Davlat apparati bu – davlat mexanizmining davlat-huquqiy vakolatga ega bo‘lgan va muayyan davlat funksiyalarini amalga oshiruvchi davlat organlari majmui.
avlat mexanizmi orqali bevosita davlat hokimiyati amalga oshiriladi, davlatning vazifa va funksiyalarining bajarilishi ta'minlanadi.
Ayni paytda, davlat apparati bilan davlat muassasalarini bir-biridan farqlash zarur. Davlat muassasalari, jumladan, ilmiy, ma'rifiy, tibbiy va boshqa ijtimoiy-madaniy muassasalar, shuningdek, xo‘jalik birlashmalari, kommunikatsiyalar tizimi, ommaviy axborot vositalari, transport, bevosita davlat hokimiyatini amalga oshirishda ishtirok etishmasada, biroq davlatning o‘z oldida turgan vazifalari bajarilishiga har tomonlama yordam ko‘rsatadilar (masalan, ta'lim, tibbiyot muassasalari va boshqa.).
Ta'kidlash kerakki, davlat mexanizmi tarkibiga kiruvchi tuzilmalar har davrda har xil bo‘lishi tabiiy. Binobarin, davlat vujudga kelgan davrdan buyon davlat organlari va davlatga oid boshqa tuzilmalar mavjuddir. Ushbu tuzilmalar to hozirga qadar uzoq va murakkab tarixiy taraqqiyot davrini boshdan kechirgan. Dastlab davlat organlari tizimi oddiy, tuzilmaviy jihatdan uncha murakkab bo‘lmagan bo‘lsa, jamiyat rivojlanishi bilan davlat apparati ham mazmunan, ham shaklan o‘zgarib, takomillashib borib, hozirgi kunda u ko‘p tarmoqli bir tizimni tashkil etadi. Agar bir davlatning mexanizmini yirik bir tizim, deb oladigan bo‘lsak, u o‘z ichiga bir necha tizimlarni oladi. Masalan, O‘zbekistonning davlat mexanizmi yaxlit bir tizim bo‘lsa, uning tarkibiga kiruvchi tizim sifatida ijro etuvchi, sud yoki prokuratura organlari tizimini ko‘rsatish mumkin.
Shu tariqa, hozirgi zamon davlatlari mexanizmi xilma-xil organ va idoralardan iborat bo‘lib, ularda ko‘p sonli davlat xizmatchilari muayyan haq evaziga faoliyat ko‘rsatishadi.
Davlat mexanizmi bilan uning funksiyalari o‘rtasida o‘zaro uzviy bog‘liqlik mavjud. Ijtimoiy munosabatlarning shiddatli rivoji, yuksak texnologiyalar hozirgi zamon davlat oldiga yangi-yangi vazifalarini qo‘ymoqdaki, ushbu vazifalarning ijrosini ta'minlash maqsadida tegishli davlat organlari tashkil etiladi. Masalan, mamlakatimizda davlat boshqaruvi, ijtimoiy hayotda innovatsiyalarni rivojlantirish ehtiyoji va zarurati ushbu vazifaning ijrosini tashkil etishga mas'ul organning, ya'ni Innovatsion rivojlanish vazirligining tashkil etilishiga olib keldi.
Har bir mamlakatning rivoji, aholi turmush farovonligi darajasi, davlatning oldida turgan vazifalarning amalga oshirilishi ko‘p jihatdan davlat organlari faoliyati samaradorligiga bog‘liq. Binobarin, har bir davlat organi bevosita davlatning ma'lum bir funksiyasini amalga oshiradi, masalan, Sog‘liqni saqlash Vazirligi va uning tizimi O‘zbekistonda aholining sog‘lig‘ini saqlash, Ta'lim sohasidagi vazirliklar esa mamlakatda aholining ta'lim olish huquqini amalga oshirish borasidagi davlat siyosatini amalga oshiradi. Demak, har bir davlat organining samarali ishlashidan davlatning jamiyatni boshqarish, uning bir maromda faoliyat olib borishini ta'minlash vazifasi bog‘liq bo‘lib qoladi. Shunday qilib, davlatning vazifa va funksiyalari uning mexanizmi vositasi amalga oshadi
Do'stlaringiz bilan baham: |