§4.3. Autentifikasiyalash protokollari turlari. Autentifikasiyalash prosedurasi kompyuterlar o’rtasida axborot almashinuvida foydalaniladi. Bunda aloqa kanallari himoyasini ta’minlovchi murakkab kriptografik protokollar ishlatiladi. Autentifikasiyalash aloqada ishtirok etuvchi har ikki ob’ekt uchun ham zarur bo’lganligi bois, autentifikasiyalash o’zaro bo’lishi lozim.
Eng sodda autentifikasiyalash protokoli – bu parol bo’yicha ruxsat olish (Password Authentication Protocol, PAP). Uning mohiyati Shundaki, sub’ekt haqidagi butun axborot (identifikator va parol) tarmoqda ochiq holda uzatiladi. Bu esa PAPning asosiy kamchiligidir, ya’ni buzg’unchi osongina shifrlanmagan ma’lumotga ega bo’lish imkoniga ega bo’lishi mumkin.
Nisbatan murakkabroq bo’lgan autentifikasiyalash protokollari «savol-javob» prinsipiga asoslangan. Masalan, CHAP (Challenge-Handshake Authentication Protocol) protokoli.
«Savol-javob» protokoli prosedurasi kamida to’rtta bosqichdan iborat bo’lishi mumkin:
sub’ekt o’zining shaxsiy identifikatoriga doir so’rovni tizimga jo’natadi;
tizim tasodifiy sonni generasiya qiladi va uni sub’ektga jo’natadi;
sub’ekt tizim tomonidan jo’natilgan sonni o’zining maxfiy kaliti yordamida shifrlaydi va uni tizimga jo’natadi;
tizim olingan xabarni maxfiy kalit (sub’ekt ishlatgan kalit) yordamida tiklaydi (dastlabki matnga o’giradi). Tasodifiy son bilan natijalar bir xil bo’lsa, autentifikasiyalash muvaffaqiyatli o’tadi.
Shifrlashda va dastlabki matnga o’girishda qo’llaniladigan maxfiy kalit tarmoq bo’yicha uzatilmaydi, Shu sababli buzg’unchi unga ega bo’la olmaydi. Ammo, sub’ekt smart-karta, mobil telefon kabi shifrlash qurilmalariga ega bo’lishi lozim.
O’zaro autentifikasiyalash protokollari prinsipi «savol-javob» protokollaridan uncha ko’p farq qilmaydi. Uning harakat prinsipi quyidagicha:
sub’ekt o’zining shaxsiy identifikatori va tartib nomeri 1 bo’lgan, tanlab olingan tasodifiy sondan iborat bo’lgan so’rovnomani tizimga jo’natadi.
tizim qabul qilingan, tartib nomeri 1 bo’lgan tasodifiy sonni maxfiy kalit yordamida shifrlaydi va tartib nomeri 2 bo’lgan tasodifiy sonni generasiya qiladi hamda har ikkalasini sub’ektga jo’natadi.
sub’ekt olingan sonni maxfiy kalit yordamida dastlabki matnga o’giradi va natijani tartib nomeri 1 bo’lgan tasodifiy son bilan taqqoslaydi. Natijalarning bir xilligi tizim sub’ekt foydalangan maxfiy kalitga ega ekanligini anglatadi.
sub’ekt qabul qilingan, tartib nomeri 2 bo’lgan tasodifiy sonni maxfiy kalit yordamida shifrlaydi va natijani tizimga jo’natadi.
tizim qabul qilingan xabarni oldingi maxfiy kalit yordamida dastlabki matnga o’giradi. Natijalar tartib nomeri 2 bo’lgan tasodifiy son bilan bir xil bo’lsa, o’zaro autentifikasiyalash muvaffaqiyatli o’tadi.
Yuqorida keltirilgan algoritm ko’p hollarda «qo’l siqish» deyiladi. Ikkala holda ham sub’ekt tizim bilan bir xil maxfiy kalitga ega bo’lgan hollarda autentifikasiyalash muvaffaqiyatli o’tadi.
Autentifikasiyalash protokollarini xavfsizligini taminlanish darajasiga yoki ma’lum bir turdagi hujumlarga qarshi turish imkoniyatlari bo’yicha ham klassifikasiyalash mumkin. Ushbu yondoShuvga asosan autentifikasiyalash protokollari quyidagi turlarga bo’linadi:
oddiy autentifikasiyalash (parollardan foydalanishga asoslangan);
qat’iy autentifikasiyalash (kriptografik usul va vositalardan foydalanishga asoslangan);
isboti nol oshkoralikka asoslangan autentifikasiyalash.
Oddiy autentifikasiyalashni tashkillashtirish sxemasi parollarni saqlash usullari bilan ham farqlanadi:
Parollar o’qish va yozishdan himoyalash atributlari qo’yilgan holda, tizimli fayllarda ochiq holda saqlanadi. Bunda kriptografik mexanizmlar (shifrlash, bir tomonlama funksiyalar) dan foydalanilmaydi. Kamchiligi: agar buzg’unchi qanaqadir yo’llar bilan tizimda administrator huquqiga ega bo’lsa, unda tizimli fayllar va parollarga ega bo’lish imkoni mavjud bo’ladi. Parollarni ushbu tarzda saqlashni himoyasini kuchaytirish uchun parollar saqlanadigan fayllarni tashqi tashuvchilarda saqlash tavsiya etiladi.
Parollarni shifrlangan yoki xesh qiymati ko’rinishida saqlash ularni xavfsizroq saqlanishini ta’minlaydi. Kiritilgan parolni tekshirishda tizim ushbu parolni xesh qiymatini hisoblab, bu qiymatni parollar jadvalidagi foydalanuvchining loginiga mos keluvchi xesh obrazi bilan solishtiradi.
Autentifikasiyalash protokollari xarakteristikalari. Ushbu xarakteristikalar quyidagilardan iborat:
hisoblash samaradorligi – protokolni bajarish uchun zarur bo’ladigan amallar soni;
kommunikasion samaradorlik, ya’ni autentifikasiyalashni amalga oshirish uchun zarur bo’ladigan xabarlar soni va ularning uzunliklari bilan xarakterlanuvchi ko’rsatkich;
uchinchi ishtirokchining mavjudligi, masalan, simmetrik kalitlarni taqsimlashni tashkillashtiruvchi ishonchli server uchinchi ishtirokchi sifatida ishtirok etishi mumkin;
xavfsizlik kafolatining asoslari, masalan, oshkoraligi nol bo’lgan protokollar;
maxfiylikni saqlash usullari, ya’ni kalitli axborotlarni saqlash usullari.