Davlat moliyasi va uning bo‘g‘inlari. Davlat budjeti
Reja:
Davlat budjetining ijtimoiy-iqtisodiy mohiyati
Davlat budjetining funksiyalari
Davlat budjeti daromadlarining mazmuni
Davlat budjeti daromadlarining turkumlanishi
Budjet xarajatlarining mazmuni va turkumlanishi
Budjetdan moliyalashtirish
1.Davlat budjetining ijtimoiy-iqtisodiy mohiyati
Davlat budjeti davlat moliyasi tizimida markaziy o‘rinni egallaydi. Budjet tizimi murakkab mexanizm bo‘lib, muayyan mamlakatning o‘ziga xos xususiyatlari, ijtimoiy-iqtisodiy, huquqiy va boshqa jihatlarining butun majmui asosida shakllanadi.
Barcha davlatlarda xo‘jalik subyektlarining faoliyati natijasida yalpi ichki mahsulot (YaIM) va milliy daromad (MD) yaratiladi.
Moddiy ishlab chiqarishda yaratilgan milliy daromad keyinchalik taqsimlash va qayta taqsimlash bosqichlaridan o‘tadi. Milliy daromadni qayta taqsimlashda va undan keyinchalik foydalanishda muhim vazifani davlat budjeti o‘ynaydi. Mamlakatda milliy daromadni qayta taqsimlash jarayonida uning bir qismi pul shaklida budjetga tushadi va moliyaviy resurslarning markazlashgan fondini tashkil etadi.
Budjet - davlatning ma’lum muddatga mo‘ljallab tuzilgan va qonun bilan tasdiqlangan daromadlari hamda xarajatlari hisobi bandlar bo‘yicha taqsimlangan hujjat. U umumdavlat moliyaviy resurs fondini shakllantirish va foydalanish bilan bog‘liq bo‘lgan, bir tomondan davlat o‘rtasidagi taqsimlash munosabatlarining bir qismini, ikkinchi tomondan korxonalar va aholi o‘rtasidagi taqsimlash munosabatlarining bir qismini anglatadi.
Davlat budjeti, uning daromad va xarajatlari jamiyatning iqtisodiy kategoriyalari bilan chambarchas bog‘liq, chunki davlat budjeti jamiyatda yaratilgan ijtimoiy mahsulot qiymatining taqsimlanish jarayonida o‘zining moddiy shakliga ega bo‘ladi. Shuningdek, professor V.Rodionovaning ta’biri bilan aytganda “Budjet munosabatlari – bu jamiyat iqtisodiy tuzilishining ajralmas qismidir; uni amal qilishi davlat tomonidan unga tegishli funksiyalarni bajarishi uchun zaruriy moddiy-moliyaviy bazani shakllantirish bilan obyektiv ravishda aniqlanadi”1.
Davlat budjeti orqali jamiyatda yaratilgan yalpi ichki mahsulot qayta taqsimlanadi. Yalpi ichki mahsulotning qayta taqsimlanishi jamiyatdagi umumiy ehtiyojlar: maorif, sog‘liqni saqlash, mamlakatdagi iqtisodiy va siyosiy barqarorlik, aholi tarkibida ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamni moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, havfsizlik, chegaralar dahlsizligini saqlash va favqulodda holatlar uchun saqlanadigan davlat zahiralarining mavjud bo‘lishi zarurati tufayli kelib chiqadi. Shuningdek, davlat budjet orqali jamiyatning ijtimoiy takror ishlab chiqarish jarayoniga ta’sir qilishning moliyaviy dastaklariga ega bo‘ladi.
Davlat budjeti davlatning asosiy moliyaviy rejasi sifatida davlat hokimiyatini iqtisodiy imkoniyatlarining moliyaviy asoslarini yaratadi.
Masalan, iqtisodchi G.V. Polyak quyidagi fikrlarni bildiradi: “Davlat budjetdan o‘zining faoliyatini bevosita moliyaviy ta’minlashning asosi sifatida hamda iqtisodiy va ijtimoiy siyosatni amalga oshirishning muhim vositasi sifatida foydalanadi”2.
Demak, bir tomondan budjetning paydo bo‘lishi davlatlarning paydo bo‘lishi bilan bevosita bog‘liq bo‘lib, ikkinchidan, aynan bozor iqtisodiyoti sharoitida jamiyatning ijtimoiy, iqtisodiy sohalaridagi davlat islohotlarini amalga oshirishning asosiy instrumenti sifatidagi budjetning sifat belgilariga aniqlik kiritiladi.
Iqtisodchi L.A Drobozinaning budjetni ijtimoiy-iqtisodiy mohiyati to‘g‘risidagi fikrlari quyidagichadir: “O‘zining moddiy mazmuniga ko‘ra davlat budjeti – o‘zida davlatning markazlashtirilgan pul mablag‘lari fondini shakllantirish va undan foydalanishning alohida shaklidir, o‘zining ijtimoiy-iqtisodiy mohiyatiga ko‘ra milliy daromadni taqsimlashning asosiy qurolidir”3.
Muallif budjetning ijtimoiy-iqtisodiy mohiyatiga ko‘ra bergan ta’rifi aynan bozor iqtisodiyoti sharoitida milliy daromadning taqsimlanishida ijtimoiy xarakterdagi noishlab chiqarish sohalar va aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj kam ta’minlangan qatlamini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashda, iqtisodiyotni davlat tomonidan tartibga solishning muhim instrumentlaridan biri sifatidagi budjetning mazmuniga urg‘u beradi.
Budjet - murakkab iqtisodiy kategoriya hisoblanadi, chunki uning moddiy asosini kengaytirilgan ijtimoiy takror ishlab chiqarish jarayoni tashkil qiladi.
Budjet munosabatlari davlat bilan xo‘jalik subyektlari hamda aholi o‘rtasidagi qiymat taqsimlanish jarayonida paydo bo‘luvchi moliyaviy munosabatlardir. Bunday moliyaviy munosabatlarning o‘ziga xos xususiyati shundan iboratki, birinchidan, yuqorida ta’kidlaganimizdek, ijtimoiy ishlab chiqarishning taqsimlash bosqichida vujudga keladi, ikkinchidan, markazlashtirilgan moliyaviy resurslarni shakllantirish va undan davlat manfaatlari yuzasidan foydalanishga yo‘naltiriladi. Davlat manfaatlari esa - bu ijtimoiy manfaatlar hisoblanadi. Budjet davlatning asosiy markazlashtirilgan moliyaviy resurslar fondi sifatida o‘ziga xos ijtimoiy ahamiyat kasb etadi.
Demak, budjet iqtisodiy kategoriya sifatida iqtisodiyotni davlat tomonidan tartibga solish tizimida markaziy bo‘g‘inda ishtirok etishi bilan aholining ma’lum qatlami manfaatlarini o‘zida namoyon qiladi. Bu tushunchada budjet munosabatlari o‘zida iqtisodiy rivojlanishning aniq falsafasi va ideologiyasini aks ettiradi.
Budjet munosabatlari obyektiv xarakter kasb etadi, chunki budjet davlat va unga tegishli funksiyalarni amalga oshirishda muhim moddiy-moliyaviy baza shakllantirilishi uchun obyektiv zaruriyatdir. Shu bilan birgalikda budjet munosabatlari bazis elementi hisoblanadi. Takror ishlab chiqarish jarayonida budjet munosabatlari ularga muvofiq keluvchi moddiy shaklni oladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |