Badiiy tahlil tamoyillari



Download 47 Kb.
Sana28.12.2020
Hajmi47 Kb.
#53939
Bog'liq
Adabiyot mustaqil ish. Mashhura


Badiiy tahlil tamoyillari

Tekshirilayotgan badiiy asarning butun sehru jozibasi to‘liq namoyon bo‘lishi, unda aks etgan inson ruhiyati manzaralari to‘la anglashilishi va izohlanishi uchun tahlilni amalga oshirishda bir qator tamoyillarga tayanilishi kerak. Tamoyil biror xatti-harakatning yuzaga kelishi uchun bajarilishi lozim bo‘lgan shartlar tushunchasini anglatadi.

Mukammal va tugal tahlilning bo‘lishi mumkin emasligi badiiy asar tahlilini amalga oshirishda rioya qilinadigan birinchi tamoyildir. Badiiy tahlilda mantiqiy tushunchalar asosida ish ko‘rilib, ilmiy xulosalar chiqa­rilsa-da, bunda aniq fanlardagi kabi bir xil natijaga kelinmasligi mumkin. San’at hodisasiga xos xususiyatlarni mantiq kategoriyalari va tafakkur tushunchalari qolipiga to‘liq, tugal va beshikast ag‘darish mumkin emas. Man­tiqiy kategoriyalarga to‘la tushadigan, barcha qirralari tugal izohlanadigan hodisa chin san’atga tegishli bo‘lmaydi. San’at mantiqiy tushunchalarga sig‘­dirish mumkin bo‘lmagan joydan boshlanadi. Binobarin, eng zo‘r tadqiqotchi ham asl ijod namunasini o‘zgacha talqinga o‘rin qoldirmaydigan tarzda to‘liq tahlil qilolmaydi.

Chinakam badiiy matn uni idrok etgan shaxslarning saviyasi, didi, intellektual darajasiga muvofiq ravishda turli davrlarda turlicha qabul etilaveradi. Hatto, ba’zan bir asarning o‘zi bitta odam tomonidan kayfiyati­ning qandayligiga qarab har xil idrok etilishi mumkindir.

Badiiy asar tahlilida amal qilinadigan ikkinchi tamoyil har qanday tahlilning shaxsiy mulohaza ekani va u hech qachon mutlaq haqiqat bo‘lmasligidir. Tahlilchi qanchalik bilimdon va mohir bo‘lmasin, uning fikrlari hamisha faqat shaxsiy mulohaza maqomida bo‘ladi. Ilmiy haqiqatlar ko‘pchilik tomonidan birday qabul qilinadi, ammo estetik haqiqatlar to‘g‘risida bunday deb bo‘lmaydi. Har bir o‘quvchi asarni o‘zicha o‘qiydi, tushunadi, ta’sirlanadi, his etadi va o‘zicha to‘xtamga keladi. Bir asarni o‘qigan bir qancha kishi o‘rtasida o‘zaro o‘xshash fikrlar bo‘lgani singari, bir-birini mutlaqo inkor etadigan qarashlar uchrashi ham tabiiy holdir.

Biror badiiy asarning istalgan bir mutaxassis tomonidan qilingan tahlili nechog‘lik chuqur ekaniga qaramay, o‘zga bir shaxs bu xildagi talqinni yo qisman, yoki butunlay qabul etmasligi va badiiy hodisaga o‘z pozitsiyasidan kelib chiqib, tamomila boshqacha baho berishi mumkin. Badiiy asarning o‘ta shaxsiy faoliyat natijasi bo‘lib, tinimsiz o‘zgarishlar og‘ushidagi kayfiyat va tuyg‘ular ifodasi ekani uning qabul etilishi ham g‘oyat individual yo‘sinda kechishiga asos bo‘ladi.

Adabiy asar tahlilining muhim tamoyillaridan biri san’at asariga g‘oya ifodalash vositasigina deb qaramaslik va uning, birinchi navbatda, estetik hodisa ekanini hisobga olish kerakligidir. Adabiyotshunoslikda hanuzgacha ham badiiy asarga, avvalo, qandaydir g‘oyani o‘tkazish yo‘li, deb qarash uchrab turadi. Bu hol badiiy asarning asl qimmatini pasaytiradi. Uning birinchi navbatda estetik zavq manbai ekanini e’tibordan tashqarida qoldiradi.

Tahlilda tayanilishi zarur tamoyillardan yana biri badiiy asarga borliqning nusxasi tarzida yondashish mumkin emasligidir. San’at hodisasini tabiat yoki ijtimoiy hayotga taqlid natijasi, deb tushunish asarni real voqelikka mos kelish-kelmaslik nuqtai nazaridan baholashni taqozo etadi. Holbuki, hayotdagiday tasvirlashning o‘zi biror asarning saviyasi haqida xulosa chiqarishga asos bo‘la olmaydi. Hayotdan ko‘chirish ham kitobdan ko‘chirishday nusxakashlikdir.

Badiiy mantiq hamisha ham hayot mantig‘iga muvofiq kelavermaydi. Ba’zan badiiy tasvir hayot hodisasidan teranroq, ahamiyatliroq, salmoqliroq bo‘lishi ham mumkin. Chunki badiiy asar real voqelikdagi hayotiy xaos (betartiblik)dan yaxlit va ichki intizomga bo‘ysunuvchi, qat’iy badiiy mantiqqa binoan harakatlanuvchi estetik kosmos (intizom, go‘zallik) yaratishga qaratilgan ijodiy faoliyat natijasidir. Bu haqda norveg adabiyotshunosi E. Xovards’holm: «Poeziya real borliqning taqlidi ham yoki uning qandaydir talqini ham emas. Poeziya o‘z holicha ortiq darajadagi reallikdir», deb yozadi.

Badiiy tahlilning muhim tamoyillaridan yana biri yaxlitlik hisoblanadi. Yaxlitlik talabi o‘rganiladigan badiiy asarga mustahkam estetik tizim sifatida istalgancha tarkibiy qismlarga ajratib tashlash mumkin bo‘lmagan butunlik tarzida yondashishni ko‘zda tutadi. San’at asarining butunligiga daxl qilinmagandagina uning ichiga kirib borish, mohiyatini anglash mumkin. Inson intelekti, tuyg‘ulari va ma’naviyatini shakllantirishga yo‘naltirilgan badiiy tahlil har bir shaxsning yaxlit ijtimoiy-biologik hodisa ekanini hisobga olishi zarur. Chunki insonga avval aqliy, so‘ng axloqiy, so‘ngra jismoniy, undan keyin mehnat, undan so‘ng vatanga muhabbat, ulardan keyin insonparvarlik va hokazo tarzidagi sifatlarni singdirib bo‘lmaydi. Odam yo turli omillar ta’sirida bir qator ma’naviy xususiyatlarga ega yaxlit bir shaxs sifatida shakllanadi yoxud hech qachon to‘la ma’nodagi shaxsga aylanolmay qolaveradi.

Badiiy asarga mo‘jizaviy bir butunlik tarzida yondashilmasa, uning siru jozibasi yo‘qqa chiqib, ta’sir qudratidan mahrum bo‘ladi. O‘rganilayotgan asar­ning barcha jihatiga birvarakayiga sinchkov yondasha bilish va uning qismlarida buzilmas butunlikning jozibasi borligini kashf etish tahlil muvaf­faqiyatini ta’minlaydigan omildir.

Badiiy tahlilda amal qilinishi kerak bo‘lgan zarur tamoyillardan biri tizimlilikdir. Tizimlilik yaxlitlik tamoyilining mantiqiy davomi bo‘lib, unda badiiy asarni tashkil etgan unsurlarning muayyan tizimli ko‘rinishda bo‘lishi hisobga olinadi. Asl san’at asaridagi barcha badiiy unsurlar biri ikkinchisiga chambarchas bog‘liq bo‘ladi. Biror bir asarda portret, o‘xshatish, peyzaj, ko‘chim, mubolag‘a, kichraytirish singari vositalar tasodifiy ravishda kelmaydi va tasvirning umumiy darajasiga ta’sir qilmay qolmaydi. Tahlil tekshirilayotgan asardagi badiiy unsurlarning ayni shu tartibda guruh­lashuvining ichki mantiqiy-kommunikativ, tasviriy-ifodaviy qonuniyati­ni ochishga qaratiladi.

Badiiy asar tahlilida hamisha suyanilishi lozim bo‘lgan tamoyillardan biri tarixiylikdir. Adabiy asar muayyan tarixiy sharoitda, konkret vaqtda yashab o‘tgan odam tomonidan yaratilgani uchun unda aks attirilgan voqealargina emas, balki ruhiy holat manzaralarida ham o‘sha davrning tamg‘asi bo‘ladi. Shuningdek, badiiy matn hamisha konkret zamon va makonda yashayotgan odam tomonidan qabul etiladi. Binobarin, tahlilga tortilgan har qanday badiiy asarning yaratilgan va tekshirilayotgan davrlarga xos xususiyatlarini hisobga olmay turib, asosli estetik to‘xtamga kelish imkonsiz. O‘rganilayotgan asarga tarixiylik nuqtai nazaridan yondashilmasa, qahramonlar ruhiy holatini ham, ularni biror xatti-harakatga undagan sabablarni ham tushunmaslik mumkin.

Tarixiylik tamoyiliga tayanish, ayniqsa, zamonaviy asarlarni tekshirishda alohida ahamiyat kasb etadi. Chunki agar mumtoz adabiyotning asl namunalari boshdanoq sof san’at asari tarzida yaratilib, o‘tmish san’atkorlar uchun badiiy shakl ustuvor maqomda turgan bo‘lsa, zamonaviy ijodkorlar uchun o‘zgacha holat xosdir. Olamni estetik idrok etishda global tasvir yo‘nalishida ketayotgan zamonaviy o‘zbek adiblari tomonidan yaratilgan deyarli barcha asarlar biror hayotiy turtki tufayli vujudga kelgan va o‘sha tarixiy sharoit hisobga olinmasa, asarni to‘g‘ri tushunish hamda tushuntirish maholroqdir.

Adabiy asarni tahlil qilishning muhim prinsiplaridan biri estetik asoslarning ustuvorligi tamoyilidir. Badiiy asar inson ruhiyati manzarasi bo‘lgani bois, o‘quvchilarni eng qabariq, eng ta’sirchan tuyg‘ular bilan yuzma-yuz qiladi. Shu tariqa, kitobxonlar o‘zga odamlarning ruhiyatiga oshno bo‘ladilar. Aslida, o‘z tuyg‘ularinida anglab yetishga qiynaladigan kitobxonni o‘zgalar hissiyotini tuyishga yo‘naltirish uning sezimlarini ingichkalashtirib, kechinmalarini o‘tkirlashtiradi. Estetik asoslar ustuvor bo‘lgan badiiy tahlilgina o‘quvchining qalb ko‘zini ochib, uni tuyg‘usizlik va hissizlikdan qutqaradi. Badiiy asar vositasida beparvolik va loqaydlikdan xalos bo‘lish inson ma’naviy taraqqiyotida ulkan ahamiyat kasb etadi.

Ma’lumki, chinakam badiiy asarning estetik jozibasi uning sirtida turmaydi. Matndagi yashirin nafosatni, zariflikni anglash, uning badiiy qatlamlarini kashf etish uchun muayyan adabiy bilim va estetik diddan tashqari go‘zallikni kerakli joydan qidira bilish malakasi ham shakllangan bo‘lishi kerak. Chin go‘zallik hamisha yashiringan bo‘ladi. Yashirin go‘zallikni topish esa oson emas. Ijodkor tomonidan «shifrlab qo‘yilgan» noma’lum badiiy ma’noni, estetik jozibani topish adibning estetik idealini, tasvir uslubini payqay olgan kishiga nasib etadi. Badiiy tahlil qilinmagan asar yechilmagan test kabi noma’lumlikdir. Tahlil ana shu noma’lumlikni ochadigan mantiqiy-estetik kalit vazifasini bajaradi.

Tahlilda estetik asoslarga yetarli e’tibor bermaslik asl san’at asarlarini yo‘qqa chiqarishi mumkin. Hazrat Navoiyning «Lolazor ermaski, ohimdin jahonga tushdi o‘t, Yo‘q shafaqkim, bir qiroqdin osmonga tushdi o‘t», matlasi bilan boshlanadigan g‘azaliga faqat mantiqiy tushunchalar asosida yondashgan kishi undan o‘ta chuqur ma’no topolmasligi mumkin. Bu satrlar yuksak va betakror hissiy holat ifodasi tarzida o‘rganilgandagina undagi tengsiz jozibani tuyish mumkin bo‘ladi. Qip-qizil bo‘lib ochilgan cheksiz-chegarasiz lolazor qo‘ynida turgan lirik qahramon ma’shuqasi hajrida kuyib, ichi olovga to‘lib ketgan. Uning nazarida, ufqlarga qadar tutashib ketgan bepoyon qizillik ochilgan lolazor emas, balki ma’shuqa firog‘ida kuygan g‘amboda oshiqning ohidan dunyoni tutib ketgan olov. Lolazor borib tutashgan ufq tepasidagi qizillik ham shafaq nuri emas, balki oshiqning ohidan chiqqan o‘t yerni yondirib bo‘lib, osmon yer bilan tutashgan joydan ko‘kka chirmashdi va endi osmon ham bir qirg‘og‘idan yonib ketmoqda. Shu xildagi yondashuvgina misralar jozibasini to‘la his etishga xizmat qiladi.

Badiiy tahlilni amalga oshirishda emotsionallik tamoyili ham katta o‘rin tutadi. Badiiy adabiyot borlig‘icha hissiyotga asoslangan hodisa. Demak, badiiy tahlilda ham asarning hissiyot qo‘zgash xususiyati ko‘zda tutilishi muhim. Hissiyot hisobga olinmagan tahlilda badiiy asarning estetik o‘ziga xosligi yo‘qqa chiqadi. Tahlil kishining tuyg‘ular olamiga daxl qilsagina, asarning badiiy va hayotiy mantig‘i hamda estetik jozibasi ochiladi.

Badiiy tahlilning yo‘nalishlari

Badiiy tahlilda adabiy matnga qanday yondashilayotgani, uning qaysi jihatini tadqiq etish ko‘zda tutilayotgani ham hal qiluvchi ahamiyatga ega. Tahlil etilayotgan badiiy asarning qaysi jihatiga birlamchi e’tibor berilishi lozimligini belgilash tahlilning yo‘nalishi tushunchasini anglatadi. Badiiy asar tahlilining to‘laqonli bo‘lishi tahlilchining matnni qanday yo‘nalishda tekshirayotganiga bog‘liqdir.

Badiiy tahlil ilmida asar tahlili genetik, tipologik, funksional, falsafiy, psixologik va filologik singari olti yo‘nalishda amalga oshiri­lishi qayd etiladi. Albatta, tahlil yo‘nalishlarining bu xildagi tasnifi birmuncha shartlidir. Negaki, odatda badiiy tahlil jarayonida bu yo‘nalish­lardan birortasi ustuvor o‘rin tutsa-da, deyarli hech qachon faqat bittasidan foydalanilib, boshqasi chetlab o‘tilmaydi. Chunki o‘rganilayotgan asar estetik tizim bo‘lgani uchun uning tahliliga ham ajralmas qismlardan iborat butunlik tarzida yondashish, ya’ni, matnga har jihatdan qarash zaruriyati hamisha saqlanib qoladi.

Badiiy asar genetik yo‘nalishda tahlil etilganda, asarning yuzaga kelish jarayoni, variantlari, yozilish sabablari tadqiq etiladi. Bunda asarni yuzaga keltirgan omillar ko‘rsatilishiga alohida e’tibor qaratiladi.

Tipologik yo‘nalishda tahlil qilinayotgan asarni yuzaga keltirgan badiiy yoki hayotiy manbalar, tahlil etilayotgan asarning o‘sha davrda yaratilgan boshqa asarlarga o‘xshash hamda farqli tomonlari, asar muallifi bilan o‘zga adiblar orasidagi ijodiy ta’sir, badiiy vorislik kabilarni aniqlashga e’tibor qaratiladi.

Funksional yo‘nalishdagi tahlilda asarning ijtimoiy ta’sir kuchini aniqlashga alohida diqqat qilinadi. Unda o‘rganilayotgan asarning muayyan millat ma’naviyatida qanday o‘rin tutishi tekshiriladi. Tahlil qilinayotgan asarning milliy adabiy jarayondagi o‘rni, yaratilgan zamonidagi yoki tekshi­rilayotgan davrdagi kishilar tafakkuriga qilgan ta’siriga alohida ahamiyat beriladi. Asardagi qaysi obraz yoki tasvir orqali qanday ijtimoiy qonuniyat yoxud muammo yoritilgani tekshiriladi. O‘zbek badiiy tahlil amaliyotida funksional yo‘nalishdan keng foydalaniladi. Bu yo‘nalish qator ijobiy xususiyatlar bilan birgalikda tendensiozlik, matnning badiiy jozibasini e’tibordan qochirish singari salbiy jihatlarga ham egadir.

Badiiy asar falsafiy yo‘nalishda tahlil qilinganda, yozuvchining dunyo­qarashi va e’tiqodi, olamni ko‘rish, anglash, tushuntirish hamda tasvir­lashda tayanadigan falsafiy asos tekshiriladi. Bu yo‘nalishdagi badiiy tahlil matndan uzilgan falsafiy mushohadalardan iborat bo‘lib qolmasligi kerak. Tekshi­rilayotgan asar matnidan kelib chiqmaydigan har qanday falsafiy-nazariy xulosa amaliy ahamiyat kasb etmaydi.

Psixologik yo‘nalishda o‘rganilayotgan asar muallifi shaxsiyatidagi o‘ziga xoslik, adibning asar ustida ishlash usuli, ijodiy jarayon psixologiyasi, shu kechimdagi ruhiy holati va uning tahlillanayotgan asarda qoldirgan nuqsi, muallif ruhiy dunyosining matn saviyasiga ko‘rsatgan ta’siri kabi jihatlar o‘rganiladi. Tahlilning bu yo‘nalishida muallifning tasvir uslubini tayin etgan omillar, shaxsiyatga xos jihatlarning badiiy haqiqatga evrilish yo‘sini tekshiriladi.

Lingvistik yo‘nalishdagi badiiy tahlilda asosiy e’tibor asarning til jihatiga qaratiladi. Bu yo‘nalishda asar filologik hodisa sifatida til va tasvir vositalarini qo‘llash, tilning tasvir imkoniyatlari doirasida badiiy shakllar yaratish nuqtai nazaridan tekshiriladi. Bunda muallifning faoliyati an’anaviylik va novatorlik pozitsiyasidan baholanadi. So‘zning o‘z va badiiy ma’nosi, kontekstdagi jozibasi, badiiy matn zamiriga yashirilgan mazmun va bu yashirilganlikning hayotiy-estetik sabablari singari jihatlarga e’tibor qaratiladi.

Ta’kidlash kerakki, yuqorida sanalgan yo‘nalishlar deyarli hech qachon bittadan qo‘llanilmaydi va hamisha bir nechasi yoxud barchasidan aralash holda foydalaniladi.

Badiiy tahlil bosqichlari

Jiddiy hozirlikni talab qiladigan ilmiy-estetik jarayon sifatida badiiy tahlil muayyan bosqichlarda amalga oshiriladi. Amaliyotda adabiy tahlilning uch bosqichi mavjudligi kuzatiladi. Birinchi tayyorlanish bosqichda tadqiqotchi badiiy tahlilga imkoniyat hozirlaydi. Ikkinchi, ya’ni, tahlil qilish bosqichida badiiy matn tahlil etiladi. Uchinchi bosqich xulosalashdan iborat bo‘ladi va tahlil yuzasidan bildirilgan fikrlar muayyan tizim tarzida umumlashtirilib, ilmiy xulosa chiqariladi, asarning yutuq va kamchiliklari, o‘ziga xosligi ko‘rsatilib, uning adabiyotdagi o‘rni belgilab beriladi.

Tayyorgarlik bosqichida tahlil etiladigan asar matni sinchiklab o‘rgani­lishi, tahlil kechimida e’tibor qaratiladigan, urg‘u beriladigan jihatlar aniqlanishi, asosiy nuqtalar belgilanishi lozim. Shunda tahlilning ikkinchi bosqichi muavaffaqiyatli amalga oshirilishi mumkin.

Bevosita badiiy tahlil amalga oshiriladigan ikkinchi bosqichda matnning jozibadorligini ta’minlagan estetik omillar: timsollar tizimi, perso­najlar ruhiyatini ko‘rsatishda qo‘llanilgan usullar, ifoda tarzidagi o‘ziga xoslik, til xususiyatlari singari jihatlar tekshiriladi. Tahlil qilinayotgan asarning estetik qimmati, millat badiiy tafakkur taraqqiyotidagi mavqei belgi­lab beriladi.

Xulosalash-umumlashtirish bosqichida asarning muayyan ijodkor estetik taqdiri va milliy badiiy tafakkur taraqqiyotida tutgan o‘rni yuzasidan umumlashma yo‘nalishdagi to‘xtamga kelinadi.

Chuqur badiiy tahlilsiz teran badiiy tasvir bo‘lishi gumon. Ko‘p asrlik o‘zbek adabiyoti tarixi mobaynida badiiy matn rivoji bilan adabiy fikr, ya’ni, estetik tahlil taraqqiyoti yonma-yon keladi.

Badiiy tahlil ham badiiy matn yaratish borasidagi bosqichlarga bir muncha muvofiq keladigan bosqichlarni bosib o‘tdi. Jumladan, yangi o‘zbek adabiyotida XX asrning boshlaridan e’tiboran badiiy tahlil asar syujetining qayta bayoni va undan ijtimoiy ma’no keltirib chiqarishdan iborat bo‘ldi. Bu xil tahlil uchun asarning estetik qimmatini tayin etishdan ko‘ra, uning ijtimoiy ahamiyatini ko‘rsatish muhim sanalar edi. Shu sababdan bu bosqichda badiiy matnga funksional yondashuv ustuvorlik qildi.

XX asrning 30-50-yillarida jamiyat hayoti qarama-qarshi sinflar va ular o‘rtasidagi ayovsiz kurashlardan iborat degan qarash hukmronlik qildi. Binobarin, badiiy asar tahlilida ijtimoiy yondashuv ustuvor bo‘ldi. Badiiy asarlar faqat sinfiy pozitsiyadan tahlil qilindi. Sirasini aytganda, bu davrda badiiy tahlil emas, ijtimoiy talqin amalda bo‘ldi. Bu xil yondashuvda asarning badiiy jihatlari, jozibasi emas, balki qaysi mavzuga bag‘ish­langani, qanday masala ko‘tarib chiqilgani, qay bir ijtimoiy qatlam man­faatiga xizmat qilgani, kimlar qahramon qilib olinganligi kabi jihatlarni aniqlash muhim sanaldi. Bu davrda badiiy tahlil asar matnini o‘rganish, muallifni anglash yo‘lidan bormadi, balki asar yuzasidan hukm o‘qib, adibning shaxsiy taqdirini hal etishga urindi.



O‘tgan asrning 90-yillaridan boshlab, milliy adabiyottanuvda chinakam tahlilga yuz burilib, asarning jozibasini ta’minlagan, uning zavqiyobligiga sabab bo‘lgan omillar tekshirila boshlandi.

Insonning ijtimoiy-fiziologik maqomi, uning imkoniyatlari daraja­siga sog‘lom mantiq bilan yondashila boshlangan zamonaviy adabiyotda hayotni mantiqiy yakunga ega hodisa tarzida ko‘rsatishdan uning boshi-oxiri yo‘q uzluksiz hodisotlar zanjiri sifatida tasvirlash bosqichiga o‘tildi.
Download 47 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©hozir.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling

kiriting | ro'yxatdan o'tish
    Bosh sahifa
юртда тантана
Боғда битган
Бугун юртда
Эшитганлар жилманглар
Эшитмадим деманглар
битган бодомлар
Yangiariq tumani
qitish marakazi
Raqamli texnologiyalar
ilishida muhokamadan
tasdiqqa tavsiya
tavsiya etilgan
iqtisodiyot kafedrasi
steiermarkischen landesregierung
asarlaringizni yuboring
o'zingizning asarlaringizni
Iltimos faqat
faqat o'zingizning
steierm rkischen
landesregierung fachabteilung
rkischen landesregierung
hamshira loyihasi
loyihasi mavsum
faolyatining oqibatlari
asosiy adabiyotlar
fakulteti ahborot
ahborot havfsizligi
havfsizligi kafedrasi
fanidan bo’yicha
fakulteti iqtisodiyot
boshqaruv fakulteti
chiqarishda boshqaruv
ishlab chiqarishda
iqtisodiyot fakultet
multiservis tarmoqlari
fanidan asosiy
Uzbek fanidan
mavzulari potok
asosidagi multiservis
'aliyyil a'ziym
billahil 'aliyyil
illaa billahil
quvvata illaa
falah' deganida
Kompyuter savodxonligi
bo’yicha mustaqil
'alal falah'
Hayya 'alal
'alas soloh
Hayya 'alas
mavsum boyicha


yuklab olish