I. R. Asqarov, N. Х. Тo‘хтaboyev, K. G‘. G‘opirov umumiy o‘rta maktablar 7-sinf Kimyo darsligidan foydalanish uchun meтodik qo‘llanma


-DARS. KIMYO FANINING PREDMEТI VA VAZIFALARI. UNI FAN SIFAТIDA SHAKLLANISH ТARIХI



Download 1.57 Mb.
bet2/9
Sana25.01.2017
Hajmi1.57 Mb.
1   2   3   4   5   6   7   8   9


1-DARS. KIMYO FANINING PREDMEТI VA VAZIFALARI. UNI FAN SIFAТIDA SHAKLLANISH ТARIХI.
O‘quvchilar quyi sinflarda tabiyot fanlari bilan tanishishni boshlashgan. Bu o‘quv yilida esa tabiyot fanlari qatoriga kiruvchi kimyo fanini o‘rganshni boshlaydilar.

Muhtaram kasbdosh! O‘quvchilarning kelajakda kimyo faniga qiziqishini ta’minlash 1-dars “Kimyo fani predmeti va vazifalari. Uni fan sifatida shakllanish tarixi” mavzusini qay darajada tashkil qilinishiga bog‘liq.

Buning uchun eng avvalo, ushbu darsdan ko‘zlangan maqsadni aniqlab olish va darsni qay tarzda tashkil qilish rejasini tuzib olish zarur.
Darsning maqsadi: O‘quvchilarga kimyo fani haqida dastlabki tushunchalarni hamda kimyo fanini boshqa fanlar qatoridagi o‘rnini tushuntirib berish. Kimyoviy hodisalarning tabiatdagi, shuningdek tirik mavjudotlar: inson, hayvon va o‘simliklar hayotidagi rolini tushuntirish hamda insoniyatning farovonlikda hayot kechirishlari uchun kimyo fani va sanoatining ahamiyatini tushuntirish bilan o‘quvchilarning kimyo faniga bo‘lgan qiziqishini shakllantirib borish. Kimyoning fan sifatida shakllanish tarixini bayon etish o‘quvchilarda ajdodlarimiz bilan faxrlanish tuyg‘usini rivojlantirib borish.
Dars quyidagi reja asosida tashkil etiladi:


  1. Kimyo tabiiyot fanlari qatoriga kiruvchi fan.

  2. Kimyo fani nimalarni o‘rganadi? Uning boshqa tabiyot fanlaridan farqi.

  3. Kimyoviy hodisalarni, kimyo fani va sanoatining yutuqlarini hayotdagi o‘rni.

  4. Kimyo fanining shakllanish tarixi.




  • Kimyo moddalar, moddalarning xossalari va ularning bir-biriga aylanishi to‘g‘risidagi fandir.

Kimyo tabiatdagi barcha mavjudot turli ko‘rinishdagi kimyoviy moddalardan tarkib topganligiga asoslangan holda ularni bir turdan boshqa turga o‘zgarish qonuniyatlarini hamda xossalarini o‘rganuvchi aniq fan hisoblanadi.

Kimyo fanining predmeti barcha tabiiy va sintetik moddalardir.

Тabiiy va sintetik kimyoviy moddalardan kimyoviy usullar yordamida inson organizmi uchun sun’iy organlar, dori-darmonlar, oziq-ovqat mahsulotlari, kiyim-kechaklar, turmush uchun zarur bo‘lgan turli-tuman anjomlar, qurilish materiallari va boshqalar tayyorlashda keng foydalanilmoqda. Bularning barchasi moddalarning fizikaviy va kimyoviy xossalarini o‘rganish orqali amalga oshiriladi.

Shuning uchun moddalarning kimyoviy va fizikaviy xossalarini o‘rganish kimyo fanining asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi.

Siz kelajakda biror soha mutaxassisi bo‘lib yetishishingiz uchun albatta dastlabki kimyoviy bilim, ko‘nikma va malakalarni egallashingiz zarur. Chunki, iqtisodchi-tadbirkor, san’atkor, dehqon-fermer, ishchi yoki olim, shifokor va huquqshunos, quruvchi va muhandis, umuman, barcha kasb egalari o‘z faoliyatlari davomida moddalar va ulardan tayyorlangan turli xildagi mahsulotlar hamda kimyoviy jarayonlar bilan bevosita muloqotda bo‘ladilar.

Kimyoviy moddalar va ulardagi o‘zgarishlardan insoniyat o‘z ehtiyojlari uchun qadimdan foydalanib kelgan. Хitoyda, Misrda, Markaziy Osiyoda qishloq xo‘jaligi zararkunandalariga qarshi kurashda, turli xil bo‘yoqlar ishlab chiqarishda, me’moriy obidalarni barpo etishda, kiyim-kechaklar tayyorlashda kimyoviy moddalar va hodisalardan keng foydalanganlar.

Jahonga tanilgan buyuk ajdodlarimiz Ahmad al-Farg‘oniy, Abu Bakr Muhammad ibn Zakariyo ar-Roziy, Abu Nasr Forobiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino VIII-X asrlardayoq o‘zlarining ilmiy asarlarida kimyoviy moddalardan turmush ehtiyojlarida va turli xil xastaliklarni davolashda foydalanish yo‘llari haqida dastlabki qimmatli ma’lumotlarni keltirganlar.

Abu Ali ibn Sino dorivor moddalarni ma’lum tarkibda bo‘lishini ta’riflash orqali tarkibning doimiylik qonuniga, ularni sodda va murakkab dorilarga toifalash orqali atom-molekulyar ta’limotning dastlabki tushunchalarini shakllanishiga asos solganligi yurtimizda kimyoviy bilimlar bilan shug‘ullanish tarixi chuqur ildizlarga ega ekanligidan dalolat beradi.

O‘rta asrlarga kelib, Yevropadagi rivojlanish kimyo sohasida ham o‘z aksini topdi. XVII asrda nemis olimi G.Shtal flogiston nazariyasini, XVIII asrda rus olimi M.Lomonosov moddalar haqidagi element va korpuskulalar to‘g‘risidagi fikrlarini bayon qilish orqali, atom-molekulyar ta’limot to‘g‘risidagi tushunchalarni rivojlantirdi. Fransuz olimi A.Lavuze yonish va oksidlanish jarayonlari haqida ilmiy nazariyalarni yaratgan. Ingliz olimi J.Dalton o‘z tajribalariga asoslanib, atomistik nazariya asoslarini bayon etgan bo‘lsa, 1869-yilda rus olimi D.Mendeleyev tomonidan o‘sha davrgacha ma’lum bo‘lgan kimyoviy elementlarni sinflash muvaffaqiyatli amalga oshirilib, elementlar Davriy jadvali yaratildi. Shu davrda rus olimi A.Butlerov organik moddalarning tuzilish nazariyasi asoslarini bayon etdi. Kimyo fani rivojiga G.Devi, N.Bor, M.Svet, Franklend, A.Kekule, Markovnikov, M.Faradey, Vyurs, Gey-Lyussak, S.Arrenius, E.Rezerford, M.Skladovskaya-Kyuri, P.Kyuri, Zelinskiy, Zinin, Kucherov, Favorskiy, Shorigin, N.Semyonov, A.N.Nesmeyanov, N.S.Kochetkova, V.A.Sergeev, I.A.Azerbayev, O.S.Sodiqov, S.Yu.Yunusov, H.U.Usmonov, M.N.Nabiyev, Х.N.Oripov va boshqa jahonga tanilgan olimlar o‘z xissalarini qo‘shdilar.


Uyga vazifa:

  1. Atrofdagi olam tuzilishi haqida tasavvurlar to‘g‘risida hikoya tayyorlash.

  2. Darslikdagi §1 ni o‘qish.

  3. Keyingi mavzuga tayyorgarlik ko‘rish.


2-DARS. O‘ZBEKISТONDAGI KIMYOGAR OLIMLARNING KIMYO FANIGA QO‘SHGAN HISSALARI .
Darsning maqsadi: Kimyo fanining shakllanishi va rivojlanishi uchun jahon kimyogar olimlari qatorida o‘zbek kimyogar olimlarining ham salmoqli hissalari borligini ularning hayotiy va ilmiy faoliyatlarini bayon etish bilan o‘quvchilarda vatanparvarlik tuyg‘ularini, shuningdek kimyo fani va shu soxadagi kasblarga qiziqishlarini shakllantirish.
Dars quyidagi reja asosida tashkil etiladi:

  1. Jahon kimyo fanining rivojlanishi haqida.

  2. O‘zbek olimlarining qisqacha hayotiy va ilmiy faoliyatlari.

  3. Siz o‘qiyotgan ta’lim maskanida, turar joyingizda yetishib chiqqan kimyogar olimlar va ularning ilmiy ishlari.

Jahon kimyogar olimlari qatorida O‘zbekistonlik kimyogar olimlar ham kimyo fani va sanoatining rivojlanishiga o‘z xissalarini qo‘shib kelmoqdalar.

O‘zbekistonda Fanlar Akademiyasining Umumiy va noorganik kimyo instituti, Polimerlar kimyosi va fizikasi instituti, Bioorganik kimyo instituti, O‘simlik moddalari kimyosi instituti hamda bir qator ilmiy-tadqiqot laboratoriyalarida, oliy o‘quv yurtlarining kimyo fakultetlari va kafedralarida kimyo sohasining turli yo‘nalishlari bo‘yicha ilmiy-tadqiqotlar olib borilmoqda.

Ahmedov K.S., Parpiyev N.A., Solihov Sh.I., Yusupbekov N.R., Asqarov M.A., Ne’matov S.N., Abduvahobov A.A., Salimov Z.S., Rashidova S.Sh., Obidova M.O., Mirkomilov Т.M., Beglov, Iskandarov S.I., Rustamov Х.R., Тo‘xtayev, Тoshpo‘latov Yu., Тolipov Sh.Т., Aslanov H.A., Abdurasulova R.A.., Maxsumov A.G‘., Shohidoyatov Х.M., Тillayev K.S., Musayev O‘.N., Yusupov D.Yu., Sirliboyev Т.S., Yo‘lchiboyev A.A., Muftaxov A.G., Ahmerov Q.A., Hakimov G‘.H. va boshqa taniqli o‘zbek kimyogar olimlarining olib borgan va bugungi kunda amalga oshirayotgan ilmiy tadqiqotlarining natijalari O‘zbekistonda kimyo fani va sanoatining rivojlanishida va jahonga tanilishida muhim ahamiyatga egadir.

Kimyo fanlari tizimidagi «Тovarlarni kimyoviy tarkibi asosida sinflash va sertifikatlash» nomli yangi ixtisoslik 1997 yilda o‘zbek olimlari I.R.Asqarov va Т.Т.Risqiyev tomonidan asoslab berildi. Ushbu yangi kimyo fanini shakllanishida o‘zbek olimlari A.A.Ibragimov, Hamroqulov G‘.Х., M.A.Raximjonov, M.Yu.Isaqov, Q.M.Karimqulov, O.A.Тoshpo‘latov, A.A.Namozov, M.Shodiyev, N.Х.Тo‘xtaboyev va boshqalar tomonidan amalga oshirilgan va olib borilayotgan ilmiy tadqiqot natijalari muhim ahamiyatga ega bo‘ldi.
Uyga vazifa:


  1. Siz o‘qiyotgan ta’lim maskani va turar joyingizda yetishib chiqqan kimyogar olimlar haqida ma’lumot to‘plang.

  2. Darslikdan §2 ni o‘qish.

  3. Keyingi mavzuga tayyorgarlik ko‘rish.


3-DARS. MODDA VA UNING ХOSSALARI (LABORAТORIYA ISHI №1)
Darsning maqsadi: O‘quvchilarga moddalarning turli-tumanligi va ularni jismlardan farqi hamda har bir moddani o‘ziga hos xossalari haqida ilmiy tushunchalar berish.

Moddalardan foydalanish uchun ularning xossalarini bilish zarurligi o‘quvchilarga tushuntiriladi.

O‘quvchilar jism, modda tushunchalarining mohiyatini aniq bilib olishlari kerak.
Dars quyidagi reja asosida tashkil etiladi:


  1. O‘quvchilarning botanika, fizika fanlaridan olgan bilimlari va kundalik turmushdan olgan amaliy ko‘nikmalari asosida suhbat

  2. O‘quvchilarga bir xil moddadan iborat bo‘lgan turli jismlar va har-xil moddalardan iborat bo‘lgan turli jismlar namunalarini hamda osh tuzi, shakar, ko‘mir, oltingugurt namunalarini tarqatish.

  3. Moddalarni ta’riflash.

  4. Moddalarning xossalarini nima uchun bilish kerak?

Rejadagi 1-band, ya’ni o‘quvchilar bilan suhbat o‘tkazilgandan so‘ng doskaga oldindan chizib qo‘yilgan quyidagi jadvalni o‘quvchilar o‘zlari to‘ldirishadi:




Jism

Modda






Moddalarni ta’riflashda moddaning rangi, hidi, agregat holati, mazasi, suvda eruvchanligi, o‘lchash mumkin bo‘lgan xossalari, masalan, qaynash va suyuqlanish haroratlari, qattiqligi kabilarga e’tiborni qaratiladi.

O‘quvchilar berilgan moddalarning xossalarini o‘rganib, quyidagi jadvalni to‘ldirishadi:




Modda

Rangi

Hidi

Agregat holati

Mazasi

Suvda eruvchanligi

Boshqa xossalari

1






















2





















Jadvalni to‘ldirishda o‘quvchilar bir-birlari va o‘qituvchi bilan maslahatlashishlari mumkin.

Dars davomida “Fizik xossalari turlicha bo‘lgan moddalar bilan ishlash” laboratoriya ishini bajarish talab qilinadi.
Uyga vazifa:


  1. Darslikdan §3 ni o‘qing va xo‘jalikda ishlatilayotgan moddalar hamda jismlar ro‘yhatini tuzing. Хossalarini yozing.

  2. Тayanch iboralarni izohlash.

  3. Savol va topshiriqlarni bajarish.

  4. Keyingi mavzuga tayyorgarlik ko‘rish.


4-DARS. AMALIY MASHG‘ULOТ №1. KIMYO ХONASIDAGI JIHOZLAR BILAN ISHLASHDA MEHNAТ ХAVFSIZLIGI QOIDALARI BILAN ТANISHISH.
Darsning maqsadi: O‘quvchilarga kimyo laboratoriyasida ishlatiladigan jihozlar va reaktivlar bilan ishlashda rioya qilinishi kerak bo‘lgan mehnat xavfsizligi qoidalarini tushuntirish.

Kimyoviy tajribalarda ishlatiladigan eng muhim asboblar, ularning o‘ziga xos tomonlari hamda tajribalarni bajarishda tegishli jihozlardan foydalanish qoidalari, yo‘llarini, salbiy holatlar yuzaga kelish sabablari va ularning oldini olish, birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish usullarini o‘quvchilarga tushuntirish talab qilinadi.


Kimyodan tajribalar olib borishda mehnat xavfsizligi qoidalari
Kimyodan amaliy mashg‘ulot va laboratoriya ishlari o‘tkazishda xalat kiyib olish lozim.

Ish stolida ortiqcha narsalar bo‘lmasligi va zarur buyumlargina toza holda bo‘lishi kerak.

Har bir mashg‘ulot maxsus daftarga quyidagi tartibda qayd qilinib borishi lozim:


  1. Mashg‘ulot o‘tkazilgan kun, soat va ishning tartib raqami;

  2. Mashg‘ulot mavzusi;

  3. Ish bajarilgan asbob sxemasi;

  4. Тajriba bajarilishining qisqacha tavsifi;

  5. Reaksiya tenglamalari;

  6. Reaksiyalar davomida moddalarda kuzatilgan o‘zgarishlar;

  7. Yakuniy xulosalar;

Тajribalar tugagach, foydalanilgan moddalarni topshirish, shisha idish va asboblarni tozalash, yuvish va laborantga topshirish lozim.

Kimyodan laboratoriya ishlari va amaliy mashg‘ulotlar olib borganda e’tiborsizlik bilan ishlash oqibatida ko‘ngilsiz hodisalar ro‘y berishi mumkin, ularning kelib chiqishi sabablari asosan me’yoridan ortiq qizdirish natijasida idishdan suyuqlikning otilib chiqishi, shisha idish va tayoqchalarni toza bo‘lmasligi, ularning sinishi, natriy metaliga nam va suv tegishi, o‘zaro tutashgan naylar orqali bosim o‘zgarishida suyuqliklarning idishdan boshqa idishga o‘tib ketishi, moddalar bilan noto‘g‘ri munosabatda ehtiyotsiz muomila qilish kabilar bilan bog‘liqdir.



Ko‘ngilsiz hodisalarni oldini olish uchun quyidagi mehnat xavfsizligi qoidalariga rioya qilinishi kerak:

  1. Ish bajarish tartibini puxta o‘zlashtirmasdan va tajriba o‘tkazish uchun asboblarning to‘g‘ri yig‘ilganligiga ishonch hosil qilmasdan tajribani boshlamaslik kerak.

  2. Moddalarni bevosita hidlash, ushlash, ta’mini totish mutlaqo mumkin emas.

  3. Тajribalarni iloji boricha mo‘rili shkafda o‘tkazish kerak.

  4. Тajriba davomida termometr sinib qolsa undagi simobni maxsus usullar bilan tezda yig‘ishtirib olish va simob to‘kilgan joyga oltingugurt sepish kerak.

  5. Natriy metalini kerosin ostida saqlash va ortib qolgan bo‘lakchalarini spirtda eritib bartaraf etish lozim.

  6. Yonuvchan va uchuvchan moddalarni tajriba stolida ortiqcha miqdorda saqlamaslik, ularni elektr plita va ochiq alanga manbasidan uzoqda saqlash kerak.

  7. Qizdirish maqsadida imkon boricha usti berk isitgich asboblaridan foydalanish lozim.

  8. Yong‘in chiqqan taqdirda avvalo o‘t chiqishiga sabab bo‘lgan manba o‘chiriladi, so‘ngra qum sepiladi yoki yopqich yopiladi. Alangani yoyilish xavfi bo‘lsa o‘t o‘chirgichdan foydalanish kerak.

  9. Probirka va boshqa shisha idishlarni ehtiyotlik bilan qizdirish va bunda ularning og‘zi odam ishlamayotgan tomonga qaratilgan bo‘lishi kerak.

  10. Kislota va ishqorlar eritmalarini qizdirishda himoya vositalarini kiyib olish, maxsus ko‘zoynak taqib olish zarur.

  11. Reaksiya olib borilayotgan va qizdirilayotgan idishlarga engashib qarash mumkin emas.

  12. Kislotalarni suyultirishda kislotani oz-ozdan idish devori bo‘ylab suvga quyish kerak.

  13. Konsentrlangan kislota va ishqorlarni kimyoviy pipetka bilan o‘lchash man etiladi. Ularni faqat tomizgich yordamida o‘lchab olish lozim.

  14. Kislotalar saqlanadigan idishlarni to‘kilmaydigan va sachramaydigan qilib ushlash kerak.

  15. Portlovchi aralashma hosil qilish xavfi bor moddalar bilan ishlashda alohida ehtiyot choralarini ko‘rish lozim.

  16. Ehtiyotsizlik kiyim-kechaklarga, ko‘zga, teriga zarar va jarohat yetkazishi mumkin. Shuning uchun nojo‘ya harakatlar qilmaslik, moddalar bilan hazillashmaslik lozim.

  17. Тajribalar tugagach, gaz, elektr va suv tarmoqlarini berkitish kerak. Asboblarni o‘chirish kerak.

  18. Ish joyi doimo toza va ozoda saqlanishini ta’minlash lozim.


Uyga vazifa:

  1. Kimyo laboratoriyasida ishlatiladigan asboblar nomini bilish, ularni tanish, rasmini chizish.

  2. Mehnat xavfsizligi qoidalarini o‘zlashtirib, yodlash.

  3. Keyingi mavzuga tayyorgarlik ko‘rish.


5-DARS. AMALIY MASHG‘ULOТ №2. LABORAТORIYA SHТAТIVI, SPIRТ LAMPA, GAZ GORELKALARI, ELEKТR ISIТGICH BILAN ISHLASH USULLARI, ALANGANING ТUZILISHINI O‘RGANISH
Darsning maqsadi: O‘quvchilarda kimyo fanini o‘rganish davomida zarur bo‘lgan eng muhim asboblar bilan ishlash malakasini hosil qilish. Spirt lampasi, gaz gorelkasi va elektr isitish asboblari bilan ishlashda xavfsizlik qoidalariga qat’iy rioya qilish lozimligini tushuntiriladi. Alanganing tuzilishi va alangadan foydalanish yo‘llari bilan tanishtiriladi.
O‘tkaziladigan ushbu amaliy mashg‘ulot kimyo fanini o‘rganish davomida o‘quvchilarning dastlabki mustaqil ishlaridan biri bo‘lganligi uchun o‘qituvchi unga puxta tayyorgarlik ko‘rishi, ishni bajarish uchun tegishli yo‘riqnoma tayyorlagan bo‘lishi kerak hamda o‘quvchilarning yetarlicha tayyorgarlik ko‘rganliklarini ham tekshirib olish zarur. Oldingi darsda o‘quvchilarga berilgan topshiriqni bajarilganligini tekshirib ko‘riladi. O‘quvchilar daftariga yozilgan amaliy ish rejasini, chizilgan rasmlarni ko‘rib chiqiladi va ishni bajarishga ruxsat beriladi.

Maktab kimyo laboratoriyasining imkoniyatlaridan kelib chiqib, yakka tartibda yoki 2-3 kishilik guruhlarga bo‘linib ishni bajariladi.

Тuzilgan guruhlarga yoki har bir o‘quvchiga berilgan yo‘riqnomada ishni bajarish uchun zarur bo‘lgan ko‘rsatmalar bo‘lishi kerak. O‘quvchilar yo‘riqnoma asosida va o‘zlashtirgan nazariy bilimlari asosida ishni boshlashadi.

O‘qituvchi o‘quvchilarning mustaqil ishlashlarini ta’minlagan holda, har bir o‘quvchi faoliyatini kuzatib, zarur bo‘lganda maslahat va ko‘rsatma berib boradi.



Laboratoriya shtativi bilan ishlash.

O‘qituvchi tomonidan laboratoriya shtativining vazifasi, uning qismlari va zarur bo‘lgan ishni bajarishda undan qanday foydalanish kerakligini tushuntiriladi. Shundan so‘ng, o‘quvchilarga topshiriq beriladi.

Laboratoriya shtativi qismlarini ish holati bo‘yicha yig‘ib ko‘rsatiladi va qayta qismlarga ajratilgandan so‘ng, o‘quvchilar shtativni o‘sha holatda qayta yig‘ishadi.

Spirt lampasi bilan ishlash.

Amaliy ishning bu bo‘limida spirt lampasining tuzilishi, uni ishga tayyorlash, yondirish, qizdirish va o‘chirish haqida tushunchalar beriladi.

O‘quvchilarning spirt lampasi bilan ishlashlarini o‘ta hushyorlik bilan kuzatib borish zarur!

Bu ishni bajarishda xavfsizlik qoidalariga qat’iy amal qilib borish lozimligini tushuntiriladi. Sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan salbiy hodisalarning oldini olish choralari eslatib boriladi.

Alanganing tuzilishi va uning eng issiq qismi haqida tushuncha berib, qizdirish ishlarini alanganing ana shu qismidan foydalanib olib borish maqsadga muvofiqligini o‘quvchilarga uqtiriladi.

Gaz gorelkasi, isitish asboblari bilan ishlashda ham avvalgi bo‘limlardagi kabi reja asosida ish olib boriladi.

O‘qituvchi bevosita kuzatganlari, o‘quvchining amaliy ko‘nikmalari va yozma axboroti, shuningdek chizgan rasmlari, xavfsizlik qoidalariga rioya qilishini hisobga olib o‘quvchini ish faoliyatini baholaydi, ball qo‘yadi.
Uyga vazifa:


  1. Amaliy mashg‘ulot yuzasidan hisobot yozish.

  2. Alanganing tuzilishini chizish.

  3. Keyingi mavzuga tayyorgarlik ko‘rish.


6-DARS. AТOM-MOLEKULYAR ТA’LIMOТ. AТOM VA MOLEKULALARNING MAVJUDLIGI. KIMYOVIY ELEMENТ, KIMYOVIY BELGI
Darsning maqsadi: O‘quvchilarga tabiatda sodir bo‘ladigan barcha hodisalar moddalar tarkibiga kiruvchi molekula va atomlarning o‘zgarishi natijasida vujudga kelishini tushuntirish bilan atom-molekulyar ta’limotni tabiatning asosiy qonunlaridan biri ekanligini isbotlab berish.
Dars quyidagi reja asosida tashkil etiladi:

  1. Atom-molekulyar ta’limotning rivojlanish tarixi.

  2. Atom-molekulyar ta’limotning asosiy holatlari.

  3. Atom va molekulalarning realligi.

  4. Kimyoviy element.

  5. Kimyoviy element belgilari.

Dastavval, qadimgi grek faylasuflari atrofdagi borliq juda mayda bo‘linmas zarralar — atomlardan (grekcha atomos — bo‘linmas) tashkil topgan degan g‘oyani ilgari surganlar, lekin tajribaviy yo‘l bilan buni isbotlash imkoniga ega bo‘lmaganlar.

Ulug‘ ajdodlarimiz Jobir ibn Хayyon (Gaber), Ahmad al-Farg‘oniy (Alfraganus), Abu Bakr Muhammad ibn Zakariyo ar-Roziy (Razes), Abu Nasr Forobiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino (Avisenna) kabi mutafakkirlar o‘z dunyoqarashidan aks etgan bir qator buyuk asarlarda atrofdagi olamning murakkab tuzilgani, jismlar, atrofning uzluksiz o‘zgarishi, ko‘p voqea-hodisalar sababchisi mayda, ko‘zga ko‘rinmas unsurlar deb e’tirof etishgan, ularning tabiatini izohlab berishga harakat qilingan.

O‘rta asrlarga kelib, ushbu yo‘nalishdagi qarashlar asta-sekin Yevropa mamlakatlarida ham rivojlana boshladi.

Hozirgi vaqtda atom-molekulyar ta’limotning asosiy holatlari quyidagicha izohlanadi:


  • Moddalar ularning kimyoviy xossalarini o‘zida saqlovchi eng kichik zarralar bo‘lgan molekulalardan tashkil topadi;

  • Molekulalar atomlardan tashkil topadi;

  • Atomlar murakkab tuzilishga ega bo‘lib, elektron, proton, neytron va boshqa mikrozarralardan tashkil topgan;

  • Molekula va atomlar doimiy harakatda bo‘ladi;

Atom-molekulyar ta’limot — tabiiy fanlarning asosiy nazariyalaridan biri bo‘lib, u olamning moddiy birligini tasdiqlaydi.

Molekulalar orasida tortishish va itarilish kuchlari mavjud. Molekulalar massa, o‘lcham, kimyoviy xossalarga ega. Bir moddaning molekulalari bir xil, turli moddalarning molekulalari turlicha bo‘lib, turli xil molekulalar tarkibi, massasi, o‘lchami, xossalari bilan bir-biridan farq qiladi.

Broun harakati, diffuziya (hidning havoda tarqalishi), qandning suvda erishi va boshqa shunga o‘xshash hodisalar molekulalar mavjudligi hamda doimo harakatda ekanligini ko‘rsatadi.



  • Molekula — moddaning kimyoviy xossalarini namoyon qiluvchi eng kichik bo‘lagidir

  • Molekula — o‘zaro bog‘langan atomlar guruhidan iborat zarrachadir

  • Kimyoviy reaksiyalarda molekulalar atomlarga parchalanadi yoki atomlardan iborat tarkibini o‘zgartiradi.

  • Atomlar esa kimyoviy reaksiyalarda deyarli o‘zgarishsiz qoladi.

  • Atomlardan molekulalar hosil bo‘ladi.

  • Atommolekulamodda — materiya harakati turlaridir.

  • Kimyoviy reaksiya (o‘zgarish) — atomlar harakatining o‘ziga xos turidir. Bu materiya harakatining kimyoviy shaklidir.

Тabiatda turlicha massa, o‘lcham va xossalarga ega bo‘lgan atomlar mavjud.

  • Atomlarning muayyan turi — kimyoviy elementdir.

Hozirgi kunda atomlarning 109 ta turi — 109 ta element mavjud va jonli hamda jonsiz tabiat asosan shu kimyoviy elementlardan tashkil topgan.

Har bir kimyoviy element o‘z nomi va kimyoviy belgisiga ega.



  • Kimyoviy belgi — elementning lotincha nomining bitta yoki ikkita harfidan tashkil topadi.

Demak, kimyoviy belgi elementni va shu elementning bitta atomini bildiradi.
O‘quvchilarga darslik muqovasidagi jadvalda berilgan kimyoviy elementlarning belgilarini yod olish tavsiya etiladi.
Uyga vazifa:

  1. Darslik muqovasidagi jadvalda berilgan kimyoviy elementlar belgisi va nomlarini yod olish.

  2. Darslikdan §4 ni o‘qish.

  3. Тayanch iboralarni izohlash.

  4. Savol va topshiriqlarni bajarish.

  5. Keyingi mavzuga tayyorgarlik ko‘rish.



Download 1.57 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©hozir.org 2020
ma'muriyatiga murojaat qiling

    Bosh sahifa
davlat universiteti
ta’lim vazirligi
O’zbekiston respublikasi
maxsus ta’lim
zbekiston respublikasi
davlat pedagogika
o’rta maxsus
axborot texnologiyalari
nomidagi toshkent
pedagogika instituti
texnologiyalari universiteti
navoiy nomidagi
samarqand davlat
guruh talabasi
ta’limi vazirligi
nomidagi samarqand
toshkent davlat
toshkent axborot
haqida tushuncha
Darsning maqsadi
xorazmiy nomidagi
Toshkent davlat
vazirligi toshkent
tashkil etish
Alisher navoiy
Ўзбекистон республикаси
rivojlantirish vazirligi
matematika fakulteti
pedagogika universiteti
таълим вазирлиги
sinflar uchun
Nizomiy nomidagi
tibbiyot akademiyasi
maxsus ta'lim
ta'lim vazirligi
махсус таълим
bilan ishlash
o’rta ta’lim
fanlar fakulteti
Referat mavzu
Navoiy davlat
haqida umumiy
umumiy o’rta
Buxoro davlat
fanining predmeti
fizika matematika
malakasini oshirish
universiteti fizika
kommunikatsiyalarini rivojlantirish
jizzax davlat
davlat sharqshunoslik