9.3. HUQUQ NORMALARINI TURLI ASOSLARGA KO‘RA TASNIFLASH
Huquq normalari ularda mustahkamlangan qoidalarning xarakteriga qarab huquq va vakolat beruvchi, majburiyat yuklovchi va taqiqlovchi (man qiluvchi) normalarga ajratiladi:
1. Huquq subyektiga muayyan harakatlarni sodir etish mumkinligini ko‘rsatuvchi huquq normalari huquq va vakolat beruvchi normalar deyiladi. Masalan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 29-moddasiga binoan, “Har kim fikrlash, so‘z va e'tiqod erkinligi huquqiga ega…”.
2. Huquq subyektiga muayyan harakatlarni sodir etish lozimligi (shartligi) ni ko‘rsatuvchi huquq normalari majburiyat yuklovchi normalar deyiladi. Masalan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 51-moddasida “Fuqarolar qonun bilan belgilangan soliqlar va mahalliy yig‘imlarni to‘lashga majburdirlar” deyilgan va bu qoida majburiyat yuklash xarakteriga ega.
3. Huquq subyektiga muayyan xatti-harakatlarni sodir etishni man qiluvchi normalar taqiqlovchi normalar deb ataladi. Masalan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 57-moddasida mustahkamlab qo‘yilgan “Konstitutsiyaviy tuzumni zo‘rlik bilan o‘zgartirishni maqsad qilib qo‘yuvchi, respublikaning suvereniteti, yaxlitligi va xavfsizligiga, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklariga qarshi chiquvchi, urushni, ijtimoiy, milliy, irqiy va diniy adovatni targ‘ib qiluvchi, xalqning sog‘lig‘i va ma'naviyatiga tajovuz qiluvchi, shuningdek harbiylashtirilgan birlashmalarning, milliy va diniy ruhdagi siyosiy partiyalarning hamda jamoat birlashmalarining tuzilishi va faoliyati taqiqlanadi” degan qoida bunga yaqqol misol bo‘la oladi.
Bulardan tashqari, huquq normalari o‘zida xatti-harakatni shakllantirishning mavhumligiga qarab abstrakt (mavhum) va kazuistik normalarga, gipotezada mustahkamlangan holatning faktik jihatlari aniq yoki nisbiy ekanligiga qarab aniq va nisbiy aniq normalarga, gipotezaning hajmiga qarab oddiy, murakkab va alternativ normalarga, dispozitsiyaning aniqligiga qarab mutlaq aniq, nisbatan aniq va blanket normalarga, huquq normalari sanksiyalarning aniqligiga qarab mutlaq aniq va nisbatan aniq normalarga ham bo‘linadi.
Huquqiy tartibga solish usuliga ko‘ra imperativ va dispozitiv normalarga, subyektlariga qarab umumiy va maxsus normalarga, harakatlanish hududiga qarab mamlakatning butun hududida va mahalliy miqyosda amal qiluvchi normalarga ajratiladi.
Shuningdek, huquq sohalari nuqtai nazaridan huquq normalarining konstitutsiyaviy, ma'muriy-huquqiy, fuqaroviy-huquqiy, jinoiy-huquqiy, xalqaro va boshqa turlarini ko‘rsatib o‘tish mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |