Fan haqida ma’lumot
O‘quv fanining maqsadi va vazifasi Fanni o‘qitishdan maqsad –“Hozirgi o‘zbek tili” kursi bo‘yicha ta’lim maqsadi va DTS talablari asosida bo‘lg‘usi filologlarga o‘zbek tili sintaktik qurilishi va birliklari, lisoniy sintaktik qonuniyatlari va imkoniyatlari, til birliklarining birikish usullari, birikish mahsulining funksional tizimlarda qo‘llanilishi haqida ma’lumot berish hamda ularning nazariy va amaliy bilim malakalarini rivojlantirish.
Fanning vazifasi – o‘qitish maqsadidan kelib chiqqan holda, o‘zbek tili sintaktik qurilishi va birliklarini lison-nutq ziddiyatida tahlil qilish, so‘z birikmasi (SB) haqidagi qarashlar, SB va gap sintaksisi masalalariga doir nazariy bilim berish hamda lisoniy dunyoqarashni shakllantirish; sintaktik birliklarning substansial, struktural tahlili yuzasidan nazariy ma’lumot berish; SB va gap turlarini ajratish, sintaktik birliklar lisoniy qurilishi va nutqiy qo‘llanishini tahlil qilish ko‘nikmalarini rivojlantirish; ona tilining lisoniy sintaktik imkoniyatlaridan turli nutq uslublari va shakllarida o‘rinli foydalanish; milliy til qurilishini o‘rganish asosida milliy til, madaniyat, mafkura, ong aloqadorligini chuqur anglash va ularni e’zozlashga erishish.
“Hozirgi o‘zbek tili” fanini o‘zlashtirish jarayonida talaba:
– hozirgi o‘zbek tilining shakllanish tarixi, shevalarga munosabati, lisoniy sathlari va paradigmalari, lisoniy birliklarning substansial imkoniyatlari, lisoniy munosabatlar, lisoniy tasnif asoslari, lisoniy imkoniyatlarning nutqiy voqelanishi, fonetikasi, leksikasi, morfemikasi, so‘z yasalishi, morfologiyasi, sintaksisi, punktuatsiyasi haqida tasavvurga ega bo‘lishi;
– hozirgi o‘zbek tili sathlari va ularning birliklarini farqlash tamoyillari, lisoniy munosabat turlari va ularning ilmiy asoslari, lisoniy birliklar substansial imkoniyatlarini aniqlash usullari, fonetik, leksik, grammatik imkoniyatlarni aniqlash asoslari, substansial imkoniyatlarning nutqiy voqelanishida lisoniy, shaxsiy va pragmatik omillar roli hamda hamkorligining ilmiy asoslari, imlo, talaffuz va punktuatsiyasi me’yorlarining ilmiy mezonlarini bilishi va ulardan foydalana olish malakasini egallashi;
–hozirgi o‘zbek tilida lison va nutqni, ularning birliklarini farqlash asoslarini sharhlay olish, lisoniy va nutqiy birliklarni ajratish mezonlarini tushuntira olish, birliklar orasidagi lisoniy munosabatlarni tavsiflay olish, lisoniy imkoniyatlarni nutqiy vaziyat va sharoitga bog‘liq ravishda samarali ishga solish ko‘nikmalariga ega bo‘lishi kerak.
Do'stlaringiz bilan baham: |