O‘zbek filologiyasi fakulteti O‘zbek tilshunosligi kafedrasi



Download 366,5 Kb.
bet1/3
Sana19.04.2017
Hajmi366,5 Kb.
#7084
  1   2   3
O‘zbekiston Respublikasi

Xalq ta’limi vazirligi

Navoiy davlat pedagogika instituti

O‘zbek filologiyasi fakulteti

O‘zbek tilshunosligi kafedrasi

TEMIROVA IRODANING


“Shukur Xolmirzayev hikoyalarida murakkablashgan sodda gaplar stilistikasi”

mavzusida yozgan

Ilmiy rahbar: f.f.n. R. Yusubova

Navoiy – 2013

MUNDARIJA

ISHNING UMUMIY TAVSIFI.....................................................................3-5

1 - BOB. SHUKUR XOLMIRZAYEV HIKOYALARIDA AJRATILGAN BO’LAKLAR HAMDA UYUSHIQ BO’LAKLARNING SEMANTIK-STILISTIK XUSUSIYATLARI................................................................6-29

1.1. Shukur Xolmirzayev hikoyalarida ajratilgan bo’laklar ..............................6-14

1.2. Shukur Xolmirzayev hikoyalarida uyushiq bo’laklar .............................15-29

2 - BOB. SHUKUR XOLMIRZAYEV HIKOYALARIDA UNDALMALI GAPLAR HAMDA KIRISH BO’LAKLARNING SEMANTIK-STILISTIK XUSUSIYATLARI.........…………………………………........................30-48

2.1. Shukur Xolmirzayev hikoyalarida undalmali gaplar...........................…30-38

2.2. Shukur Xolmirzayev hikoyalarida kirish bo’laklar........................…... ..38-48

UMUMIY XULOSALAR …………………………………………………49-50

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO’YXATI.....................................51


Navoiy DPI O’zbek tilshunosligi kafedrasi

bitiruvchisi Temirova Irodaning “Shukur Xolmirzayev hikoyalarida murakkablashgan sodda gaplar stilistikasi” mavzusidagi

bitiruv – malakaviy ishiga ilmiy rahbar

Xulosasi
Milliy istiqlol o`zbek fani , madaniyati va ta`limining “borini avaylab – asrab, yo`g`ini yaratish” yo`lidan borib, yangi taraqqiyot cho`qqilariga ko`tarilishiga, butun jahonga o`zligini namoyon qilishga keng yo`l ochdi. Natijada birgina o`zbek tilshunosligida semasiologiya, onomasiologiya, etimologiya morfologiya, sintaksis, uslubiyat singari bir qator sohalar rivojida yangi muvaffaqiyatlar qo`lga kiritildi, bir qancha monografiyalar, ilmiy maqolalar yuzaga keldi. Eng muhimi, tilimiz tabiati uning ichki xususiyatlaridan kelib chiqqan holda tadbiq etiladigan bo`ldi. Badiiy matnda murakkablashgan sodda gaplar stilistikasining o`ziga xos xususiyatlarini o`rganishga bag`ishlangan ushbu kichik tadqiqot ishining yuzaga kelishida ham ana shu jihat ko`zda tutilgan.

Mazkur ish “Kirish”, ikki bob, “Umumiy xulosalar” va “Foydalanilgan adabiyotlar ro’yxati” qismlarini o’z ichiga oladi.

“Kirish” qismida muallif mavzuning o’rganilganlik darajasi va dolzarbligi, uning maqsad va vazifalari, ishning ilmiy yangiligi, tadqiqotning nazariy va amaliy ahamiyati, uning hajmi va tuzilishi haqida zarur ma'lumotlarni keltiradi,

Ishning birinchi bobi “Shukur Xolmirzayev hikoyalarida ajratilgan bo`laklar hamda uyushiq bo`laklarning semantik – stilistik xususiyatlari” deb nomlangan. Bunda tadqiqotchi murakkab gap sintaksisida sodda gap tarkibida kelib, ularni murakkab gaplarga aylantiruvchi sintaktik konstruksiyalardan biri sifatida gapning ajratilgan bo’laklarini keltiradi, ajratish orqali ma’lum bo’lakning ma’nosi ajratib, bo’rttirib ko’rsatilishini, bu logik ajratish intonatsiyada ham o’z ifodasini topishini aniq misollar vositasida ko`rsatib beradi. Uyushiq bo’laklar stilistikada tasviriy vositalar guruhiga kirishiga to`xtaladi, yushiq bo’laklarning xususiyatlarini birma–bir keltiradi.


Ishning ikkinchi bobi Shukur Xolmirzayev hikoyalarida undalmali gaplar, kirish bo`laklarning qo`llanish xususiyatlari haqidagi fikrlarni, asosli mulohazalarni bayon etadi.

Talaba ish so`ngida puxta va aniq xulosalar chiqargan.

Shunga binoan Temirova Irodaning “Shukur Xolmirzayev hikoyalarida murakkablashgan sodda gaplar stilistikasi” mavzusidagi bitiruv – malakaviy ishi oldiga qo’yilgan talablarga to`liq javob beradi, uni Davlat imtihon komissiyasi oldida himoyaga tavsiya etish hamda eng yaxshi bajarilgan ishlardan biri sifatida baholash mumkin, deb hisoblayman.

Ilmiy raqbar:

Navoiy DPI “O’zbek tilshunosligi”

kafedrasi katta o`qituvchisi: f. f. n. Yusubova R.

Navoiy DPI O’zbek filologiyasi fakulteti

bitiruvchisi Temirova Irodaning “Shukur Xolmirzayev hikoyalarida murakkablashgan sodda gaplar stilistikasi” mavzusidagi

bitiruv – malakaviy ishiga taqriz

Til va tafakkur, milliy til va milliy ruh ajralmas.Til faqat kishilik jamiyati mahsulidir. Tilsiz hech bir voqelik va hodisani, insonning tabiatda, jamiyatda tutgan o`rnini, jamiyat taraqqqiyoti yo`llarini bilish, o`rganish mumkin emas. Shuning uchun ham til murakkab hodisa sifatida o`rganilib kelinadi. Bugungi kunda tilshunos olimlarimiz uning barcha sohalarida birdek izlanishlar olib bormoqdalar. Yuzaga kelgan ushbu kichik tadqiqot ham ana shu izlanishlar samarasini ko`rsatadi.

Ushbu bitiruv malakaviy ishi “Kirish”, ikki bob, “Umumiy xulosalar” va “Foydalanilgan adabiyotlar ro’yxati” qismlaridan tashkil topgan.

Bitiruv ishga jiddiy yondoshgan, har bir tushunchaga to`g`ri izoh bergan.

Ushbu kichik tadqiqot talabaning puxta bilim va teran fikrga ega ekanligini ko`rsatib turibdi. Ish so`ngida aniq va lo`nda xulosalar bayon qilingan.

Har bir ishda bo`lgani kabi ushbu kichik tadqiqotda ham ayrim juz`iy xato va kamchiliklar uchraydi, ammo ular ishning qiymatiga ta`sir ko`rsatmaydi. Ko`rinadiki, Temirova Irodaning “Shukur Xolmirzayev hikoyalarida murakkablashgan sodda gaplar stilistikasi” mavzusidagi bitiruv – malakaviy ishi oldiga qo’yilgan talablarga javob beradi, uni Davlat imtihon komissiyasi oldida himoyaga tavsiya etish mumkin.




Taqrizchi: f.f.d. Murodova N.


ISHNING UMUMIY TAVSIFI
Mavzuning dolzarbligi. Mamlakatimiz o’z mustaqilligini qo’lga kiritgandan keyin milliy qadriyatlarimizni, jumladan, uning eng muhim tarkibiy qismi bo’lgan ona tilimizni o’rganish ilmiy-nazariy va amaliy tomondan tadqiq etishga bo’lgan e'tibor kuchayib bormoqda.

O’zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A.Karimov “xalqning milliy madaniyati va o’ziga xosligini ifoda etuvchi vosita bo’lmish o’zbek tilini rivojlantirish, bu tilning davlat maqomini izchil va to’liq ro’yobga chiqarish”1, davlatimiz siyosatining eng muhim ustuvor yo’nalishi ekanligini alohida ta'kidlagan. O’zbek tiliga Davlat tili maqomining berilishi o’zbek tilining taraqqiyoti yo’lida yangi davrni boshlab berdi. Bu esa, o’z navbatida, davrni o’zbek tili tarixini to’g’ri va chuqur o’rganish, til sathlarining tabiatini aniq tahlil etish va ularning badiiy matndagi imkoniyatlarini ilmiy tahlil qilish, bu yo’nalishda zaruriy tadqiqot ishlarini olib borish va ilmiy xulosalarga kelish kabi dolzarb vazifalarni yuklaydi.

Mustaqillik sharofati bilan o’zbek tilining sintaksisining azaliy muammolaridan biri fikr almashuv va aloqa-aralashuvning asosiy birligi-kommunikativ birlik bo’lgan gapni tarkibiy qismlarga ajratish gap bo’laklari va har bir bo’lakning gap qurilishidagi o’rni, gapning tarkibiy qurilishi masalasidir. Shu boisdan, gapning lingvistik xususiyatlari bilan bir qatorda, uning psixologik xususiyatlarini har tomonlama o’rganish, ularga har jihatdan e'tibor qaratish kuchaytirildi. Xususan, informatsiyani to’la yoritishda murakkablashgan sodda gaplarning o’rni alohida bo’lib, tuzilish jihatdan murakkab tarkibga ega bunday gaplarda mazmun hajmining kengligi kuzatiladi. Murakkablashgan sodda gaplarning grammatik belgilaridan kelib chiqilsa, ularning semantik tabiati yaqqol yuzaga chiqadi. Shuningdek, badiiy asarlarda murakkablashgan sodda gaplar axborotni batafsil hamda to’la yetkazib berish bilan birga, uslubiy ahamiyatga ham egadir. Ushbu bitiruv malakaviy ishida murakkablashgan sodda gaplarning lingvistik xususiyatlari va stilistik jihatlari yoritib berildi.

Bitiruv malakaviy ishining o’rganilganlik darajasi. Til belgilar sistemasi bo’lib, lisoniy belgilar qatorida gap alohida mavqega egadir, chunki gapda shakl va mazmun to’liqligi namoyon bo’ladi. Hozirga qadar murakkablashgan sodda gaplarning o’ziga xos xususiyatlari muammosi rus va boshqa xorijiy tilshunoslikda birmuncha atroflicha o’rganilgan. O’zbek tilshunosligida mavjud darsliklarda ham murakkablashgan sodda gaplar bo’limi berilgan2. Ayrim ishlarda bunday gaplarning grammatik-semantik-stilistik xususiyatlari tadqiq etilgan3. Badiiy asar tiliga oid darsliklarda murakkablashgan sodda gaplarning stilistik xususiyatlariga to’xtalingan4.

Mazkur bitiruv malakaviy ishida ham murakkablashgan sodda gaplarning lisoniy xususiyatlari, badiiylikni ifodalashdagi o’rni o’rganildi.



Bitiruv malakaviy ishining maqsad va vazifalari. Sodda gaplarning murakkablashuvi gap konstruksiyasining kengayishi bilan bog’liq bo’libgina qolmasdan, bunda qatnashgan til birliklarining yarim predikativlikni keltirib chiqarishi bilan muhimdir. Mazkur ishda murakkablashgan sodda gaplarning tinglovchiga axborotni yetkazishdagi ahamiyati, badiiy matndagi ma'no salmog’ini aniqlash maqsad etildi. Nazarda tutilgan asosiy maqsadga quyidagi vazifalarni bajarish orqali erishiladi:

- murakkablashgan sodda gaplarning lingvopoyetikadagi mavqeyini belgilab olish:

- personaj nutqida ajratilgan bo’laklarning joylashish tartibini hamda uslubiy ahamiyatini aniqlab olish;

- nasrda uyushiq bo’laklarning semantik-stilistik xususiyatlarini ochib berish;

-undalmalarning uslubiy ahamiyatini ko’rsatish;

-kirish bo’laklarning semantik-stilistik mundarijasini oydinlashtirish.



Bitiruv malakaviy ishining ilmiy yangiligi. O`zbek tiliga davlat maqomi berilishi, avvalo, tilshunoslik sohasida yangi-yangi tadqiqotlarning yuzaga kelishiga zamin yaratdi va o’zbek olimlari tomonidan yangi-yangi izlanishlar olib borilmoqda. Sintaktik sathda qurilishiga ko’ra sodda, biroq mazmuniga ko’ra murakkab sanaluvchi, ya'ni murakkablashgan sodda gaplarning semantik-stilistik xususiyatlariga ham alohida e'tibor qaratish zarur deb o’ylaymiz.

Ushbu bitiruv malakaviy ishida ajratilgan bo’lakli gaplar grammatik-semantik-stilistik nuqtai nazardan tahlil etildi. Buning uchun quyidagi masalalar hal etildi:

-murakkablashgan sodda gaplarning ekspressiv sintaksisda tutgan o’rni belgilab olindi;

-ajratilgan bo’laklarning uslubiy ahamiyati badiiy matn misolida ko’rsatildi;

-uyushiq bo’laklarning badiiy fikrni aniqlashtirishdagi ahamiyati tahlil etildi;

-undalmali gaplarning semantik-stilistik mundarijasi belgilab olindi;

-kirish bo’laklarning uslubiy ahamiyati badiiy matn misolida ko’rsatildi.

Bitiruv malakaviy ishining obyekti. O’zbek nasrining yirik vakili Sh.Xolmirzayev (Saylanma. III jild. Hikoyalar. Toshkent, 2006) nasri materiallaridan foydalanildi. Sintaksis hamda grammatik stilistika haqidagi nazariy ma'lumotlarga tayanildi.

Bitiruv malakaviy ishining tuzilishi va hajmi. Mazkur ish mundarija, kirish, II bob, xulosa, foydalanilgan adabiyotlar ro’yxatidan iborat.


1-BOB
SHUKUR XOLMIRZAYEV HIKOYALARIDA AJRATILGAN BO’LAKLAR HAMDA UYUSHIQ BO’LAKLARNING SEMANTIK-STILISTIK XUSUSIYATLARI

Murakkab gap sintaksisida sodda gap tarkibida kelib, ularni murakkab gaplarga aylantiruvchi sintaktik konstruksiya va kategoriyalar o’rganiladi. Bular quyidagilar:

I. Gapning ajratilgan bo’laklari.

II. Gapning uyushiq bo’laklari.

III.Undalmalar.

IV.Kirish bo’laklar.

Murakkab gap sintaksisida sodda gap tarkibida kelib, ularni murakkab gaplarga aylantiruvchi sintaktik konstruksiyalardan biri sifatida gapning ajratilgan bo’laklari ko’rsatiladi. Ularda mazmunan ma’lum maqsad ifodalanadi; ma’lum darajada predikativlik, hukm anglashiladi: Bu tomonning har yoni ochiq, atrofdagi tog’lar baralla ko’rinar, bu yerning havosiyam boshqacha – toza, o’pka to’lib nafas olar edi. Keyin bu tomonda bo’sh yerlar, ya’ni bedazorlar mo’l, u yerlarda bemalol chopqillab o’ynash mumkin edi. (Bandi burgut)

Biror gap bo’lagini ajratishda “so’z tartibi, ajratilgan bo’lakning hajmi, o’ziga xos intonatsiyasi, pauza, so’z aloqasining xarakteri”5 kabi belgilar e'tiborga olinadi.

Ajratilgan bo’lakning o’ziga xos semantik funksiyasi bo’ladi. Bu hususiyat shundan iboratki, ajratish orqali ma’lum bo’lakning ma’nosi ajratib, bo’rttirib ko’rsatiladi, boshqa gap bo’laklaridan ayirib, diqqat shu bo’lakka jalb etiladi. Bu logik ajratish intonatsiyada ham o’z ifodasini topadi, ajratilgan bo’lak boshqa gap bo’laklaridan farqlanuvchi alohida intonatsiya bilan talaffuz etiladi. Ajratilgan bo’lakning semantik xususiyati bu bilan cheklanmaydi, ajratilgan bo’laklar orqali boshqa qo’shimcha ma’nolar ham ifodalanadi: Biz bolalar zaldagi deraza pardalarini tushirib, nimqorong’ilikda fosfor burgutni tomosha qilib, xayolimizda u tufayli qo’zg’algan har xil afsonalarni – toshqasrlar-u jodugarlarning bir “suf”i bilan toshqotgan odamlarni eslab, ayni chog’da xaykalning qizil ko’zlaridan xayiqib, shu boisdanmi, past ovozda gaplashib o’tirardik. (Bandi burgut)

Ajratilgan bo’lak orqali sabab, ta’kid kabi qo’shimcha ma’no ottenkalari yoki modal munosabatlar ifodalanadi. Bunday qo’shimcha ma’no munosabatlarining ifodalanashiga sabab shuki, ajratilgan bo’lak faqat o’zi aniqlayotgan bo’lak bilan aloqaga kirishib qolmay, aniqlanmish bilan munosabatga kirishayotgan bo’lak bilan ham yoki gapning umumiy mazmuni bilan ham aloqaga kirishadi (yuqoridagi misolda birikmali aniqlovchi aniqlanmish bilan ham, kesim bilan ham aloqaga kirishgan). Ammo bu ikki yoqlama munosabatning biri ham semantik, ham grammatik bo’lib, ikkinchi xil munosabat esa faqat semantikdir.

Ajratilgan bo’laklarning sodda gap singari o’z mustaqil, logik urg’usi bor, u gap bo’laklaridan pauza bilan ajralib turadi, o’ziga xos intonatsiyasi bo’ladi. Ajratilgan bo’laklardagi intonatsiya oddiy gap bo’laklarining intonatsiyasiga o’xshamaydi, ajratilgan bo’lak alohida, pasaygan (ba’zan ko’tarilgan) intonatsiya bilan talaffuz etiladi. Odatda, ajratilgan bo’lakdan oldin kelgan, izohlanayotgan so’zda intonatsiya ko’tariladi, ajratilgan bo’lakda esa intonatsiya pasayadi yoki odatdan tashqari ko’tariladi: O’zingiz o’ylab ko’ring: yam-yashil qir ostidagi zumraddek o’tloq o’rtasida qad ko’targan oppoq imorat ustida- tepasida bir bahaybat qush aylanayotir. (Bandi burgut)

Ajratilgan bo’laklar o’ziga xos xususiyatlari bilan, bir tomondan, oddiy gap bo’laklaridan farqlansa, ikkinchi tomondan, ular to’liqsiz yoki ergash gaplardan ajralib turadi. Ajratilgan bo’lakli gaplar mazmun va intonatsiyasidagi o’ziga xos xususiyatlari bilan murakkab fikrni ifodalaydi: Yo’ldoshboyning tug’ilgan kuni munosabati bilan chorlangan mehmonlar, ya’ni, “aybdor”ning padari buzrukvori-yu volidai muhtaramasi, tag’in ikkita feldsher bilan Yo’ldosh o’qiydigan sinf rahbari va biz jujuqlar – he, stulda to’g’ri o’tirishni bilmaydigan, ayrimining oyog’i yerga tegmay tagiga qatlab olgan qishloq shumtakalari oldida burgutning ilk bor uzun ipda uchirilgani hikoya qilinar edi. (Bandi burgut)

Ammo murakkab fikrni ifodalovchi bu gap qo’shma gap bo’la olmaydi, chunki tarkibida faqat bitta predikativ birlik mavjud. Shu bilan birga, bu xil gap konstruksiyasi sodda gap ham bo’lmaydi. Chunki tarkibida asosiy predikativ birlikdan tashqari, yarim predikativlik mazmuni bo’lgan ajratilgan gap bo’lagi bor. Shuning uchun ajratilgan aniqlovchi yoki ajratilgan izohlovchi ishtirok etgan gap konstruksiyalarini sodda gap bilan qo’shma gap orasida turuvchi murakkab gaplar deb ajratish zarur bo’ladi.

Gapning ajratilgan bo’laklari muhim stilistik vositalardan biridir. Murakkab fikrni sodda, ixcham va ta'sirli ifodalash usullaridan biri ajratilgan bo’laklardan foydalanishdir. Shuning uchun ham ajratilgan bo’laklar masalasi grammatika bilangina emas, stilistika, intonatsiya, punktuatsiya masalalari bilan ham bog’lanadi. Ajratilgan bo’laklar o’zining grammatik semantik, funksional xususiyatiga ko’ra, sintaksisning maxsus sohasi murakkab gap sintaksisining o’rganish obyektidir. Ajratilgan bo’laklar tilda qadimdan qo’llanilib kelinadi; bu grammatik kategoriya o’zining tarixiy evolyutsion taraqqiyot yo’liga ega. Ajratilgan bo’laklarning ravishdoshli konstruksiyalarining, ko’makchi konstruksiyalarining ko’p turlarini, ajratilgan aniqlovchilarni deyarli hamma va har qanday yozma yodgorlik tilida uchratish mumkin. Ajratilgan bo’laklarning adabiyotda qo’llanilishi ham faoldir. Buning sababi o’zbek yozma tilining xalq tiliga yaqinlashib, yanada takomillashishidir.

Ajratilgan bo’laklar o’zining semantik funksiyasi va shunga muvofiq o’ziga xos intonatsiyasi bilan ajralib turuvchi alohida sintaktik konstruksiyadir. Ajratilgan bo’lakning sintaksisdagi o’ziga xos xususiyati shundaki, unda yarim predikativlik ma'lum darajada hukmni ifodalanadi: Bu tomonning har yoni ochiq, atrofdagi tog’lar baralla ko’rinar, bu yerning havosiyam boshqacha – toza, o’pka to’lib nafas olar edi. Keyin bu tomonda bo’sh yerlar, ya’ni bedazorlar mo’l, u yerlarda bemalol chopqillab o’ynash mumkin edi. (Bandi burgut)

Ajratilgan bo’laklarda ana shunday yarim hukm, yarim predikativlik ifodalanadi. Bu hukmning to’liq bo’lmasligiga sabab shuki, ajratilgan bo’laklar asosiy hukmga tobe bo’ladi, uni izohlaydi, aniqlaydi, to’ldiradi. Bundan tashqari, ajratilgan bo’laklarda hukmning to’liq bo’lishi uchun grammatik asos (o’z egasinining bo’lmasligi) ham, intonatsion asos (gapda intonatsiya bo’lmasligi) ham yo’qdir.

Ajratilgan bo’laklar qaysi gap bo’lagiga oidligiga qarab, uning ma’nosini izohlab, aniqlashtirib, bo’rttirib keladi va shunga ko’ra, badiiy asarlarda ko’p qo’llanadi: Yo’ldoshboyning tug’ilgan kuni munosabati bilan chorlangan mehmonlar, ya’ni, “aybdor”ning padari buzrukvori-yu volidai muhtaramasi, tag’in ikkita feldsher bilan Yo’ldosh o’qiydigan sinf rahbari va biz jujuqlar – he, stulda to’g’ri o’tirishni bilmaydigan, ayrimining oyog’i yerga tegmay tagiga qatlab olgan qishloq shumtakalari oldida burgutning ilk bor uzun ipda uchirilgani hikoya qilinar edi. (Bandi burgut)

Odatda, badiiy asarlarda gapning ikkinchi darajali bo’laklari ajratiladi.

Ajratilgan aniqlovchilar predmetning belgisini qayta aniqlash, bo’rttirish, boshqa bir aniqlovchining ma’nosini izohlash, aniqlashtirish maqsadida qo’llanadi. Masalan: Xuddi tirikday!

Ko’zlari... (Bandi burgut)

Yoki Yo’ldoshboy bilan do’stligimiz boshlangan kunlar edi. U meni saroylariga ergashtirib borib, bir echkini ko’rsatdi. Qip-qizil. (Bandi burgut)



Ajratilgan izohlovchilar. Odatda, egaga (ba’zan undalmaga) oid bo’lib, uning ma’nosini aniqlashtiradi, izohlaydi, “izohlovchi ajratilganda, izohlanmish qanday mavqeda bo’lsa, u ham shunday mavqega ega bo’ladi”6. Ajratilgan izohlovchilar izohlanmishdan keyin keladi va undan maxsus pauza bilan ajratiladi. Masalan: Biz bolalar zaldagi deraza pardalarini tushirib, nimqorong’ilikda fosfor burgutni tomosha qilib, xayolimizda u tufayli qo’zg’algan har xil afsonalarni – toshqasrlar-u jodugarlarning bir “suf”i bilan toshqotgan odamlarni eslab, ayni chog’da xaykalning qizil ko’zlaridan xayiqib, shu boisdanmi, past ovozda gaplashib o’tirardik. (Bandi burgut)

Ayrim o’rinlarda “ma'nosi ochiq ifodalanmagan so’zlarning ma'nosini ochiqroq ifodalash”7 ajratilgan izohlovchiga yuklatiladi:



Ular rais boboning uyi tepasiga yetgach, sekinlab aylanishga tushdilar. Ular balandda. Tutqin – oyog’ida kapron zanjiri bor burgut esa pastda...(Bandi burgut)

Ajratilgan to’ldaruvchilar o’zidan oldin kelgan to’ldiruvchining ma’nosini aniqlashtiradi: Bu kishining ana shu zerikarli nigohi menga yoqmas, aytish mumkinki, bu shaxsan mendan boshqalarga, kolxozchilarga ham shunday nigoh bilan qarar, tabiiyki, ularni o’zidan yuz chandon yaxshi ko’rardi. (Bandi burgut) Yoki Men ham unga, ya’ni burgutga ichim achishini aytdim-da, keyin qaysi go’rdan ham og’zimga kelgan gapni qaytarmadim. (Bandi burgut)



Ajratilgan hol. Ajratilgan hol o’zidan oldin kelgan holning ma’nosini izohlaydi. Oddiy gap bo’lagi, so’z birikmasi shaklida bo’ladi: -Ha, bezovta bo’layotgan bo’lsa, birdan tinchib qoladi,... U ba’zan kechalari o’zini har tomonga uradi, jo’ra. Ayniqsa, tong otayotganda... (Bandi burgut)

O’zingiz o’ylab ko’ring: yam-yashil qir ostidagi zumraddek o’tloq o’rtasida qad ko’targan oppoq imorat ustida- tepasida bir bahaybat qush aylanayotir. (Bandi burgut)

Ajratilgan ikkinchi darajali bo’laklarning so’rog’i va vazifasi, odatda, o’zlari aloqador bo’lgan gap bo’lagining so’rog’i va vazifasiga teng keladi.

Adabiy tilimiz o`sib borayotgan jamiyat talabiga to`la javob berishi, aloqa quroli sifatida, hozirgi hayotimizni to`liq, atroflicha bayon etib berishi lozim. Bu esa hayotni so`z bilan aks ettirayotgan yozuvchi va shoirlarimiz zimmasiga tilning ichki imkoniyatlaridan to`liq va unumli foydalanish mas’uliyatini yuklaydi. Ular gap tarkibida hayotni aks ettiruvchi so`zlarni topib, ta’sirli, aniq joylashtira bilishlari lozim.

Bir so`z bilan aytganda, so`z bilan jonli, qo`lingiz bilan ushlagingiz keladigan chiroyli obrazni bezash yozuvchi va shoirlarimizning yuksak mahoratiga bog`liqdir. Yozuvchi va shoirlarimiz shunday obrazni o`zida ifodalovchi nutq formalarini, shunday gap bo`laklarini topa bilishlari, ularni gap tarkibida o`rinli joylashtirishlari va shu asosda o`quvchida yuksak sezgi va hayajonni uyg`ota olishlari lozim bo`ladi. Har bir so`zni gap tarkibida o`rinli ishlata olish, ta’sirli joylashtira bilish juda ham muhim ahamiyatga egadir. Chunki har qanday so`z qimmatini gap tarkibida ifodalash mumkin. Boshqacha qilib aytganda, har qanday so`z va so`z birikmasining to’la ma’nosi gapning bo`lagini tashkil etgandagina ochiladi. Chunki u gap tarkibida fikrni reallashtiruvchi boshqa so`zlar bilan grammatik munosabatga kirishadi. Shunga ko`ra, tilning grammatik qurlishi uning asosini tashkil etib, juda sekinlik bilan o`zgaradi. Hozirgi adabiy tilimizning grammatik qurilishida ham xilma-xil o`zgarishlarni, sintaktik hodisalarni ko`rish mumkin. Bu, birinchidan, yozuvchi shoirlarimiz tilning xilma-xil ichki imkoniyatlaridan keng foydalanishlarining natijasi bo`lsa, ikkinchidan tilimizning talabga binoan rivojlanishidir. Ajratilgan bo’laklar ekspressiv sintaksisda ana shunday xususiyatga egadir: Biz bolalar ham beixtiyor o’rnimizdan turgan edik: o’zimiz qo’lga tushirgan qarchig’ayni, yo’q – shunqorni, bas, burgutni o’z qo’limiz bilan havoga uchirib tomosha qilishni istardik. (Bandi burgut)

Hozir tilimizda xilma-xil grammatik hodisalar juda ko`p: qo`shma gaplarning xilma-xil ko`rinishlari, ko`chirma va o`zlashtirma gaplarning, atov va bir sostavli gaplarning xilma-xil ko`rinishlari va ayniqsa, o`ziga xos murakkablashgan sodda gap bo`laklarining tilimizda ko`payishi, ularning stilistik rolining ko`p qirraliligi bunga yaqqol misol bo`la oladi.

Adabiyotimizda ijod etayotgan buyuk san’atkorlarimiz hayotni haqqoniy, to`liq, ifodali, obrazli, jonli qilib tasvirlashda o`ziga xos grammatik qurilishni, o`zlariga xos gap bo`laklarini ko`plab qo`llaydilar va shu tufayli oz so`z bilan keng ma’nolarni bayon etadilar. Asosiy obrazning muhim belgilarini ajratish orqali fikr qisqa, aniq ifodalanadi: He, qo’shnichilik yaxshi bo’lar ekan-da. Ayniqsa, mahalla ahil bo’lsa, undan ham yaxshisi – mahalla oqsoqoli tadbirkor-u mehribon inson bo’lsa! (O’zbek bobo)

Nihoyat gap bo`laklarini ajratish personaj nutqi uchun tipik bo’lib, so’zlovchining diqqati qaratilgan tushunchani aniqroq tasvirlaydi. Ajratilgan bo’lakdagi qisqa to’xtam shu so’zdan anglashilgan ma’noga diqqatni to’la qaratadi. Shunday qilib, boshqa lingvistik vositalar kabi mazkur sintaktik vosita ekspressivlikni ifodalashga xizmat qiladi, fikrning ta’sir etish kuchini ifodalaydi. Ajratilgan bo’laklarda mavhum, umumlashgan ma’noni aniqlashtirish asosiy semantik vazifalardan biridir: Haqiqatan ham shunday edi: biz – to’qqiz bola, taraflar esa to’rttadan bo’lar, demak, bir “kishi” ortib qolar, o’sha “ortiq” – Rahmat aka bo’lardi. (Bandi burgut)

Yozuvchi Sh.Xolmirzayev obrazli gap bo`laklaridan – o`xshatish oborotlaridan, obrazning asosiy muhim xususiyatlarini bo`rttirib ifodalovchi ajratilgan aniqlovchilar, fikrning aniq, tushunarli hamda konkret bo`lishini ta’minlovchi ajratilgan izohlar, fikrni atroflicha bayon etishga yordam qiluvchi ajratilgan ko`makchili to`ldiruvchi va hollar, obrazning harakatdan ifodalangan holatini ko`rsatuvchi o`ziga xos gap bo`laklaridan ko`plab foydalangan. Chunki obrazning ichki dunyosi, kimligi, uning tashqi ko`rinishi, kiyinishida, yurishida, o`zini tuta bilishida va nihoyat, uning muomala va nutqida ifodalanadi. Yozuvchi esa yuqoridagi butun xususiyatlarni so`z bilan ifodalaydi, ya’ni so`z bilan obraz gavdalantiradi.

Tilda o`ziga xos xususiyatga ega bo`lgan til vositalari juda ko`p:

Yozuvchi ma’lum voqelik yoki obraz, xarakter yoki qiyofani chizishda uning asosiy o`ziga xos xususiyatlarini ifodalovchi gap bo`laklarini o`quvchiga shu asosiy xususiyatlarni anglatish maqsadida ajratadi, ya’ni o`ziga xos so`z tartibini tuzadi:

1. Yozuvchi biror portretni chizishda ajratilgan aniqlovchilardan foydalanadi. Bunda yozuvchi obrazning yorqin portretini gavdalantiradi va, shu bilan birga, fikr ham reallashadi. Bu fikrda reallashayotgan narsa u obrazning haqiqatni aytishi va shu haqiqatga yot dalillarni rad etishidir. Yozuvchi fikrini aytish bilan birga, shu obrazni jonli holda o`quvchining ko`z o`ngida gavdalantirmoqda, bu ajratilgan bo`laklar vositasida yuzaga chiqadi: Bir tarafdan eng pakanamiz bo’lsayam, chaqqonimiz Sobir Katta chiqadi. U tarafdan esa haqiqatan ham katta – baquvvat va semiz Rahmat katta chiqadi. (Bandi burgut)

2. Yozuvchi personaj nutqini aniqlashtirish, oydinlashtirishda ham ajratilgan bo`laklardan foydalanadi: Biz bolalar zaldagi deraza pardalarini tushirib, nimqorong’ilikda fosfor burgutni tomosha qilib, xayolimizda u tufayli qo’zg’algan har xil afsonalarni – toshqasrlar-u jodugarlarning bir “suf”i bilan toshqotgan odamlarni eslab, ayni chog’da xaykalning qizil ko’zlaridan xayiqib, shu boisdanmi, past ovozda gaplashib o’tirardik. (Bandi burgut)

Keltirilgan misolda bolaning hayrati, ilk bor ko’zlari fosfordan yasalgan burgutni ko’rgandagi hayajoni, qo’rquvi, ya’ni ko’rganlari asosida xayolot dunyosiga g’arq bo’lgani tasvirlangan. Bu holat to’ldiruvchini ajratish bilan o`quvchi ko`z oldiga keltiilmoqda.

3. Bundan tashqari, grammatik ajratish usuli prozaik matnda biror harakatdan anglashilgan belgini ajratishda ham qo`llaniladi: Aytmoqchi, gulxanni bizlar yoqib qo’ygan bo’lardik. Bo’lmasa, u bizni o’yindan qoldirib, ya’ni o’yinni buzib, xas-cho’p terib kelish va o’t yoqishga majbur qilardi. (To’p o’yin)

4. Ba'zan ma'noni kuchaytirish, ta'sirni, tasviriylikni yaratish maqsadida ham ajratiladi: -Shoshma, baqqa ke! – deb turib, men hozirlagan joyga – tosh o’rindiqlarga e’tibor etdi-da, quvnab mening yelkamdan quchdi.(Kuzda bahor havosi)

5.Yozuvchi ba'zan obrazni yoki o’rin-joyni o`quvchiga aniq tanishtirish maqsadida uni konkretroq ifodalashga harakat qiladi: Maktabimiz markazda – markazdan quyiga enib ketadigan ko’chaning shunday yuzida, balandlikda edi. (Kuzda bahor havosi)

Ba'zan payt holi bir vaqt, ba'zan, ba’zi payt, keyin, ba'zi vaqt, chog’ so`zlaridan ifodalanib, aniq paytni ko`rsatmaydi. Paytni aniq, atroflicha, konkret ifodalash uchun izoh ma'nosidagi payt hollari qo`llaniladi: Bizlar qachon o’ynayotgan bo’lsak, o’yinning ham eng qizigan – bolalar terlab-pishgan, biroq chehralarda quvonch, qanoat hislari barq urgan, tag’in g’oliblar mag’rur, mag’lublar alamzada bo’lib, yangi kurashga shaylangan chog’ida... (Bandi burgut); U ba’zi kechalari o’zini har tomonga uradi, jo’ra. Ayniqsa, tong otayotganda... (Bandi burgut); Ana shundan keyin, ya’ni tomoqni ho’llab olganimizdan keyin meni pinhona o’ylatadigan bir qaltis – nozik savolni berishga jur’at etdim. Buning yana bir sababi – Zumradning oldida bizning qanchalik ochiq gaplashuvimizni bildirib qo’yish, binobarin, ikkimizga nisbatan ham uning hurmatini bir bahya ko’tarish istagi bo’ldi. (Kuzda bahor havosi).

IV. Ta'sirni kuchaytirish, kuchli emotsiya yaratish, ritordatsiya uchun ajratilgan bo`laklar ishlatiladi: Men ko’zimni ochib hech narsani ko’rmadim. Uy egasi deraza pardalarini yopgach, shundoq ham qora mebellardan nimqorong’i bo’zlib turgan mehmonxona endi tun qo’yniga cho’mgan-u, ortimizdagi oynavand eshikdan tushayotgan nur – baayni oyning shu’lasi ediki, buni ham g’ira-shira his etardim. (Bandi burgut)

V. Yozuvchi yordamchi so`zlar vositasidagi tayyor nutq formalarini asosiy hukmga tirkab ishlatadi: Xosiyat opa biron ikkilandi-da, bu issiq gavjum uyda turishga mutlaq haqqi bordek – shu haqini tanigandek bir ishonch bilan g’ishtin zinadan ko’tarildi. (Qushlar qishlovdan qaytdi.)

IV. Yozuvchi obrazning ish-harakat va holat bilan bog`langan harakat liniyalarini ifodalovchi oborotlarni ham juda ko`p qo`llaydi. Bunday iboralar yozuvchi tasvirlayotgan obrazni real obraz bo`lishiga katta yordam beradi: Bir tarafdan eng pakanamiz bo’lsayam, chaqqonimiz Sobir Katta chiqadi. U tarafdan esa haqiqatan ham katta – baquvvat va semiz Rahmat katta chiqadi. (Bandi burgut)

Yuqoridagi misollarimiz muhim grammatik bog`lanishni tashkil etib, egaga nisbatan predikat, kesimga nisbatan holdir. Shunday qilib, yuqorida ko`rib o`tganimizdek, ajratish nutq madaniyati, adabiyot va san'atimizda muhim rol o`ynab, umumiy madaniyatimizni o`stirishga ta'sir etadi.

Nutq madaniyati umumiy xalq madaniyatining bir qismi va boshqa madaniy sohalarning o`sishga ta'sir etuvchi muhim faktordir. Demak, madaniyatli so`zlay bilish ham fikrni aniq, ravon, obrazli bayon etish, kishi hayajonini qo`zg`ata bilish asosida kelib chiqadi.

Uyushiq bo’laklar stilistikada tasviriy vositalar guruhiga kiradi. Bunday bo’laklar yordamida umumiy tasvirlarning detallari, personajlarning harakat dinamikasi, voqelik tasvirlanadi . Sh.Xolmirzayev asarlari tilida uslubiy vazifa bajarishga xizmat qiluvchi uyushiq bo’laklar asarning o’ziga xosligini, mavqeini belgilovchi eng muhim vositalardan biri sanaladi.

Odatda, gaplarda birdan ortiq sintaktik jihatdan teng bo’lak ketma-ket kelishi mumkin. Bunday bo’laklar bir-biridan to’xtam bilan ajralib, sanash ohangida aytiladi. Badiiy uslubdagi nutqda esa uyushiq bo’laklari tabiat manzarasi, vaziyat va shaxsni obrazli tavsiflash maqsadida qo’llanadi. Uyushiq bo’laklar tasvirning yana ham to’laroq, yaqqolroq va ifodaliroq qilishda yozuvchiga yordam beradi8.

Uyushiq bo’laklar quyidagi xususiyatlari bilan xarakterlanadi:

1. Uyushiq bo’lak gapda bir xil sintaktik vazifani bajaradi.

2. Uyushiq bo’lak komponentlari o’zaro teng aloqada bo’ladi va teng bog’lovchilar yordamida bog’lanadi.

3. Uyushiq bo’lak o’zi uchun umumiy hisoblangan bo’lak bilan bir xil munosabatda bo’ladi.

4. Uyushiq bo’laklar sanash intonatsiyasi orqali talaffuz qilinadi.

5. Uyushiq bo’laklar, odatda, bir xil so’z turkumlaridan ifodalanadi.

Gap tarkibida ega yakka holda qo`llanishi bilan bir qatorda, uyushib ham keladi. Bunday egalar grammatik tomondan bir-biri bilan teng bo`ladi. Uyushib kelgan egalarning biri ikkinchisini ergashtirmaydi, ulardan birini aniqlash uchun ikkinchisiga savol berish ham mumkin emas. Uyushiq egalar grammatik jihatdan teng bo`lib, gapda gapning ikkinchi darajali bo`lagi – aniqlovchini ergashtiradi va kesimga bog`lanadi. Bunda aniqlovchi uyushib kelgan egalarning hammasiga ergashishi yoki ulardan biriga ergashib kelishi yoki ergashmasligi mumkin. Ammo uyushib kelgan egalarning barchasi kesimga bog`lanadi. Badiiy asarda uyushiq egalar gaplarda ketma-ket qo’llanganini ko’rish mumkin: Biz, ayniqsa, ko’klam kezlarida to’rt-beshta bo’lvolib, poliz paykallarida izg’ib yurardik. O’tgan yildan qolib ketgan sabzi bormi, lavlagi, kartoshka bormi – kavlab olib, qishloqning chetidagi bir g’arib dala shiyponiga borib, o’t yoqib, uning qo’riga topgan-tutganimizni ko’mib-pishirib yer edik. Qo’llarimiz, og’zi-burnimiz qorayib, bir-birimizdan kulib, maza qilib o’tirardik. (Bandi burgut)

Uyushiq egalar gapda barcha nisbatdagi fe`llarga bog`lana oladi. Majhul nisbatdagi fe`l bilan bog`langan uyushiq egalar gapda obyektni ifodalasa, qolgan nisbatdagi fe`llar bilan bog`langan uyushiq egalar esa subektni tasvirlaydi. Asosan ot yoki otlashgan so`zlar uyushiq ega vazifasida keladi. Ayrim holda uyushiq egalar ot, harakat nomi bilan aralash holda ifodalanishi mumkin. Uyushiq egalardan qahramonning xarakterini, shaxsini ko’rsatishda foydalaniladi: O, Tohirning haybati, salobati, salmoq bilan o’ylab gapirishi menga juda yoqdi-da, do’stlar. (Kuzda bahor havosi)

Grammatik shakliga qarab, uyushiq egalarga beriladigan savollar shaklining o`zgarishi, ya`ni egalik va ko`plik qo`shimchalarini qabul qilishi mumkin. Bu holat o`zbek tilining o`ziga xos xususiyatlaridan biridir.

Tuzilish jihatdan uyushiq egalar bitta so`zdan yoki so`z birikmasidan iborat bo`lishi mumkin:

1.Uyushiq egalarning har biri bitta so`zdan iborat bo`ladi: - He, bolam-e, ko’p azob chekkan ekanmiz-da, - dedi opa piqillab. – Ishton bilan nima ishing bor de... Erimmisan? Pirqa, partiya, kamunis... (Qushlar qishlovdan qaytdi).

2.Uyushib kelgan egalarning biri bitta so`zdan, ayrimlari esa so`z birikmasidan iborat bo`ladi: O, Tohirning haybati, salobati, salmoq bilan o’ylab gapirishi menga juda yoqdi-da, do’stlar. (Kuzda bahor havosi)

3.So`z birikmalari ham ega vazifasida kelganda uyushib kelishi mumkin: - Qani, kattalar, kelinglar, - deydi hakam shunda. Va gugurt cho’pmi, bir tiyinlik sariq chaqami qisilgan mushtlarini uzatib turadi. (To’p o’yin)

Bunday hollarda uyushiq bo’lak bo’lib kelayotgan so’z birikmalari tarkibida bir xil so’z takrorlanishi mumkin. Bu holat she’riyatda musiqiylikni ta’minlash uchun xizmat qiladi.

Gapda takror qo`llangan egalar uyushib kelgan ega hisoblanmaydi. Shuningdek, uyushib kelgan egalar bog`langan kesimlar ayrim hollarda tushib qoladi, grammatik tomondan ifodalanmasa-da, kesim gapning umumiy mazmunidan anglashiladi. Masalan: : - He, bolam-e, ko’p azob chekkan ekanmiz-da, - dedi opa piqillab. – Ishton bilan nima ishing bor de... Erimmisan? Pirqa, partiya, kamunis... (Qushlar qishlovdan qaytdi); Uzun bu imoratning orqa tomoni oq devor bilan o’ralgan saroy edi: sigir, qo’y, pichan... (Bandi burgut).

Ushbu parchada keltirilgan misolda kesim ifodalanmagan, lekin gapning umumiy mazmunidan kesimni anglash mumkin.

Uyushiq bo`lak qismlari dastlab, ikki qismdan iborat bo`ladi. Harakat yoki holatning bajarilishida, ifodalanishida suby ektning ishtiroki, narsa-predmetning belgisi, harakat-holat obektining miqdori kabilarning mavjudligiga qarab uyushib kelgan bo`lak qismlari safi ortishi mumkin: Nimagaki, uning nigohida bizga nisbatanmi – bir yovuzlik, yotlik bor edi. (Bandi burgut).

Agar uyushiq bo’lak uchdan ortiq bo’lsa fikrni bo’rttiradi, aslan, uyushgan bo’lak uchdan ortiq bo’lgan o’rinlarda fikr aniq va kuchli ifodalanadi: Mehmonxonaga billur idishlar, anvoyi ichimliklar saqlanadigan bufet bo’lishi, suyanchig’i baland – taxtmonand kursilar-u uzun stol ham bo’lishi, chetda yumshoq divan-u kreslolar turishi, devorlarda tabiat manzaralari tasvirlangan yiriy-yirik romlarda rasmlar turishi mumkinligini ont ichaman, ont ichaman, shu yerda ko’rdim. (Bandi burgut)

Shuningdek, mumkinligini so’zi yaxlitlovchi sifatida qo’llangan va fikr ixchamlangan. Bu so’z har bir uyushiq bo’lakka qo’shilsa, talaffuz birmuncha qiyinlashadi: Mehmonxonaga billur idishlar, anvoyi ichimliklar saqlanadigan bufet bo’lishi, suyanchig’i baland – taxtmonand kursilar-u uzun stol ham bo’lishi, chetda yumshoq divan-u kreslolar turishi, devorlarda tabiat manzaralari tasvirlangan yiriy-yirik romlarda rasmlar turishi mumkinligini ont ichaman ont ichaman, shu yerda ko’rdim - Mehmonxonaga billur idishlar, anvoyi ichimliklar saqlanadigan bufet bo’lishi mumkinligini, suyanchig’i baland – taxtmonand kursilar-u uzun stol ham bo’lishi mumkinligini, chetda yumshoq divan-u kreslolar turishi mumkinligini, devorlarda tabiat manzaralari tasvirlangan yiriy-yirik romlarda rasmlar turishi mumkinligini ont ichaman ont ichaman, shu yerda ko’rdim tarzida.

Sh.Xolmirzayev ba’zan qahramonlar nutqida ketma-ket keluvchi uyushiq bo’laklarni qo’llaydi: Orasta, aqlli edi. Kun ko’rmay, yer bosmay o’tib ketdi. Lekin, lekin undan bir narsa... – Xosiyat opa yashil bo’yog’ining ustidan chizilgan, har xil harflar tilib yozilgan eshikka qarab qoldi-da, kostyumini darhol olib, o’rnidan qo’zg’aldi. – men bir xabar olay.

-Nimadan, kimdan? – zarda qildi Habibullo. – Borasiz shu uyingizga. (Qushlar qishlovdan qaytdi). Birinchi qahramon nutqida ot kesim (Orasta, aqlli edi), holat holi (Kun ko’rmay, yer bosmay), sifatlovchi aniqlovchi (yashil bo’yog’ining ustidan chizilgan, har xil harflar tilib yozilgan) uyushgan, ikkinchi personaj nutqida to’ldiruvchi (-Nimadan, kimdan) uyushgan, natijada har bir detalga urg’u berilgan.

Uyushiq egalar egalik qo`shimchasini olgan holatda ham qo`llanadi. Bunda egalik qo`shimchalari uyushiq bo`laklarning har biriga alohida qo`shiladi yoki hammasi uchun umumiy bo`lib, oxirgi bo`lak tarkibida keladi: Darvoqe o’tgan bir-ikki oy mobaynida burgutcha ancha yetilib, bo’yin-u qanotlari cho’zilib qolgan, qandaydir oriqlagandek ko’rinar, ammo yetilayotgan yirtqich qushligi yaqqol bilinib turardi. (Bandi burgut)

Uyushiq egalarni ot so`z turkumidan boshqa so`z turkumlari ham ifodalay oladi. Masalan, uyushiq egalar olmoshlar bilan, ko`p hollarda esa kishilik olmoshlari bilan, ba`zida esa egalik va ko`rsatish olmoshlari bilan ham ifodalanadi. Biroq so`roq, birgalik, belgilash, bo`lishsizlik olmoshlari bilan uyushiq egalar deyarli ifodalanmaydi. Uyushiq egalar olmoshlar bilan ifodalanganda, birlik va ko`plikdagi I, II, III shaxsdagi kishilik olmoshlari bilan ifodalanadi, ammo birlik ko`plikni ifodalovchi bir shaxsdagi kishilik olmoshi bilan ifodalanmaydi. Kishilik olmoshlari uyushiq ega vazifasida kelganda, egalik qo`shimchalarini qabul qilmaydi.

Uyushib kelgan egalar ot va olmosh so`z turkumi bilan ifodalanishi bilan bir qatorda, sifatdosh, otlashgan sifat, son, fe`l bilan ham ifodalanishi mumkin. Otlashgan so`zlar xuddi ot so`z turkumi kabi kelishik, egalik hamda ko`plik qo`shimchalarini qabul qiladi hamda otning so`roqlariga javob bo`ladi. Uyushiq egalar fe’llar bilan ifodalanadi. Bu holat, ya’ni uyushiq egalarning fe’l so’z turkumi bilan ifodalanishi boshqa so’z turkumlariga qaraganda kamroq uchraydi: Men o’zimni yana o’nglab oldim: nazarimda “turk”u “ingliz”larning bir yoqadan bosh chiqarib mening yonimni olishayotgani, zo’ravonga esa gap qotishga jur’at etishgani menga dalda bo’lgan edi. (To’p o’yin).

Hozirgi o’zbek adabiy tilida bunday fe’llar, ko’pincha, juft shaklda bo’ladi, lekin asarda bu xildagi fe’llar sanash ohangi yordamida bog’lanadi.

Ma’lumki, uyushiq bo’laklar bir-biri bilan o’zaro teng aloqaga kirishadilar. O’zbek tilida uyushiq egalar bir-biriga quyidagi yo’llar bilan bog’lanadilar:



  1. intonatsiya vositasida;

  2. teng bog’lovchilar vositasida.

O’zbek tilida intonatsiya yoki ohangga quyidagicha ta’rif beriladi: Intonatsiya (lot. intonare – baland tovush bilan talaffuz etaman). Nutqning sintaktik ma’nolarni va ekspressiv-emotsional bo’yoqlarni ifodalashi uchun xizmat qiluvchi ritmik-melodik tomoni; ovozning baland-pastligi9;

Shunga ko’ra, intonatsiya ham turlarga ajratiladi. Uyushiq bo’laklarni birlashtirishda esa, sanash ohangidan foydalaniladi. Sanash intonatsiyasi deb ketma-ket keluvchi qismlarni aytishda qo’llanadigan intonatsiya (notugal intonatsiyaning bir ko’rinishi)10.

Uyushiq bo’laklar o’rtasida ham notugallik bo’lgani uchun sanash intonatsiyasi yordami bilan bog’lanadi. Shuningdek, bu qismlar o’rtasida biriktiruvchi kichik to’xtam ham bo’ladi: Uzun bu imoratning orqa tomoni oq devor bilan o’ralgan saroy edi: sigir, qo’y, pichan... (Bandi burgut).

Biriktiruvchi bog’lovchilar ikki qismdan iborat uyushiq egalarni va ko`p qismli uyushiq egalarning oxirgi ikki qismini o`zaro biriktirib bog`laydi. Uyushiq ega qismlari o`rtasida qo`llangan biriktiruvchi bog`lovchilar sanashning tugaganligini ifodalaganligi sababli, uyushiq ega qismlari biriktiruvchi bog`lovchilar bilan bog`langanda, uyushiq ega qismlari sonini orttirish, sanashni davom ettirishning imkoni bo`lmaydi: Aksincha: endi men o’zimizning anavi tomondagi dala –shiyponimiz-u loysuvoq uylarimizni, gilam-kigiz, buyralarimiz-u po’stak va ko’rpachalarimizni yanada ko’proq yaxshi ko’radigan bo’lib qolgan edim. (Bandi burgut).

Ayrim hollarda ko`p qismli uyushiq egalarning oldingi qismlari o`zaro biriktiruvchi bog`lovchilar bilan bog`lanadi. Uyushib kelgan eganing keyingi qismlari esa ohang vositasida bog`lanadi. Bunda yuqorida ko`rgan holatning aksi bo`ladi, ya`ni bu holatda uyushiq egalarning o`zaro bog`lanishdagi munosabati u qadar birikib yetmaganligi sababli uyushiq egalar sonini ko`paytirish, sanashni davom ettirish mumkin bo`ladi. Lekin bunday shakllar ushbu asarda uchramaydi.

Badiiy uslub uchun uyushiq bo’laklarning qaysi formada kelishi ham muhimdir. Odatda, uyushiq bo’laklar ko’makchili va kelishikli for­mada, birlik yoki ko’plik formada, egalik va shaxs-son affikslarini olgan holatda, uyushiq bo’lak kesim bo’lganda to’liq shakllangan yoki qisman shakllangan holda qo’llanadi. Bunda ikki holat ko’zga tashlanadi: uyushiq bo’laklarning oxirgisi tarkibida kelgan kelishik affiksi, ko’makchi, ko’plik formasi, egalik va shaxs-son affikslari, sostavli kesimning ikkinchi komponenti uyushiq bo’laklarning hammasi uchun umumiy bo’ladi. Bunday formantlar, ko’makchilar, ko’makchi yoki to’liqsiz fe’llar uyushiq bo’laklarning har biriga alohida-alohida qo’shilishi yoki ular bilan alohida-alohida kelishi mumkin. Bu nutqning logik-gram­matik, stilistik xususiyatlari bilan izohlanadi. Uyushiq bo’laklar ifodalagan tushunchalar alohida ta’kidlanganda, morfologik formant va ko’makchilar, uyushiq bo’laklarning har biriga qo’shilib keladi.

Gap bo’laklarining barchasi uyushib kela oladi:

Uyushiq ega. Uyushiq egalarni bog`lashda yuklamalar ham ishtirok etadi. Uyushib kelgan egalarga -mi yuklamasi aralash holda qo’shilib noaniqlik ma’nosini ifodalaydi. Uyushiq qator a'zolari har xil grammatik shakllangan leksemalar bilan ifodalan­gan: Biz, ayniqsa, ko’klam kezlarida to’rt-beshta bo’lvolib, poliz paykallarida izg’ib yurardik. O’tgan yildan qolib ketgan sabzi bormi, lavlagi, kartoshka bormi – kavlab olib, qishloqning chetidagi bir g’arib dala shiyponiga borib, o’t yoqib, uning qo’riga topgan-tutganimizni ko’mib-pishirib yer edik. (Bandi burgut)

Bir xil grammatik shakllangan leksemalar bilan ifodalan­gan: Qo’llarimimiz, og’zi-burnimiz qorayib, bir-birimizdan kulib, maza qilib o’tirardik. (Bandi burgut)

“ammo” yordamchisi uyushiq bo’lak qismlarini zidlab ko’rsatadi, uyushiq bo’laklar bunday paytda yoyiq konstruksiyali bo’lsa, zidlik ma’nosi bo’rtib turadi: To’g’ri, bu yerda yashashlari – bir umrlik emasligi, ammo ijaraga ham turmayotganlari o’qtin-o’qtin yodlariga tushib ketardi, albatta. (O’zbek bobo)

Uyushiq kesim. Fe’l kesimlarning uyushib kelishi nutqning ko’tarinkiligi haqida tasavvur beradi. Ot kesimlar uyushganda kesimlik affiksi yaxlitlovchi forma sifatida oxirgi uyushiq bo’lakka birikadi: Balkim uylaring tepasida aylanadigan burgutlar – o’shaning ota-onasi yoki aka-ukasidir? (Bandi burgut)

Agar ot kesim murakkab ko’rinishda bo’lsa, analitik shakli oxirgi uyushiq bo’lakka birikadi: Kuchukvachcha mushtdnek bo’lgani bilan juda dovyurak, jangari bo’larkan. (Bandi burgut)

Uyushiq to’ldiruvchi. Uyushiq qator a'zolari har xil grammatik shakllangan leksemalar bilan ifodalan­gan: Aksincha: endi men o’zimizning anavi tomondagi dala –shiyponimiz-u loysuvoq uylarimizni, gilam-kigiz, buyralarimiz-u po’stak va ko’rpachalarimizni yanada ko’proq yaxshi ko’radigan bo’lib qolgan edim. (Bandi burgut)

Uyushiq qator a'zolarida grammatik shakllar yaxlitlovchi forma sifatida qo’llangan: Biroq tasvirdagi shohlar (chunonchi Bobur ham, temur ham) nechuk bo’lib buncha dav-daska qilib, falon yuzlab sipoh olib, qulon, kiyik, yo’lbars yo qoplon ovlariga chiqishar ekan? (Bandi burgut)

Uyushiq aniqlovchi. Masalan, qaratqich aniqlovchilar uyushib keladi va bunda grammatik vosita har bir uyushiq bo’lakda qatnashadi: Yopiray, devorlarda tulkining ham, bo’rining ham, qoplonning ham terisi ilingan, bir nechta burama, changarakshox kiyik hamda yovvoyi qo’yning shoxlari-da bor edi. (Bandi burgut)

Qaratqich aniqlovchilar uyushib kelganda grammatik vosita oxirgi uyushiq bo’lakda qatnashadi: Endi Rais boboning men bilan o’g’lining yaqinligiga hamda burgutga bo’lgan munosabati haqida. (Bandi burgut)

Gap tarkibida qator kelgan sifatlovchilar uyushgan va uyushmagan holda bo’lishi mumkin. Sifatlovchilar predmetni bir tomondan aniqlab, uning bir yoki turli belgilarini bildirsa va o’zaro teng holatda bo’lsa, uyushib keladi.

Uyushgan sifatlovchilar sifatlanmishga ayrim - ayrim holda bitishuv usuli bilan birikadi va ular yoyiq holda bo’ladi: Jahon urushining asorati hamon bilinar, ayniqsa, otalari urushda xalok bo’lib, onalari er qilib ketgan, o’zlari yetimlar uyida jon saqlagan bolalarning ko’pligidan bilinardi. (To’p o’yin).

Uyushgan sifatlovchilar bir so’zdan tuzilgan bo’ladi: U – ajoyib va fojiaviy manzara edi. (Bandi burgut)

Uyushgan hol. Masalan, hol uyushganda: Bir mahal burgut shunday aylanishga berilib ketdiki, tuyqus qafasga urildimi yoki xizmatkor ipdan qattiq tortdimi – xuddi o’q tekkandek bir ag’darilib pastlay boshladi (Bandi burgut)

Uyushgan bo’laklar yoyiq yoki yig’iq holda bo’ladi: bir gap bo’lagining o’zi uyushib kelsa, yig’iq, bular o’ziga oid so’zlar bilan kengayib kelsa, yoyiq bo’ladi.

“va”, “hamda” bog`lovchilari ko`p qismli uyushiq egalarning oxirgi qismlarini bog`lashga xizmat qilmasligi bilan farq qiladi. Uyushiq egalar juft-juft bo`lib kelganda esa, “va” bog`lovchisi singari juft qismlarni o`zaro bog`laydi: ...gohida shox ostidagi katta tog’oraga solib qo’yilgan suvga tushib olib, qanotlarini pat-patlatib urib cho’milar, so’ngra shumshukkina bo’lib chetga chiqar va soyni kechib o’tgan moldek silkinib patlarini qurita boshlar edi. (Bandi burgut)

Yoki bir gapda “va”, “hamda” bog`lovchilari boshqa-boshqa bo’laklarni uyushtirishga xizmat qilish uchun qo’llanganda va bog’lovchisi o’rnida bilan bog’lovchi-ko’makchisi ishtirok etishi mumkin: Endi Rais boboning men bilan o’g’lining yaqinligiga hamda burgutga bo’lgan munosabati haqida. (Bandi burgut)

Biriktiruvchi bog`lovchilar o`rnida “-u”, “-yu” yuklamalari ham uyushiq egalarni bog`lashda xizmat qiladi. “-u”, “-yu” yuklamalari vositasida bog`langan uyushiq egalar ta`kid va kuchaytirish ma`nolarini ifodalaydi: Aksincha: endi men o’zimizning anavi tomondagi dala –shiyponimiz-u loysuvoq uylarimizni, gilam-kigiz, buyralarimiz-u po’stak va ko’rpachalarimizni yanada ko’proq yaxshi ko’radigan bo’lib qolgan edim. (Bandi burgut)

Uyushiq egalarni o`zaro bog`lashda biriktiruvchi bog`lovchilar singari ayiruv bog`lovchilari ham qo`llanadi. “Yo”, “yoki”, “yohud” ayiruv bog`lovchilari yakka holda, “dam... dam”, “goh... goh” bog`lovchilari esa takror qo`llanadi. Uyushiq bo’­laklar takrorlanuvchi bog’lovchilar bilan birikib kelganda, uyu­shiq bo’laklarning har biri grammatik forma yoki ko’mak­chi bilan kelishi mumkin. Har biriga: Rost, uning qilig’idan, aytimidan zavqlanib ketgandik. (Kuzda bahor havosi)

Yoki oxirgi uyushiq bo’lakka: Biroq tasvirdagi shohlar (chunonchi Bobur ham, temur ham) nechuk bo’lib buncha dav-daska qilib, falon yuzlab sipoh olib, qulon, kiyik, yo’lbars yo qoplon ovlariga chiqishar ekan? (Bandi burgut)

“goh” bog’lovchisi bilan bog’langanda ketma-ketlik ma’nosi reallashadi: Umuman, bu – o’limtikxo’r yirtqish qushlar turkumidan bo’lsa ham, juda ozoda edi: Tumshug’ini deng, butoqning goh bu, goh u tomoniga rosa suykab artar, gohida shox ostidagi katta tog’oraga solib qo’yilgan suvga tushib olib, qanotlarini pat-patlatib urib cho’milar, so’ngra shumshukkina bo’lib chetga chiqar va soyni kechib o’tgan moldek silkinib patlarini qurita boshlar edi. (Bandi burgut)

Uyushiq bo’laklarning qo’shimcha olishi yoki olmasligi, ko’makchi so’zlar bilan kelishi yoki kelmasligi uyushiq bo’­laklarning miqdori (uyushiq bo’laklar qancha ko’p bo’lsa, ularda qo’shimcha va ko’makchilarga zaruriyat shuncha kuchli bo’ladi), bog’lovchilarning mavjud yoki mavjud emasligi (bog’lovchilar yordamida birikkanda qo’shimcha va ko’makchilar­ga ehtiyoj ko’p bo’ladi), uyushiq bo’laklarning semantik tomondan uzoq-yaqinligi, biriktiruvchi pauza (pauza qancha uzun bo’lsa, qo’shimcha va ko’makchilarni takrorlashga ehtiyoj shuncha kuchli bo’ladi) kabi holatlarga ham bog’liq.

Qo’shma gapning birinchi sodda gapida uyushib kelgan qaratqich aniqlovchilar uch qismli bo`lsa va har biriga “ham” yuklamasi qo’shilsa, ikkinchi sodda gapida uyushgan sifatlovchi aniqlovchi, shuningdek, hamda bog’lovchisi yordamida egalar uyushsa, ma’no butunlay konkretlashadi va tasvir aniqligi ortadi. Ham so’zi takrorlanib kelganda ikki xil ma’noni anglatadi: ham so’zi o’zi aloqador so’zdan keyin kelsa, ayirib ko’rsatish, ta’kidlash, oldin kelsa, faqat ta’kidlash ma’nolari anglashiladi. Bilan yordamchisi bilan birikkanda esa faqat oxirgi uyushiq bo’lak grammatik formant oladi: Yopiray, devorlarda tulkining ham, bo’rining ham, qoplonning ham terisi ilingan, bir nechta burama, changarakshox kiyik hamda yovvoyi qo’yning shoxlari-da bor edi (Bandi burgut). Shuningdek, bu o’rinda ham so’zi ayirib ko’rsatish, ta’kidlash uchun kelgan. Bunda uyushiq bo’laklar ham ayirib ko’rsatish, ham ta’kidlash uchun qo’llangan. Bunda gap bo’laklarining uyushib kelishi biriktiruvchi pauza va sanash ohangi yordamida yuz beryapti. Uyushiq bo’laklar tarkibidagi ham so’zini tushirib qoldirsak ham, uyushiq bo’laklarning birikish usuli o’zgarmaydi: faqat uyushiq bo’laklar ta’kidlanmagan, ayirib ko’rsatilmagan bo’ladi: Yopiray, devorlarda tulkining ham, bo’rining ham, qoplonning ham terisi ilingan, bir nechta burama, changarakshox kiyik hamda yovvoyi qo’yning shoxlari-da bor edi. - Yopiray, devorlarda tulkining, bo’rining, qoplonning terisi ilingan, bir nechta burama, changarakshox kiyik hamda yovvoyi qo’yning shoxlari-da bor edi kabi.

Demak, ham so’zi tak­rorlanib kelganda, uyushiq bo’laklar biriktiruvchi pauza va sa­nash ohangi yordamida birikadi. Ham so’zi esa o’zi aloqador bo’l­gan so’zning ma’nosini ta’kidlash, uni ayirib ko’rsatish uchun qo’llangan. Demak, ham so’zi takrorlanib qo’llanganda yuklama hisoblanadi.

Voqea-hodisa mazmunini ta’kidlab, aniqlashtirib ko`rsatish maqsadida ba`zida uyushiq egalarning sifatlovchilari kengaytirilgan bo’ladi: Saroydagi xilvatxona va undagi hayvonlardan shilib olingan terilar-u, arralab, qoqib olingan shoxlar ko’z oldimga keldi: demak, bu ishlarning boshida o’sha odam tursa kerak (Bandi burgut).

Uyushiq bo’laklar ma’noni kuchaytirish uchun ham xizmat qiladi. Bu ko’proq hollar, sifatlovchilar uyushib kelganda yuz bera­di. Masalan, hol uyushganda: Bir mahal burgut shunday aylanishga berilib ketdiki, tuyqus qafasga urildimi yoki xizmatkor ipdan qattiq tortdimi – xuddi o’q tekkandek bir ag’darilib pastlay boshladi (Bandi burgut).

Ma’lum bir narsa, predmetlarni aniq ifodalash – ta’riflash uchun ot kesimning sifatlovchisi uyushib keladi: Bu el bo’lmaydi, o’g’lim... Lekin chiroyli, mag’rur qush. (Bandi burgut)

Uyushiq sifatlovchilar nutqning ekspressivligi uchun xizmat qiladi: Saroydagi xilvatxona va undagi hayvonlardan shilib olingan terilar-u, arralab, qoqib olingan shoxlar ko’z oldimga keldi: demak, bu ishlarning boshida o’sha odam tursa kerak. (Bandi burgut)

Ikki uyushiq egalarni ko’pincha va yoki hamda bog’lovchilari bilan bog’langanini ko’rish mumkin: Shubha yo’qki, shu tobda mehmonxona eshigi ochiq, u yerda Rais bobogina emas, u kishining xotini va o’g’li ham bor. (Bandi burgut)

Uyushiq egalarga nisbatan aniqlovchi umumiy va xususiy bo`lishi mumkin. Umumiy aniqlovchi uyushib kelgan ega qismlarining barchasida mavjud bo`lgan bir xil belgini ko`rsatadi, uyushiqlik zanjirini hosil qilgan eganing har birini aniqlaydi. Xususiy aniqlovchi esa uyushiq ega qismlarining barchasini birdek aniqlamaydi, ya`ni ulardan bittasining belgisini ko`rsatib beradi. Uyushiq eganing birida mavjud bo`lgan belgi uyushiq zanjirdagi egalarning boshqalarida bu belgi bo`lmaydi.

Umumiy aniqlovchi uyushiq egadan oldin keladi, biroq uyushiq egadan oldin qo`llangan aniqlovchining hammasi ham umumiy aniqlovchi bo`la olmaydi.

Yoyiq sifatlovchi aniqlovchilari uyushgan to’ldiruvchi orqali insonga xos tashqi belgilarni bo’rttirib ko’rsatish mumkin: ...O’sha vaqtlarda “Tarzan” filmi qo’yilgan, ho’-o’, u – baquvvat, har yelkasiga bir odam o’tirsa bo’ladigan, daraxtdan daraxtga maymundek sakrab o’tadigan yovvoyi yigitga taqlid qilib, necha-necha bolalarning qo’l-oyog’i singan edi.(To’p o’yin)

Shuningdek, asarda bir gap tarkibida yoyiq sifatlovchi aniqlovchilar uyushib qo’llangan holatlar ham uchraydi. Bu esa fikrni yanada aniqlashtirishga yordam beradi: Jahon urushining asorati hamon bilinar, ayniqsa, otalari urushda xalok bo’lib, onalari er qilib ketgan, o’zlari yetimlar uyida jon saqlagan bolalarning ko’pligidan bilinardi.(To’p o’yin).

Uyushiq bo’laklarda umumlashtiruvchi birliklar funksional qo’llanishiga ko’ra farq qiladi. Badiiy nutqda umumlashtiruvchi birliklar odatda jins tushunchasini bildirib, tur tushunchasini ifodalovchi uyushiq bo’laklardan oldin keladi. Le­kin bularda umumlashgan birliklarning qo’llanishi ancha murakkab. Bir tomondan, umumlashtiruvchi birlik jins tushunchasini, uyushiq bo’laklar esa tur tushunchasini doimo aynan ifodalayvermaydi. Bundan tashqari, ko’pincha umumlashtiruvchi birlik vazifasida jamlik bildiruvchi boshqa so’zlar, masalan, hammasi, butun kabilar qo’llanadi. Bular uyushiq bo’laklardan oldin ham, keyin ham kelishi mumkin. Ba’zan bunday so’zlar takrorlanib kelib, ma’noni kuchaytiradi.

Ikkitadan ortiq uyushiq egalar ba’zan umumlashtiruvchi bo’lakdan keyin bog’lanadi. Bunday holatda uyushiq eganing sanash ohangi yordami bilan bog’langan qismlari esa mazmunan o’zaro zich birikmaganlikni ifodalasa-da, uyushiq shakllar fikrni to’la oydinlashtiradi: Xullas, uning amri bilan kissalarimizda bor bisotimizni ko’rsatdik: bu gal u faqat yesa bo’ladiganlarini oldi: tosh qotgan “piryanik”, bir kat jiyda, parvarda, kallaqand (To’p o’yin).

Haqiqatan ham, umumlashtiruvchi bo’lak jins tushunchasini, uyushiq bo’lak tur tushunchasini ifodalovchi so’zlardan bo’ladi11, umumlashtiruvchi bo’lak uyushiq bo’laklarni jamlab, umumlashtirib ifodalasa, uyushiq bo’laklar umumlashtiruvchi bo’lakni izohlaydi, to’ldiradi. Aslan qurilmada umumlashtiruvchi bo’lakning ishtiroki zaruriy emas, biroq mazkur bo’lak nisbatan keng tushunchani ifodalaydi, bundan tashqari, uning maxsus ohang hamda to’xtam bilan aytilishi ta’kid ma’nosini yuzaga keltiradi: Xullas, uning amri bilan kissalarimizda bor bisotimizni ko’rsatdik: bu gal u faqat yesa bo’ladiganlarini oldi: tosh qotgan “piryanik”, bir kat jiyda, parvarda, kallaqand. - Xullas, uning amri bilan kissalarimizda tosh qotgan “piryanik”, bir kat jiyda, parvarda, kallaqanni ko’rsatdik: bu gal u faqat yesa bo’ladiganlarini oldi tarzida qo’llansa ta’kid ma’nosi yo’qoladi.

Uyushiq egalar ham umumlashtiruvchi bo’lak bilan qo’llanishi mumkin va bunday holatda umumlashtiruvchi bo’lak ta’kidlash, xulosalash ma’nolarini ifodalaydi. Umumlashtiruvchi bo’lak uyushiq egalarni jamlab, umumlashtirib ifodalaydi va uyushiq egalardan oldin ham, keyin ham qo’llanishi mumkin. Lekin umumlashtiruvchi bo’lak qaysi o’rinda ifodalanishidan qat’iy nazar u uyushiq egalardan pauza bilan ajraladi. Uyushiq egalarni bog`lashda “ham” yordamchisi ham ishtirok etadi. Uyushib kelgan ega ko`p qismli bo`lsa va har biriga “ham” yuklamasi qo’shilsa, chegaralash ma’nosi aniq bo’rtib turadi: Biroq, yigitchalar, bilib qo’yinglarki, bizning falsafamizda hamma narsa Inson uchun, deyiladi. Tabiat ham, gullar ham, ana shu qushlar ham... (Bandi burgut).

Keltirilgan misolda jins va tur tushunchalari aynan ifodalanmagan, ular qisman to’ldirilgan. Umumlashtiruvchi so’z (hamma narsa) va uyushiq bo’lak(Tabiat ham, gullar ham, ana shu qushlar ham)dagi semantik xususiyat grammatik xususiyat kabi aynan bo’lgani boisidan, shakliy-mazmuniy aniqlik ro’yobga chiqadi. Uyushiq egalardagi grammatik forma – ham yuklamasining har bir uyushiq bo’lakka qo’shilishi ajratish, chegaralash mazmunini aniq ifodalagan. Konstruksiyadan umumlashtiruvchi bo’lak olib tashlansa,fikr butunligiga putur yetadi va alohida e’tibor, diqqat qaratish yo’qoladi: Biroq, yigitchalar, bilib qo’yinglarki, bizning falsafamizda hamma narsa inson uchun, deyiladi. Tabiat ham, gullar ham, ana shu qushlar ham... - Biroq, yigitchalar, bilib qo’yinglarki, bizning falsafamizda tabiat ham, gullar ham, ana shu qushlar ham inson uchun, deyiladi.... (Bandi burgut).

Umumlashtiruvchi so’z vazifasida jamlash-belgilash, bo’lishsizlik olmoshlari, jam ottlari, son turkumidagi so’zlar, harakat nomlari kabi so’zlar keladi. Miqdor ma’nosini jamlash maqsadida umumlashtiruvchi bo’lak son turkumidan tuziladi: Burilib ortimdagi devorga qarasam, o’nlab qushlarning – kaklik deysizmi, chil, xakka, qumri, hatto jannat chivinxo’ri degan dumi uzun qizg’ish qushning ham ichiga bir nima tiqilgan mo’lasi saf tortib turibdi. (Bandi burgut).

Quyida keltirilayotgan misolda birinchi to’ldiruvchi(toshqasrlar-u)da -ni affiksini tiklab bo’lmaydi, ikkinchi to’ldiruvchi(odamlarni)da esa belgili qo’llangan. Uyushiq bo’lak hamda umumlashtiruvchi so’z grammatik muvofiqlik asosida birikib, yakunlash, xulosalash mazmunini ifodalagan. Demak, bunday bo’laklar o’zi qatnashgan gap bilan semantik, grammatik, intonatsion yaxlitlikda bog’lanadi. Shunisi e’tiborga loyiqki, ijodkor qo’llagan uyushiq bo’laklar fikrni to’la ifodalashga yordam bergan: Biz bolalar zaldagi deraza pardalarini tushirib, nimqorong’ilikda fosfor burgutni tomosha qilib, xayolimizda u tufayli qo’zg’algan har xil afsonalarni – toshqasrlar-u jodugarning bir “so’f”i bilan tosh qotgan odamlarni eslab, ayni chog’da haykalning qizil ko’zlaridan xayiqib, shu boisdanmi, past ovozda gaplashib o’tirardik. (Bandi burgut).

Agar biz bolalar zaldagi deraza pardalarini tushirib, nimqorong’ilikda fosfor burgutni tomosha qilib, xayolimizda u tufayli qo’zg’algan har xil afsonalarni – toshqasrlar-u jodugarning bir “so’f”i bilan tosh qotgan odamlarni eslab, ayni chog’da haykalning qizil ko’zlaridan xayiqib, shu boisdanmi, past ovozda gaplashib o’tirardik gapini biz bolalar zaldagi deraza pardalarini tushirib, nimqorong’ilikda fosfor burgutni tomosha qilib, xayolimizda u tufayli qo’zg’algan toshqasrlar-u jodugarning bir “so’f”i bilan tosh qotgan odamlarni eslab, ayni chog’da haykalning qizil ko’zlaridan xayiqib, shu boisdanmi, past ovozda gaplashib o’tirardik tipida qo’llasak ma’no o’zgarishsiz qoladi, biroq alohida urg’u berish ma’nosi yo’qoladi.


Download 366,5 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
  1   2   3




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©hozir.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling

kiriting | ro'yxatdan o'tish
    Bosh sahifa
юртда тантана
Боғда битган
Бугун юртда
Эшитганлар жилманглар
Эшитмадим деманглар
битган бодомлар
Yangiariq tumani
qitish marakazi
Raqamli texnologiyalar
ilishida muhokamadan
tasdiqqa tavsiya
tavsiya etilgan
iqtisodiyot kafedrasi
steiermarkischen landesregierung
asarlaringizni yuboring
o'zingizning asarlaringizni
Iltimos faqat
faqat o'zingizning
steierm rkischen
landesregierung fachabteilung
rkischen landesregierung
hamshira loyihasi
loyihasi mavsum
faolyatining oqibatlari
asosiy adabiyotlar
fakulteti ahborot
ahborot havfsizligi
havfsizligi kafedrasi
fanidan bo’yicha
fakulteti iqtisodiyot
boshqaruv fakulteti
chiqarishda boshqaruv
ishlab chiqarishda
iqtisodiyot fakultet
multiservis tarmoqlari
fanidan asosiy
Uzbek fanidan
mavzulari potok
asosidagi multiservis
'aliyyil a'ziym
billahil 'aliyyil
illaa billahil
quvvata illaa
falah' deganida
Kompyuter savodxonligi
bo’yicha mustaqil
'alal falah'
Hayya 'alal
'alas soloh
Hayya 'alas
mavsum boyicha


yuklab olish