Okoz: 09. 00. 00. 00 Tadbirkorlik va xo‘jalik faoliyati / 09. 10. 00. 00 Sanoat / 09. 10. 03. 00 Sanoat xavfsizligi (shuningdek, 16. 04. 06. 00ga qarang); 16. 00. 00. 00 Xavfsizlik va huquq tartibot muhofazasi / 16



Download 45.89 Kb.
Sana04.01.2020
Hajmi45.89 Kb.


[OKOZ:

1.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xo‘jalik faoliyati / 09.10.00.00 Sanoat / 09.10.03.00 Sanoat xavfsizligi (shuningdek, 16.04.06.00ga qarang);

2.16.00.00.00 Xavfsizlik va huquq tartibot muhofazasi / 16.04.00.00 Jamiyat xavfsizligi / 16.04.06.00 Sanoat xavfsizligi (shuningdek, 09.10.03.00 ga qarang)]

[TSZ:

1.Iqtisodiyot / Sanoat;

2.Mudofaa va milliy xavfsizlik / Umumiy masalalar]

O‘zbekiston Respublikasining qonuni

Xavfli ishlab chiqarish obyektlarining sanoat xavfsizligi to‘g‘risida

Qonunchilik palatasi tomonidan
2006-yil 29-iyunda qabul qilingan

Senat tomonidan 2006-yil 25-avgustda ma’qullangan



1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi

Ushbu Qonunning maqsadi xavfli ishlab chiqarish obyektlarining sanoat xavfsizligi (bundan buyon matnda sanoat xavfsizligi deb yuritiladi) sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.

2-modda. Sanoat xavfsizligi to‘g‘risidagi qonun hujjatlari

Sanoat xavfsizligi to‘g‘risidagi qonun hujjatlari ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir.

Agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O‘zbekiston Respublikasining sanoat xavfsizligi to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi.

3-modda. Sanoat xavfsizligi. Avariya va noxush hodisa

Sanoat xavfsizligi shaxs va jamiyat hayotiy muhim manfaatlarining xavfli ishlab chiqarish obyektlaridagi avariyalar va noxush hodisalardan hamda ularning oqibatlaridan himoyalanganlik holatidir.

Xavfli ishlab chiqarish obyektlaridagi avariya inshootlar va (yoki) xavfli ishlab chiqarish obyektlarida qo‘llaniladigan texnika qurilmalarining buzilishi, nazorat qilib bo‘lmaydigan portlash va (yoki) xavfli moddalar ajralib chiqishidir.

Xavfli ishlab chiqarish obyektlaridagi noxush hodisa xavfli ishlab chiqarish obyektlarida qo‘llaniladigan texnika qurilmalarining ishdan chiqishi yoki shikastlanishi, texnologiya jarayoni rejimidan chetga chiqish, sanoat xavfsizligi sohasidagi qonun hujjatlarida, shuningdek, normativ texnik hujjatlarda ko‘rsatilgan talablarning buzilishidir.

4-modda. Xavfli ishlab chiqarish obyektlari

Xavfli ishlab chiqarish obyektlari jumlasiga:

1) quyidagi xavfli moddalar:

portlash-yong‘in xavfi bo‘lgan muhitni yuzaga keltirishi mumkin bo‘lgan moddalar;

tasdiqlangan standartlarga muvofiq tirik organizmga ta’sir qilish darajasiga ko‘ra I, II va III xavflilik darajalariga (o‘ta xavfli, yuqori darajada xavfli va o‘rtacha darajada xavfli) mansub zararli moddalar;

muayyan turdagi tashqi ta’sir chog‘ida issiqlik ajratgan va gazlar hosil qilgan holda o‘z-o‘zidan juda tez tarqaladigan kimyoviy o‘zgaruvchan portlovchi moddalar;

inson sog‘lig‘i va atrof muhit uchun xavfli konsentratsiyali moddalar mavjud bo‘lgan ishlab chiqarish chiqindilari foydalaniladigan, ishlab chiqariladigan, qayta ishlanadigan, hosil qilinadigan, saqlanadigan, tashiladigan, yo‘q qilinadigan;

2) 0,07 megapaskaldan ortiq bosim ostida yoki ishlatiladigan suyuqlikning normal atmosfera bosimidagi qaynash haroratidan ortiq haroratda ishlaydigan uskunalardan foydalaniladigan;

3) ko‘chmas asosga o‘rnatilgan yuk ko‘tarish mexanizmlari, eskalatorlar, osma yo‘llar, funikulyorlardan (tog‘ temir yo‘llaridan) foydalaniladigan;

4) qora va rangli metallar eritmalari hamda ushbu eritmalar asosida qotishmalar olinadigan;

5) konchilik ishlari, foydali qazilmalarni qazib olish va boyitish ishlari, shuningdek yer osti sharoitida ish olib boriladigan korxonalar yoki ularning sexlari, uchastkalari, maydonchalari, shuningdek boshqa ishlab chiqarish obyektlari kiradi.

5-modda. Xavfli ishlab chiqarish obyektlarini hisobga olish va identifikatsiyalash

Xavfli ishlab chiqarish obyektlari sanoat xavfsizligi sohasidagi maxsus vakolatli davlat organi (bundan buyon matnda maxsus vakolatli davlat organi deb yuritiladi) tomonidan xavfli ishlab chiqarish obyektlarining davlat reyestrida albatta hisobga olinadi.

Oldingi tahrirga qarang.

Xavfli ishlab chiqarish obyektlarini hisobga olish va ularning davlat reyestrini yuritish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.



(5-modda O‘zbekiston Respublikasining 2018-yil 3-yanvardagi O‘RQ-456-sonli Qonuniga aosan ikkinchi qism bilan to‘ldirilgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 05.01.2018-y., 03/18/456/0512-son)

Xavfli ishlab chiqarish obyektlarini identifikatsiyalash O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda ushbu Qonunning 4-moddasiga muvofiq amalga oshiriladi.

6-modda. Sanoat xavfsizligi sohasida davlat tomonidan tartibga solish

Sanoat xavfsizligi sohasida davlat tomonidan tartibga solish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, maxsus vakolatli davlat organi, shuningdek qonun hujjatlariga muvofiq sanoat xavfsizligi sohasida ayrim vakolatlarga ega bo‘lgan boshqa davlat organlari tomonidan amalga oshiriladi.

 LexUZ sharhi

Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 11-maydagi 131-sonli qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yer qa’rini geologik o‘rganish, sanoatda, konchilikda va kommunal-maishiy sektorda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish davlat inspeksiyasi to‘g‘risida”gi nizom.

Sanoat xavfsizligi sohasida davlat tomonidan tartibga solish:

sanoat xavfsizligi talablarini belgilashni;

sanoat xavfsizligi talablariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini;

xavfli ishlab chiqarish obyektlarida qo‘llaniladigan texnika qurilmalarini sertifikatlashtirishni;

faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalashni;

sanoat xavfsizligi ekspertizasini;

qonun hujjatlariga muvofiq boshqa choralarni o‘z ichiga oladi.

7-modda. Sanoat xavfsizligi talablari

Sanoat xavfsizligi talablari qonun hujjatlarida, shuningdek normativ texnik hujjatlarda nazarda tutilgan shartlar, taqiqlar, cheklashlar va boshqa majburiy talablar bo‘lib, ularga rioya etilishi sanoat xavfsizligini ta’minlaydi.

8-modda. Xavfli ishlab chiqarish obyektini loyihalash, qurish va foydalanishga qabul qilib olishga oid sanoat xavfsizligi talablari

Xavfli ishlab chiqarish obyektini qurish, kengaytirish, qayta qurish, texnik jihatdan qayta jihozlash, konservatsiyalash va tugatishni amalga oshirish uchun loyiha hujjatlari sanoat xavfsizligi ekspertizasining ijobiy xulosasi bo‘lishi zarur.

Xavfli ishlab chiqarish obyektini qurish, kengaytirish, qayta qurish, texnik jihatdan qayta jihozlash, konservatsiyalash va tugatish jarayonida loyiha hujjatlaridan chetga chiqishlarga yo‘l qo‘yilmaydi. Xavfli ishlab chiqarish obyektini qurish, kengaytirish, qayta qurish, texnik jihatdan qayta jihozlash, konservatsiyalash va tugatishga doir loyiha hujjatlarini o‘zgartirish sanoat xavfsizligi ekspertizasidan o‘tkazilishi kerak.

Loyiha hujjatlarini ishlab chiqqan tashkilotlar xavfli ishlab chiqarish obyektini qurish, kengaytirish, qayta qurish, texnik jihatdan qayta jihozlash, konservatsiyalash va tugatish jarayonida belgilangan tartibda mualliflik nazoratini amalga oshiradi.

Xavfli ishlab chiqarish obyektini foydalanishga qabul qilib olish belgilangan tartibda o‘tkaziladi. Xavfli ishlab chiqarish obyektini foydalanishga qabul qilib olish jarayonida xavfli ishlab chiqarish obyektining loyiha hujjatlariga muvofiqligi, tashkilotning xavfli ishlab chiqarish obyektidan foydalanishga hamda xavfli ishlab chiqarish obyektida avariyaning kengayib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik va uning oqibatlarini tugatish bo‘yicha harakatlarga tayyorligi tekshiriladi.

9-modda. Xavfli ishlab chiqarish obyektidan foydalanishga oid sanoat xavfsizligi talablari

Xavfli ishlab chiqarish obyektidan foydalanuvchi tashkilot:

sanoat xavfsizligi sohasidagi qonun hujjatlarida, shuningdek normativ texnik hujjatlarda ko‘rsatilgan talablarga rioya etishi;

xavfli ishlab chiqarish obyekti xodimlari shtatining belgilangan talablarga muvofiq to‘ldirilishini ta’minlashi;

xavfli ishlab chiqarish obyektidagi ishga oid malaka talablariga javob beradigan va ko‘rsatilgan ishga tibbiy jihatdan loyiq shaxslarni qo‘yishi;

xavfli ishlab chiqarish obyektlari xodimlarining tayyorgarlikdan va attestatsiyadan o‘tkazilishini ta’minlashi;

ishlab chiqarish jarayoni ustidan nazorat qiluvchi zarur asboblar va tizimlarning belgilangan talablarga muvofiq mavjud bo‘lishi hamda ishlashini ta’minlashi;

ushbu Qonunning 15-moddasiga muvofiq sanoat xavfsizligi ekspertizasi o‘tkazilishini, shuningdek xavfli ishlab chiqarish obyektida qo‘llaniladigan inshootlar va texnika qurilmalari diagnostikasi, sinovlari, tekshiruvi o‘tkazilishini belgilangan muddatlarda va maxsus vakolatli davlat organi yoki qonun hujjatlariga muvofiq sanoat xavfsizligi sohasida ayrim vakolatlarga ega bo‘lgan boshqa davlat organlarining belgilangan tartibda taqdim etiladigan yozma ko‘rsatmasiga binoan ta’minlashi;

begona shaxslarning xavfli ishlab chiqarish obyektiga ruxsatsiz kirishining oldini olishi;

xavfli moddalarni saqlashga oid sanoat xavfsizligi talablarining bajarilishini ta’minlashi;

sanoat xavfsizligi deklaratsiyasini belgilangan tartibda ishlab chiqishi va tasdiqlashi;

maxsus vakolatli davlat organi va qonun hujjatlariga muvofiq sanoat xavfsizligi sohasida ayrim vakolatlarga ega bo‘lgan boshqa davlat organlarining buyruqlari, qarorlari va yozma ko‘rsatmalarini bajarishi;

avariya yoki noxush hodisa yuz bergan, shuningdek sanoat xavfsizligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan boshqa holatlar aniqlangan taqdirda, xavfli ishlab chiqarish obyektidan foydalanishni to‘xtatib turishi;

xavfli ishlab chiqarish obyektidagi avariya sabablarini texnik jihatdan tekshirishda ishtirok etishi, avariyaga olib kelgan sabablarni bartaraf etish va ularning oldini olish choralarini ko‘rishi;

xavfli ishlab chiqarish obyektida noxush hodisaning yuzaga kelganligi sabablarini tahlil qilishi, mazkur sabablarning bartaraf etilishi va oldini olish choralarini ko‘rishi;

maxsus vakolatli davlat organini, qonun hujjatlariga muvofiq sanoat xavfsizligi sohasida ayrim vakolatlarga ega bo‘lgan boshqa davlat organlarini, mahalliy davlat hokimiyati organlarini, shuningdek fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va aholini xavfli ishlab chiqarish obyektidagi avariya to‘g‘risida o‘z vaqtida belgilangan tartibda xabardor qilishi;

avariya yuz bergan taqdirda, xavfli ishlab chiqarish obyektlari xodimlarining hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilish choralarini ko‘rishi;

xavfli ishlab chiqarish obyektidagi avariyalar va noxush hodisalar hisobini olib borishi shart.

10-modda. Xavfli ishlab chiqarish obyekti xodimlariga qo‘yiladigan sanoat xavfsizligi talablari

Xavfli ishlab chiqarish obyektining xodimlari:

sanoat xavfsizligi sohasidagi qonun hujjatlarida, shuningdek normativ texnik hujjatlarda ko‘rsatilgan talablarga rioya etishlari;

sanoat xavfsizligi sohasida tayyorgarlikdan va attestatsiyadan o‘tishlari;

xavfli ishlab chiqarish obyektidagi avariya yoki noxush hodisa haqida tegishli shaxslarni darhol xabardor qilishlari;

xavfli ishlab chiqarish obyektida avariya yoki noxush hodisa yuz bergan taqdirda, ishlarni belgilangan tartibda to‘xtatib turishlari;

xavfli ishlab chiqarish obyektidagi avariyaning kengayib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik va uning oqibatlarini tugatish bo‘yicha ishlarni amalga oshirishda belgilangan tartibda ishtirok etishlari shart.

11-modda. Xavfli ishlab chiqarish obyektidagi avariyaning kengayib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik va uning oqibatlarini tugatish bo‘yicha harakatlarga tayyorgarlik ko‘rishga oid sanoat xavfsizligi talablari

Xavfli ishlab chiqarish obyektidan foydalanuvchi tashkilot:

xavfli ishlab chiqarish obyektidagi avariyaning kengayib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik va uning oqibatlarini tugatish tadbirlarini rejalashtirishi hamda amalga oshirishi;

tegishli professional avariya-qutqaruv xizmatlari bilan xizmat ko‘rsatishga doir shartnomalar tuzishi, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda esa o‘z avariya-qutqaruv xizmatlarini yoki xodimlari jumlasidan shtatsiz avariya-qutqaruv tuzilmalarini tashkil etishi;

xavfli ishlab chiqarish obyektidagi avariyaning kengayib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik va uning oqibatlarini tugatish uchun qonun hujjatlariga muvofiq moliyaviy mablag‘lar va moddiy resurslarning zaxirasiga ega bo‘lishi;

xavfli ishlab chiqarish obyektida avariya yoki noxush hodisa yuz bergan taqdirda, xodimlarini bajariladigan harakatlarga o‘qitishi;

xavfli ishlab chiqarish obyektida avariya ehtimolini nazarda tutgan holda kuzatish, xabar qilish, aloqa va harakatlarga ko‘maklashish tizimlarini tashkil etishi, shuningdek mazkur tizimlarni yaroqli holatda saqlab turishi shart.

12-modda. Sanoat xavfsizligi talablariga rioya etilishi ustidan davlat nazorati

Sanoat xavfsizligi talablariga rioya etilishi ustidan davlat nazorati sanoat xavfsizligi talablarining xavfli ishlab chiqarish obyektlaridan foydalanuvchi tashkilotlar tomonidan bajarilishini tekshirish maqsadida amalga oshiriladi.

Sanoat xavfsizligi talablariga rioya etilishi ustidan davlat nazorati maxsus vakolatli davlat organi, shuningdek qonun hujjatlariga muvofiq sanoat xavfsizligi sohasida ayrim vakolatlarga ega bo‘lgan boshqa davlat organlari tomonidan amalga oshiriladi.

13-modda. Xavfli ishlab chiqarish obyektida qo‘llaniladigan texnika qurilmalarini sertifikatlashtirish.

Xavfli ishlab chiqarish obyektida qo‘llaniladigan texnika qurilmalari sanoat xavfsizligi talablariga muvofiqligi jihatidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda majburiy sertifikatlashtirilishi kerak.

 LexUZ sharhi

Qarang: O‘zbekiston Respublikasining “Mahsulotlar va xizmatlarni sertifikatlashtirish to‘g‘risida”gi Qonunining 10 — 14-moddalari.

14-modda. Sanoat xavfsizligi sohasidagi faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash

Sanoat xavfsizligi sohasidagi faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

 LexUZ sharhi

Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 24-sentabrdagi 410-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Xavfi yuqori bo‘lgan obyektlarni hamda potensial xavfli ishlab chiqarishlarni loyihalashtirish, qurish va ulardan foydalanish faoliyatini litsenziyalash to‘g‘risida”gi Nizom.

15-modda. Sanoat xavfsizligi ekspertizasi

Sanoat xavfsizligi ekspertizasi ekspertiza obyektining unga nisbatan qo‘yiladigan sanoat xavfsizligi talablariga muvofiqligini baholashdir.

Quyidagilar belgilangan tartibda sanoat xavfsizligi ekspertizasidan o‘tkazilishi kerak:

xavfli ishlab chiqarish obyektini qurish, kengaytirish, qayta qurish, texnik jihatdan qayta jihozlash, konservatsiyalash va tugatishga doir loyiha hujjatlari;

xavfli ishlab chiqarish obyektida qo‘llaniladigan texnika qurilmalari;

xavfli ishlab chiqarish obyektidagi binolar va inshootlar;

sanoat xavfsizligi deklaratsiyasi va xavfli ishlab chiqarish obyektidan foydalanish bilan bog‘liq boshqa hujjatlar.

Sanoat xavfsizligi ekspertizasini uni o‘tkazish uchun belgilangan tartibda akkreditatsiyaga ega bo‘lgan tashkilotlar xavfli ishlab chiqarish obyektidan foydalanayotgan yoki undan foydalanishni mo‘ljallayotgan tashkilot mablag‘lari hisobidan o‘tkazadi.

Ekspertiza xulosasi sanoat xavfsizligi ekspertizasining natijasidir.

Oldingi tahrirga qarang.

Sanoat xavfsizligi ekspertizasini o‘tkazish va ekspertiza xulosasini berish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.



(15-moddaning beshinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2014-yil 4-sentabrdagi O‘RQ-373-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2014-y., 36-son, 452-modda)

16-modda. Xavfli ishlab chiqarish obyektidagi avariya sabablarini texnik jihatdan tekshirish

Xavfli ishlab chiqarish obyektidagi har bir avariyaning vujudga kelishi fakti bo‘yicha uning sabablarini texnik jihatdan tekshirish maxsus vakolatli davlat organi tomonidan belgilangan tartibda o‘tkaziladi.

Xavfli ishlab chiqarish obyektidagi avariya sabablarini texnik jihatdan tekshirish maxsus vakolatli davlat organining vakili boshchilik qiladigan komissiya tomonidan o‘tkaziladi. Mazkur komissiya tarkibiga quyidagilar kiritiladi:

hududida xavfli ishlab chiqarish obyekti joylashgan mahalliy davlat hokimiyati organi vakillari;

xavfli ishlab chiqarish obyektidan foydalanuvchi tashkilot vakillari;

qonun hujjatlariga muvofiq boshqa tashkilotlar vakillari.

Xavfli ishlab chiqarish obyektidagi avariya sabablarini texnik jihatdan tekshiruvchi komissiya tekshiruvga sanoat xavfsizligi, qidiruv, loyihalash, ilmiy-tadqiqot ishlari, sug‘urta, uskunalarni tayyorlash sohasidagi va boshqa sohalardagi ekspert tashkilotlari, ekspertlar va mutaxassislarni jalb etishi mumkin.

Xavfli ishlab chiqarish obyektidan foydalanuvchi tashkilot va uning xodimlari, shuningdek boshqa tashkilotlar va davlat organlari o‘z vakolatlari doirasida xavfli ishlab chiqarish obyektidagi avariya sabablarini texnik jihatdan tekshiruvchi komissiyaga uning o‘z vakolatlarini amalga oshirishi uchun zarur axborotni taqdim etishlari shart.

Xavfli ishlab chiqarish obyektidagi avariya sabablarini texnik jihatdan tekshirish natijalari dalolatnoma bilan rasmiylashtirilib, unda avariya sabablari va holatlari, yetkazilgan zarar miqdori, sanoat xavfsizligi talablarining yo‘l qo‘yilgan buzilishlari, xavfli ishlab chiqarish obyektidan foydalanuvchi tashkilotning bu buzilishlarga yo‘l qo‘ygan xodimlari, avariyaning kengayib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik va uning oqibatlarini tugatish uchun ko‘rilgan choralar hamda bunday avariyalarning oldini olishga qaratilgan takliflar ko‘rsatiladi.

Xavfli ishlab chiqarish obyektidagi avariya sabablarini texnik jihatdan tekshirish xarajatlarini moliyalashtirish xavfli ishlab chiqarish obyektidan foydalanuvchi tashkilot tomonidan amalga oshiriladi.

17-modda. Xavfli ishlab chiqarish obyektidagi avariya sabablarini texnik jihatdan tekshirish bo‘yicha davlat komissiyasini tuzish

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilagan hollarda va tartibda xavfli ishlab chiqarish obyektidagi avariya sabablarini texnik jihatdan tekshirish bo‘yicha davlat komissiyasi tuziladi.

18-modda. Sanoat xavfsizligi talablariga rioya etilishi ustidan ishlab chiqarish nazorati

Xavfli ishlab chiqarish obyektidan foydalanuvchi tashkilot belgilangan sanoat xavfsizligi talablariga rioya etilishi ustidan ishlab chiqarish nazoratini tashkil qilishi va amalga oshirishi shart.

Oldingi tahrirga qarang.

Sanoat xavfsizligi talablariga rioya etilishi ustidan ishlab chiqarish nazoratini amalga oshirish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.



(18-modda O‘zbekiston Respublikasining 2018-yil 3-yanvardagi O‘RQ-456-sonli Qonuniga aosan ikkinchi qism bilan to‘ldirilgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 05.01.2018-y., 03/18/456/0512-son)

Sanoat xavfsizligi talablariga rioya etilishi ustidan ishlab chiqarish nazoratining tashkil qilinishi to‘g‘risidagi ma’lumotlar maxsus vakolatli davlat organiga yoki sanoat xavfsizligi sohasida qonun hujjatlariga muvofiq ayrim vakolatlarga ega bo‘lgan boshqa davlat organlariga taqdim etiladi.

19-modda. Sanoat xavfsizligi deklaratsiyasi

Aholini va hududlarni xavfli ishlab chiqarish obyektlaridagi avariyalardan muhofaza qilishni ta’minlash hamda davlat organlarini, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarini va aholini sanoat xavfsizligining holati to‘g‘risida xabardor etish maqsadida xavfli ishlab chiqarish obyektidan foydalanuvchi tashkilot sanoat xavfsizligi deklaratsiyasini ishlab chiqadi.

Ushbu Qonun 4-moddasi 1-bandining ikkinchi, uchinchi va to‘rtinchi xatboshilarida ko‘rsatilgan xavfli moddalar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan eng yuqori normaga teng yoki undan ortiq miqdorlarda ishlab chiqariladigan, foydalaniladigan, qayta ishlanadigan, hosil qilinadigan, saqlanadigan, tashiladigan, yo‘q qilinadigan xavfli ishlab chiqarish obyektlari uchun sanoat xavfsizligi deklaratsiyasini ishlab chiqish shart.

Sanoat xavfsizligi deklaratsiyasi xavfli ishlab chiqarish obyektidagi avariya xavfiga berilgan har tomonlama bahoni, avariyaning oldini olish, xavfli ishlab chiqarish obyektidan foydalanuvchi tashkilotning xavfli ishlab chiqarish obyektidan foydalanishga, shuningdek avariyaning kengayib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik va uning oqibatlarini tugatishga tayyorligini ta’minlash yuzasidan ko‘rilgan choralarning qay darajada yetarli ekanligining tahlilini o‘z ichiga olishi kerak.

Sanoat xavfsizligi deklaratsiyasi xavfli ishlab chiqarish obyektini qurish, kengaytirish, qayta qurish, texnik jihatdan qayta jihozlash, konservatsiyalash va tugatishga doir loyiha hujjatlari tarkibida ishlab chiqiladi hamda xavfli ishlab chiqarish obyektidan foydalanuvchi tashkilot rahbari tomonidan tasdiqlanadi.

Xavfli ishlab chiqarish obyektidan foydalanish bilan bog‘liq faoliyatga litsenziya olish uchun murojaat qilingan, sanoat xavfsizligi deklaratsiyasidagi ma’lumotlar o‘zgargan yoki sanoat xavfsizligi talablari o‘zgargan taqdirda, sanoat xavfsizligi deklaratsiyasiga aniqlik kiritiladi yoki u yangidan ishlab chiqiladi.

Xavfli ishlab chiqarish obyektidan foydalanuvchi tashkilotning sanoat xavfsizligi deklaratsiyasini tasdiqlagan rahbari undagi ma’lumotlarning to‘liqligi hamda ishonchliligi uchun belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.

Sanoat xavfsizligi deklaratsiyasi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilagan tartibda ishlab chiqiladi va davlat organlariga, jamoat birlashmalariga hamda fuqarolarga taqdim etiladi.

20-modda. Xavfli ishlab chiqarish obyektida avariya yuz bergan holda zarar yetkazganlik uchun javobgarlikni majburiy sug‘urta qilish. Ish beruvchining javobgarligi

Xavfli ishlab chiqarish obyektida avariya yuz bergan holda boshqa shaxslarning hayoti, sog‘lig‘i va (yoki) mol-mulkiga hamda atrof muhitga zarar yetkazganlik uchun javobgarlik qonun hujjatlarida belgilanadigan tartibda majburiy sug‘urta qilinishi kerak.

 LexUZ sharhi

Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 52-bobi.

Ish beruvchi xavfli ishlab chiqarish obyekti xodimlarining hayoti, sog‘lig‘i va mol-mulkiga zarar yetkazganlik uchun mehnatga oid qonun hujjatlariga muvofiq javobgar bo‘ladi.

 LexUZ sharhi

Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 187 — 197-moddalari va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 11-fevraldagi 60-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Xodimlarga ularning mehnat vazifalarini bajarish bilan bog‘liq holda jarohatlanishi, kasb kasalliklariga chalinishi yoki salomatlikning boshqa xil shikastlanishi tufayli yetkazilgan zararni to‘lash Qoidalari”.

21-modda. Sanoat xavfsizligi to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik

Sanoat xavfsizligi to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo‘ladilar.

22-modda. Qonun hujjatlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirish

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;

davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid bo‘lgan o‘z normativ-huquqiy hujjatlarini qayta ko‘rib chiqishlari va bekor qilishlarini ta’minlasin.

23-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi

Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.

 LexUZ sharhi

Ushbu Qonun “Xalq so‘zi” gazetasining 2006-yil 29-sentabrdagi 191 (4090)-sonida e’lon qilingan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV

Toshkent sh.,

2006-yil 28-sentabr,

O‘RQ-57-son
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2006-y., 39-son, 386-modda; 2014-y., 36-son, 452-modda; Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 05.01.2018-y., 03/18/456/0512-son)

Download 45.89 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©hozir.org 2020
ma'muriyatiga murojaat qiling

    Bosh sahifa
davlat universiteti
ta’lim vazirligi
O’zbekiston respublikasi
maxsus ta’lim
zbekiston respublikasi
axborot texnologiyalari
o’rta maxsus
davlat pedagogika
nomidagi toshkent
guruh talabasi
pedagogika instituti
texnologiyalari universiteti
toshkent axborot
xorazmiy nomidagi
samarqand davlat
navoiy nomidagi
rivojlantirish vazirligi
haqida tushuncha
toshkent davlat
ta’limi vazirligi
nomidagi samarqand
vazirligi toshkent
Darsning maqsadi
Toshkent davlat
tashkil etish
Alisher navoiy
kommunikatsiyalarini rivojlantirish
Ўзбекистон республикаси
matematika fakulteti
bilan ishlash
pedagogika universiteti
Nizomiy nomidagi
sinflar uchun
fanining predmeti
таълим вазирлиги
o’rta ta’lim
maxsus ta'lim
fanlar fakulteti
ta'lim vazirligi
tibbiyot akademiyasi
vazirligi muhammad
махсус таълим
Toshkent axborot
umumiy o’rta
haqida umumiy
Referat mavzu
ishlab chiqarish
pedagogika fakulteti
fizika matematika
universiteti fizika
Navoiy davlat