8.7. HUQUQIY NIGILIZMNI BARTARAF QILISH MASALALARI
Huquqiy nigilizm jamiyat huquqiy taraqqiyotining tizimli hamda maqsadga muvofiq rivojlanishiga jiddiy xavf tug‘diruvchi hamda huquqiy ong va huquqiy madaniyatning yuksalishiga to‘siq bo‘luvchi salbiy hodisalardan biridir. Bugungi kunda mamlakatimizda huquqiy nigilizm holatlarining oldini olish masalasiga ustuvor vazifa sifatida qaralmoqda. Uni mumkin qadar kamaytirishning maxsus vositalariga: qabul qilinayotgan qonunlarning lozim darajadagi sifatini ta'minlash, qonuniylik va huquq-tartibotni mustahkamlash, sudning rolini oshirish va sud-huquq islohotlarini amalga oshirish, aholini huquqiy tarbiyalash, yuridik ta'lim va tarbiyani davr talablari bilan muvofiq holatga keltirish kabilar kiradi. Shu bilan birga, huquqni muhofaza qilish tizimi barcha subyektlarining huquqiy madaniyatini yanada yuksaltirish bo‘yicha izchil ish olib borish lozim. Bevosita maqsad – qonuniy xulq-atvorga, shu jumladan fuqarolarning qonuniy xulq-atvori, yuristlar va boshqa davlat xizmatchilarining o‘z vakolatlarini amalga oshirish jarayonida yuridik ahamiyatga molik vaziyatlarda kasbiy faolligiga erishishdir.
Shu jihatdan olganda, mamlakatimizda davlat idoralari, shuningdek huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining huquqiy savodxonligi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish maqsadida qator institutlar va markazlar faol ish olib bormoqda. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi, Adliya vazirligi huzuridagi Respublika yuristlar malakasini oshirish markazi, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasi, Toshkent davlat yuridik universiteti kabilar shular jumlasidandir.
Mamlakatimizda shaxs huquqiy ongi va madaniyatini, uning huquqiy faolligini, huquqiy ta'lim va tarbiya tizimining mustahkam qonunchilik asoslarini belgilovchi qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinganligini alohida qayd etib o‘tish zarur.
Jamiyatni demokratlashtirish va yangilash, mamlakatni modernizatsiya va isloh etish jarayonida olib borilayotgan islohotlar ijtimoiy munosabatlarning, shu jumladan, shaxs – jamiyat – davlat munosabatlari tizimining mazmun va mohiyatini muayyan darajada o‘zgarishiga olib kelganligini qayd etish joiz. Ayniqsa, davlat va jamiyat ishlarini boshqarishda fuqarolarning ishtiroki doirasining kengayayotganligi, bunda fuqarolik jamiyati institutlari, ya'ni siyosiy partiyalar, jamoat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalarining ham shaxs siyosiy-huquqiy faolligini kafolatlovchi, ham davlat hokimiyati va mansabdor shaxslar ustidan jamoat nazoratini o‘rnatuvchi tuzilma sifatidagi o‘rni va ahamiyati oshib borayotganligini kuzatish mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |