21-MAVZU. IQTISOD VA HAYOT
Inflatsiya
Inflatsiya – iqtisodiyotga tegishli jarayon bo‘lib, bunda muomaladagi qog‘oz pulning haddan tashqari ko‘payib ketishi ro‘y beradi. U chiqarolgan qog‘oz pullar miqdori o‘zgarmagan sharoitda ishlab chiqarishning pasayishi natijasi ham ro‘y berishi mumkin. Inflatsiya baholar o‘sishi, aholi turmush darajasining pasayib ketishi tufayli ham yuz beradi. “Inflatsiya” so‘zi qayerdan kelib chiqqan?
Shimoliy Amerikada 1861-1865-yillardagi fuqarolar urushi davrida grinbek deb ataluvchi qog‘oz pullarning haddan ortiq miqdori (450 mln.qog‘oz pullar) muomalaga chiqarilgan, ammo ularning xarid qobiliyati 2 yil ichida 60 foizga tushgan. Natijada inflation - bo‘rtib chiqish ma’nosini beruvchi lotin so‘zidan paydo bo‘lgan “Inflatsiya” tushunchasi ilk bor ishlatila boshlangan.
Inflatsiya – iqtisodiy organizmning paydo bo‘lgan moliyaviy buzilishga tezkor reaksiyasi, uning oldini olish harakati, tovarlar va pul o‘rtasida muvozanatni saqlashga erishish lozimligini ko‘rsatuvchi belgidir.
Yoyilish joyini hisobga olgan holda quyidagi inflatsiya bo‘lishi mumkin:
lokal (bir mamlakat doirasida);
jahon (bir necha davlatlar yoki mintaqalarda);
Rivojlanish tavsifiga bog‘liq holda quyidagi inflatsiyani ajratish mumkin:
ochiq (hech kim uni ushlab turmaydi va boshqarmaydi);
yashirin (bu holda davlat sun’iy yo‘l bilan baholar o‘sishini ushlab turadi va yangi deb aytiladigan tovarlarga baholarni oshradi va h.k.).
Baholar o‘sish sur’atlarini hisobga olgan holda inflatsiya quyidagicha bo‘ladi:
o‘rmalovchi, me’yorida bo‘ladigan inflatsiya, bunda baholar sekin, lekin to‘xtovsiz o‘sadi;
sakrab boruvchi. Bunda baholar keskin o‘sa boshlaydi. Sakrab boruvchi inflatsiyada uzoq muddatli va ayrim o‘rta muddatli bahosi qimmat loyihalarning amalga oshirilishi to‘xtatiladi.
Inflatsiyaning yana bir turi – giperinflatsiyadir.
Bunda kreditlar faqat o‘ta qisqa muddatga beriladi. Giperinflatsiya ro‘y bersa, aholi puldan qochadi, pullar o‘ta qadrsizlanadi. Aholi esa o‘z mablag‘larini pul shaklida tutib turishga bo‘lgan xohishini yo‘qotadi va ularni moddiy ne’matlarga sarflaydi.
Inflatsiya, naqd pullarning qadrini yo‘qotib, har xil sinflar o‘rtasida daromadlar va boylikning qayta taqsimlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi, mehnatkashlar ahvolining yomonlashiviga olib keladi, ularning hayot darajasini pasaytiradi, ishsizlikni ko‘paytiradi.
Davlat pul siyosatini mustahkamlash, daromadlarni tartibga solish, baholarni cheklash bilan inflatsiya o‘sishiga bardosh beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |