Hujjat ish yuritishning asosi. Hujjatchilik tarixi. Normativ (me’yoriy)
hujjat tushunchasi. Hujjat aylanishi. Elektron hujjatlar.
Vazirlar Mahkamasining 2012-yilda respublikani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2013-yilgi iqtisodiy dasturning asosiy ustuvor vazifalariga bag'ishlangan yig'ilishida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish sohasida kerakli chora-tadbirlarni va loyihalarni amalga oshirish lozimligini ta'kidlab o'tdi. Yig'ilish yakuni bo'yicha mamlakatda “Elektron hukumat” tizimini shakllantirish Konsepsiyasi va kompleks dasturini ishlab chiqishni jadallashtirish bo'yicha tegishli qaror qabul qilindi.
Elektron hujjat aylanish tizimi «Elektron hukumat» ning asosiy elementlaridan biri hisoblanadi. Chunki ushbu tizimning muvaffaqiyatli yo'lga qo'yilishi nafaqat davlat hukumati va boshqaruvi organlari, xususiy sektor va aholi o'rtasidagi samarali hamkorlikni ta'minlaydi, balki mamlakatda axborot jamiyatini shakllantirishga yordam beradi.
O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 4-maydagi №126sonli «Vazirlar Mahkamasining Ijro etuvchi apparatida, davlat va xo'jalik boshqaruvi, mahalliy davlat hokimiyati organlarida yagona himoyalangan elektron pochtani va elektron hujjat aylanishi tizimini joriy etish hamda ulardan foydalanish chora-tadbirlari to'g'risida» gi qarorini qabul qilinishi elektron hujjat aylanish tizimini O'zbekistonda tadbiq etishning muhim bosqichi bo'ldi. Mazkur qarorni ijro etish doirasida «UNICON.UZ» markazi tomonidan vazirlik va idoralarni yagona himoyalangan «e-Hujjat» tizimiga uzviy bog'lash bo'yicha ishlar olib borilib, hozirgi kunda 150 dan ziyod tashkilotlar ushbu tizimga bog'landi.
Yuqorida zikr etilgan Vazirlar Mahkamasining qaroridan kelib chiqqan vazifalarni sifatli ijrosini ta'minlash maqsadida «UNICON.UZ» markazi O'zbekiston Respublikasi Hukumati va BMT Taraqqiyot Dasturining «Mahalliy boshqaruv tizimini qo'llab-quvvatlash: fuqarolik ishtiroki va hamkorlik» qo'shma loyihasi ko'magida «e-Hujjat» tizimini takomillantirdi.
Qo'shma loyiha tomonidan Jizzax va Namangan viloyatlarida «e-Hujjat» tizimini tadbiq etish, eski tizimda mavjud kamchiliklarni tahlil qilish, tizimni qo'llash uchun AKT texnik jihozlarini sotib olish va o'rnatish hamda «e-Hujjat» ning yangi versiyasini yaratish bo'yicha tegishli tavsiyalar ishlab chiqishda amaliy yordam ko'rsatildi.
«e-Hujjat» tizimining yangi versiyasi zamonaviy platforma bazasi asosida sanoat standartlari va texnologiyalarini hisobga olgan holda ishlab chiqilgan bo'lib, bu tizim qonuniy elektron hujjatlarni ayirboshlash, mavjud ish yuritish tizimi va tashkilotlarda qaror qabul qilish jarayonlarini avtomatlashtirish va takomillashtirish, yagona qayd qilish tizimini yaratish hamda hujjatlarni tizimlashtirish va ularning ijrosini nazorat qilishga qaratilgan.
«e-Hujjat» tizimi platformasi boshqa elektron hujjat aylanish tizimlariga moslikni hamda vazirliklar, davlat idoralari va tashkilotlarida mavjud yoki yangi ishga tushirilgan dasturlar bilan uyg'unlikni ta'minlaydi.
Mustaqil davlatimizning asosiy qonuni konstitutsiyamizda “Davlat tili haqida”gi Qonun va boshqa rasmiy hujjatlarda o‘zbek tilining huquqiy maqomi va istiqboli aniq ko‘rsatib berilgan.
O‘zbek tili Davlat tili maqomini olgach, hujjatlarning barchasi o‘zbek tilida yuritilmoqda. Endi O‘zbekistonda yashovchi va faoliyat ko‘rsatuvchi fuqorolar qanday kasb egasi bo‘lishlaridan qat’i nazar ishlab chiqarishning barcha sohalarida, albatta, o‘zbek tilidagi hujjatlarga duch keladilar. «O‘zbekiston Respublikasining davlat tili haqida»gi Qonunning 19-moddasida: «Muassasalar, tashkilotlar va jamoat birlashmalari muhrlari, tamg‘alari, ish qog‘ozlarining matnlari davlat tilida bo‘ladi», deb belgilab qo‘yilganligini inobatga olsak, bu borada ko‘pgina amaliy ishlarni bajarishga to‘g‘ri keldi.
Bugungi kunda iqtisodiy islohotlarni jadal amalga oshirishda yozma manbalarning, hujjatlarning roli beqiyosdir.
Bobilning miloddan avvalgi 1792-1750-yillardagi shohi Xammurapining adolatpesha qonunlar majmui, undan ham qadimroq shoh Ur-Nammu (miloddan avvalgi 2112-2094-yillar)ning qonunlari va boshqa manbalarning mavjudligi
«hujjatlar» deb ataladigan tartibot vositalarining nechog‘li olis va murakkab tarixga ega ekanligini ko‘rsatadi. Albatta, kishilik jamiyatining taraqqiyoti, ijtimoiyiqtisodiy tuzumlarning almashina borishi, aniqrog‘i, kishilar o‘rtasidagi ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy munosabatlarning shakllanishi barobarida hujjatlar ham takomillashib borgan. Bugungi kunda fanga tariximizning turli davrlarida o‘rxunenasoy, so‘g‘d, eski uyg‘ur, arab va boshqa yozuvlarda bitilgan juda ko‘plab hujjatlar, umuman,yozma manbalar ma’lum.
Sharqda X-XIX asrlarda yorliq, farmon, noma, bitimlar, arznoma, qarznomalar, vasiqa, tilxat yoki mazmunan shunga yaqin hujjatlar nisbatan keng tarqalgan.
Yorliqlar mazmunan xilma-xil bo‘lgan: xabar, tavsif, farmoyish, bildirish, tasdiqlash va h.k. Bu o‘rinda To‘xtamishxonning 1393-yilda polyak qiroli Yag‘aylaga yo‘llagan yorlig‘i, Temur Qutlug‘ning 1397-yildagi yorlig‘i, Zahiriddin Boburning otasi Umarshayx Mirzoning marg‘ilonlik Mir Sayid Ahmad ismli shaxsga 1469yilda bergan yorlig‘i, Toshkent hokimi Yunusxo‘janing 1779-yil 2-iyunda Peterburgga - Rossiya podshosiga o‘z elchilari orqali yuborgan yorlig‘i va boshqalarni eslab o‘tish mumkin.
O‘rta Osiyo hududidan topilgan qadimgi madaniy obidalar, turli moddiy jismlarga bitilgan ma’lumotnomalar ajdodlarimizning qadimdan o‘ziga xos hujjatchilik an’analariga rioya qilganliklaridan dalolat beradi. O‘rta asrlarda ish yuritish huquqiy maqomga ega bo‘ldi, davlat mahkamasida munshaot tizimi shakllandi va qator hujjat turlari paydo bo‘ldi.
O‘zbek tilining rasmiy idoraviy til sifatida qo‘llanishi qoraxoniylar hukmronligi davrida boshlandi. XX asrdan so‘ng o‘zbek xonlari va amirlari saroylarida yozilgan turli xil hujjatlar o‘ziga xos mazmuni, muayyan tartibi va nutqiy qolipi bilan ajralib turadi. Sho‘ro hukmronligi davrida o‘zbek va rus tillarida ish yuritish huquqi qonunlashtrilgan bo‘lsa-da, amalda o‘zbek tilining ijtimoiy mavqei past edi. Ma’lumki, tariximizda saroy va umuman yirik mahkamalarda yozuv ishlarini olib boruvchilar “munshiy” (arabcha) deyilgan.
Hujjat – rasmiy uslubda yozilgan, imzolangan, kelishuv va rozilik belgilari olingan, davlat standart talablariga javob beradigan qog‘ozlardir. Hujjat matni aniqlik, ixchamlik, lo‘ndalik, mazmuniy to‘liqlik kabi talablarga javob berishi kerak. Hujjatlar matniga qo`yiladigan eng muhim talablardan yana biri – xolislik. Bu talablarga javob bermaydigan hujjat chinakam hujjat bo`la olmaydi, bunday hujjat ish yuritish jarayoniga xalaqit beradi, uning samaradorligini keskin pasaytiradi.
Hujjatchilik tilining o‘ziga xos uslubi, mazmuniy to‘liqlikdan iborat zaruriy sifatlar, o‘ziga xos so‘z qo‘llash, morfologik va sintaktik xususiyatlar orqali ta’min etiladi. Hujjatlar o‘ziga xos uslubga ega. Hujjatda ot va fe’lga tegishli so‘zlar ko‘proq qo‘llaniladi. Sintaktik xususiyatidan kelib chiqib asosan, darak va buyruq gaplar ishlatiladi.Hujjatlar tilida turg‘unlashgan, qoliplashgan so‘z birikmalaridan ko‘proq foydalaniladi. Masalan, buyruqda quyidagicha qoliplashgan tuzilmalar qo‘llanishi mumkin:
“. . . so‘m maosh bilan . . . lavozimiga tayinlansin”;
“. . . o‘z xohishiga ko‘ra . . . lavozimidan bo‘shatilsin”;
“. . . boshqa ishga o‘tganligi munosabati bilan . . . lavozimidan bo‘shatilsin”;
“. . . ga . . . dagi faol va samarali ishtiroki uchun tashakkur e’lon qilinsin”;
“. . . ga o‘z bo‘limida intizomni bo‘shashtirib yuborganligi uchun hayfsan e’lon qilinsin” va h.k.
Yoki xizmat yozishmalarida mana bunday qoliplashgan so‘zlardan foydalanish mumkin:.
“Sizga . . .ni ma’lum qilamiz”;“Sizga . . .ni bildiramiz”; “Sizga . . .ni eslatamiz”;
“. . . yordam tariqasida . . .”, “. . . munosabat bilan . . . ”, “. . . qaroriga muvofiq ravishda . . .”
“. . . ga zavod ma’muriyati qarshi emas”; “. . . ga zavod kafolat beradi” va h.k.
O`zbek tilidagi hujjatchilik takomillasha borgani sari, bunday qoliplashgan birikmalar ham ko`payib, mukammalashib boradi. Buning natijasida hujjatlarni tuzish va rasmiylashtirish ishi ham bir qadar yengillashadi.Ana shu qoliplashgan birikmalarning ishtirokiga ko`ra, hujjatchilar “hujjatlar yozilmaydi, balki tuziladi” deydilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |