2. Jamoatchilik nazorati tizimi
Jamoatchilik nazorati juda qadim zamonlardan buyon mavjud. Masalan, ibtidoiy jamoada shaxs xulqini jamoa nazorat qilgan. Agar shaxs xulq-atvorida jamoa tomonidan qabul qilingan me’yorlardan og‘ish bo‘lsa, jamoa a’zolari turli sanksiyalar yordamida uning xulqini tegishli tomonga o‘zgartirgan.
O‘zbekistonda qadimdan o‘zini o‘zi boshqarish organi bo‘lgan mahalla nazoratchilik funksiyalarini ham bajargan. Bunday funksiyani mahalla jamoasi yuqoridan tushirilgan farmonlar, buyruqlar va boshqa huquqiy me’yorlarga munosabat bildirish shaklida ifodalagan.
Jamoatchilik nazorati uzoq tarixga ega bo‘lsa ham, uni ilmiy tushuncha sifatida fanga ijtimoiy psixologiyaning asoschilaridan bo‘lgan T.Tard olib kirdi. Uning talqinida mazkur tushuncha jinoyatchining xulq-atvorini me’yoriy qoidalar doirasiga qaytarish uchun qo‘llaniladigan usullar majmuini ifodalagan. Keyinroq, bu tushunchaning mazmuni ancha kengaydi. Bunday kengayish amerikalik sotsiologlar E.Ross va R.Park tadqiqotlari tufayli yuz berdi. Ularning talqinida jamoatchilik nazorati individga uning xulq-atvorini ijtimoiy me’yorlarga mos keltirish maqsadida o‘tkaziladigan ta’sirni anglatadi.
Amerikalik sotsiolog T.Parsons tavsifida jamoatchilik nazorati sanksiyalar yordamida deviant xulq-atvorga ta’sir o‘tkazish orqali uni me’yoriy holatga keltiradi va ijtimoiy barqarorlikni ta’minlashga xizmat qiladi.
Yuqoridagilardan xulosa qilib aytish mumkinki, jamoatchilik nazorati ijtimoiy tizimning o‘zini o‘zi tartibga solish usulidir. Mazkur usul huquqiy me’yorlar yordamida hamda mazkur tizimning tarkibiy qismlari orqali tartib va barqarorlikni ta’minlash maqsadida o‘tkaziladi. Jamoatchilik nazoratining xarakteri, mazmuni, yo‘naltirilganligi mazkur ijtimoiy tizimning xarakteri, mohiyati va tipi bilan belgilanadi. Jamoatchilik nazorati ibtidoiy, arxaik jamiyatlarda hozirgi rivojlangan industrial jamiyatlardagiga nisbatan mutlaqo o‘zgacha xususiyatga ega bo‘ladi. Arxaik jamiyatlarda u sodda tuzilmaga ega bo‘lsa, industrial jamiyatlarda murakkab tizim sifatida namoyon bo‘ladi.
Sanksiyalar ― jamoatchilik nazoratining elementi. Alohida shaxslar va ijtimoiy guruhlarning xatti-harakatiga tezkor munosabat bildirish maqsadida jamiyat ijtimoiy sanksiyalar tizimini yaratgan. Sanksiyalar o‘z mohiyatiga ko‘ra, alohida shaxs va ijtimoiy guruhlar, muassasa va tashkilotlarning xatti-harakatiga munosabatdir. Ijtimoiy sanksiyalar tizimining vujudga kelishi tasodifiy hol emas. Me’yorlar jamiyat qadriyatlarini himoya qilish maqsadida yaratilgan bo‘lsa, sanksiyalar ijtimoiy me’yorlar tizimini himoya qilish va mustahkamlash uchun xizmat qiladi. Me’yor sanksiya yordamida himoya qilinmasa, unga odamlar amal qilmay qo‘yadi.
Sanksiyalar moddiy va ma’naviy bo‘lishi mumkin. Moddiy sanksiyalar vazifasini jarima, mol-mulkni musodara qilish kabilar bajaradi. Ma’naviy sanksiyalar esa tanqidiy fikr, xayfsan, kesatiq, piching, izza qilish kabi shakllarda bo‘lishi mumkin. Fuqarolik jamiyati institutlari ma’muriy va huquqiy sanksiyalarni qo‘llash vakolatiga ega emas. Ular faqat ma’naviy sanksiyalarni qo‘llashi mumkin. Lekin o‘rinli va to‘g‘ri qo‘llangan ma’naviy sanksiyalarning kuchi huquqiy sanksiyalar kuchidan kam bo‘lmasligi mumkin.
Yuqorida bayon qilinganlardan xulosa qilib aytish mumkinki, me’yorlar va sanksiyalar bir butunlikni tashkil qiladi. Birorta me’yor tegishli sanksiyalarga ega bo‘lmasa, u odamlar va ijtimoiy guruhlarning xulq-atvoriga ta’sir o‘tkaza olmaydi. Bunday me’yor shior, chaqiriq bo‘lishi mumkin. Lekin, u jamoatchilik nazoratining tarkibiy qismi bo‘la olmaydi.
Alohida shaxs yoki ijtimoiy guruh ijtimoiy me’yorlarga bo‘yinsunishni istamasa yoki ularni chetlab o‘tishga harakat qilsa, jamiyat majburlash choralarini qo‘llaydi. Hozirgi jamiyatlarda majburlash orqali nazorat qilishning qat’iy ishlab chiqilgan qoida va tizimlari mavjud. Mazkur tizimlar me’yorlardan og‘ishning tiplari va darajasiga ko‘ra, mutanosib ravishda qo‘llanadigan sanksiyalar yig‘indisidan iborat.
Do'stlaringiz bilan baham: |