Axborot soati materiallari 17 Mart 2015 yil dolzarb masalalar ko‘rib chiqildi



Download 308.5 Kb.
Sana15.01.2017
Hajmi308.5 Kb.

Axborot soati materialini www.mtm.buxdu.uz veb-saytidan olish mumkin

AXBOROT SOATI MATERIALLARI

17 Mart 2015 yil

DOLZARB MASALALAR KO‘RIB CHIQILDI

12-mart kuni deputatlar Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisining ilgari tasdiqlangan kun tartibidagi masalalar muhokamasini davom ettirdilar.

Parlament quyi palatasi a’zolari o‘z ishini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning 2015-yil 23-fevralda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining qo‘shma majlisidagi, shuningdek, 2015-yil 16-yanvarda Vazirlar Mahkamasining 2014-yilda mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2015-yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim yo‘nalishlariga bag‘ishlangan majlisidagi ma’ruzalarida belgilangan ustuvor vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2015-yilga va keyingi yillarga mo‘ljallangan tashkiliy-huquqiy tadbirlari, qonun ijodkorligi va nazorat-tahlil ishlari Dasturi muhokamasidan boshladi.

Tayyorlangan Dastur loyihasi dastlabki tarzda siyosiy partiyalar fraksiyalari hamda O‘zbekiston Ekologik harakati deputatlar guruhi, shuningdek, parlament quyi palatasi qo‘mitalarining majlislarida ekspertlar ishtirokida muhokama qilinib, kelib tushgan takliflar va fikr-mulohazalar inobatga olingan holda, takomiliga yetkazilgan edi.

Fraksiyalar Dasturni tayyorlash va tasdiqlash ishlarida ishtirok etishda unga siyosiy partiyalar saylovoldi dasturlari qoidalari nuqtai nazaridan ustuvor bo‘lgan qonun ijodkorligi va nazorat-tahlil faoliyati tadbirlarini kiritishga alohida e’tibor qaratdilar. Ular Qonunchilik palatasining yaqin va o‘rta muddatli faoliyati istiqbolini belgilaydigan dasturiy hujjatda o‘z elektorati manfaatlari, saylovoldi g‘oyalari to‘liqroq aks etishiga harakat qildilar.

– Makroiqtisodiy barqarorlikni qo‘llab-quvvatlash va iqtisodiy o‘sishning yuqori sur’atlarini ta’minlash maqsadida bozor islohotlarini yanada chuqurlashtirish tarafdori bo‘lgan partiyamiz fraksiyasi qonun ijodkorligi rejasiga takliflar kiritdi, – dedi Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasi a’zosi R.Hakimov. – Fraksiya tashabbusi bilan Dasturga xususiy mulk va xususiy tadbirkorlikning to‘laligicha erkin rivojlanishi va mustahkamlanishini ta’minlashning samarali huquqiy mexanizmlarini, xususiy tadbirkorlarning xomashyo resurslaridan foydalanishi mexanizmlarini yanada takomillashtirishni va boshqa tashkiliy-huquqiy mexanizmlarni nazarda tutuvchi masalalar ham kiritilgan bo‘lib, bular xususiy mulkni va mulkdorlar huquqlarini mustahkam himoya qilishning huquqiy kafolatlarini sezilarli ravishda kuchaytirishga xizmat qiladi.

– Ko‘rib chiqilayotgan Dasturning barqaror milliy taraqqiyotni ta’minlash, milliy manfaatlarni himoya qilish va ilgari surish, milliy, madaniy va ma’naviy boyliklarni, O‘zbekistonning boy tarixiy merosini saqlash va ko‘paytirish bilan bog‘liq bo‘limlari partiyamiz saylovoldi dasturi ustuvorliklari nuqtai nazaridan biz uchun muhim yo‘nalishlar hisoblanadi, – dedi O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi fraksiyasi a’zosi A.Rahmonov. – Fraksiyamiz a’zolarining fikricha, fuqarolik jamiyati institutlarini, mustaqil OAVni izchil rivojlantirishga, ularning inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish, demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirishdagi o‘rni va ahamiyatini oshirishga qaratilgan choralar ko‘rish zarur. Fraksiyamiz Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasida respublika Prezidenti tomonidan bayon qilingan, Dasturning ajralmas qismi hisoblangan qonunchilik tashabbuslarini amalga oshirish jarayoniga faol kirishib ketdi. Ular orasida «Ommaviy axborot vositalari faoliyatining iqtisodiy asoslari to‘g‘risida»gi, «Ommaviy axborot vositalarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash kafolatlari to‘g‘risida»gi, «Teleradioko‘rsatuvlar va eshittirishlar to‘g‘risida»gi va boshqa qonun loyihalari ham o‘rin olgan.

– Partiyamiz bandlik sohasidagi siyosatni yanada takomillashtirish, mehnatga haq to‘lashning munosib darajasiga ega ish o‘rinlari yaratilgan korxonalarga aholini ishga joylashtirishni ta’minlashni o‘z faoliyatining ustuvor yo‘nalishi deb hisoblashini inobatga olgan holda, biz chora-tadbirlar Dasturiga mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti uchun muhim hisoblangan yo‘nalishlar kiritilishining tarafdori bo‘ldik, – dedi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi a’zosi R.Komilov. – Masalan, mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirining 2015-yilda ish o‘rinlarini yaratish va aholi bandligini ta’minlash dasturi ko‘rsatkichlarining joriy yilning birinchi yarmida bajarilishi to‘g‘risidagi axborotini eshitish fraksiyamiz a’zolari tashabbusi bilan tashkil etiladi. Biz yangi ish o‘rinlarini yaratishga imkon beradigan qonun hujjatlarini, xususan, «Kasanachilik to‘g‘risida»gi qonun loyihasini hamda boshqa qonun loyihalarini ishlab chiqish va qabul qilishni ham rejalashtirganmiz.

– Iqtisodiy va ijtimoiy sohaning innovatsion rivojlanishi tarafdori bo‘lgan fraksiyamiz ham Dasturni ishlab chiqish va unga mamlakatimiz hayotining barcha sohalarini rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan tadbirlarni kiritish jarayonlarida faol qatnashdi, – dedi O‘zbekiston «Adolat» sotsial-demokratik partiyasi fraksiyasi a’zosi A.Shodmonov. – Xususan, biz «Qayta tiklanadigan energiya manbalari to‘g‘risida»gi qonun loyihasini ishlab chiqishda faol ishtirok etamiz. Qonun respublikamizda qayta tiklanadigan energiya manbalarining ta’sirchan infratuzilmasini yaratishning huquqiy asoslarini mustahkamlashga qaratilgan. Fraksiyamiz deputatlari qishloq va suv xo‘jaligi vazirining O‘zbekistonda suvni tejaydigan texnologiyalardan foydalanish holati va uning samaradorligini oshirish, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishiga zamonaviy texnika va texnologiyalarni joriy etish istiqbollari to‘g‘risidagi axborotini eshitishni tashkil etish tashabbusi bilan chiqdilar. Bu ham elektoratimiz manfaatlarini himoya qilish maqsadlariga xizmat qiladi.

– Qabul qilinadigan Dasturda atrof-muhitni muhofaza qilish manfaatlari keng aks ettirilgan, – dedi O‘zbekiston Ekologik harakati deputatlar guruhi a’zosi A.Qurbonov. – Guruhimiz a’zolari tomonidan parlament quyi palatasi faoliyati dasturiga ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga solish tizimini takomillashtirishga qaratilgan qator muhim qonun hujjatlarini kiritish taklif etildi. Xususan, shu yilning o‘zida «Aholining sanitariya-epidemiologik masalalarida osoyishtaligi to‘g‘risida»gi qonun loyihasini, yangi tahrirdagi «O‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida»gi qonun loyihalarini va boshqa shu kabi qonun loyihalarini ishlab chiqish hamda qabul qilish nazarda tutilgan.

Umuman olganda, mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan keng miqyosdagi vazifalarni inobatga olgan holda ishlab chiqilgan Dastur milliy parlamentimiz faoliyatini tubdan yaxshilashga qaratilgan. Dasturda taklif etilayotgan chora-tadbirlar O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan izchil demokratik islohotlarning mantiqiy davomi bo‘lib, u demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish jarayonidagi yana bir muhim qadam bo‘ladi.

Deputatlar sifat jihatidan yangi ijtimoiy-siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy sharoitlarda ishlashga to‘g‘ri kelishini alohida qayd etib o‘tdilar. Ular xorij huquqiy amaliyotini har tomonlama va chuqur qiyosiy tahlil qilish asosida qonun ijodkorligi faoliyatini tubdan yaxshilash, qonun loyihalari davlat boshqaruvi, fuqarolik jamiyati institutlarining turli darajalarida muhokama etilishini tashkil qilish lozimligini ta’kidladilar. Shu bilan birga, davlat boshqaruvi organlari faoliyati, qabul qilinayotgan qonunlar, ijtimoiy-iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy rivojlanish borasidagi muhim davlat dasturlari ijrosi ustidan parlament nazoratini sifat jihatidan yaxshilash Qonunchilik palatasining kelgusidagi faoliyatining muhim yo‘nalishiga aylanishi lozimligi bildirildi. Muhokama chog‘ida mamlakatimizning yagona qonun chiqaruvchi organi sifatida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik samarasini oshirishga qaratilgan takliflar ham bayon etildi.

Har tomonlama muhokamadan so‘ng Oliy Majlis Qonunchilik palatasi mazkur Dasturni tasdiqladi.

Shundan so‘ng deputatlar jamiyatimiz hayotining turli sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlarning huquqiy negizini yanada mustahkamlashga qaratilgan qator dolzarb qonun loyihalarini ko‘rib chiqdilar. Muhokama “Yod yetishmasligi kasalliklari profilaktikasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartishlar kiritish haqida”gi qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda muhokama etishdan boshlandi. Qonun loyihasi aholi sog‘lig‘ini saqlash maqsadida yodlangan osh tuzini ishlab chiqarish, realizatsiya qilish va iste’mol qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan. Hujjat faqat sifatli yodlangan osh tuzi bilan ta’minlash orqali aholi o‘rtasida yod yetishmasligi kasalliklarining oldini olish va ularni kamaytirishni nazarda tutadi.

Majlis kun tartibiga, shuningdek, bir qator qonun loyihalari birinchi o‘qishda kiritildi. Xususan, “Tadbirkorlik subyektlari faoliyatini davlat tomonidan nazorat qilish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasiga muvofiq ishlab chiqildi. Qonun loyihasi tadbirkorlik subyektlari faoliyatini nazorat qilish tartib-taomillarini takomillashtirishga, ularning barqaror ishlashini ta’minlashga, qonun hujjatlariga vijdonan rioya etayotgan tadbirkorlik subyektlari faoliyatiga aralashuvlarni qisqartirishga qaratilgan.

”O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi kun tartibidagi keyingi masala bo‘ldi. Hujjat ishbilarmonlik muhitini yanada takomillashtirish, qulay investitsiya muhitini yaratish, tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish chog‘idagi to‘siqlarni bartaraf etish, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining ochiqligini oshirish, shu asosda tadbirkorlik faoliyatini yuritish uchun shart-sharoitlarni tubdan yaxshilashni ko‘zda tutadi. Tuzatishlar tegishli davlat xizmatlari ko‘rsatilishi uchun arizachilar taqdim etadigan ro‘yxatdan tashkilotlarning ta’sis hujjatlari chiqarib tashlanishini nazarda tutadi. Tuzatishlar “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi, “Mikrokredit tashkilotlari to‘g‘risida”gi, “Muvofiqlikni baholash to‘g‘risida”gi qonunlarga kiritilmoqda.

Deputatlar nodavlat ta’lim muassasalari faoliyatini takomillashtirishni nazarda tutuvchi “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ham muhokama etdilar.

Qonun loyihalarini muhokama etish chog‘ida barcha siyosiy partiyalar fraksiyalarining va O‘zbekiston Ekologik harakati deputatlar guruhining vakillari so‘zga chiqdilar.

Har tomonlama muhokamadan so‘ng deputatlar mazkur qonun loyihalarining asosiy qoidalarini ma’qulladilar hamda ularni birinchi o‘qishda qabul qildilar. Tushgan takliflarni hisobga olgan holda hujjatlarni keyingi o‘qishda ko‘rib chiqish uchun tayyorlash mas’ul qo‘mitalarga topshirildi.



O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi

Qonunchilik palatasi Axborot xizmati

DEPUTATLAR HISOB PALATASINING HISOBOTINI KO‘RIB CHIQDILAR

11-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi.

Qonunchilik palatasi Kengashi tomonidan taklif etilgan kun tartibi tasdiqlanganidan keyin deputatlar Hisob palatasining 2014-yilgi hisobotini ko‘rib chiqdilar. Ushbu masala bo‘yicha Hisob palatasi raisining o‘rinbosari Q.Akmalov so‘zga chiqdi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga binoan parlamentga berilgan vakolatlari doirasida Qonunchilik palatasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi faoliyatining hisoboti har yili ko‘rib chiqiladi. Avval xabar qilinganidek, Hisob palatasining 2014-yilgi hisoboti mas’ul qo‘mita, parlament quyi palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalari va O‘zbekiston Ekologik harakati deputatlar guruhi majlislarida har tomonlama ko‘rib chiqildi. Muhokamalar chog‘ida deputatlar parlament nazoratini kuchaytirish va qonun ijodkorligi faoliyatini takomillashtirish, shuningdek, nazorat tadbirlariga mamlakatimiz fuqarolik jamiyati institutlarining vakillarini jalb etish sohasida parlament va Hisob palatasi o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan qator takliflar ishlab chiqdilar.

Hisobotni eshitish davomida ta’kidlandiki, Hisob palatasi faoliyati hisobot davrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov tomonidan Vazirlar Mahkamasining mamlakatimizni 2013-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2014-yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan majlisida belgilab berilgan ustuvor vazifalardan kelib chiqqan holda tashkil etildi.

Hisob palatasining 2014-yilgi faoliyati to‘g‘risidagi hisobotda qayd etib o‘tilganidek, uning ishida O‘zbekiston Respublikasining Byudjet kodeksiga muvofiq Davlat byudjeti samarali bajarilishiga, moliyaviy mablag‘lardan maqsadli foydalanilishiga, iqtisodiyot barcha sohalarining tobora rivojlanishini ta’minlash uchun mo‘ljallangan davlat dasturlari va mintaqaviy rivojlanish dasturlarining ijrosini o‘rganishga alohida e’tibor qaratildi. Shu bilan birga, 2015-yilgi soliq va byudjet siyosatining asosiy yo‘nalishlari hamda mamlakatimiz Davlat byudjeti loyihasining ekspertizasi o‘tkazildi. “Siyosiy partiyalarni moliyalashtirish to‘g‘risida”gi qonun ijrosini ta’minlash maqsadida siyosiy partiyalar daromadlarini shakllantirishning to‘liqligi va ulardan maqsadli foydalanilishi tekshirildi.

Byudjet hisobidan moliyalashtiriladigan muassasalar misolida respublika va mahalliy darajalarda Davlat byudjeti ijrosi, davlat mablag‘larining qonuniy, maqsadli va samarali sarflanishi tekshirildi. Davlat byudjeti daromad qismining hududlar va tarmoqlar bo‘yicha shakllanishi to‘g‘riligi, byudjetning moddama-modda va to‘la-to‘kis ijro etilishi tahlil qilindi, byudjet daromadlarining asosiy moddalari bo‘yicha prognoz ko‘rsatkichlari haqiqatga to‘g‘ri ekanligi baholandi.

Hisob palatasi, shuningdek, davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlari to‘liq shakllanishi, ulardan maqsadli, samarali va oqilona foydalanilishi ustidan doimiy nazoratni amalga oshirdi, mahalliy byudjetlarning daromad bazasini ko‘paytirish, xarajatlarni maqbullashtirish va dotatsiya darajasini pasaytirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar natijalarini hududlarga chiqib o‘rgandi.

Parlament quyi palatasi yalpi majlisida Hisob palatasining o‘tgan yilga doir hisoboti eshitilganidan keyin uning batafsil muhokamasi bo‘lib o‘tdi, unda barcha siyosiy partiyalar fraksiyalari va O‘zbekiston Ekologik harakati deputatlar guruhining vakillari so‘zga chiqdilar.

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasi a’zolari ta’kidlab o‘tdilarki, Hisob palatasi tomonidan hisobot davrida 149 ta tashkilotda 33 ta yo‘nalish bo‘yicha nazorat-taftish ishlari amalga oshirildi. Ushbu ish jarayonida Davlat byudjeti daromadlari va xarajatlari, davlat dasturlari, investitsiya dasturlari ro‘yobga chiqarilishi, ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish va yangilashning amalga oshirilishi batafsil o‘rganildi.

Moliyaviy qoidabuzarliklarning oldini olish maqsadida O‘zLiDeP fraksiyasi a’zolari parlamentning nazorat qilishga oid vakolatlarini kuchaytirish, ushbu sohadagi qonunchilik bazasini yanada takomillashtirish masalalarida parlament va Hisob palatasi o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish zarur deb hisoblaydilar.

O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasidan so‘zga chiqqanlar ta’kidladilarki, byudjetlararo munosabatlarni yanada takomillashtirish, hududlarning ishlab chiqarish va xomashyo salohiyatidan oqilona foydalanish hamda mintaqalar iqtisodiyotini mustahkamlash asosida mahalliy byudjetlarning daromadlarini oshirish zarur. Deputatlar qayd etib o‘tganlaridek, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni, byudjet intizomi buzilishlari holatlarini har tomonlama o‘rganish muhimdir. Shu munosabat bilan tegishli vazirliklar, idoralar va mahalliy hokimliklar rahbarlarining aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, ularning yuzaga kelishi sabablarini aniqlash bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar xususidagi hisobotlarini muntazam ravishda eshitib borishni yo‘lga qo‘yish orqali parlament nazoratini kuchaytirish zarur.

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi vakillari Hisob palatasi hisobot davrida Davlat byudjeti xarajatlari ta’minlanganligi, ijtimoiy sohani rivojlantirish maqsadli kompleks dasturlari bo‘yicha xarajatlarni qoplash asosliligining tahlilini o‘tkazganiga e’tibor qaratdilar. Hisob palatasi tomonidan aholining kam ta’minlangan qatlamlarini manzilli ijtimoiy himoya qilish tizimining samaradorligi, shuningdek, kam ta’minlangan oilalarga moddiy yordam ko‘rsatish va ijtimoiy nafaqalar to‘lash tizimini takomillashtirish masalalariga alohida e’tibor berildi. Xususan, Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasining ijrosidagi kamchiliklar, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga nafaqalar tayinlashda noxolis yondashuv bilan bog‘liq muammolar aniqlandi.

Shu munosabat bilan fraksiya vakillari Hisob palatasiga nazorat tadbirlarini amalga oshirishda moliyaviy huquqbuzarliklar sodir etilmasidan oldin ularni bartaraf etish zarurligiga alohida e’tibor qaratishni taklif etdilar.

O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi a’zolarining fikricha, Hisob palatasi agrosanoat kompleksi xo‘jalik yurituvchi subyektlarining moliyaviy holati ustidan nazoratni kuchaytirishi va uning natijalari bo‘yicha qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan takliflar kiritishi zarur. Ta’kidlandiki, ko‘rilayotgan chora-tadbirlarni chuqur tahlil qilish va baholash orqali aholining xarid qilish qobiliyatini yanada oshirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish ham muhimdir. Bundan tashqari, Davlat byudjetini ijro etish sohasidagi qoidabuzarliklarni aniqlash, ularga chek qo‘yish va ularning oldini olish bo‘yicha qat’iy choralar ko‘rish lozim.

O‘zbekiston Ekologik harakati deputatlar guruhining vakillari Hisob palatasining atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasidagi moliyaviy huquqbuzarliklar hollarini, ularning yuzaga kelish sabablarini aniqlash hamda ularni bartaraf etish yuzasidan chora-tadbirlar ko‘rish bo‘yicha faoliyatini tahlil qildilar. Huquqbuzarliklarning sabablarini aniqlash, nazorat tadbirlarini kuchaytirish, mazkur sohadagi qonun hujjatlarini takomillashtirish bo‘yicha ishlarni davom ettirish muhimligi alohida ta’kidlandi.

Muhokamada bildirilgan fikr-mulohazalarni inobatga olgan holda, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasining 2014-yilgi hisobotini tasdiqladi va tegishli qaror qabul qildi.



O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi

Axborot xizmati

OMONMISAN, BORMISAN, SUYUKLI NAVRO‘ZIM

Qishning qahri bahorning iliq havosi, mayin sabosidan ortga chekina boshladi. Hademay ezgu maqsadlar bilan ona zaminga qadalgan turfa ko‘chatlarning nozik novdalari kurtak ochadi. Qiyg‘os gullagan bog‘lar bolarilarga oshyon bo‘ladi. Kun bilan tun tenglashadi. Maftunkor diyorimizga Navro‘zi olam kirib keladi.

O‘zining ko‘rku tarovati, nafosati, mazmun-mohiyati bilan bunyodkorlik va yaratuvchanlikni, mehr-muruvvat va hamjihatlikni, umuman, tabiat uyg‘onishini ifodalovchi buyuk va suyuk Navro‘zimiz uch ming yildan ziyod vaqt davomida boqiy qadriyat, asl milliy bayramimiz sifatida yashab kelmoqda.

Manbalarda qayd etilishicha, Navro‘z tabiatning o‘zidan kelib chiqqan, kunning uzayishi, umumxalq hasharlari, bunyodkorlik, obodlik arafasidagi marosimdir. Sharqda dehqonlar, chorvadorlar, hunarmandlar uzoq qishdan so‘ng ko‘kda quyoshning yuz ko‘rsatishi, qirda maysa-giyohlarning yer yuziga balqib chiqishini bayram qilgan. Chunki o‘tgan yilgi g‘alla xirmoni va boshqa oziq-ovqat mahsulotlarining tagi ko‘rinib qolganida, ona tabiatning o‘zi mehr-muruvvat ko‘rsatib, yorug‘ kunlardan darak bergan. Shuning uchun Navro‘zni intiq kutishgan, shoirlar yurak dardlarini she’rga to‘kishgan.

El-yurt ahil bo‘lib jismoniy imkoniyati cheklangan, ko‘ngli yarim, o‘zgalar ko‘magiga muhtoj, yetim-esirlarning boshini silash, keksalar va bemorlarga beminnat yordam berish, yoshi ulug‘ insonlarning duosida bo‘lish singari xalqimizga xos fazilatlar ham Navro‘z bayramida o‘z ifodasini topgan. Olis va yaqin tariximizda bu bayramni cheklash, uni odamlar qalbidan butkul o‘chirib tashlashga urinishlar bo‘lgan. Manbalarda ota-bobolarimiz har qanday sharoitda, hatto yashirin tarzda bo‘lsa-da, Navro‘zni nishonlagani haqida ma’lumotlar mavjud.

Taniqli musavvir Namoz Sultonovning o‘tgan asrning 80-yillarida yaratgan asarlaridan birida sumalak pishirish marosimi aks etgan. Yana bir mo‘yqalam ustasi Mirsaid Samadovning kartinasida Navro‘z bayramidagi ayrim milliy o‘yinlar tasvirlangan. Mazkur rangtasvirlar xalqimiz Navro‘z taqiqlangan paytlarda ham o‘zligini yo‘qotmagani va milliy qadriyatlarimizning kelajak avlodga bus-butun yetishi uchun harakat qilganidan dalolat beradi.

– Sobiq tuzum davrida Navro‘z bayramiga qayta-qayta tazyiqlar uyushtirilgan. Ulardan biriga o‘zim guvoh bo‘lganman, – deydi zangiotalik Zahriddin Sayfuddinov. – Har yili Navro‘zda qishlog‘imiz ahli Mashrab bobonikiga yig‘ilardi. Erkaklar halim, ayollar sumalak tayyorlardi. Biz, yoshlarning vazifasi – hovuzdan suv, bostirmadan o‘tin tashish bo‘lgan. Shunday bayram kunlarining birida, hovliga bir guruh kishilar kirib keldi. Ulardan biri doshqozonda sharaqlab qaynayotgan sumalak va halimga nafrat bilan qaradi va qo‘liga ketmon olib, ustiga tuproq tortib yubordi. Bu voqeadan bir necha kun o‘tgach, tahqirlash harakatiga birinchilardan bo‘lib qarshilik ko‘rsatgan besh nafar hamqishlog‘imiz “tuzumga qarshi borgan”likda ayblanib, hibsga olindi. Bugun shularni nevaralarimga aytsam, ishonmaydi. Aslida ham shunday. Biz bu kunlarga osonlik bilan erishganimiz yo‘q. Unga yetguncha xalqimiz qanday iztirob va mashaqqatlarni boshdan o‘tkazmadi, deysiz. Buni hamma, ayniqsa, yoshlarimiz bilishi kerak. Toki bugungi tinch va farovon kunlarning qadriga yetaylik...

Mustaqillik sharofati bilan azaliy urf-odat va an’analarimiz qayta tiklandi. Milliy bayramlarimiz qatorida Navro‘z ham keng nishonlanadigan bo‘ldi.

Ta’kidlanganidek, necha ming yillar davomida azaliy qadriyatlarimizni o‘zida mujassam etib, ajdodlarimizdan bizga meros bo‘lib kelayotgan Navro‘zning istiqlol yillarida hayotimizdagi o‘rni va mohiyati tobora ortib bormoqda. Xalqimiz uchun tabiat uyg‘onishi, sharqona yangi yilning boshlanishi, asl milliy, eng ardoqli bayram bo‘lmish Navro‘z ayyomini yurtimizning barcha hududlarida har tomonlama keng tayyorgarlik bilan kutib olish va nishonlash ezgu, tabiiy an’anaga aylandi.

Davlatimiz rahbarining Navro‘z bayramini keng nishonlashga doir qaroriga muvofiq, ushbu ayyom joriy yilda ham o‘zgacha shukuh, ko‘tarinki kayfiyatda nishonlanadi.

Bu mo‘tabar ayyomda turli nizo va adovatlar unutiladi, kishilar qalbida mehr-oqibat, shafqat va muruvvat, hamjihatlik, saxovat kabi insoniy tuyg‘ular tug‘yon uradi.

Bunday zavqli onlarni millati, tili, dinidan qat’i nazar, yurtimizda yashayotgan har qaysi fuqaro yagona oila bo‘lib, shodu xurramlikda o‘tkazadi. O‘z oila a’zolari, qadrdonlarini bag‘riga bosib, tanish-notanish barcha insonlarni bayram bilan samimiy qutlaydi, sog‘lik-omonlik, baxt-saodat tilaydi, yurtimizdagi tinchlik-osoyishtalik, ahillik bundan-da mustahkam, osmonimiz hamisha musaffo bo‘lishini so‘rab, duolar qiladi.

Barcha hududlarda bayram sayillari tashkil etilib, sumalak, halim, go‘ja, ko‘k somsa kabi bahoriy ne’matlar dasturxonlarga tortiladi. Shoirlar dilida she’rlar tuziladi:



Munisam, keldingmi boychechak taqib, ¶Qirlarda loladan gulxanlar yoqib. ¶Yuragim to‘lmoqda poyingga boqib, ¶Omon-omonmisan, bormisan o‘zing – suyuk Navro‘zim!
Bekzod Hidoyatov, O‘zA

ZAMONAVIY BANK XIZMATLARI NAMOYISHI

O‘zko‘rgazmasavdo” markazida bank texnologiyalari, asbob-uskunalari va xizmatlari “BankEXPO – 2015” VIII milliy ko‘rgazmasi boshlandi.

Mazkur ko‘rgazma O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Byudjet va iqtisodiy islohotlar hamda Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qo‘mitalari, Banklar assotsiatsiyasi hamda “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Mamlakatimiz moliya-bank tizimi barqaror va ishonchli faoliyat yuritib, yuqori ko‘rsatkichlarni namoyon etib kelmoqda. Bugungi kunda banklar kapitalining yetarlilik darajasi 25 foizdan oshdi. Bu qabul qilingan umumiy xalqaro standartlardan uch barobar ortiqni tashkil etmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki raisining o‘rinbosari A.Haydarov, Banklar assotsiatsiyasi raisi S.Abdullayev va boshqalar mamlakatimiz bank tizimini isloh etish va erkinlashtirishga qaratilayotgan izchil chora-tadbirlar iqtisodiyotimizni barqaror rivojlantirishga xizmat qilayotganini ta’kidladi.

Tijorat banklari tomonidan 2014-yilda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlariga 9 trillion so‘mdan ortiq yoki 2013-yilga nisbatan 1,3 barobar ko‘p, shu jumladan, 2 trillion so‘mga yaqin mikrokreditlar ajratildi. So‘nggi besh yilda kichik biznesni kreditlash hajmi qariyb 5 barobar ko‘paydi. O‘tgan yili tijorat banklarining investitsiyaviy faoliyati ham kengayib, 1 milliard 700 million dollar yoki 2013-yilga nisbatan 20 foiz ko‘p investitsiyalar yo‘naltirildi.

Bugungi kunda mamlakatimizda yigirma oltita bank samarali faoliyat yuritmoqda. Mazkur an’anaviy ko‘rgazma mijozlarni kreditlash shartlari, mexanizmlari va boshqa moliyaviy xizmatlar ko‘rsatish tartiblari, zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalanish darajasi bilan yaqindan tanishtirishga xizmat qilayotir. Unda barcha tijorat banklari, lizing beruvchilar assotsiatsiyasi, yetakchi sug‘urta kompaniyalari, mahalliy va xorijiy axborot texnologiyalari kompaniyalari o‘z mahsulotlari va xizmatlari bilan qatnashmoqda. Zero, ko‘rgazma mijozlarning banklarga bo‘lgan munosabatini shakllantirish, ishonchini mustahkamlash, zamonaviy xizmat turlarini joriy etish va takomillashtirishning istiqbolli yo‘nalishlarini belgilab olishga xizmat qiladi.

Ko‘rgazmada “Trastbank” xususiy aksiyadorlik birja banki o‘z mahsulotlari va xizmatlarini aks ettiruvchi stendlari bilan ishtirok etmoqda. Xususan, bank-moliya muassasalari va mijozlar o‘rtasidagi munosabatlarni yuqori pog‘onaga olib chiquvchi “Trast-mobayl” axborot dasturi namoyish etilmoqda.

– Mazkur xizmat yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun mobil bankning yangi yo‘nalishidir, – deydi “Trastbank” xususiy aksiyadorlik birja banki informatsion texnologiyalar departamenti direktori Kozimjon Domashikov. – Mijozlar mobil qurilmalari ko‘magida “Trast-mobayl” xizmati orqali bankdagi o‘z hisobvaraqlariga oson kirib, ularni mustaqil boshqarib borishi mumkin. “Trast-mobayl” xizmatidan foydalanish uchun “Trastbank” orqali “Internet-bank” tizimiga ulanish, mazkur bank xizmatidan foydalanish haqida shartnoma imzolash hamda dasturiy ta’minotni mobil qurilmasiga ko‘chirish va joylashtirib olish zarur.

“Ipoteka-bank” aksiyadorlik tijorat banki ham hisob-kitob va hisobotlarning yangicha yondashuvlarini shakllantirish, zamonaviy texnologiyalar hamda uslublarni joriy qilish, ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish borasida izlanishlar olib bormoqda. “Ipoteka-bank” hamda O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining G‘aznachilik boshqarmasi mutaxassislari hamkorligida yaratilgan elektron qaydnoma tizimi ko‘rgazmada alohida e’tirof etildi.

– Mazkur tizim orqali byudjet korxonalari va tashkilotlari ishchi-xodimlarining oylik ish haqi, unga tenglashtirilgan to‘lovlari UzASBO (O‘zbekiston byudjet tashkilotlarining avtomatlashtirilgan tizimi) dasturi orqali bankda ochilgan plastik kartalarga avtomat tarzda kirim qilinadi, – deydi “Ipoteka-bank”ning plastik kartalar boshqarmasi boshlig‘i Ulug‘bek Rahmetov. – Mazkur yangi tizimda ish haqi qaydnomalari elektron raqamli imzo bilan tasdiqlangan holda G‘aznachilik boshqarmasidan bankka maxsus himoyalangan kanal orqali jo‘natilib, mijozlarning plastik karta hisobvaraqlariga pul mablag‘lari avtomatik ravishda kirim qilinadi. Bu korxona va tashkilotlar ish haqi qaydnomalarini bankka qog‘oz va elektron ko‘rinishdagi shakllarini taqdim etish uchun sarflangan vaqtni tejash imkonini beradi. Ayni paytda ushbu yangilik 600 dan ziyod byudjet tashkilotlariga joriy etildi.

“BankExpo – 2015”da bu kabi yangiliklar, interaktiv xizmatlar, xususan, internet-banking, bank-moliya muassasalari va mijozlar o‘rtasidagi munosabatlarni yuqori pog‘onaga olib chiquvchi eng so‘nggi axborot dasturlari talaygina. Ko‘rgazmada tadbirkorlikni, xususan, kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarining biznes-rejasini qo‘llab-quvvatlashda banklar bilan keng hamkorlik qilib kelayotgan O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati, “Tadbirkor ayol”, “Hunarmand” uyushmalari, Ijtimoiy tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi va boshqa bir qator tashkilotlar o‘z xizmatlarini namoyish qilmoqda.

– “Mikrokreditbank”ning kollej bitiruvchilariga ajratayotgan sarmoyalari bizga juda ma’qul keldi, – deydi Toshkent moliya va iqtisodiyot kolleji bitiruvchisi Bekzod Narzullayev. – Kollej bitiruvchilari yuridik shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tgach, bankdan eng kam ish haqining 100 barobari miqdorida, fermer bo‘lib ish boshlaganlar esa eng kam ish haqining 200 barobari miqdorida 18 oyga uch foizli kredit olishlari mumkin ekan. Biznes- loyiha tuzib, ana shunday imtiyozlardan foydalanishni o‘z oldimga maqsad qildim.

Ko‘rgazmada “Agrobank”ning plastik kartalar bilan ishlash boshqarmasi tomonidan tayyorlangan “Chakana to‘lovlar yangi qulaylik mobil savdo xizmati” haqidagi taqdimot ko‘pchilikda qiziqish uyg‘otdi. Unda mamlakatimiz iqtisodiyoti uchun plastik kartochkalardan foydalangan holda chakana to‘lovlar tizimini yanada rivojlantirishga olib keladigan ijobiy holatlar, tizimning qulayliklari hamda amalga oshirish tartiblari to‘g‘risida ma’lumotlarga keng o‘rin ajratilgan.

Ko‘rgazma davomida tijorat banklari tomonidan chekka va aholi zich joylashgan tumanlarda faoliyat yuritayotgan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari, ishlab chiqarish mikrofirmalari, dehqon-fermerlar, yosh tadbirkorlarning loyihalarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha o‘tkazilgan tanlovlar g‘oliblari aniqlanadi. Ularga imtiyozli kredit ajratish huquqini beruvchi sertifikatlar topshiriladi.
Sayyora Shoyeva, A'lo Abdullayev (surat), O‘zA

SPORT XABARLARI

Futbol. Iordaniyada xotin-qizlar o‘rtasida 2016-yilgi yozgi Olimpiya o‘yinlarining birinchi saralash bosqichi “B” guruhi uchrashuvlari o‘tkazilmoqda. Musobaqada O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi Falastin, Gonkong va Iordaniya terma jamoalari bilan bahs olib boradi.

Hamyurtlarimiz guruhdagi dastlabki uchrashuvda falastinlik futbolchilarga qarshi maydonga tushdi. O‘yinda to‘liq ustunlikka ega bo‘lgan futbolchilarimiz raqib darvozasiga javobsiz oltita to‘p kiritib, yirik hisobda g‘alaba qozondi. Gollarga Mahliyo Sariqova, Zumradjon Nazarova, Kamola Risqiyeva, Feruza Turdiboyeva, Nargiza Abdurasulova va Nilufar Qudratova mualliflik qildi.

Guruhdagi Iordaniya va Gonkong terma jamoalari o‘rtasidagi bahsda mezbonlar 1:0 hisobida zafar quchdi. Hamyurtlarimiz navbatdagi uchrashuvni 13-mart kuni gonkonglik futbolchilarga qarshi o‘tkazadi.

* * *


Qilichbozlik. Birlashgan Arab Amirliklarining Abu-Dabi shahrida o‘smirlar va kadetlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida hamyurtlarimiz muvaffaqiyatli ishtirok etdi.

Qit’aning yigirmadan ziyod davlatidan eng iqtidorli sportchilar ishtirokida o‘tkazilgan musobaqaning shpaga yo‘nalishi bo‘yicha jamoaviy bahslarida Fayzullo Alimov, Sanjar Sobirov, Sanjar Alimovdan iborat jamoamiz shohsupaning eng yuqori pog‘onasidan joy oldi. Musobaqaning yakkalik bahslarida Fayzullo Alimov bronza medal bilan taqdirlandi.

Shpaga yo‘nalishi bo‘yicha qizlar o‘rtasida o‘tkazilgan yakkalik bahslarida Malika Hakimova oltin medalni qo‘lga kiritdi.
Nurillo Nasriyev, O‘zA

SITORA” QIZLARI YAKKA PESHQADAM



Buxoroda chim ustida xokkey bo‘yicha xotin-qizlar jamoalari o‘rtasida O‘zbekiston chempionati oliy ligasining birinchi-ikkinchi tur uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi.

Musobaqada Buxoro, Samarqand, Xorazm, Farg‘ona va Namangan viloyatlari jamoalari kuch sinashdi.

Chempionatda jamoalar o‘ntadan o‘yin o‘tkazdi. Qizg‘in kechgan bahslarda mamlakatning ko‘p karra chempioni – Buxoroning “Sitora” jamoasi xokkeychilari to‘qqiz bahsda g‘alaba qozonib, 27 ochko jamg‘argan holda musobaqa jadvalida yakka peshqadamga aylandi.

Mamlakatning o‘tgan yilgi chempioni – samarqandlik qizlar bu safar 24 ochko bilan ikkinchi o‘rinni band etib turibdi. Urganch xokkeychi qizlari 17 ochko bilan kuchli uchlikda bormoqda.

Musobaqaning yakunlovchi uchinchi va to‘rtinchi tur o‘yinlari mart-aprel oylarida Farg‘ona shahrida bo‘lib o‘tadi.

Shu kuni viloyatda chim ustida xokkey bo‘yicha oliy liga erkaklar jamoalari o‘rtasida ham mamlakat chempionati o‘tkazildi. Unda barcha uchrashuvlarda g‘alaba qozongan Andijonning “Andijon” jamoasi 30 ochko jamg‘arib, turnir jadvalida yetakchilik qilmoqda.



Erkin Yodgorov, O‘zA

MAHORAT KO‘RIGI

Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati, Xalq ta’limi vazirligi, O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi va boshqa tashkilotlar hamkorligida o‘tkazilayotgan “Kamolot” shaxmat taxtasi” respublika turnirining Buxoro viloyati bosqichi yakunlandi.

Umumta’lim maktablari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari o‘quvchilarining bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ular o‘rtasida sportning shaxmat turini yanada ommalashtirish, iste’dodli o‘g‘il-qizlarni kashf etish va rag‘batlantirish maqsadida o‘tkazilayotgan musobaqaga qiziqish tobora ortib borayotir.

Bu galgi bellashuvlarning tuman va shahar bosqichlarida avvalgi yillarga nisbatan ko‘p – 18 mingdan ziyod o‘g‘il-qiz bahs olib bordi. Ular orasida mahorati e’tirof etilgan 130 nafar yosh shaxmatchi turnirning viloyat bosqichida ishtirok etdi.

Murosasiz kechgan musobaqalar finalida o‘z yosh toifasi bo‘yicha Vobkent tumanidan Sh.Isoyev, B.O‘rinov, Sh.Hamroyeva, Buxoro shahridan B.Naimov, N.Murodova, Peshku tumanidan Sh.Faxriyev, D.Nizomova, G‘ijduvon tumanidan G‘.Muhammedov, Z.Ubaydullayeva, Shofirkon tumanidan G.Najmiddinova birinchi o‘rinni egalladi. Ular “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati viloyat kengashining diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

G‘oliblar turnirning mamlakat bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi.



Erkin Yodgorov, O‘zA


Buxoro davlat universiteti huzuridagi

viloyat Mintaqaviy tadqiqot Markazi (MTM)

www.mtm.buxdu.uz





Download 308.5 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©hozir.org 2020
ma'muriyatiga murojaat qiling

    Bosh sahifa
davlat universiteti
ta’lim vazirligi
O’zbekiston respublikasi
maxsus ta’lim
zbekiston respublikasi
davlat pedagogika
o’rta maxsus
axborot texnologiyalari
nomidagi toshkent
pedagogika instituti
texnologiyalari universiteti
navoiy nomidagi
samarqand davlat
guruh talabasi
ta’limi vazirligi
nomidagi samarqand
toshkent davlat
toshkent axborot
haqida tushuncha
Darsning maqsadi
xorazmiy nomidagi
Toshkent davlat
vazirligi toshkent
tashkil etish
Alisher navoiy
Ўзбекистон республикаси
rivojlantirish vazirligi
matematika fakulteti
pedagogika universiteti
таълим вазирлиги
sinflar uchun
Nizomiy nomidagi
tibbiyot akademiyasi
maxsus ta'lim
ta'lim vazirligi
махсус таълим
bilan ishlash
o’rta ta’lim
fanlar fakulteti
Referat mavzu
Navoiy davlat
haqida umumiy
umumiy o’rta
Buxoro davlat
fanining predmeti
fizika matematika
malakasini oshirish
universiteti fizika
kommunikatsiyalarini rivojlantirish
jizzax davlat
davlat sharqshunoslik