Og’zaki nutq:
Mavzuga oid matnni o’qib tushunish.
Matndagi termin va iboralarning ma’nosini izohlash.
Turli sohalarga oid innovatsiyalar haqida gapirib berish.
Yozma nutq:
“Zamondoshlarimizning kashfiyotlari” mavzusida taqdimot tayyorlash.
Kasb sohasidagi innovatsiyalar haqida ma’lumot tayyorlash. Sohada qo’llanadigan baynalmilal so’zlar lug’atini tuzish.
GRAMMATIKA. Ilmiy uslub va uning xususiyatlari.
Fan va texnikaning turli tarmoqlariga doir ilmiy asarlar, darsliklar ilmiy uslubda yoziladi. Ilmiy matn ilmiy va ilmiy-ommabop matnlarga ajratiladi. Ilmiy matnda gap bo‘laklari tartibi adabiy til qoidasiga qat’iy amal qilgan holda qo‘llanadi. Ilmiy matnda har bir fan sohasiga oid atamalarning qo‘llanilishi xarakterli xususiyat hisoblanadi. Masalan, iqtisodiyotda kredit, moliya, pul, sug‘urta, narx, tannarx, hisob, taftish, aylanma kabi terminlar ishlatiladi. Ilmiyommabop matnlarda atamalar tizmasidan, ilmiy bayonchilikdan qochiladi. Bayon etilayotgan fikrning barchaga baravar tushunilishini ta’minlash maqsadida tushunilishi qiyin bo‘lgan atamalar murakkab tushunchalar o‘rniga aniq va batafsil tasvirlardan foydalaniladi.
Ilmiy uslubning janrlari – monografiya, maqola, annotatsiya, dissertatsiya, darslik, ma’ruza, ma’lumotnoma.
Ilmiy uslub va uning xususiyatlari. Ilmiy uslubga mantiqiylik, aniqlik, ilmiy atamalarning keng qo`llanishi xos bo`lib, barcha ilmiy asarlar, jumladan, maktab darsliklari ham shu uslubda yoziladi. Fan va texnika tili ilmiy uslub deyiladi. Daliliy munosabatlar asosida chiqarilgan ilmiy xulosalarga asoslanuvchi, har bir fan sohasining o`ziga xos atamalariga tayanuvchi, fikrni aniq va mantiqiy izchil bayon qiluvchi uslub ilmiy uslubdir. Ilmiy uslubning asosi atama, ta’riflar, qoidalar, qonunlardir. Atamalar faqat bir ma’noda qo`llanilib, o`zi ifodalayotgan tushunchaning tub mohiyatini ko`rsatadi, masalan o`zak, negiz, yasovchi qo`shimcha, turlovchi va tuslovchi qo`shimchalar, shakl yasovchilar kabi atamalar so`z tarkibiga oid lingvistik tushunchalarni ifodalaydi. Masalan: Har qanday grammatik ta’rif yoki qoidada uchta tushuncha birlashgan boladi: tushunchaning mohiyati, xususiy va umumiy tomoni. (Ona tili darsligidan). Nuklein kislotalar dastlab hujayra yadrosidan ajratib olinganligi sababli («nukleis» - «yadro») nuklein kislotalar deb atalgan.
Hozirgi vaqtda nuklein kislotalar faqat yadroda emas, balki xloroplast va mitoxandriyda ham mavjudligi aniqlangan. (Biologiya darsligidan). Jismni tashkil qilgan % molekulalar xaotik harakatining kinetik energiyasi bilan ularning o’zaro ta’sir potensial energiyalarining yig’indisi jismning ichki energiyasini tashkil qiladi («Fizika» darsligidan).
Ilmiy uslub ham o`z ichida ikki guruhga bo`linadi:
sof ilmiy uslub;
ilmiy-ommabop uslub.
Ilmiy uslubda fan va texnikaning turli tarmoqlariga oid ilmiy asarlar, darslik va o’quv qo’llanmalari yoziladi. Bu uslub aniq, daliliy ma’lumotlar asosida chiqarilgan ilmiy xulosalar (qoidalar, ta’riflar)ga boy bo’lishi bilan boshqa uslublardan farqlanadi. Ilmiy uslub ham adabiy tilning ko’rinishi bo’lib, bir qator o’ziga xos xususiyatlarga ham ega: monologik belgilari bilan boshqa uslublardan ajralib turadi; obrazli tasvirlar bilan emas, balki aniq ma’lumotlarning xolis, umumlashgan xususiyatlarini ta’riflash, tushunchalarga muvofiq keladigan terminlar bilan ish ko’radi. Kitobxonning his-tuyg’usiga emas, ongiga ta’sir etadi.
Ilmiy uslubda har bir fanning o’ziga xos terminlaridan foydalaniladi. Masalan, jinoyat, jazo, afv, hukm, ozodlikdan mahrum etish, davlat tili, davlat chegarasi, unitar davlat, tergov, alibi, kodeks yurisprudentsiya tarmoqlarida; jamiyat, ong, tafakkur, mushohada falsafada va h.k. Ilmiy uslubda so’zlar asosan o’z ma’nosida qo’llanadi, qoida yoki ta’rifning mazmunini ochishga xizmat qiladigan ajratilgan bo’laklar, kirish so’z va birikmalar, shuningdek, qo’shma gaplardan ko’proq foydalaniladi.
Ilmiy uslubda qo’shma gaplardan shu sababli, shunday bo’lsa, bunday vaqtda, shunga qaramasdan kabi vositalar yordamida bog’lanuvchi ergash gapli qo’shma gaplar ko’proq ishlatiladi. Chunki bunday gaplar sabab va natija hamda boshqa munosabatlarni aniq ifodalay oladi. Bog’lovchisiz qo’shma gaplar bu uslubda kamroq ishlatiladi.
Ilmiy matn qurilishining mantiqiy izchil bo’lishi unda boshlanmalar, gap qismlarini bog’lash uchun shunday qilib, shu sababli, bundan keyin, ko’rinadiki, shunga ko’ra, shu bilan birga, aytilganlarga ko’ra kabi so’z va so’z birikmalari qo’llaniladi. Ko’p qo’llaniladigan birinchidan, bir tomondan, ikkinchi tomondan, xullas, demak shaklidagi kirish so’z va birikmalar ham yuqoridagi maqsadlarga xizmat qiladi.
Ilmiy uslubda fikrning aniq bir shaxs tomondan bayon qilinayotgani sezilmaydi. Unda ko’proq fe’lning majhul nisbatidan foydalaniladi: dalillar keltirilgan, tajriba o’tkaziladi, foydalaniladi. Yuqorida ko’rib o’tilgan xususiyatlar ilmiy uslubning lisoniy belgilaridir. Bu belgilar mazkur uslubning boshqa uslublardan farqini ko’rsatuvchi asosiy xususiyatlar hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |