrida sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash hamda suv resurslaridan oqilona foydalanish bo‘yicha Davlat dasturining asosiy maqsadi zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash, melioratsiya va irrigatsiya obyektlari tarmoqlarini rivojlantirish, suv resurslaridan oqilona va tejamkorlik bilan foydalanish, buning asosida qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishining barqaror ishlashini, yerlarning unumdorligini oshirish hamda qishloq xo‘jaligi ekinlari hosildorligi ko‘payishini ta’minlashdan iboratdir.

O‘zbekiston Respublikasining Er kodeksini, “Suv va suvdan foydalanish to‘g‘risida”gi, “Gidrotexnika inshootlarining xavfsizligi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlarini, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Qishloq xo‘jaligida islohotlarni chuqurlashtirishning eng muhim yo‘nalishlari to‘g‘risida”gi va “Erlarning meliorativ holatini yaxshilash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonlarini, shuningdek “2008 — 2012-yillar davrida sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash Davlat dasturi to‘g‘risida”gi hamda “2013 — 2017-yillar davrida sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yanada yaxshilash hamda suv resurslaridan oqilona foydalanish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi va boshqa qarorlarini o‘z ichiga oluvchi rivojlangan normativ-huquqiy baza yaratildi. Ularni ro‘yobga chiqarish doirasida sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash dasturlarini shakllantirish va bajarishga bo‘lgan yondashuvlarni tubdan o‘zgartirish, meliorativ tarmoqlarni saqlab turish mexanizmini sifatli takomillashtirish, suv xo‘jaligi tashkilotlari va suv iste’molchilari uyushmalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, meliorativ texnika parkini yangilash, bu ishlarni moliyalashtirishning puxta mexanizmini ta’minlashni nazarda tutuvchi tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Sug‘oriladigan yerlarni meliorativ yaxshilashning uzoq muddatli, o‘rtacha muddatli va har yilgi davlat dasturlarini ishlab chiqish hamda amalga oshirish amaliyotdan mustahkam o‘rin olgan bo‘lib, ular yerlarning meliorativ kadastrini, ball-bonitetini va unumdorligini, shuningdek irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalarining hududiy meliorativ ekspeditsiyalari tomonidan tayyorlanadigan aniq meliorativ loyihalar ro‘yxatini hisobga olgan holda hududlar bo‘yicha o‘tkazilgan yerlarning meliorativ holatini ilmiy asoslangan holda baholash asosida shakllantirilmoqda.

Jumladan, 2008 — 2012-yillardagi davrda sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash Davlat dasturini amalga oshirish 1,5 mln gektardan ziyod sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash imkonini berdi, yer osti suvlari yuza joylashgan yerlar maydoni 556 ming gektarga yoki salkam 10 foizga qisqardi, kuchli va o‘rtacha sho‘rlangan yerlar maydoni 113 ming gektarga kamaydi. Bu strategik ekinlar hosildorligiga va umuman meva-sabzavotchilikning rivojlanishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. Ana shu maqsadlar uchun O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetidan 981,5 mlrd so‘m sarflandi.

Keyingi uch yilda suvni tejovchi texnologiyalar 11,304 ming gektar maydonda, shu jumladan: 7,644 ming gektar maydonda — tomchilatib sug‘orish; 1,665 ming gektar maydonda — egatlarga to‘shalgan polietilen plyonkadan foydalangan holda sug‘orish; 1,995 ming gektar maydonda — elastik polietilen quvurlardan foydalangan holda sug‘orish joriy etildi. Bu chora-tadbirlarning amalga oshirilishi meva-sabzavot mahsulotlari etishtirishning 1,5 baravar, kartoshka etishtirishning — 1,4 baravar, poliz va uzum etishtirishning 1,3 baravar ildam o‘sishi hisobiga ishlab chiqarish tarkibiy tuzilmasining sifat jihatidan o‘zgarishiga ko‘maklashmoqda.

2013 — 2017-yillar davrida sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash hamda suv resurslaridan oqilona foydalanish bo‘yicha davlat dasturi (bundan buyon matnda Davlat dasturi deb yuritiladi) doirasida meliorativ va irrigatsiya obyektlarini, sug‘orish tarmoqlarini qurish, rekonstruksiya qilish, ta’mirlash va tiklash; suv resurslarini boshqarish va sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini va tuproq unumdorligini monitoring qilish tizimlarini takomillashtirish; tomchilatib sug‘orish tizimini va suvni tejovchi boshqa texnologiyalarni joriy etish; suv xo‘jaligidan foydalanuvchi va pudrat tashkilotlarining, suv iste’molchilari uyushmalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, ochiq kollektor drenaj tarmoqlarini, vertikal drenaj quduqlarini, meliorativ nasos stansiyalari va kuzatuv quduqlarini qurish va rekonstruksiya qilish (yillik prognoz ko‘rsatkichlari 104 foiz etib bajarildi), lizing tashkilotlariga meliorativ texnika, uskunalar va boshqa mashina mexanizmlarini xarid qilish va yetkazib berish (yillik prognoz ko‘rsatkichlari 107 foiz etib bajarildi) jadal sur’atlar bilan bormoqda.

Umuman olganda, Davlat dasturi ijrosining borishini o‘rganish shuni ta’kidlash imkonini beradiki, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, mamlakatimiz boshqa vazirliklari hamda idoralarining faoliyati sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash va suv resurslaridan oqilona foydalanish bo‘yicha ishlarning o‘z vaqtida hamda sifatli bajarilishini ta’minlamoqda.

Shu bilan birga O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi qo‘mitalarining nazorat-tahlil tadbirlari yakunlariga ko‘ra bu sohadagi ishlarning samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha bir qator foydalanilmagan imkoniyatlar borligi aniqlandi. Chunonchi, Sirdaryo viloyatining Sirdaryo tumanida, Jizzax viloyatining Zafarobod tumanida va Qashqadaryo viloyatining Koson tumanida meliorativ tadbirlarni rejalashtirish masalasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, uning hududiy boshqarmalari, shuningdek mazkur viloyatlar va tumanlar hokimliklari tomonidan qishloq xo‘jaligi ekinlarini joylashtirish bilan bog‘liq holda yetarlicha ish olib borilmaganligi sababli 2013-yilda ayrim meliorativ obyektlar o‘z vaqtida foydalanishga topshirilmay qolishiga yo‘l qo‘yilgan.

Shuningdek qishloq xo‘jaligi ekinlarini sug‘orishning suvni tejovchi texnologiyalarini joriy etish jadvallari ortda qolayotganligi qayd etilmoqda. Masalan, agar tomchilatib sug‘orishni joriy etish yillik prognozi Samarqand viloyatida 102 foiz etib bajarilgan bo‘lsa, Toshkent va Farg‘ona viloyatlarida bu ko‘rsatkich 86 — 88 foizni tashkil etadi.

Bundan tashqari, Davlat dasturi ijrosining borishini o‘rganish suv resurslaridan nooqilona foydalanish va kollektor-drenaj tarmoqlarining texnik holatiga suv iste’molchilari tomonidan zarar yetkazilishi, tuproqning sho‘rlanishini aniqlashga va ochiq suv oqimlaridagi gidrologik postlarni modernizatsiya qilishga doir prognoz ko‘rsatkichlardan ortda qolish hollari mavjudligini ko‘rsatdi va hokazo.

Bugungi kunda sug‘oriladigan yerlarning salkam yarmi turli darajada sho‘rlanishga duchor bo‘lgan, 1015 ming gektar yerda yer osti suvlarining joylashish darajasi 2 metrgacha bo‘lib, bu Davlat dasturi ko‘rsatkichlarining so‘zsiz bajarilishini talab qiladi.

Davlat dasturida nazarda tutilgan chora-tadbirlarni yanada samarali ro‘yobga chiqarish, shu asosda qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishi barqaror faoliyat ko‘rsatishini ta’minlash, yerlarning unumdorligini oshirish va qishloq xo‘jaligi ekinlarining hosildorligini ko‘paytirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qaror qiladi:

1. O‘zbekiston Respublikasi qishloq va suv xo‘jaligi vaziri Sh. Teshayevning “2013 — 2017-yillar davrida sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash hamda suv resurslaridan oqilona foydalanish bo‘yicha davlat dasturi bajarilishining borishi to‘g‘risida”gi axboroti ma’lumot uchun qabul qilinsin.

2. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligiga:

suvdan foydalanish sohasidagi, fermer, dehqon xo‘jaliklarini va shaxsiy yordamchi xo‘jaliklarni suvdan foydalanuvchilar uyushmalariga jalb etish borasidagi munosabatlarning huquqiy jihatdan tartibga solinishini takomillashtirish;

tuproqning sho‘rlanishini aniqlashga doir prognoz ko‘rsatkichlarni va tabiiy ochiq suv oqimlaridagi gidrologik postlarni modernizatsiya qilish, suv iste’molchilari uyushmalari va fermer xo‘jaliklari sug‘orish suvlarini boshqarish va hisobga olish vositalari bilan jihozlanishini, shuningdek sug‘orishning suvni tejovchi texnologiyalari joriy etilishini ta’minlash;

meliorativ tadbirlarni rejalashtirish masalasi qishloq xo‘jaligi ekinlarining joylashtirilishi hisobga olingan holda puxta ishlab chiqilishini, shuningdek loyihalarning tasdiqlangan tarmoq jadvallariga muvofiq amalga oshirilishi qat’iy nazorat qilinishini viloyatlar va tumanlar hokimliklari bilan birgalikda ta’minlash;

mablag‘larning samarali sarflanishi, suv xo‘jaligi, pudratchi va foydalanuvchi korxonalarning moddiy-texnika bazasini rivojlantirish hamda shu asosda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hosildorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlarni amalga oshirish;

fermer xo‘jaliklari, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari tomonidan zamonaviy texnologiyalarning joriy etilishiga va agrotexnika tadbirlarining samarali tashkil etilishiga ko‘maklashish maqsadida nodavlat notijorat tashkilotlari hamda tadqiqot markazlari bilan ijtimoiy sheriklik mexanizmlaridan samarali foydalanish, shuningdek qishloq va suv xo‘jaligida kooperatsiya faoliyatining huquqiy, iqtisodiy, tashkiliy asoslarini yanada rivojlantirish masalasini ko‘rib chiqish;

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan birgalikda qishloq xo‘jaligi, shu jumladan fermer xo‘jaliklari mutaxassislarini qishloq va suv xo‘jaligi sohasidagi yetakchi oliy o‘quv yurtlari hamda kasb-hunar kollejlari bazasida tashkil etilgan malaka oshirish kurslariga jalb etish masalasini ishlab chiqish;

iqtisodiyotning ushbu eng muhim tarmog‘iga qo‘shimcha investitsiyalarni jalb etish, suvdan foydalanuvchilar uyushmalariga, fermerlarga konsalting va huquqiy xizmatlar ko‘rsatish, ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash bo‘yicha ishlarni faollashtirish tavsiya etilsin.

3. Quyidagilar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Agrar va suv xo‘jaligi masalalari hamda Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitalarining eng muhim vazifalari deb hisoblansin:

Davlat dasturi va mazkur sohadagi boshqa qonun hujjatlarining qoidalari o‘z vaqtida, sifatli va to‘liq ijro etilishi ustidan vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlarining shaxsiy javobgarligini oshirish maqsadida ta’sirchan parlament nazoratini amalga oshirish;

Davlat dasturining, yer va suv resurslaridan oqilona hamda tejab-tergab foydalanilishini ta’minlashga qaratilgan qonun hujjatlari qoidalarining mazmuni va ahamiyati haqida keng axborot-tushuntirish ishlarini o‘tkazishda faol ishtirok etish hamda shu asosda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari etishtirishni va qishloq aholisining farovonligini oshirish.

4. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesiga, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash va suv resurslaridan oqilona foydalanish bo‘yicha hududiy dasturlarning ishlab chiqilishi hamda amalga oshirilishi, meliorativ va irrigatsiya obyektlarining, suv iste’molchilari uyushmalari sug‘orish tarmoqlarining qurilishi, rekonstruksiya qilinishi, ta’mirlanishi va qayta tiklanishi, shuningdek Davlat dasturida va ushbu sohadagi boshqa davlat (mintaqaviy) dasturlarida nazarda tutilgan boshqa eng muhim vazifalar amalga oshirilishi ustidan deputatlar nazoratining samaradorligini oshirish chora-tadbirlarini ko‘rish tavsiya etilsin.

5. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi bilan hamkorlikda ushbu Qarorning besh oylik yakunlari bo‘yicha ijrosining borishi to‘g‘risidagi axborotni qo‘shma majlisda eshitsin.

6. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri D. TOShMUHAMEDOVA

Toshkent sh.,

2014-yil 13-iyun.

914-II-son
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2014-y., 6-son, 145-modda)

Download 30,26 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©hozir.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling

kiriting | ro'yxatdan o'tish
    Bosh sahifa
юртда тантана
Боғда битган
Бугун юртда
Эшитганлар жилманглар
Эшитмадим деманглар
битган бодомлар
Yangiariq tumani
qitish marakazi
Raqamli texnologiyalar
ilishida muhokamadan
tasdiqqa tavsiya
tavsiya etilgan
iqtisodiyot kafedrasi
steiermarkischen landesregierung
asarlaringizni yuboring
o'zingizning asarlaringizni
Iltimos faqat
faqat o'zingizning
steierm rkischen
landesregierung fachabteilung
rkischen landesregierung
hamshira loyihasi
loyihasi mavsum
faolyatining oqibatlari
asosiy adabiyotlar
fakulteti ahborot
ahborot havfsizligi
havfsizligi kafedrasi
fanidan bo’yicha
fakulteti iqtisodiyot
boshqaruv fakulteti
chiqarishda boshqaruv
ishlab chiqarishda
iqtisodiyot fakultet
multiservis tarmoqlari
fanidan asosiy
Uzbek fanidan
mavzulari potok
asosidagi multiservis
'aliyyil a'ziym
billahil 'aliyyil
illaa billahil
quvvata illaa
falah' deganida
Kompyuter savodxonligi
bo’yicha mustaqil
'alal falah'
Hayya 'alal
'alas soloh
Hayya 'alas
mavsum boyicha


yuklab olish