19-94-guruh talabasi Karimova Mohinurning Qiyosiy adabiyotshunoslik fanidan Mustaqil ishi
Boshlanyapti gitar nolasi. Sinayapti tong piyolasi. Boshlanyapti gitar nolasi. O kutmagin undan sukutni! So’ramagin undan sukutni! Tinim bilmay yig’lar gitara, yig’laganday daryolarda suv, yig’laganday dengizda shamol, sukut so’rab yalinma endi! Shunday yig’lar tongni qo’msab shom, shunday yig’lar nishonsiz o’qlar, shunday yig’lar lovillagan qum tarovatli gullarni yo’qlab. Ilon nishin tahlikasida qushlar shunday o’lar jonsarak. O gitara,sho’rlik gitara, beshta xanjar sanchilgan yurak!
Ushbu mashhur she’r muallifi ulug’ inson shoiri Federiko Garsia Lorkadir. Lorka ijodi Andalusiya orqali kirib borgan Sharq she’riyati va G’arb she’riyatini o’zida mujassam etgan, o’ziga xos badiiy namunalardan biri. Uning she’rlari, ohanglari, ramzlari, o’xshatish, timsollarida Sharq she’riyati ta’siri yaqqol seziladi. U hali o’ttiz yoshga kirmasdan dunyo miqyosida katta shoir sifatida tan olingan ijodkorlardan biri edi: uning she’rlari gitara kabi jarangladi, gitara kabi faryod va isyon qildi. Gitara torlari kabi bevaqt uzildi.
Lorka she’riyati asr boshida adabiyotda, tasviriy san’atda, musiqada yuzaga kelgan. O’z oldilariga san’atni yangi bosqichga ko’tarish, unga yangi shakl, yangi mazmun baxsh etishdek maqsadni qo’ygan Pablo Pikasso, Pol` Elyuar, Andre Breton, Giyom Apolliner va boshqa ijodkorlarning asarlari bilan bir safda turadi. Nafaqat asarlari, bu odamlarning tadqirlari, maslaklari, hayot tarzlari ham o’xshash.
Bu ijodkorlar san’atga yangi ruh, yangi tasavvur bag’ishladilar: san’atni ko’rish, eshitish, o’qish emas, his etish va anglash birinchi o’ringa chiqdi. Lorka she’riyatidagi izlanishlar, shakl, mazmun, hammasi ana shu yo’ldagi urinishlardir. Lorka she’rlari botiniy va zohiriy dunyo uyg’unlashgan, omixta, g’alayonli, isyonkor she’riyat.
Lorka she’rlarini birinchi bor jiddiy to’plamda o’zbek o’quvchisiga tanitgan SH.Rahmon edi. Dastlab rus tilidan Lorka saylanmasini tarjima qildi. So’ng ispan tilidan «Eng qayg’uli shodlik» she’riy kitobini o’girdi. Lorka ijodida tabiatning har bir unsuri hayot va mamot oralig’ida titrab turgan dardchi, yurakka hamdardlik qiladi.
Ruhiyatga moslashadi. Inson iztirobining bu qadar yuksaltirilishi shoir dunyoqarashida odamiylikning nechog’ligidan dalolat… Shoir bu zaminda bor-yo’g’i dardu alamlarga munosabatini bildiruvchi yarador yurak sohibidir. Mana shu fikrda, SH.Rahmon e’tirof etgan nuqtada o’zbek va ispan shoirlarining qarashlari so’zga, adabiyotga munosabatlari o’zaro mushtaraklik kasb etadi.
Lorka garchi 1936 yilgacha, ya’ni o’limigacha dunyodagi taniqli shoir sifatida tanilgan bo’lsa-da, o’limi va uning atrofidagi munozara, tadqiqot, oqlash va qoralashlar uning atrofidagi afsonalardan so’ng tirikligida she’rlari yetib bormagan mamlakatlar ham shoirning kitobini qayta-qayta nashr qildilar. Dunyo miqyosida Lorka shaxsiga va ijodiga qiziqish uning o’limidan so’ng yanada avj oldi.
Toki 1975 yilgacha fashistlar shoirni otib tashlaganini inkor qilib kelishdi. Uni tasodifan o’lgan deb hujjat to’g’rilashdi. Biroq yillar o’tgan sayin Lorkani fashistlar otib o’ldirishgani haqida tobora ko’proq hujjatlar e’lon qilina boshlandi. Shuni alohida ta’kidlash joizki, Lorkaning butun umri va ijodi haqida qilingan tadqiqotlardan ko’ra uning keyingi o’n to’qqiz kunlik umri haqida qilingan tadqiqotlar o’n-o’n besh marta ko’proqdir.
Ularning aksariyati shoirning qanday qilib o’ldirilganiga bag’ishlangan. 1975 yilga kelib frankochilar shoir xalq tomonida turib o’zlariga qarshi kurashishidan qo’rqib shoirni otib tashlashganlari rasman tan olindi.
Zulm shoirdan, shoirning rost so’zidan qo’rqdi. Rost, tirik so’z bor joyda zulm yasholmaydi. Zulm shoirning nomini tarix sahnasidan abadiy o’chirib tashlash uchun qariyb qirq yil uydirma to’qidi. Biroq shoirni yengolmadi. Shoir garchi o’limdan so’ng bo’lsa ham zulm ustidan g’alaba qildi.
Do'stlaringiz bilan baham: |