Muzeylar o‘tmish va kelajak orasidagi ko‘prik
Yosh avlod tarbiyasida xalqimizning boy o‘tmishini bugungi zamon bilan bog‘lovchi muzeylar faoliyati alohida o‘rin tutadi. Muzeylarga tashrif buyurgan kattayu kichik o‘tmishda yashab o‘tgan tarixiy shaxslar, xalqimiz tomonidan yaratilgan betakror madaniy-ma’naviy meros haqida keng tasavvurga ega bo‘ladi, millatimiz tarixiga aloqador shonli, unutilmas voqyealardan faxrlanadi, bugungi farovon turmushimizga shukrona keltiradi, ularning kayfiyatida milliy qahramonlarimiz xotirasiga chuqur hurmat va xayrixohlik ifodasi aks etadi. Shu bois ham hozirda yoshlarning muzeylarga sayohatlarini uyushtirish, bu maskanlarda turli mavzulardagi ma’naviy-ma’rifiy kechalarni tashkil qilishga katta ahamiyat qaratilmoqda.
Mazkur tadbirlar yoshlarni ona yurtga muhabbat, azaliy qadriyatlarimizga hurmat, Ona Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalashga, ular ongida mamlakatimizda bo‘lib o‘tayotgan muhim voqyea-hodisalarga befarq bo‘lmaslik, ayniqsa, o‘z madaniy merosini asrash tuyg‘ularini shakllantirishda muhim o‘rin tutadi.
Bugungi kunda mamlakatimizda turli yo‘nalishdagi muzeylar faoliyat ko‘rsatmoqda. Istiqlol yillarida bunyod etilgan Temuriylar tarixi davlat muzeyi, “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeyi, Termiz Arxeologiya muzeyi singari dargohlar xalqimizning ulkan bunyodkorlik va ma’naviy salohiyatini namoyon etib turibdi. Samarqand, Buxoro, Xiva kabi qadimiy shaharlarimizdagi qayta ta’mirlanib yangicha qiyofa kashf etgan muzeylarda ayni paytda xalqimiz tarixi va madaniyatiga oid ko‘plab eksponatlar saqlanmoqda.
Bizning muzeylarimizni ko‘rishga, o‘rganishga chet ellik sayyohlar o‘rtasida ham qiziqish juda kattadir.
Muzeylar yosh avlod ma’naviyatini, dunyoqarashini boyituvchi vositadir. Shu bois bugungi kunda maktab va kollejlar o‘quvchilari ishtirokida muzeylarga sayohatlar uyushtirish, dars jarayonlarini muzeyda olib borish faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Hozirga kelib muzeylarga yoshlarning keng qamrovda tashrif etishi, ularni e’tiborini jalb qilish maqsadida yangi tartib va an'analar joriy etilmoqda. Jumladan, poytaxtimizdagi qator muzeylarda o‘quvchilar uchun turli imtiyozlar yaratilgan. Bularning barchasi muzeylarga kelayotgan yoshlar oqimini kengaytirishga, ularga Vatanimiz tarixi haqida chuqur ma’lumot berishga, tarixga qiziqishlarini orttirishga, ayniqsa har bir fuqaro qalbida Vatanga bo‘lgan muhabbatni dildan his qilishga yordam beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |