§8.3. Simmetrik shifrlash algoritmlari uchun kalitli axboratlarni generasiya qilish. Kriptografik algoritmlardan foydalanishda eng murakkab masalalardan biri kalitlarni generasiya qilishdir. Bu holatda asosiy muammo yaratilayotgan kalitlarda ma’lum bir kriptografik xususiyatlarni mujassamlashtirishdir.
Kalitlarni generasiya qilishning 2 xil usuli mavjud: determinallashgan va nodeterminallashgan.
Determinallashgan usul. Ushbu usullarning mohiuati kichik uzunlikdagi tasodifiy ketma-ketliklardan statistik xususiyatlari bo’yicha dastlabki ketma-ketliklardan uncha farq qilmaydigan katta uzunlikdagi psevdotasodifiy ketma-ketliklarni shakllantirishdan iborat. Psevdotasodifiy ketma-ketliklarni shakllantirishning eng keng tarqalgan usullaridan biri chiziqli teskari bog’lanishli siljitish registrlaridan foydalanish. Ular chiziqli rekurrent ketma-ketliklar vositasida ifodalanib, ulardan har doim ham psevdotasodifiy kalitlar ketma-ketligi generatori sifatida foydalanish mumkin emas. Shu sababli psevdotasodifiy xarakterga va fizikaviy tabiat (muskullarning harakati, kirish/chiqish qurilmalari bilan ishlashda foydalanuvchining ularga murojaat qilish vaqti) ga ega bo’lgan jarayonlardan foydalanish keng tarqalmoqda.
Ixtiyoriy holatda ham kalitlarni generasiya qilishda quyidagilarga e’tibor qilish maqsadga muvofiq:
k belgidan tashkil topgan ketma-ketlik (k-gramma) ni paydo bolish chastotasini -kvadrat mezoniga tekshirish;
markirovka qilishning minimal va maksimal qiymatlarini tekshirish;
ustma-ust tushmaslik oraliqlari uzunliklarini berilgan diapazon bilan solishtirish;
monotonlikka tekshirish.
Nodeterminallashgan usul. Natijalari keyinchalik kalitlarni generasiya qilishda qo’llaniladigan tasodifiy fizik jarayonlar ushbu usullar asosini tashkil qiladi. Tasodifiy natijalar hosil qilishga oddiy misol sifatida o’yin suyaklari yoki tangani tashlashni ko’rsatish mumkin. Kichik unumdorligi sababli amaliyotda ulardan foydalanish maqsadga muvofiq bo’lmasa-da, nazariy jihatdan ular kalitlar ketma-ketligi generatori sifatida xizmat qilishi mumkin.
Hozirgi vaqtda chiquvchi ketma-ketliklari tasodifiy tarqalgan fizikaviy shovqin generatorlari (masalan, shovqin soluvchi diodlar, impulsli generatorlar, Geyger hisoblagichlari) keng qo’llanilmoqda. Ushbu asbob yoki qurilmalardan olingan signallar raqamlashtiriladi. Ular keyinchalik oqimli shifratorlarda 2 modul bo’yicha qo’shish yoki kalitlarni shakllantirishda boshlang’ich ketma-ketlik sifatida xizmat qilishi uchun ikkilik ko’rinishidagi ketma-ketliklar sifatida ifodalanadi.