7-mavzu. ADABIYOT DARSLARIDA IJODKOR TARJIMAI
HOLINI O‘RGANISH
Reja:
1. Adabiyot darslarida ijodkor hayot yo‘lini o‘rganishning ahamiyat:
a) metodik (didaktik) ahamiyati;
b) tarbiyaviy (ma’naviy) ahamiyati;
c) metodologik ahamiyati.
2. Ijodkor hayoti va ijodini o‘rganish usullari.
Badiiy asarlarni o‘rganishda uning muallifi haqidagi ma’lumotlar ham ayricha ahamiyat kasb etadi. Bu ma’lumotlar, ko‘pincha, asarning g‘oyaviy-badiiy mazmunini teranroq anglashda, asarning ijtimoiy-estetik mohiyatini to‘g‘ri belgilashda yordam beradi.
Metodik adabiyotlarda muallif "tarjimai holi ... ikki sababga binoan o‘rganilishi: birinchidan, tarjimai hol o‘rganiladigan badiiy asarni tushunishga kalit bo‘lishi, ikkinchidan, millatning eng yetuk farzandlaridan hisoblanmish adiblar hayotidagi namuna bo‘lgulik jihatlar orqali o‘quvchilar ma’naviyatida muayyan sifatlar shakllantirilishi mumkinligi" qayd etilgan3. Bizningcha, adiblar ijodini adabiyot darslarida o‘rganishning uch asosiy tomoni bor: 1. Metodik (didaktik) tomoni – tarjimai holga oid ma’lumotlar ayrim mualliflarning ba'zi asarlarida aks etgan ularning qismati, hayotiga oid chizgilarni tushunish uchun ochqich vazifasini o‘taydi. 2.Tarbiyaviy (ma’naviy) tomoni – adiblarning shonli hayot yo‘li tarbiyalanuvchilar uchun ibrat vazifasini o‘taydi. 3. Metodologik tomoni – muallifning ba'zi asarlari yoki umuman ijodiga asos bo‘lgan metodologiyani anglash, uning mohiyatini bilish o‘rganilayotgan asarni to‘g‘ri talqin qilishga yordam beradi.
Biografik ma’lumotlar metodik (didaktik) omil bo‘lishiga ko‘ra:
5-sinfda Usmon Nosirning "Yo‘lchi" she’ridagi kechinmalarni, xususan, "Yurakda dardlarim daryoday oqin" kabi misralarni, O‘tkir Hoshimovning "Dunyoning ishlari"dagi biografik chizgilarni, Bobur ruboiylaridagi Vatan timsoli, hijron motivini, O‘lmas Umarbekovning "Qizimga maktub" xotira-qissasidagi umri poyoniga yetayotgan adibning dil rozlari, vasiyatnoma fikrlarini anglash vositasi bo‘lsa, 6-sinfda G‘afur G‘ulomning "Shum bola"sidan olingan Qoravoyning xarakter xususiyatlari (chunki u yozuvchining deyarli o‘zi), Muqimiy "Sayohatnoma"sidagi shoir obrazi, Odil Yoqubovning "Muzqaymoq" qissasidagi bolaning muallifning o‘zi ekani, Erkin Vohidov "Nido" dostonidagi bolakayning shoir bolalagidagi voqelik bayoni ekanligi, Zulfiya she’rlaridagi ayriliq kechinmalari turmush o‘rtoqidan judo bo‘lgan ayol fig‘onlari bo‘lganligi o‘quvchilarga tuydirishda asqotadi va hokazo.
Do'stlaringiz bilan baham: |