Davlat iqtisodiyotga nima uchun aralashuvi kerak? Davlat boshqaruvi va bozor munosabatlari



Download 10.63 Kb.
Sana25.02.2021
Hajmi10.63 Kb.

Davlat iqtisodiyotga nima uchun aralashuvi kerak?

1.Davlat boshqaruvi va bozor munosabatlari.

2.Bozor munosabatlari shakllanishi uchun muhim boʻlgan institutlar.

3.Bozor munosabatlari va xayoliy kapital


Davlatning bozor munosabatlariga aralashuvi koʻp holatlarda nafaqat iqtisodiy samarasizlik va erkinliklarning toʻsilishiga, balki korrupsiyaga ham yoʻl ochishi aniq. Ammo, vaziyatni tahlil qiladigan boʻlsak, erkin bozor munosabatlari endigina shakllanayotgan Oʻzbekistondagi fundamental muammo davlatning iqtisodga aralashuvi emas, balki qanday davlat iqtisodga aralashayotganida. Yaʼni asl muammo erkin bozor munosabatlari shakllanishi uchun muhim boʻlgan omillarni vujudga keltiradigan sifatli davlat va samarali boshqaruvni shakllantirishda.
Keling, endi mazkur masalani batafsilroq tahlil qilishga harakat qilamiz.
Davlat va iqtisod
«Iqtisodiy munosabatlarni shakllantirishda davlatning roli muhimmi yoki bozorning?», degan savol siyosiy iqtisodning fundamental masalalaridan biri. Erkin bozor iqtisodining ashaddiy yoqlovchilari boʻlmish neoklassiklar«davlat» tushunchasini har doim samarasizlik va korrupsiya bilan bogʻlashadi. Ularning nazdida davlatning bozorga har qanday aralashuvi (bozorni tartibga solish, qonun-qoidalarni belgilash va hokazo) uning samarali ishlashiga zarar yetkazadi. Bu samarasizlikdan qutilishning oson yoʻli esa butun iqtisodiy munosabatlarni tartibga solishni bozor qatnashuvchilari izmiga topshirib, davlat faqatgina hakamlik vazifasini bajarishi kerak.
Biroq bozor munosabatlariga oʻtgan davlatlarning tajribasini oʻrganadigan boʻlsak, bozor munosabatlariga oʻtish jarayoni ular daʼvo qilganidek «davlatdan voz kechish» bilan hal boʻlmagani, balki aksincha, davlat bu oʻtish bosqichining muhim qismi boʻlganini koʻrishimiz mumkin. Xoʻsh, davlat bozor munosabatlarining shakllanishi uchun nega muhim?
Davlatning roli
1. Davlat boshqaruvi va bozor munosabatlari
Mashhur sosiolog Veber bozor munosabatlarining ishlashi uchun albatta zamonaviy davlatchilik va mustahkam boshqaruv boʻlishi lozimligini taʼkidlaydi. Veber masalani tushuntirish uchun davlat boshqaruvi yoki hokimiyatning qonuniyligi (legitimacy) masalasiga murojaat qiladi, davlat kuchini qoʻllashda 3 xil usulni bahs etadi: huquqiy-mantiqiy (legal-rational), patrimonial va xarizmatik. Unga koʻra, haqiqiy bozor munosabatlari faqatgina huquqiy-mantiqiy boshqaruvga asoslangan davlatdagina vujudga keladi. Bunday davlatda boshqaruv aniq belgilab qoʻyilgan va qatʼiy qonunlar asosidagina shakllanadi. Yaʼni davlat idoralarining barcha xatti-harakatlari qonunga asoslanib, uning xaqqoniy ijrosi davlat ishchilarini shaxsiy manfaatni xalq manfaatidan ustun qoʻyishdan tiyib turadi, fuqarolik institutlari bunda davlat va jamiyatga yordam beradi. Ijro etuvchi hokimiyat qonun chiqaruvchi hokimiyatdan ajralgan va ular vakolatlari qonunlar doirasida chegaralangan boʻladi. Bunday davlatda «qonun hamma uchun barobar» boʻlib, mulk huquqi himoyasi davlat tomonidan qatʼiy taʼminlanadi va uni himoya qiladigan mustaqil sud hokimiyati mavjud boʻladi.
Ikkinchi turdagi, patrimonial yoki uning zamonaviy koʻrinishi boʻlmish neopatrimonial boshqaruvga asoslangan davlatning kuchi esa faqat avtoritar hukmdor yoki bir toifa shaxslarning oʻzboshimcha xohishiga bogʻliq boʻladi. Bunday davlatda boshqaruv qatʼiy qonunlar, universal prinsiplar asosida emas, balki shaxsiy aloqalar va hukmron qatlamga sadoqatlilikka asoslanadi, qonun ustuvorligi prinsipi maʼlum manfaatlarga boʻysundiriladi. Qonuniylikning ustuni boʻlishi kerak boʻlgan sud tizimi esa ijro hokimiyatiga sodiq boʻladi va undan mustaqil faoliyat yurita olmaydi. Iqtisodiy masalalar shaxs huquqlarining ajralmas qismi emas, balki hukmdor hokimiyatining xohishi doirasidagi bir masala sifatida koʻriladi.
Uchinchi turi – xarizmatik. Bu tur asosiy mavzuga kirmasligi uchun uni bu yerda yoritmaymiz.
Demak, yuqoridagi huquqiy-mantiqiy jamiyatdan farqli oʻlaroq bunday patrimonial/neopatrimonial jamiyatda shaxsning iqtisodiy erkinligi va mulkining himoyasi ogʻir ahvolda qoladi, bozor iqtisodining rivojlanishi uchun zarur boʻlgan erkin iqtisodiy munosabatlar zavolga uchraydi.
2. Bozor munosabatlari shakllanishi uchun muhim boʻlgan institutlar
Kapitalizmning vujudga kelishida davlat boshqaruvi muhimligini keyinchalik iqtisoddagi «institusional» yoʻnalish ham maʼqullab chiqdi. Institusional yoʻnalish otasi boʻlmish Nobel mukofoti sovrindori Doglaz Norz bozor munosabatlarining haqqoniy shakllanishi va ishlashi uchun maʼlum institutlarning zaruratini koʻrsatib berdi. Xoʻsh, bu institutlar nimalar?
Xususiy mulk, shartnomalar ijrosi va odil sud tizimi
Institut deganda jamiyatdagi noaniqlikni kamaytiradigan hamda insonlar xatti-harakatini tartibga soladigan turli norma va qonun-qoidalarni tushunamiz. Oddiygina chorrahadagi svetofor yoʻlda harakatlanadigan barchaning xatti-harakatini tartibga solib turadi – qizilda toʻxtaysiz, yashilda yurasiz. Yoʻl harakatiga oʻxshab, bozor munosabatlarini ham tartibga soluvchi muhim institutlar mavjud. Shulardan biri mulk huquqi hisoblanadi.
Mulk huquqi nafaqat bozor munosabatlarining asosi, balki iqtisodiy rivojlanish uchun ham muhim omildir. Umumiy maʼnoda mulk huquqi deganda maʼlum shaxs oʻziga tegishli boʻlgan moddiy neʼmatdan hech qanday toʻsiqlarsiz oʻz xohishicha tasarruf qila olishi tushuniladi.
Mulk egasi qachonki mulkining jamiyatning boshqa aʼzolari tajovuzidan omonda va uning himoyasi davlat qaramogʻida ekanligiga ishonch hosil qilsa u oʻz mulkini qoʻshimcha qiymat yaratishga ishlatadi. Shuningdek, mulk egasi oʻz mulkidan qoʻshimcha qiymat yaratishda turli shartnomalar tuzar ekan, ularning ijro etilishini taʼminlaydigan va nizolar vujudga kelganda ularni betaraf hal qila oladigan odil sud mavjudligiga ishonch hosil qilishi kerak. Boshqacha qilib aytganda, qonunlarning betaraf tatbiq etilishiga ishonch boʻlmagan jamiyatdagi mulk aslida qoʻshimcha qiymat yaratish jihatidan «oʻlik» mulk hisoblanadi. Mulkimizdan erkin foydalana olmasak, uning kafolati evaziga bankdan kredit olib erkin tadbirkorlik qila olmasak, bu mulkdan bizga va jamiyatga naf yoʻq. Demak, mulk turli shartnomalar orqali qiymat yaratishi uchun dastavval davlat jamiyat manfaatidan kelib chiqqan holda huquqiy muhit shakllantirishi, turli mulk shakllarini belgilashi va uni muhofaza qiladigan betaraf va odil sud tizimini yaratishi zarur. Va, eng muhimi, oʻzgalar mulkini tortib olish kuchiga ega boʻlgan davlatning xatti-harakatlari albatta qonun doirasida chegaralanishi shart.
3. Bozor munosabatlari va xayoliy kapital
Yuqoridagi institutlardan tashqari, davlatning bozor munosabatlarini shakllantirishda boshqa muhim vazifalari ham mavjud. Angliyada erkin bozorning (laissez faire) kelib chiqishi tarixini muhokama qilarkan, mashhur iqtisodiyot tarixchisi Polani «agar davlat boʻlmaganida, bozor iqtisodiyoti ham boʻlmas edi», deydiishonch bilan. Uning fikricha, erkin iqtisodiyotning oʻz-oʻzidan hech qanday davlat aralashuvisiz vujudga kelishi bu – mifologiya. Nima uchun? Sababi shuki, agarda quyidagi 3ta xayoliy kapital (fictitious) – yer, ishchi kuchi va pul boʻlmasa hech qachon bozor munosabatlari vujudga kelmaydi. Bularning har biri davlatning bozor munosabatini yoʻlga qoʻyuvchi muhim bir vazifasini aks ettiradi. Davlat yer taʼminotini tartiblash bilan birga unga kim egalik qilishini ham belgilab beradi. Mehnat huquqlarini tartibga solish vositasida ishchi va ish beruvchi munosabatlarini maʼyorlaydi, pul muomalasini qoidalab, iqtisodning yurishini belgilaydi.
Davlat kuchi: zaiflik va kuchlilik
Iqtisodiy rivojlanishga olib keladigan bozor munosabatlari uchun davlatning roli muhim ekan, nega unda mustaqilligini ancha oldin qoʻlga kiritgan Osiyo, Afrika va Lotin Amerikasining ayrim davlatlari hamon qashshoqlikdan chiqib keta olishmayapti?
Muammo shundaki, bozor munosabatlari uchun muhim boʻlgan bu institutlarni shakllantirish kuchi va imkoniyati hamma davlatlarda ham mavjud emas. Xoʻsh, qanday kuchga ega boʻlgan davlat buning uddasidan chiqa oladi? Davlatning imkoniyati deganda uning samarali va qonuniy boshqara oladigan kuchini tushunsak, bu kuchni uch oʻlchamda (dimension) koʻrishimiz mumkin: institusional, siyosiy va ijroiya.
Institusional oʻlcham davlat siyosiy institutlari mustaqilligi, kuchi, yakdilligidir. Davlat qay darajada mulk huquqini shakllantiradi, uni himoya qiladi va bozorda raqobatni taʼminlay oladi – bular institusional muhitning sifatiga bogʻliq. Bu yerda muhim omil – davlat qay darajada boshqa ichki guruhlardan mustaqilligi va ajralganligidir. Agar davlat qarorlariga maʼlum manfaatdor guruhlar taʼsir etsa yoki davlatni bunday guruhlar egallab olgan boʻlsa, davlatning xatti-harakatlari xalqning emas, oʻsha guruhlarning manfaatini koʻzlasa, bu davlat institusional oʻlchamda juda zaif hisoblanadi. Bunday davlat samarasiz boʻlib, tabiiyki, korrupsiya va boshqa koʻplab illatlarning oʻchogʻiga aylanadi. Institusional tarafdan kuchsiz boʻlgan bunday davlatda qarorlar xalq manfaatini koʻzlasada, ularning ijrosi ichki guruhlar tomonidan taʼsirsiz holga keltiriladi.
Siyosiy oʻlchamda davlat bilan jamiyatning uzviy bogʻliqligi davlatning kuchini belgilaydi. Yaʼni davlatning jamiyat bilan hamkorligi qay darajada kuchli boʻlsa, davlat jamiyatdan ayri bir institut boʻlmasa davlatning ijtimoiy kuchi ham mustahkam boʻladi. Buni tom maʼnodagi fuqarolik jamiyati deb atasa boʻladi.
Jamiyat kuchsiz boʻlsa davlat jamiyatdan mustaqil holatga keladi. Natijada mamlakat boyligi faqat kuchli guruhlar orasida boʻlinib, davlat ularga siyosiy manfaat uchungina bogʻlanadi. Bu degani davlat va jamiyatning aloqasi faqat yuqoridagi elita qism qoʻlida jamlanadi va bu siyosiy-iqtisodiy oligarxiyani keltirib chiqaradi.
Nihoyat, davlatning ijroiya oʻlchamdagi kuchi u qay darajada qonunchilik, taʼlim, infrastrukturaga oʻxshash umumiy tizimni taʼminlay olishi bilan oʻlchanadi. Bu albatta uning maʼmuriy tizimi qay darajada toʻgʻri shakllanganiga, ijro organi qay darajada topshiriqlarni vaqtida bajara olishiga, byudjet mablagʻlarining samarali istifoda etilishiga (talon-toroj etilmasligiga) bogʻliq. Kuchli davlat yuqorida keltirilgan omillarning barchasiga javob bera oladigan davlatdir.
Ijroiya hokimiyat, sud, prokuratura, OAV kabi hokimiyat turlari bir-biridan ayri boʻlmasa, bir-biridan mustaqil boʻlmasa, davlatning kuchi bir toifaning manfaati yoʻlida xizmat qilsa, jamiyat davlatga butkul qaram boʻlsa, bunday davlat kuchsiz davlat hisoblanadi. Bunday davlatning bozor munosabatlarini shakllantirish uchun koʻzlagan har qanday aralashuvi samarasizlik, erkinliklarning cheklanishi va korrupsiyani urchitish bilan yakun topadi.
Xulosa
Yuqoridagi tahlilga asoslanib shuni aytish mumkinki, oʻtish davrida turgan Oʻzbekiston uchun bozor munosabatlari shakllanishi va unda investor va tadbirkorlik erkin harakat qila olishi uchun eng avvalo sifatli boshqaruvga ega boʻlgan davlatning ahamiyati ulkan. Boshqaruvi qonunlarga emas, shaxslarga sodiqlik asosiga qurilgan, siyosiy institutlari tarqoq va faqat maʼlum qatlam xizmatini qiladigan, jamiyat bosimidan mustaqil boʻlgan davlat hech qachon bozor munosabatlariga zarur boʻlgan huquqiy tartibni yaratishga, mulk huquqini himoya qilishga, odil sudlovni shakllantirishga qodir boʻlmaydi.
Davlat oʻz vazifalarni ado qila olishi uchun institusional, siyosiy va boshqaruv oʻlchamda kuchli boʻlishi kerak. Qachonki shunday davlat qura olsak, haqiqiy erkin bozor munosabatlarini shakllantirishimiz mumkin boʻladi.
Download 10.63 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©hozir.org 2020
ma'muriyatiga murojaat qiling

    Bosh sahifa
davlat universiteti
ta’lim vazirligi
O’zbekiston respublikasi
maxsus ta’lim
zbekiston respublikasi
axborot texnologiyalari
o’rta maxsus
davlat pedagogika
nomidagi toshkent
guruh talabasi
pedagogika instituti
texnologiyalari universiteti
toshkent axborot
xorazmiy nomidagi
rivojlantirish vazirligi
samarqand davlat
haqida tushuncha
navoiy nomidagi
toshkent davlat
nomidagi samarqand
ta’limi vazirligi
Darsning maqsadi
vazirligi toshkent
Toshkent davlat
tashkil etish
kommunikatsiyalarini rivojlantirish
Ўзбекистон республикаси
Alisher navoiy
matematika fakulteti
bilan ishlash
Nizomiy nomidagi
vazirligi muhammad
pedagogika universiteti
fanining predmeti
таълим вазирлиги
sinflar uchun
o’rta ta’lim
maxsus ta'lim
fanlar fakulteti
ta'lim vazirligi
Toshkent axborot
махсус таълим
tibbiyot akademiyasi
umumiy o’rta
pedagogika fakulteti
haqida umumiy
Referat mavzu
fizika matematika
universiteti fizika
ishlab chiqarish
Navoiy davlat