Tushuntirish xati
Xizmat sohasidagi, xizmatga aloqador masalani, uning ayrim jihatlarini yozma izohlovchi va muassasa (bo`lim) rahbariga (ichki) yoki yuqori tashkilotga (tashqi) yo`llanuvchi hujjatdir.
Yuqoridagi ta’rifdan ko`rinadiki, tushuntirish xati xuddi ma’lumotnoma va bildirishnoma singari ichki va tashqi xususiyatga ega. Keyingi holatda, ya’ni tushuntirish xati yuqori tashkilotga yuborilayotganda, u ko`pincha biror asosiy hujjat (rejalar, hisobotlar, loyihalar)ga ilova tarzida bo`lib, mazkur hujjatni umuman yoki uning ba’zi o`rinlarini qisman izohlab, tushuntirib beradi. Bu xildagi tushuntirish xati, shuningdek muassasada bo`lib o`tgan voqyea-hodisaga, rahbarning ba’zi xatti-harakatiga, rejalashtirilgan ishlarning bajarilmay qolishiga ham izoh beradi yoki dalillaydi. Demak, bu holda tushuntirish xati mustaqil hujjat hisoblanmaydi, shunga qaramay, u muassasa xos ish qog’ozida rasmiylashtiriladi va rahbar tomonidan imzolanadi.
Ichki, boshqacha aytganda, shaxsiy tushuntirish xatlari asosan xodim (ishchi, xizmatchi, jamoa xo`jaligi a’zosi, talaba) tomonidan, ba’zan bo`linmalar rahbarlari tomonidan muassasa rahbari nomiga yoziladi. Unda ish (o`qish) jarayonida xodim (talaba) tomonidan sodir etilgan ba’zi xatti-harakatlar (masalan, ish yoki o`qishga kech qolish, kelmay qolish, reja yoki ayrim topshiriqni bajarmaganlik, belgilangan tartib-qoidalarga rioya qilmaganlik va boshqalar) va ularning sabablari izohlanadi, dalillanadi. Bevosita xodim (muallif) tomonidan imzolanadigan bunday tushuntirish xati oddiy qog’ozga yoziladi. Shaxsiy tushuntirish xatlari odatda mansabdor (rahbar) shaxsning talabi bilan yoziladi, chunki u keyinchalik xodim haqida muayyan qarorga kelish, unga nisbatan tegishli intizomiy jazo chorasi qo`llash yoki, dalillar asosli (uzrli) bo`lsa, qo`llamaslik uchun asos vazifasini o`tashi mumkin.
Umuman, tushuntirish xati quyidagi zaruriy qismlardan iborat bo`ladi:
1. Hujjat yo`llanayotgan tashkilot yoki mansabdor shaxsning to`liq nomi.
2. Hujjatni tayyorlagan (yozgan) muassasa yoki shaxsning to`liq nomi.
3. Hujjat turining nomi (Tushuntirish xati).
4. Hujjat matni (mazmuni).
5. Imzo.
6. Sana (hujjat yozilgan vaqt).
Tashqi, xizmat yuzasidan korxona, muassasa va hokazo-lar nomidan yoziladigan tushuntirish xatlari xos ish qog’ozida rasmiylashtiriladi va ularning to`liq nomi ushbu ish qog’ozida aks etadi. Ichki tushuntirish xatlarida esa rahbar yoki xodimning to`liq nomi deyilganda, u ishlaydigan (o`qiydigan) bo`linmaning nomi, shaxs lavozimi, ismi, ota ismining bosh harflari va familiyasi nazarda tutiladi.
Zaruriy qismlari va yozilish shakli jihatidan tushuntirish xati arizadan deyarli farq qilmaydi, tarkibiy qismlarining joylashishi ham bir xil. Faqat shaxsiy tushuntirish xatining muallifi arizadagiday chiqish kelishigida emas, balki qaratqich kelishigida rasmiylashtirilgani ma’qulroqdir (244-245-b.).
11-ilova
SamDU tabiiy fanlar fakulteti fakulteti geografiya bo`limi boshlig’i M.Usmonovga 3-kurs talabasi O.Abduraxmonovning
TUShUNTIRISh XATI
2009 yilning aprel oyida «O`qituvchining nutq madaniyati» fanidan darslarga kasalligim tufayli qatnasha olmadim. Hozir sog’lig’im yaxshi. Qoldirilgan darslarni mustaqil o`zlashtirish sharti bilan mashg’ulotlarga qatnashishimga ruxsat berishingizni so`rayman.
Ilova: Kasalligim to`g’risida vrach ma’lumotnomasi.
(imzo) O.Abduraxmonov
2009 yil 2 may.
|
E’LON
Ko`pchilikni yoki ma’lum guruhdagi shaxslarni yaqin orada (kelgusivda) bo`ladigan biron-bir tadbir - majlis, uchrashuv, suhbat, shuningdek ishga, o`qishga qabul qilish va boshqalar haqida xabardor qilish uchun qo`llanuvchi yozma axborot.
E’lonning zaruriy qismlari:
1. Nomi (E’lon).
2. E’lon qilinayotgan tadbirning vaqti, o`tkazilish joyi.
3. Tadbirning mavzusini o`zida aks ettiruvchi matn.
4. Tadbir o`tkazuvchilar nomi (odatda, bo`ladigan tadbirni e’lon qilayotgan tashkilot, organning nomi: "Ma’muriyat", "Kuzatuv kengashi", "Yozuvchilar uyushmasi", "Tashkiliy qo`mita" tarzida beriladi).
E’lon mavzusiga va undan ko`zlangan maqsadga ko`ra turli shakllarda bo`lishi mumkin (250-b.).
12-ilova
E’lon
2009 yil 5 sentyabr kuni soat 14.00 da filologiya fakultetining 8-o`quv xonasida «Yosh tilshunos» ilmiy to`garagining navbatdagi yig’ilishi bo`ladi.
Kun tartibi:
1. Globallashuv jarayonida tilning ijtmoiy mohiyati.
2. «O`zbek tili va adabiyoti» jurnalining 2009 yilgi sonlarida e’lon qilingan maqolalar to`g’risida.
«Yosh tilshunos» to`garagi kengashi.
|
13-ilova
Do'stlaringiz bilan baham: |