Alisher navoiy nomidagi samarqand davlat universiteti



Download 0,98 Mb.
bet1/11
Sana03.02.2017
Hajmi0,98 Mb.
#1712
  1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   11

O`ZBEKISTON RESPUBLIKASI

OLIY VA O`RTA MAXSUS TA’LIM VAZIRLIGI
ALISHER NAVOIY NOMIDAGI

SAMARQAND DAVLAT UNIVERSITETI

Qo`lyozma huquqida

UDK 811.512.133


BEKQULOVA SHOHISTA RUSTAMOVNA
SARLAVHA STILISTIKASI

(gazeta va badiiy asar(hikoya)lar

materiallari asosida)»

5A220102 – Lingvistika (O`zbek tili) mutaxassisligi

Magistr akademik darajasini olish uchun

yozilgan dissertasiya

Ilmiy rahbar filologiya fanlari doktori,

professor A.Abdusaidov

SAMARQAND - 2013

O`ZBEKISTON RESPUBLIKASI

OLIY VA O`RTA MAXSUS TA’LIM VAZIRLIGI

ALISHER NAVOIY NOMIDAGI

SAMARQAND DAVLAT UNIVERSITETI

BEKQULOVA SHOHISTA RUSTAMOVNA
SARLAVHA STILISTIKASI

(gazeta va badiiy asar(hikoya)lar

materiallari asosida)»
Magistr akademik darajasini olish uchun yozilgan

dissertasiya

Ilmiy rahbar A.Abdusaidov

Rasmiy taqrizchilar: B.Mengliyev,

A.Ochilov

Magistrlik dissertasiyasi o`zbek tilshunosligi kafedrasining 2013 yil 28 maydagi majlisida muhokama qilingan va YaDAK himoyasiga tavsiya etilgan (9-sonli bayonnoma).



Kafedra mudiri A.Abdusaidov

Magistrlik dissertasiyasi YaDAKning 2013 yil ____ iyundagi yig`ilishida himoya qilingan va ____ ball bilan baholangan. (Bayonnoma № ____ )



YaDAK raisi professor I.HAQQULOV

A’zolari: __________________

__________________

__________________

SAMARQAND - 2013


REJA

Kirish. Ishning umumiy tavsifi (Mavzuning dolzarbligi, muammoning o`rganilganlik darajasi, tadqiqotning maqsad va vazifalari, tadqiqot obyekti va predmeti, tadqiqotning metodologik asosi va metodlari, himoyaga olib chiqila-yotgan asosiy holatlar, ishning ilmiy yangiligi, tadqiqot natijalarining ilmiy-nazariy va amaliy ahamiyati).



1. PUBLISISTIK USLUB (GAZETA TILI) va BADIIY USLUBNING LINGVISTIK XUSUSIYATLARI

1.1. Tilshunosliklarda funksional (xususan, publisistik va badiiy) uslublar-ning o`rganilishi.

1.2. Publisistik uslub (gazeta tili)ning lingvistik xususiyatlari.

1.3. Badiiy uslubning lingvistik xususiyatlari.

1.4. Sarlavha funksiyasi.
2. GAZETA SARLAVHASI STILISTIKASI

2.1. So`z - sarlavha stilistikasi.

2.2. So`z birikmasi va gap – sarlavhalar stilistikasi.

2.3. Maqol va frazeologizm – sarlavhalar stilistikasi.


3. HIKOYA JANRI SARLAVHASI STILISTIKASI

3.1. So`z - sarlavha stilistikasi.

3.2. So`z birikmasi va gap – sarlavhalar stilistikasi.

3.3. Maqol va frazeologizm – sarlavhalar stilistikasi.


Xulosa.

Adabiyotlar.

Ilovalar.

KIRISH

Mavzuning dolzarbligi. Axborot oqimi nihoyatda kuchaygan davrda uni tezkor, aniq, mazmunli, qisqa va ta’irchan ifodalash eng muhim muammolardan biriga aylanib boraveradi. Ma’lumki, ommaviy axborot vositalari(OAV)ning jamiyatdagi roli ulkan. Chunki mamlakatimizda barcha sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlarni yoritish, ularning samarasi haqida aholiga keng, aniq, tezkor ma’lumotlar berish, kishilarni yangi rejalar sari yo`naltirishda o`z vazifasini munosib bajarib kel-moqda. OAV vositalari jamiyatimizdagi uch hokimiyat – qonun chiqaruvchi, ijro va sud tizimi bilan birga islohotlarni yoritish, aholini xolis axborot bilan ta’minlash, kishilar ongini shakllantirishda Hukumat va xalq o`rtasida o`ziga xos ko`prik vazifasini bajarmoqda. OAVga qo`yiladigan asosiy talablardan bir tezkor, xolis va ta’sirchan axborot yetkazishdir. Uning ana shu xususiyatlarini davr talabi asosida o`rganish dolzarb masalalardan hisoblanadi. Ta’sirchan axborotni ta’minlashda gazeta sarlavhalarining ham ma’lum darajada o`rni bor.

Mustaqillik yillarida amalga oshirilgan tub islohotlar sabab OAVda janrlar imkoniyatlaridan keng foydalanish, materiallarning mazmun-mundarijasini boyitish, axborotlarning ta’sirchanligini oshirish sohalarida katta ijobiy o`zgarishlar yuz berdi. Gazeta sarlavhalarining o`ziga xosligini ta’minlashga, ularning reklamaliligini oshirishga xizmat qiluvchi til vositalaridan foydalanishga e’tibor kuchaydi. Sarlavha ta’sirchanlikni oshirishda gazeta tilida muhim stilistik vosita hisoblanadi. Istiqlol yillari gazeta sarlavhalarining stilistik xususiyatlarini o`rganish sohasida maxsus ilmiy tadqiqotning hozircha yaratilmaganligi bu sohada izlanishlar olib borishni taqozo etadi.

Jamiyat uchun munosib fuqarolar, eng muhimi, barkamol insonlarning tarbiyasida badiiy adabiyotning o`rni nihoyatda katta. U inson ongiga tez ta’sir eta oladigan va uni har tomonlama tarbiyalaydigan vositalardan biridir. Badiiy asarlar orasida mazmunli va ixcham janrlardan biri hikoyaning ahamiyati juda kattaligini e’tiborga olganda, ularni o`qi-mishli qilish, o`quvchi e’tiborini tortishda sarlavhaning muhim o`rin tutishini unutmaslik lozim. Hikoya sarlavhalarining stilistik xusu-siyatlari, ularning ta’sirchanlikni ifodalashdagi alohida imkoniyatlari maxsus tadqiq etilmagan.

Mavzuning o`rganilganlik darajasi. O`zbek tilshunosligida publisistik uslub, xususan, gazeta tili va uslubi, gazeta janrlarining o`ziga xos xususiyatlari K.Yusupov, A.Boboyeva, S.Muhamedov, T.Qurbonov, A.Abdusaidov tomonidan ma’lum darajada tadqiq etilgan1. Gazeta sarlavhalarining struktur-grammatik, semantik-stilistik xususiyatlari to`g`risida A.Shomaqsudov, I.Toshaliyev, A.Boboyeva, P.Rustamov, B.Yo`ldoshev, B.Mirzayev, A.Abdusaidovlarning tadqiqotlari mavjud2.

O`zbek tilshunosligida keyingi yillar gazetalari materiallari asosida sarlavhalarning uslubiy xususiyatlari, matn bilan uyg`unligi, adabiy me’yorga rioya qilish kabi muammolar maxsus o`rganilgan emas. Shuningdek, badiiy asar, xususan, hikoyalarning sarlavhalari maxsus tadqiqot obyekti bo`lgan emas.



Tadqiqot ishining kafedra ilmiy tadqiqot ishlari rejasi bilan bog`liqligi. Alisher Navoiy nomidagi Samarqand davlat universiteti o`zbek tilshunosligi kafedrasining 2011-2015 yillarga mo`ljallangan “O`zbek tili birliklarining funksional-pragmatik va semantik-uslubiy tahlili (sinxron va diaxron aspekt)» mavzuidagi ilmiy-tadqiqot ishlari rejasining “Ommaviy axborot vositalarida o`zbek tili birliklarining funksional-semantik va pragmatik tahlili” bandiga asosan bajariladi.

Tadqiqot manbai va tadqiq usullari. Magistrlik dissertasiyasida “Xalq so`zi”, “Zarafshon”, “Samarqand”, “Darakchi” gazetalari va o`zbek hikoya-navislari, xususan, Abdulla Qahhor, G`afur G`ulom, Shukur Xolmirzayev hikoyalari materiallaridan foydalanildi. Dissertatsiyada tilshunoslik fanlari sohasida keyingi yillarda yaratilayotgan ilmiy ishlarda tatbiq etilayotgan usullardan, xususan, tavsiflash, qiyoslash, semantik-stilistik, qisman statistik tadqiqot usullaridan foydalanildi.

Magistrlik dissertatsiyasining maqsad va vazifalari. Sarlavha axborotni ixcham, mazmunli ifodalashda gazeta tili va badiiy asarda o`ziga xos xususiyatlarga ega. Sarlavhaning gazeta tilida ta’sirchanlik va reklamalilikni ta’minlashda hamda badiiy asar(hikoya)da mavzuni yoritish va ifodalashdagi stilistik xususiyatlarini tadqiq etish maqsad qilib olingan.

Himoyaga olib chiqiladigan masalalar quyidagilar:

- Tilshunosliklarda, jumladan, o`zbek tilshunosligida funksional uslublar atroflicha o`rganilgan, publisistik uslub (gazeta tili) va badiiy uslubning lingvistik xususiyatlari tahlil etilganiga qaramasdan, uslublararo aloqalar, ularning o`ziga xos va o`xshash tomonlarini qiyosiy tadqiq etish sohasida muammolar mavjud.

- Sarlavha funksiyasiga ko`ra publisistik uslub va badiiy uslubda tegishli xoslangan vazifalarni bajaradi.

- Gazeta sarlavhasining so`z, so`z birikmasi, gap, maqol va frazeologizm kabi til birliklari bilan ifodalanishi o`ziga xos stilistik jihatlarga ega.

- Badiiy asar, xususan, hikoyalar sarlavhalarining til birliklari bilan ifodalanishidagi stilistik xususiyatlari ham alohida e’tiborni tortadi.

- Gazeta va hikoya sarlavhalari mavzuni ifodalash, mazmunni yoritish, ixchamlik nuqtai nazaridan hamda uslubiy maqsadlarni amalga oshirish jihatidan o`xshash va farqli xususiyatlarga ega.

- Sarlavhani to`g`ri tanlash o`zbek tilning keng imkoniyatlarini namoyon qilish, nutq madaniyatini oshirish, ta’sirchanlik va reklamalilikni ta’minashga xizmat qiladi.



Tadqiqotning ilmiy va amaliy ahamiyati. Magistrlik dissertatsiyasi sifatida mavzuni o`rganish kelgusida ushbu soha bo`yicha doktorlik disser-tatsiyasini tayyorlashga yo`naltiradi, masalaga yosh ilmiy-tadqiqotchilar e’tiborini qaratish, kurs ishi, referat ishi va maxsus ilmiy maqolalar yaratishga undaydi. O`zbekiston Respublikasining «Ta’lim to`g`risida», «Kadrlar tayyorlash milliy dasturi», “Ommaviy axborot vositalari to`g`risida»gi qonunlari talablari nuqtai nazaridan qaraganda, bugungi kunda tayyorlanayotgan mutaxassislar jahon andozalariga javob bera oladigan, chuqur bilimli, nazariy bilimini amaliyot bilan mohirona bog`lay oladigan va qo`llaydigan yetuk kadrlar bo`lishi lozim. Tadqiqot materiallaridan “Nutq madaniyatining hozirgi davr muammolari” tanlanma fani, “Hozigi o’zbek adabiy tili” fanini o’qitishda foydalanish mumkin.

Ishning sinovdan o`tishi. Tadqiqot natijalari bo`yicha SamDU professor-o`qituvchilari, magistrantlari va talabalarining 2012 va 2013 an’anaviy ilmiy konferensiyalarida ma’ruzalar qilingan. Kafedraning 2011-2012 va 2012-2013 o`quv yili yakunlari bo`yicha hisobot majlislarida dissertatsiyaning asosiy natijalari e’lon qilingan. Dissertatsiya o`zbek tilshunosligi kafedrasining 2013 yil 28 maydagi 9-majlisida dastlabki himoya sifatida muhokama qilinib, himoyaga tavsiya etilgan.

Tadqiqot natijalarining e’lon qilinganligi. Dissertatsiyaning asosiy mazmuni SamDU va O`zMU ilmiy maqolalar to`plamlarida nashr etilgan 5 ta ilmiy maqolada o`z aksini topgan.

Dissertatsiyaning tuzilishi va hajmi. Dissertatsiya kirish¸ uch asosiy bob, xulosa, foydalanilgan adabiyotlar ro`yxati va ilovadan iborat. Ishning umumiy hajmi 98 sahifani tashkil etadi.

1. PUBLISISTIK USLUB (GAZETA TILI) va BADIIY USLUBNING LINGVISTIK XUSUSIYATLARI


    1. Tilshunosliklarda funksional (xususan, publisistik va

badiiy) uslublarning o`rganilishi3
Funksional uslublar va ularning tasnifi haqida. Jahon tilshunosligi, xususan, rus tilshunosligi va turkologiyada fuksional uslublarni tasnif qilish hamda o`rganish sohasida muhim tadqiqotlar yaratilgan. O`zbek tilshunosligida funksional uslublarni tasniflashda bugungi kunda deyarli yakdil fikrga kelingan. Bu holat ko`plab muhim tadqiqotlarning yaratilishiga asos bo`moqda.

Tilshunoslikda uslub (stil) termini to`g`risida, uni tushunish borasida turlicha fikrlar mavjud. O`zbek tilshunosligida uslub haqida bildirilgan fikrlarni umumlashtirishga urinish va uning mukammal ta’rifini yaratishga oid mulohazalar ham uchraydi. «Stil tilning jamiyat ijtimoiy faoliyatining ma’lum tomoni bilan bog`langan o`ziga xos lug`ati, frazeologik birikmalari, grammatik qurilmalari bilan xuddi shunday boshqa turlaridan, o`z ichki xususiyatlari bilan ham tafovut qilib turuvchi podsistemasidir. Demak, har bir uslub - podsistema boshqa uslub-dan - podsistemalardan o`ziga xos lug`aviy qatlami, turg`un birikmalari, morfologik shakllari, sintaktik tuzilishi bilan farqlanib turadi. Ammo bu, demak, uslublar o`ziga xos xususiyatlari bilan bir-birlaridan tamoman farq qiladi degan gap emas, albatta.

Har bir tildagi uslub turlari uchun umumiy bo`lgan shu tilning umumiy lug`at fondi, shakllar va sintaktik qurilmalar, erkin va turg`un birikmalar bo`ladi. Bu esa uslub turlarining hammasini bir milliy-adabiy tilga birlashtiradi»2. Ushbu ta’rif tilshunoslik nuqtai nazaridan bir muncha mukammal hisoblansa-da, adabiyotshunoslik va san’atshunoslikda uslub termini boshqa ma’noda tushuniladi3.

Uslub tushunchasi haqida turlicha fikrlar mavjud bo`lgani singari vazifaviy uslublar va ularning tasnifi masalasida ham har xil qarashlar bildirilgan4. V.V.Vinogradov tasnifi tilning funksiyasiga ko`ra atroflicha qamrab olinganligi bilan tilshunoslikda muhim ahamiyatga ega bo`lib qoldi. U muomala uslubi (obixodno-delovoy) tilning aloqa vazifasiga; rasmiy (obixodno-delovoy), rasmiy-hujjat (ofisialno-dokumentalnыy) va ilmiy uslublar xabar vazifasiga; publisistik va badiiy uslublar ta’sir etish vazifasiga oidligini ko`rsatadi5.

Tasnif qilish prinsipida bir xil qarashning yo`qligi, ba’zi olimlar bir butun umumxalq tilini, ba’zilar faqat adabiy tilni hisobga olgan holda uni ekspressiv-emotsionallik, ekspressiv-janr va funksional-uslubiy tamoyillar asosida uslublarga bo`ladilar. Natijada uslublar soni va ularning nomlanishida xilma-xillik yuzaga keladi6.

Tilshunoslikda til uslublari turli nuqtai nazardan tasnif qilinib, ularning soni to`rttadan yettitagacha ko`rsatiladi. Keyingi yillarda esa ularning miqdori beshta deb qayd etila boshlandi7. Til uslublarini nomlashda 42 ta termin ishlatilgan8.

O`zbek tilshunosligida quyidagi uslublar ajratib ko`rsatilganligi va yakdil fikrga kelinganligi sohada ko`plab tadqiqotlarning yaratilishiga sabab bo`ldi: 1) so`zlashuv, 2) rasmiy(hujjat), 3) ilmiy, 4) publisistik, 5) badiiy uslublar. Bu tasnif o`zbek tilshunosligida mustahkam o`rin egallagan9.

Ma’lumki, til birliklaridan ijtimoiy munosabatlarda, avvalo, ehtiyojlardan kelib chiqib, nutq mavzusi va vaziyatga qarab turlicha foydalaniladi. Til birliklaridan tanlab foydalanish o`ziga xos uslubiy chegaralanishni taqozo qiladi. Til birliklarini ijtimoiy muhitda tanlab ishlatish zarurati va ularni tilshunoslikda ilmiy-amaliy tahlil qilish uslubshunoslikda yangi sohani – vazifaviy uslubshunoslikni vujudga keltirdi.

“Tilshunoslikning stilistika sohasi bilan shug`ullangan deyarli barcha taniqli olimlar funksional uslublarga o`z munosabatlarini bildirganlar, ularning tasnifini berishga harakat qilganlar. Bu tasniflardan birining ikkinchisiga aynan o`xshaydiganlari kam. Tadqiqotchilarning biri ajratganlarini ikkinchisi birgalikda olib qaraydi, yoki aksincha, birgalikda olib qaralgan holatlar ajratiladi. Shunday qilib, funksional uslublar soni o`ntagacha ko`rsatiladi: badiiy-belletristik, ijtimoiy-publisistik (matbuot), ilmiy bayon, texnik-ishlab chiqarish, rasmiy-hujjat (idoraviy), epistolyar, neytral, notiqlik, maishiy nutq, diniy kabi. Bu tasniflarning ko`pchiligida asosan beshta uslub takrorlanadi: so`zlashuv uslubi, rasmiy uslub, ilmiy uslub, publisistik uslub, badiiy uslub. O`zbek tili stilistikasida ham funksional uslublar uchun ana shu tasnif asos qilib olingan.1

Tasniflar borasida o`z mulohazalarini bildirgan ayrim mualliflar, masalan, M.Balakayev, V.Bondaletov, X.R.Kurbatov, A.I.Chijik-Poleykolar funksional uslublarni bunday tasnif qilgunga qadar, avvalo, ikkiga – yozma (kitobiy) va og`zaki (so`zlashuv) stillariga bo`lib qarash lozim, deb hisoblaydilar.

A.Shomaqsudov bu haqdagi fikrini birmuncha keng bayon qilgan: «Stil turkumlarini tilning aloqa formalari – og`zaki yoki yozma nutq ko`rinishlari bo`yicha belgilash tarafdori bo`lganlar fikriga to`la qo`shilib bo`lmaydi. Chunki, birinchidan, bu nutq ko`rinishlarining stillar bilan chatishib ketgan, bog`langan bo`lishi, ularga hali to`la ma’noda stillar turkumiga kirish huquqini bermaydi, ikkinchidan, og`zaki yoki yozma nutk o`zining belgi xususiyatlari bilan til stillaridan farqlanib turuvchi ayrim hodisadir, uchinchidan, u tarixiy hodisa bo`lib, til taraqqiyoti bilan bog`liq holda doim o`sish, o`zgarish xususiyatiga ega bo`lgan stillarni tilning aloqa formalari (og`zaki va yozma) doirasi bilan chegaralab bo`lmaydi».4

A.Sulaymonovning «Til stillari haqida» maqolasida shunday fikrlar ifodalangan: «Stilistikaning vazifasi u yoki bu stilda yoki nutq formasida, ya’ni og`zaki va yozma nutqda, qanday til hodisalari ko`proq qo`llanilishini aniqlashdan iboratdir»2 . Olim til stillarini yozma va og`zaki so`zlashuv stillariga ajratgan. G`.Abdurahmonov tasnifida ham shunday yondashish mavjud: «Ma’lumki, nutq ikki xil (yozma va og`zaki) nutqdan iborat. Yozma nutq: 1) badiiy nutq, 2) ilmiy nutq, 3) publisistik nutq, 4) rasmiy nutq, 5) neytral nutqdan iboratdir. (Bu nutq turlari ayrim adabiyotlarda stilistik qatlamlar sifatida talqin qilinadi). Og`zaki nutq esa turli ijtimoiy qatlamlarning nutqlaridan, turli sheva nutqlaridan tashkil topadi. Nutq stili quyidagi qatlamlardan iborat bo`ladi: 1) neytral stil, 2) tantanali stil, 3) intim stil, 4) yumoristik va satirik stil, 5) rasmiy stil. Nutqda (xoh yozma, xoh og`zaki bo`lsin) bu stil qatlamlari aralashib keladi, nutq janriga ko`ra biror stilistik qatlam yetakchi, asos bo`ladi»5.

I.Qo`chqortoyev “o`zbek adabiy tili doirasida badiiy, ilmiy, ijtimoiy-siyosiy uslublarning o`ziga xos xususiyatlari, ularni bir-biridan farqlaydigan belgilar ma’lum darajada aniq sezilib turadi»6, deb hisoblaydi. Funksional uslublar tasnifi S.Muhamedov tadqiqotlarida ham uchraydi7.

Funksional uslublar ajratib ko`rsatilgani holda, til birliklarini qo`llashda ijtimoiy xoslanish va umumiylik nazarda tutilgan. Chunki til birligi faqat shu uslubga tegishli, deyish mantiqan asossiz hisoblanadi. Har bir uslub o`ziga xos xususiyatlarga, qo`llanilishi chegaralangan leksik birliklariga, ifoda imko-niyatlariga ega.

O`zbek tilshunosligida beshta uslubning xarkterli xususiyatlari olimlar tomonidan yaxshi o`rganilgan. Ularga asoslanib, uslublarga xos asosiy xususiyatlar sifatida quyidagilarni qayd etish mumkin:

Rasmiy uslub hozirgi o`zbek tilining davlat-ma’muriy, huquqiy muassasalarida, rasmiy diplomatik munosabatlarida namoyon bo`ladigan ko`rinishidir. Qonun matnlari, farmonlar, farmoyishlar, buyruqlar, xullas, barcha rasmiy ish qog`ozlari ana shu uslubda shakllanadi. Bu uslubning og`zaki va yozma ko`rinishlari, binobarin, ushbu ko`rinishlarning o`z me’yorlari mavjud. Jumladan, aniqlik. Ushbu uslubda shakllangan matnda noaniqlikka, izohtalab o`rinlarga yo`l qo`yilmasligi lozim. Fikr va mazmun sodda, aniq va tushunarli tilda bayon qilinishi kerak.

Qolip. Ariza, qaror, bildirishnoma, ma’lumotnoma, shartnoma, tabriknoma singari turli xarakterdagi rasmiy hujjatlarning har birining o`ziga xos bayon etish qolipi bo`ladi. Ayni paytda, ularning har birining alohida so`z va turg`un birikmalari ham mavjud bo`ladi.

Ushbu uslub uchun jargonlar, oddiy so`zlashuvga xos so`zlar, emosional-ekspressiv bo`yoqqa ega bo`lgan so`zlarning ishlatilishi me’yor sanalmaydi va shu jihati bilan boshqa uslublardan keskin farq qiladi.

Rasmiy uslubning grammatik me’yori ham alohida xususiyatlarga ega. Masalan, ot so`z turkumiga oid so`zlar ko`p ishlatiladi. Noaniqliklarga yo`l qo`ymaslik maqsadida ular olmoshlar bilan almashtirilmaydi. Bu us-lubda fe’lning harakat nomi shakli faol qo`llaniladi, gapning kesimi ko`pincha hozirgi zamonning majhul nisbatida ifodalanadi, hujjatning xarakteriga qarab shart mayli shakliga tez-tez murojaat etiladi.

Rasmiy uslubda yozilgan matnlar uchun barcha morfologik vositalar va kategoriyalarning qo`llanilishi bir xil darajada emas. Masalan, son va olmoshlar bu uslubda boshqa so`z turkumlariga qaraganda ikkinchi darajali omil hisoblanadi.

Rasmiy uslubning sintaktik xususiyatlari ajralib turadi. Masalan, unda darak gap, ayniqsa, qo`shma gap shakli ko`p ishlatiladi. Yoyiq va murakkab so`z birikmalari mahsuldor hisoblanadi, murakkab tipdagi nom-lar keng qo`llaniladi. Gap tuzilishida o`zbek tilidagi odatdagi me’yorga amal qilinadi va yuqorida sanalgan jihatlari bilan ilmiy uslubga o`xshab ketadi.

Ilmiy uslub ilmiy asarlar uslubidir. Til birliklarining fan sohasida, ilmiy bayon jarayonida ishlatilishi mazkur uslubning shakllanishiga asos bo`ladi. Ilmiy uslubning janr xususiyatlari ham keng. Monografiya, risola, darslik, o`quv qo`llanmasi, o`quv-uslubiy qo`llanma, dastur, ma’ruza matnlari, taqriz, referat singarilar uning ana shu janr ko`rinishlari hisoblanadi. Garchi ularning har birining bayon usuli va uslubi ma’lum darajada bir-birlaridan farq qilsa-da, til birliklaridan foydalanish me’yoriga ko`ra umumiylikni tashkil etadi.

Ilmiy uslubga xos xususiyatlar quyidagilardan iborat:

1. Aniqlik. Har qanday ilmiy bayon, xulosa, shubhasiz, aniqlikni talab qiladi. Shuning uchun bu uslubda so`zlarni aniq, asosan bir ma’noda qo`llash, sinonimik qatordagi variantlardan masalaning mohiyatini birmuncha aniq ifoda etadigan variantini tanlash, hyech bo`lmaganda, neytral variantini qo`llash taqozo etiladi. Terminlarni qo`llash bu uslubning asosiy xususiyati sanaladi.

2. Obyektivlik. Ilmiy adabiyotlarda bu uslub doirasida til mate-riali fikrning haqqoniyligi, obyektivligiga xizmat qilishi lozimligi uqtiriladi8. Ma’lum bo`ladiki, haqqoniylik, obyektivlik nihoyatda murakkab jarayon bo`lib, uning reallashuvida faqatgina til birliklariga tayanib ish ko`rish qiyin. Uni vaziyat, suhbatdoshlarning bir-birlarini bilishi va tushunishi kabi ekstralingvistik omillar ham belgilashi mumkin.

3. Mantiqiy izchillik ilmiy bayon uslubining o`ziga xos xususiyatini tashkil etadi. Matnda so`zlar, gaplar, abzaslar o`zaro mantiqiy bog`langan bo`lishi lozim. Shuning uchun ham ilmiy matnlar bu izchillikni yuzaga keltiruvchi ma’lumki, ma’lum bo`ladiki, ta’kidlash lozimki, ta’kidlash o`rinliki, darhaqiqat, binobarin, shunday ekan, birinchidan, ikkinchidan, ko`rinadiki, ta’kidlash joizki, xulosa qilib aytganda, xulosa qilganimizda, birgina misol, faqat bugina emas singari ko`plab bog`lovchi vazifasini bajaradigan so`z va birikmalar qo`llaniladi.

4. Qisqalik. Bu xususiyat aynan ilmiy bayonga xos xususiyatdir. Shuning uchun unda tilning tasviriy imkoniyatlaridan deyarli foydalanilmaydi. Gaplar darak mazmunida bo`lib, asosan sodda yoyiq holda bo`ladi. Agar fikr qo`shma gaplar yordamida ifodalansa, bog`lovchilarning faol ishlatilishi kuzatiladi.

Ilmiy uslub leksikasida sohaviy atamalar ko`p ishlatiladi. Bu uslubda ham, xuddi rasmiy uslubda bo`lgani kabi, so`zlarni ko`chma ma’nolarda qo`llash, tasviriy vositalardan unumli foydalanish xos xususiyat sanalmaydi. Muallif individualligining kam sezilarli bo`lishi ham ilmiy uslubning o`ziga xos xususiyatlaridan biridir.

Ilmiy uslubning morfologik xususiyatlari to`g`risida M.Mukarramovning «Hozirgi o`zbek adabiy tilining ilmiy stili» monografiyasida qimmatli fikrlar bildirilgan. Ilmiy uslubda faqat adabiy tilda me’yor sifatida e’tirof etilgan grammatik ko`rsatkichlardan foydalaniladi. So`z turkumlaridan ot faol, ko`pincha, takror qo`llanadi. Subyektiv baho shakllari xos emas. –lar ko`plikdan boshqa semantik-uslubiy ma’nolarni ifodalamasa-da, atama hosil qilishda ishtirok etadi. Umumiy egalik ustun turadi, I-II shaxs qo`shimchalari ishlatilmaydi, III shaxs shakli faol. Undov va taqlid so`zlar ham bu uslubga xos emas. Yuklamalarning esa imkoniyati chegaralangan.

Ilmiy nutq uchun deyiladi, aytiladi, yoritiladi, bayon qilinadi, aniqlanadi, tekshiriladi, foydalaniladi, ta’riflanadi singari xoslangan fe’llar mavjud. Fe’lning majhul daraja shakli ham bu uslub uchun xos. Ammo hozirgi-kelasi zamon shaklidan tashqari xarakterli zamon ko`rsatkichi yo`q. Kishilik olmoshlari kam qo`llaniladi. Bu gap faqat muallif va men ma’nolarida qo`llaniladigan hamda kamtarlik ma’nosini ifodalaydigan biz olmoshiga tegishli emas.

Ilmiy uslubda bayon etilayotgan matnning sintaktik qurilishi fikriy tugallikka, mantiqiy izchillikka xizmat qiladi hamda bayonning tabiatidan kelib chiqib, bir tarkibli gaplarning shaxssiz, shaxsi umumlashgan turlari faol. Undov, atov gaplar qo`llanilmaydi, nutq monologik xarakterda bo`ladi. Rasmiy uslubdagiga o`xshab gap tuzilishining odatdagi tartibi qo`llaniladi. Qo`shma gap faol ishlatiladi. Darak gap asosiy mavqyeni egallaydi, so`roq va buyruq gaplar deyarli qo`llanilmaydi.



Publisistik uslub. O`zbek tilshunosligida publisistik uslub T.Qurbonov tomonidan maxsus o`rganilgan9. Tadqiqotlarda publisistik uslub ommaviy axborot vositalari, xususan, gazeta, jurnal, radio, televideniye materiallari uslubi ekanligi qayd etilgan. Gazeta va jurnallarning materiallari adabiy tilning o`ziga xos ko`zgusi hisoblanadi. O`zbek tilshunosligida A.Boboyeva, K.Yusupov, A.Abdu-saidov va boshqalarning ilmiy izlanishlarida gazeta tiliga xos belgilar ko`rsatilgan10.

Keyingi yillarda radio va televideniye tilini o`rganish sohasida ayrim tadqiqotlar yuzaga keldi. Ma’lumki, radio tili funksional uslublar orasida publisistik uslubning bir tarmog`i hisoblanadi. Unga baho berishda publisistik uslubning o`ziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda yondoshish, ya’ni funksional-stilistik xususiyatlarini yoritish muhimdir. Tadqiqotchilar ta’kidlagani-dek, “Radiomatn har qanday matnga xos belgilarga ega. U: 1) lisoniy bo`lmagan borliqqa taalluqli; 2) mazmunan tugallangan; 3) muayyan ohangli; 4) kommunikativ maqsadga yo`naltirilgan; 5) tinglovchilar auditoriyasiga mo`ljal-langan; 6) lisoniy, tarkibiy va kompozision tuzilishga hamda biror janrga xos bo`ladi”11.

Keyingi yillarda OAVda nutq madaniyati masalalarini o`rganishga doir maxsus ilmiy tadqiqotlar yaratildi. Masalan, D.Teshaboyevaning «Ommaviy axborot vositalari tilining nutq madaniyati aspektida tadqiqi (O`zbekiston Respublikasi OAV misolida)» mavzuidagi doktorlik dissertastiyasida davlat OAV tilining nutq madaniyati me’yoriylik, kommunikativlik va etik aspektlarda o`rganilgan12 tadqiqot sifatida katta ilmiy ahamiyatga ega. Unda "Zamonaviy televideniye tilining asosiy xususiyatlari" atroflicha yoritilgan. Chunki o`zbek tilshunosligi yoki jurnalistikasida televideniye tili hozirgacha maxsus o`rganilmagan.

Publisistik uslubning asosiy xususiyatlaridan yana biri tilning yangi so`z va iboralar bilan boyib borishiga sabab bo`ladi. Jamiyat rivoji, iqtisodiy, siyosiy, ma’naviy-ma’rifiy o`zaro aloqalar tufayli boshqa tillardan kirib kelgan so`z va birikmalarning ommalashishiga, o`zlashishiga ham sabab bo`ladi.



Badiiy uslub o`zbek tili vazifaviy uslublari orasida o`ziga xos mavqyega ega bo`lib, ayni paytda, o`zining alohida me’yorlariga ham ega. Mazkur uslubning xususiyatlari professor S.Karimov tomonidan atroflicha o`rganilgan13. Til materialini qamrab olish imkoniyatining kengligi, umumxalq tilida mavjud bo`lgan barcha lingvistik birliklarning, shu bilan birga, boshqa vazifaviy uslublarga xos bo`lgan elementlarning ham ishlatilaverishi va ularning muhim bir vazifaga – badiiy-estetik vazifani bajarishga xizmat qilishi badiiy uslubning asosiy xususiyati hisoblanadi. Tabiiyki, bunday imkoniyatlar boshqa vazifaviy uslublarda chegaralangan.

Til vositalarini qo`llashdagi ana shu keng qamrovlilik bo`lishi bilan birga, bu uslub doirasida ularni qo`llashning ma’lum me’yorlari ham amal qiladiki, fonetik, grammatik, leksik va frazeologik xususiyatlar tarzida ko`zga tashlanadigan ana shu me’yorlar uni boshqa vazifaviy uslublardan chegaralash imkonini beradi.

Badiiy adabiyotning komil insonni tarbiyalash, uning ma’naviy olamini boyitishdan tashqari, so`z san’ati sifatida, savodxonlikni ta’minlash, nutq madaniyati va mahoratini oshirishdagi roli ham beqiyosdir. Prezident Islom Karimov to`g`ri ta’kidlaganidek, «Insonni, uning ma’naviy olamini kashf etadigan yana bir qudratli vosita borki, u ham bo`lsa, so`z san’ati, badiiy adabiyotdir. Adabiyotning insonshunoslik deb, shoir va yozuvchilarning esa inson ruhining muhandislari, deb ta’riflanishi bejiz emas, albatta»14.

So`zlashuv uslubi kishilarning kundalik rasmiy-norasmiy, erkin muomalalari doirasida til birliklarining o`ziga xos tarzda amal qilishidir. Uni ma’lum ma’noda tildagi boshqa uslublarga qarama-qarshi qo`yish mumkin. Bu uslubning o`ziga xos xususiyati nutq jarayonida til va tildan tashqari omillarning uyg`un bo`lishida ko`rinadi. Ayni paytda, bu holat so`zlashuv uslubidagi me’yoriy holatlarni belgilashni qiyinlash-tiradi. Chunki tildan foydalanuvchining shaxsi, buning ustiga, nutqiy vaziyat yagona bir me’yorni tayin etishga imkon bermaydi.

Professor B.O`rinboyev tadqiqotlarida so`zlashuv uslubining xususiyatlari atroflicha o`rganilgan15. So`zlashuv uslubi ham boshqa vazifaviy uslublar kabi fonetik, leksik, grammatik o`ziga xosliklarga ega. Nutqda tovushlarning uyg`unlashuvi (ketti, ottan, yigichcha), bir tovush o`rnida ikkinchisining talaffuz qilinishi (traktir, zaril, bironta), tovushlarning o`rin almashishi (turpoq, aynalmoq), tovushlarning orttirilishi (o`ramol, fikir, banka), tushirib qoldirilishi (gazet, burni, egni) kabi fonetik hodisalar, avvalo, so`zlashuv uslubida namoyon bo`ladi.

So`zlashuv uslubi leksikasida ikki qatlam alohida ajralib turadi. Birinchi qatlam – bu kundalik turmush muomalasida faol qo`llaniladigan ijtimoiy hayot va uy-ro`zg`or yumushlari bilan bog`liq so`zlar. Bundan tashqari, bu uslubda «…siyosat, san’at, madaniyat, sport va so`zlovchining kasb-hunarga mansub xilma-xil narsa va hodisalarni ifodalovchi umumadabiy leksika ko`plab ishlatiladi»16.

Ikkinchi qatlam - og`zaki nutqdagi ekspressiv bo`yoqqa ega bo`lgan so`zlar. Ular neytral qiymatdagi so`zlar bilan sinonimik munosabatga kirisha oladi: kichkina (bolagina), yiqildi (quladi), buzoq (ish bilmas, galvars), og`zi ochiq (yig`loqi) kabi.

Bu uslubning burnini ko`tarmoq, ko`zini shira bosmoq, qo`li kaltalik qilmoq singari o`z frazeologizmlari mavjud. Kishi nomlari Abdi, Bek, Zuli, Dili singari qisqartirib ishlatish mumkin. So`zlarning metonimik ko`lami juda keng tarqalgan. Masalan: auditoriya kuldi, kengash bo`ldi, dasturxonga o`tirdi, samovarga chiqdi kabi. So`zlashuv uslubida nutqiy vaziyatning ahamiyati juda katta. Salom, assalomu alaykum, vaalaykum assalom, xayr, ha, yo`q, albatta, aha, xo`p singari so`zlar nutqda ko`p ishlatiladi. So`zlashuv nutqi kitobiy nutqdan bir qadar farq qilib, Asal, asal, barmog`ingni tishlab olasan; Ish, faqat tugmachani bossang bas; Kechaday kecha; Boladay bola kabi gap shakllari odatdagi hol hisoblanadi.

Kitobiy nutq uchun bog`lovchisiz qo`shma gaplar, odatda, xos emas, og`zaki so`zlashuv nutqi uchun esa, aksincha, xarakterlidir. So`zlashuv nutqidagi sodda gaplar ko`pincha fe’l bilan ifodalangan kesimning yo`qligi bilan xarakterlanadi. Hatto ba’zan shunday holatlar ham bo`ladiki, bunday gaplarga fe’l-kesimni qo`yib ham bo`lmaydi. Masalan, Biz siznikiga. Biz magazinga. Men, odatda, ishga avtobusda, ishdan piyoda kabi.

So`zlashuv uslubiga xos xususiyatlarni yaxshi bilish o`quvchilar nutqiga xos dialektal kamchiliklarni aniqlash, ularni bartaraf etish, ularning adabiy til me’yorlariga amal qilishlarini ta’minlashda yordam beradi. Funksional uslublar tasnifida o`zbek tilshunosligida beshta uslub e’tirof qilingan va ularning o`ziga xos jihatlari umumiy tarzda to`la yoritib berilgan. Hozirgi kundagi asosiy vazifalardan biri uslublararo aloqa va til birliklarining xoslanishini atroflicha tadqiq etishdan iboratdir.


Download 0,98 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
  1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   11




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©hozir.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling

kiriting | ro'yxatdan o'tish
    Bosh sahifa
юртда тантана
Боғда битган
Бугун юртда
Эшитганлар жилманглар
Эшитмадим деманглар
битган бодомлар
Yangiariq tumani
qitish marakazi
Raqamli texnologiyalar
ilishida muhokamadan
tasdiqqa tavsiya
tavsiya etilgan
iqtisodiyot kafedrasi
steiermarkischen landesregierung
asarlaringizni yuboring
o'zingizning asarlaringizni
Iltimos faqat
faqat o'zingizning
steierm rkischen
landesregierung fachabteilung
rkischen landesregierung
hamshira loyihasi
loyihasi mavsum
faolyatining oqibatlari
asosiy adabiyotlar
fakulteti ahborot
ahborot havfsizligi
havfsizligi kafedrasi
fanidan bo’yicha
fakulteti iqtisodiyot
boshqaruv fakulteti
chiqarishda boshqaruv
ishlab chiqarishda
iqtisodiyot fakultet
multiservis tarmoqlari
fanidan asosiy
Uzbek fanidan
mavzulari potok
asosidagi multiservis
'aliyyil a'ziym
billahil 'aliyyil
illaa billahil
quvvata illaa
falah' deganida
Kompyuter savodxonligi
bo’yicha mustaqil
'alal falah'
Hayya 'alal
'alas soloh
Hayya 'alas
mavsum boyicha


yuklab olish