10.7. NORMATIV-HUQUQIY HUJJATLARNING VAQT, HUDUD VA SHAXSLARGA NISBATAN AMAL QILISHI
Normativ-huquqiy hujjatlar vaqt, hudud va shaxslarga nisbatan amal qilish doirasiga ega bo‘ladi.
O‘zbekiston Respublikasi “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi Qonunining 30-moddasida normativ-huquqiy hujjatlarning kuchga kirish tartibi belgilab qo‘yilgan. Unga ko‘ra, normativ-huquqiy hujjatlar, agar hujjatlarning o‘zida kechroq muddat ko‘rsatilgan bo‘lmasa, ular rasmiy e'lon qilingan kundan e'tiboran kuchga kiradi. Qonunning 31-moddasida normativ-huquqiy hujjatning orqaga qaytish kuchi belgilab qo‘yilgan. Unga ko‘ra, normativ-huquqiy hujjatlar orqaga qaytish kuchiga ega emas va ular amalga kiritilganidan keyin yuzaga kelgan ijtimoiy munosabatlarga nisbatan tatbiq etiladi. Qayd etish kerakki, ushbu normaga nisbatan istisno holatlar mavjud. O‘zbekiston Respublikasining qonuni u amalga kiritilishiga qadar yuzaga kelgan ijtimoiy munosabatlarga nisbatan qonunda to‘g‘ridan-to‘g‘ri nazarda tutilgan hollardagina tatbiq etiladi. Agar O‘zbekiston Respublikasining qonuni sodir etilgan paytda javobgarlikka sabab bo‘lmagan yoki yengilroq javobgarlikka sabab bo‘lgan xatti-harakatlar uchun yuridik va jismoniy shaxslarning javobgarligini joriy etishni yoki kuchaytirishni nazarda tutsa yoxud yuridik va jismoniy shaxslarga moddiy zarar yetkazsa, qonunga orqaga qaytish kuchini berish mumkin emas.
Normativ-huquqiy hujjat, agar uning matnida boshqacha izoh berilmagan bo‘lsa, muddatsiz amal qiladi. Normativ-huquqiy hujjatning amal qilish muddati butun hujjat uchun yoki uning qismlari uchun belgilanishi mumkin. Bunday holda normativ-huquqiy hujjat yoxud uning qismi qaysi muddatga yoki qanday hodisa yuz berguniga qadar o‘z kuchini saqlab qolishi ko‘rsatilishi kerak.
Normativ-huquqiy hujjatni qabul qilgan organ belgilangan muddat tugaguniga qadar yoki hodisa yuz berguniga qadar hujjat yoki uning qismining amal qilishini yangi muddatga, boshqa hodisa yuz berguniga qadar uzaytirish to‘g‘risida yoxud normativ-huquqiy hujjat qonun hujjatlariga, o‘tkazilayotgan islohotlarning ustuvor yo‘nalishlariga, jamiyatdagi barqaror huquqiy munosabatlarga muvofiq bo‘lgan taqdirda hujjat (uning qismi)ga muddatsiz tus berish haqida qaror qabul qilishi mumkin.
Normativ-huquqiy hujjat yoki uning qismining amal qilishi uni qabul qilgan organ yoxud uning yuqori turuvchi organi tomonidan muayyan muddatga yoki muayyan hodisa yuz berguniga qadar to‘xtatib turilishi mumkin.
Normativ-huquqiy hujjat yoki uning qismi quyidagi hollarda o‘zining amal qilishini tugatadi:
normativ-huquqiy hujjat yoki uning qismi mo‘ljallangan muddat tugaganda yoki hodisa yuz berganda;
normativ-huquqiy hujjat yoki uning qismi qonunda belgilangan tartibda Konstitutsiyaga xilof yoxud haqiqiy emas deb topilganda;
normativ-huquqiy hujjat yoki uning qismi o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilganda;
normativ-huquqiy hujjat yoki uning qismi bekor qilinganda.
Normativ-huquqiy hujjatlarning shaxslar buyicha amal qilishi deganda ularning jismoniy va yuridik shaxslarga, ya'ni O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari va yuridik shaxslariga, shuningdek o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi hududida amalga oshirganda chet el yuridik shaxslariga, O‘zbekiston Respublikasi hududidagi chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga tatbiq etiladi.
Normativ-huquqiy hujjatlarning hudud bo‘yicha amal qilishi uni qabul qilgan organning yurisdiksiyasi bilan belgilanadi. Qoida tariqasida, normativ-huquqiy hujjatlar mamlakatning butun hududiga nisbatan tatbiq etiladi. Normativ-huquqiy hujjatni qabul qilgan organ uning hudud bo‘yicha amal qilishi doirasini cheklab qo‘yishi mumkin.
Davlat hududi tushunchasiga quyidagilar kiradi: quruqlik, suv hududlari, havo bo‘shlig‘i, xorijdagi elchixonalar va vakolatxonalar egallab turgan hudud, muayyan davlat bayrog‘i ostida bo‘lgan dengiz, daryo, havo va kosmik kemalar hududi.
Do'stlaringiz bilan baham: |