Tanlangan material. O‘rta va o‘rta-maxsus ta’lim bosqichlarida xalq og‘zaki ijodi, qadimgi davr umumturkiy adabiyoti, o‘zbek mumtoz adabiyoti, qardosh xalqlar hamda jahon adabiyotidan namunalar, shuningdek, bir qator nazariy tushunchalar o‘rganiladi.
Materialni o‘rganish tartibi quyidagi tartibda:
Boshlang‘ich sinflarda o‘qish darslari, tayanch (5-7-) sinflarda adabiy o‘qish, yuqori (8-9-) sinflarda xronologik tartibda, o‘rta maxsus ta’limda tizimli kurs shaklida o‘qitiladi.
Boshlang‘ich sinfda o‘quvchilarga tavsiya qilingan asarlar ifodali o‘qish yo‘li bilan o‘rganib boriladi. O‘qish kitobiga kiritilgan materiallar o‘quvchilarga tarix, geografiya, tabiiyot va adabiyotdan elementar ma’lumot beradi, shu bilan birga o‘quvchilarning og‘zaki va yozma nutq malakalarini o‘stiradi.
5-7- sinflarda adabiy materiallar ma’lum bir ruknlar ostiga biriktirilgan holda berilgan. Har bir rukn o‘quvchilarda muayyan bir ma’naviy sifat, axloqiy fazilatni shakllantirishga yo‘naltirilgandir. Masalan, 5-sinfda materiallar "Hikmat durdonalari", "Rivoyat va ertaklar olamida", "Bolalikning beg‘ubor olami", "Mumtoz adabiyot bo‘stoni", "Vatanni sevmoq iymondandir" ruknlaridan iborat bo‘lsa, 6-sinf dasturiga ko‘ra "Bola - uchqur xayol egasi", "Kechagi kun sabog‘lari", "So‘zda hikmat bor", "Rangin tuyg‘ular" ruknlari ostida badiiy matnlar joy olgan. 7-sinf adabiyot dasrligida esa "Ko‘zim qarog‘idasan, Vatan!", "O‘ylarimning cheksiz osmoni”, "Muqaddas tuyg‘uning jilvasi", "So‘z-hikmat, so‘z-qurol", "Haqiqatdir mening yulduzim!" ruknlari materiallarni birlashtirgan. O‘qituvchi har bir asarni o‘rganishda qaysi ruknga mansubligi, mazkur ruknning badiiy-g‘oyaviy, aqloqiy-ma’naviy yo‘nalishiga ko‘ra darsni tashkillashi kerak bo‘ladi.
Adabiyotdan mashg‘ulotlar tizimi. Darslarda o‘quvchilar bilimini tizimga solish uchun ikki asosiy yo‘llanma ko‘zda tutiladi: birinchidan, yangi materialni ilgari o‘tilgan material bilan bog‘lab o‘rganish zarur, shunda o‘quvchilarning bilimi ilmiy tushunchalar tizimi asosida ma’lum tartibga tushib boradi; ikkinchidan, turli sinflarda ilmiy ma’lumotlardan axborot berishni tartibga solish lozim, bu bilan o‘quvchilarning fan cho‘qqilarini egallashi uchun zamin hozirlanadi.
O‘rganish uchun tavsiya etilgan badiiy matnlar, nazariy ma’lumotlar osondan qiyinga, oddiydan murakkabga qarab rivojlanib borishi kerak. Oldingi darslarda berilgan bilimlar, nazariy ma’lumotlar, shakllantirilgan ko‘nikma va malakalar keyingi mashg‘ulotlarda o‘rni bilan eslatilishi, ularga qaytilishi, asar tahliliga tadbiq etib borilishi tizimli bilim berishning asosini tashkil etadi. Shuningdek, quyi sinflarda orttirilgan bilim va tahlil tajribalari keyingi sinflarda rivojlantirilishi, ularning intilishiga yo‘l qo‘ymaslik lozim.
Do'stlaringiz bilan baham: |