Tayanch so‘z va iboralar: Xuzoa, Saqif, Ahobiysh, “Bay’at rizvon”, Suhayl, Hudaybiya, “Al-Umra al-Qodiya”, Ibn Ishoq
Tashqi dushman hujumlarini bartaraf qilib, ichki raqiblar qarshiligini enggach, taxminan 3000 sodiq askarga ega bo‘lgan Payg‘ambar g‘arbiy Arabistonning etakchi rahbariga aylandi. Bor harbiy va siyosiy imkoniyatlarini ishga solgan Makka o‘zining eng asosiy quroli - savdodagi ustunligidan ayrilgach, bir zumda zaiflashib qoldi. Ilgari u bilan ittifoqda bo‘lgan ko‘pgina badaviy qabilalar Madina tomonga og‘ib ketdilar. SHu o‘rinda bir muhim narsaga e’tibor qaratmog‘imiz lozim: bu davrda birorta harbiy yurish islomni targ‘ib qilish bilan bog‘liq bo‘lmadi. Hatto ularni islomdan qaytganlik uchun jazo ekspeditsiyalari, deb ham bo‘lmaydi. SHunday tasavvur hosil bo‘ladiki, islom ta’limotining yoyilishi hozircha alohida shaxslarning islomni qabul qilishi tarzida kechyapti, butun bir katta jamoaning emas. 6 hijriy yilgacha Madinadan tashqaridagi birorta vohani to‘lig‘icha islomni qabul qilgan deb bo‘lmasdi. Madinaning janubi va shimolida hamda sharqdagi Iroq yo‘li bo‘ylab islom hukmi nari borganda 10-25 kilometrlik mintaqani o‘z ichiga olgandi. Ammo ayni vaqtda Madina shahri to‘liq islom hukmida bo‘lib, arablar orasida Muhammad (sav)ning payg‘ambarlik risolasiga shubha qolmagandi. Musulmonlarning iqtisodiy ahvoli anchagina yaxshilandi. Kuchli, yaxshi qurollangan va intizomli armiya shakllandi. Ana shularni e’tiborga olgan holda Payg‘ambarning keyingi harakatlarini izohlash mumkin. SHunday vaziyatda Payg‘ambar harbiy emas, balki tinchlik yo‘lini tutdiki, bu maqsadga tezroq va osonroq etishish imkoniyatini berdi.
628 yilning fevrali ro‘za paytida Muhammad (sav)ga tunda ro‘yo keldi va ertasi ertalab u kishi musulmonlarga Allohning irodasini e’lon qildilar: Ramazon oyi tugagach, Ka’ba ziyoratiga otlaniladigan, Umra marosimi ado etiladigan bo‘ldi. Atrofdagi arab qabilalariga ham shunday murojaat qilindi. Hali islomga kirmagan badaviylarni Makkaga chorlash qurayshiylarga Muhammad-payg‘ambar g‘oziy sifatida emas, umrachi sifatida kelayotganini isbotlash uchun kerak edi. Bundan tashqari Makkaning muqaddasligini hurmat qilib, unga urush bilan emas, tinch maqsadda borayotgani Arabiston yarim orolida payg‘ambarning obro‘sini oshirishi muqarrar edi. Tayyorgarlik deyarli bir oy davom etdi va Zulqa’da oyining boshida 1400 kishidan iborat karvon Madinadan yo‘lga tushdi. Muhammad (sav) uydayoq ehromga kirdilar. Qurbonlikka 70 tuya olindi. Rasman e’lon qilinishicha, Qurayshga qarshi hech qanday adovat qilinmaydi, ziyoratchilar odatda o‘zlari bilan olib yuradiganidan ortiq qurolga ega bo‘lmaydilar. Bu tadbirda Ka’ba musulmonlar uchun ham muqaddas maskan, degan ma’no bor ediki, boshqachasiga aytganda, Qurayshga imkoniyat berilayotgandi, agar ular bilsa.
Quraysh zodagonlari bu xabarni eshitgach, qattiq tashvishga tushib qoldilar. Agar musulmonlar Makkaga tinch maqsadda kirsalar ham bu erda ta’qib ostida qolgan musulmonlar bilan qo‘shilib ketishi, umuman xalq ular tomoniga o‘tib ketishi, shaharda qonli to‘qnashuvlar sodir bo‘lishi mumkin edi. Uch kun yo‘l yurilgandan so‘ng Muhammad (sav)ga qurayshiylarning bu ishga munosabati xususida aniq xabar keldi: ular bu yil Rasululloh va uning sheriklarini aslo Makkaga qo‘ymaslikka ahd qilishgandi. SHu maqsadda Xolid bin Valid rahbarligida 200 kishilik otliq guruh tuzildi va u Makkadan 10 chaqirim masofada musulmonlar yo‘lini to‘sdi. Muhammad (sav) ko‘nglida ishonardiki, qurayshiylar vujudga kelgan vaziyatga xolis baho beradilar va hozircha islomni qabul qilishga tayyor bo‘lmasalarda, sulh shartnomasini imzolaydilar. SHunday bo‘lgan taqdirda boshqalar ham unga ergashishi mumkin edi. Qurayshning o‘jarligini ko‘rib, Muhammad (sav) astoydil achindi va dedi: “Qurayshiylarga afsus! Urush ularni butkul ado qiladi! Meni o‘ldiradilarmi yoki men g‘alaba qozonamanmi, baribir, vaqti kelib, ular to‘da-to‘da bo‘lib islomga kiradilarku! Yo‘q, ular kuchlari etgancha urushaveradilar. Men ham, Allohga qasamki, meni yuborganning irodasini albatta bajaraman”.
SHundan so‘ng Payg‘ambar chapga burib, hamrohlari bilan Hudaybiya degan joyda qo‘noq qildi. Qurayshiylar unga Xuzoa, Saqif va Ahobiysh vakillaridan iborat elchilarini yubordilar. Rasululloh ularni do‘stona kutib oldi va o‘zining husniniyat bilan kelganini uqtirdi. Makkada siyosiy mojaro kuchayib ketdi: sababi – u erda talaygina xufyona islomni qabul qilganlar va Muhammad (sav)ga xayrihohlar mavjud edi. Ular umraga ruxsat berishni talab qildilar. Musulmonlar bilan kurashda engilganiga iqror bo‘lgan Abu Sufyon o‘ziga xos mo‘‘tadillar guruhini tuzib olgan, qandaydir shartlar bilan umraga ruxsat berish tarafdori edi. Ammo, oxir-oqibat, qanday bo‘lmasin Muhammad (sav)ning yo‘lini to‘sishni talab qilgan ashaddiy mushriklarning nuqtai nazari g‘olib chiqdi. Xuzoaning rahbari Budayl ibn Varqa Muhammad (sav) huzuriga kelib, bu qarorni etkazdi. Rasululloh urushni istamayotgani, ammo kerak bo‘lsa, kuch bilan maqsadga erishajagini bildirdi. Quraysh Muhammad (sav)ni qo‘rqitish va ketishga majbur qilish maqsadida yana bir necha elchilarni yubordi. Muhammad (sav) esa ularni oqko‘ngillik va nozik diplomatiya bilan kutib olib, kelganlarga o‘zlarining ehromda ekanliklari va qurbonliklar olib kelganlarini namoyish qilaverdi. Oxirgi lahzagacha Muhammad (sav)ni umid tark etmadi. Ahobiyshning sayyidi al-Xulays bu mojarolardan tinkasi qurib: “Agar musulmonlar Makkaga qo‘yilmasa, men askarimni olib ketaman”,- deb bayonot berdi. SHundan so‘ng Quraysh muzokaraga rozi bo‘ldi va Muhammad (sav) kuyovlari Usmonni Makkaga jo‘natdilar. CHamasi, Makkada muzokaralar qiyin kechdi va biroz cho‘zildi. Ko‘chmanchi arablar Payg‘ambarning elchisi Makkada razilona o‘ldirildi, degan xabarni keltirganlarida ziyoratchilar orasida asabiylik avjiga chiqdi. Tinch muzokaralar to‘g‘risida endi so‘z bo‘lishi mumkin emasdi: yo taqdirga tan berib, boshni egib, Madinaga qaytish yohud kuch bilan Makkaga kirish, boshqa chora yo‘q edi. Muhammad (sav) ziyoratchilarga xitob qilib, kerak bo‘lsa, o‘zni qurbon qilishga tayyor ekanliklari to‘g‘risida qasamyod qilishni so‘radi: “Kimki Payg‘ambarga qasamyod qilsa, Allohga qasamyod qilgan bo‘ladi,”-dedi, u. “Bay’at rizvon” nomini olgan bu tadbirda har bir ziyoratchi Muhammad (sav)ga qo‘l berib, unga sodiq ekani, har qanday holatda ham uni tark etmasligi haqida qasamyod qildi. Usmon o‘ldirilmagani haqida xabar etib kelgandan keyingina Muhammad (sav) qarorgohiga biroz sokinlik tushdi. Qurayshiylar uni balki bandi sifatida atayin ushlab turgani, hatto unga, istasa, yakka o‘zi umrani ado etishi mumkinligi, ammo u bunga ko‘nmagani ma’lum bo‘ldi. Fikrimizcha, Usmonning safari zoe ketmadi, aynan uning sa’y-harakatlari bilan qurayshiylar Muhammad (sav)ni muzokara yurituvchi tomon deb tan oldilar va shu maqsadda Rasululloh huzuriga Suhayl ibn Amr degan shaxsni sulh tuzish uchun yubordilar. Suhayl o‘z vaqtida Badr jangining tashkilotchilaridan biri bo‘lgan, u erda asir tushgan va 4000 dirham evaziga ozod qilingandi. Muhammad (sav) Quraysh bilan sulhga erishishga nechog‘liq ishtiyoqmand bo‘lganini shu narsadan bilish mumkinki, Suhayl gorizontda ko‘ringan zahoti:”E, xayriyat, nihoyat Quraysh muzokaraga rozi bo‘libdi,”-degan ekanlar.
Odatda muzokaralarda har tomon o‘z manfaatini ko‘zlab ish yuritadi. Suhayl kalon dimog‘ bilan o‘zini Payg‘ambardan yuqori qo‘yishga harakat qildi. Sahobalar tomonidan Payg‘ambarga ko‘rsatilayotgan izzat-ikromni yasama deb hisoblab: “Mana bu- o‘z qadrdon shahring va qabilangga qarshi sen olib kelgan atrofingdagi to‘da, agar urush qilishga to‘g‘ri kelsa, bir zumda seni tashlab ketadi. Qurayshiylar esa, bir jon bir tan bo‘lib, Makka himoyasiga chiqadilar, agar Muhammad kuch bilan Ka’baga kirmoqchi bo‘lsa,” –degan so‘zlar bilan Payg‘ambarni ishontirmoqchi bo‘ldi. Suhaylning bunday tasarrufoti albatta sahobalarning noroziligi va darg‘azab xitoblariga sabab bo‘ldi. Muhammad (sav) esa, o‘zini o‘ta og‘ir va bosiqlik bilan ushladi, zero u o‘zining asosiy maqsadiga erishgandi: qurayshiylar muzokaraga ko‘nib, o‘zlari fahmlamagan holda uni teng tomon deb e’tirof etishgandi. Endigi maqsad – qanday shaklda bo‘lmasin, sulhning imzolanishiga erishish edi. SHu sababdan, Suhaylning kibru-havosi, sahobalarning noroziliklariga qaramay, Payg‘ambar Qurayshning barcha talablarini qabul qildi va sulhga erishdi. Hozirgi zamon iborasi bilan aytganda, jentlmenlar sulhi, ya’ni og‘zaki bitim tuzib, uni yozma holga keltirish boshlanganda, jiddiy kelishmovchilik yuzaga keldi. Kotiblik qilayotgan Aliga Payg‘ambar:”Biismillohir Rahmonir Rahim bilan boshlang”, deganlarida, Suhayl e’tiroz bildirib:”Biz Allohni bilamiz, Arrahmon, Arrahimga kelsak, biz ularni bilmaymiz. Odatda hujjatlarimizni boshlaydigan iborani yozsin,”- dedi. Payg‘ambar kulib qo‘yib, chunki butparast Suhayl hali musulmoncha iborani hazm qilolmasdi, Aliga: “Ho‘b, yozing, Biismika, Allohumma!”-deya imlo qildi. Keyingi mojaro Payg‘ambarning maqomi masalasida bo‘ldi. Musulmonlar “Rasululloh”, ya’ni “Allohning elchisi”, deb yozishni talab qildilar, Suhayl yana e’tiroz bildirib, dahshatli gapni aytdi:”Agar men sening Allohning rasuli ekaningga ishonganimda, sen bilan kurashmagan bo‘lardim. SHuning uchun o‘z isming va otangning ismini keltir, xolos “,-dedi. Payg‘ambar: “Bu - Muhammad ibn Abdulloh va Suhayl ibn Amr imzolagan...”, deb yozishni buyurdilar. SHartnoma matni bizning davrimizgacha bir necha ko‘rinishda etib kelgan. Quyida Ibn Ishoq zikr etgan matnni keltiramiz.
“Sening isming bilan, e, Alloh!
Bu – Muhammad ibn Abdulloh va Suhayl ibn Amr imzolagan tinchlik shartnomasidir. Ular 10 yil muddat davomida odamlardan urush daf’ qilinajagi haqida kelishib oldilar. SHu davr ichida odamlar xavfsizlikda bo‘ladilar va quyidagi shartlarda bir-birlarini xoli qo‘yadilar: qurayshiylardan kimki Muhammad tomonga valiysining ruxsatisiz o‘tsa, qaytariladi; Muhammad bilan bo‘lganlardan kimki qurayshiylarga o‘tsa, qaytarilmaydi. Oramizdan adovat ko‘tariladi. Muhammad bilan ittifoq va shartnoma tuzmoqchi bo‘lganlar, tuzsin! Qurayshiylar bilan ittifoq va shartnoma tuzmoqchi bo‘lganlar, tuzsin. Sen bu yil bizdan ketasan, Makkaga kirmaysan, kelasi yil kelganda sen o‘z o‘rtoqlaring bilan unga kirasan va unda uch kun bo‘lasan, sen bilan faqat safar qurollari va qilich qinda bo‘ladi, boshqa hech narsa bilan unga kirmaysan!”
Odatda, shartnomaga asosiy imzolardan tashqari guvohlar ham qo‘l qo‘yardilar. Qizig‘i shundaki, musulmonlar tomonidan guvohlar qatorida Suhaylning o‘g‘li Abdulloh ham bor edi. U islomni qabul qilgan va bu erga panoh istab kelgan edi. SHartnoma bandiga, ko‘ra Suhayl o‘g‘lini qaytarishni talab qildi. Abdulloh qancha nola qilmasin, Muhammad (sav) uni qaytarishga majbur bo‘ldi. Bu manzara musulmonlarda og‘ir taassurot qoldirdi. Ularning aksariyati umuman mushriklar bilan muzokaraga qarshi edi. Hatto Muhammad (sav)ga yaqin bo‘lgan ba’zi kishilar, hali kelasi yili amalga oshadimi, yo‘qmi va’da qilingan ziyorat, undan boshqa nima yutdik, shartnomani imzolab, deya hayron edi. Muhammad (sav) esa, o‘zining safdoshlaridan ham, qurayshiylardan ham uzoqni ko‘rabildi. SHartnomaga to‘liq rioya qilgan holda u makkalik qochqinlarni o‘zining “umma”siga qabul qilmadi. Ammo ularning ko‘plari Makkaga ham qaytishmadi. Masalan, sheryurak Abu Basir Utba va o‘sha Abdulloh ibn Suhayllar yirikkina lashkarlar tuzishib, Qizil dengiz yoqasidagi savdo yo‘llarida Quraysh karvonlariga hujumlar qildilar. Qurayshiylar ularga qarshi hechqanday chora topaolmagach, Muhammad (sav)dan ularni jilovlashni iltimos qildilar. Payg‘ambar esa, haqli ravishda, ular uchun mas’ul emasligini ta’kidladi.
Ayni vaqtda Payg‘ambar uning himoyasiga kelgan birnecha qurayshiy ayollarni ular xususida Allohning quyidagi vahyi kelganligi sababli Makkaga qaytarishdan voz kechdi:
Ey, mo‘minlar! Qachonki, sizlarga (Makka kofirlari tomonidan) mo‘mina ayollar hijrat qilib kelsalar, ularni imtihon qilib ko‘ringiz! Alloh ularning imonlarini (bor yoki yo‘qligini) yaxshiroq biluvchidir. Bas, agar ularning (haqiqatan) mo‘mina ayollar ekanini bilsangiz, u holda ularni kofirlarga qaytarmangiz! Bular (ular) uchun halol emas va ular bular uchun halol emasdir. Ularga sarflagan mahrlarini erlariga (qaytarib) beringiz! Qachonki, ularga (erlariga) mahrlarini bersangiz, ularni (ayollarini) nikohingizga olishda sizlarga gunoh yo‘qdir. (SHuningdek) sizlar ham kofiralarning qo‘llarini tutmangiz! O‘zlaringiz sarflagan mahrni talab qilingiz va ular ham sarflagan mahrlarini (mo‘minlardan) talab qilsin! Bu Allohning hukmidir. U sizlarning o‘rtangizda hukm qilayotir. Alloh ilm va hikmat sohibidir. (al-Mumtahana, 10)
Ushbu oyati karimaga muvofiq barcha musulmon erkak va ayollarning mushrik erkak va ayollar bilan nikohi bekor qilindi; agar taloq ayol tashabbusi bilan yuz bersa, mahrini to‘lash shart qilindi. Makka ayollari bilan sodir bo‘lgan mazkur holatda Muhammad (sav) to‘lovni o‘ziga tegishli bo‘lgan xums hisobidan qopladi.
Bir qarashda Hudaybiya sulhi faqat Quraysh uchun manfaatli bo‘lgandek tuyuladi. Lekin ilgari Qurayshga ittifoqdosh bo‘lgan qabilalarning hohlagan tarafga o‘tishi Makkaning kuchi-qudratini belgilab turgan shartnomaviy tizimning barbod bo‘lganini anglatardi. SHu zahotiyoq Xuzoa qabilasi Madina tarafiga o‘tdi. Muhammad (sav) o‘zining barcha tasarrufotlari bilan kelishuvdan mamnunligini ko‘rsatardi. U xuddi umra amalga oshirilgani kabi soqolni oldi va qurbonlikka keltirilgan tuyalarni so‘yishga buyurdi. Payg‘ambar birdan-bir to‘g‘ri yo‘l tutganini bilar va mo‘minlarga buni etkazishni istardi. Ammo ko‘pchilik Allohning irodasi shuni taqozo qilganini anglab etmasdi. Nihoyat, Madinagacha yarim yo‘lni o‘tib bo‘lgach, Usfan degan joyda u Allohning kalomini etkazdi: “Biz Sizga aniq g‘alabani ato etdik” (Fath, 1). Bu xabar bir zumda ziyoratchilar kayfiyatini ko‘tarib yubordi. Barcha mufassirlar bu oyati karima Xaybar vohasiga yurishni ko‘zda tutayotgani haqida yakdil fikrdadirlar. Qurayshiylar Xaybardagi o‘z ittifoqchilariga nisbatan xoinlik qilgandilar. Muhammad (sav) Quraysh talablariga ko‘ngani ularning o‘ziga juda qimmatga tushganini o‘sha onda har kim ham tushunib etmagan edi. Bunday holatlar odatda shartnoma matnlarida yozilmaydi yoki hammaga oshkora qilinavermaydi. Darhaqiqat, Hudaybiya sulhi o‘zining ahamiyati jihatidan har qanday jangdagi g‘alabadan yuqori turadi. Agar, aytaylik, Badr jangi g‘alabasidan so‘ng yosh islom davlatining birinchi poydevoriga asos solingan bo‘lsa, Hudaybiya sulhidan so‘ng butun Arabiston yarim orolini islom bayrog‘i ostida bir davlatga birlashtirish imkoniyati ochildi.
Tabiiyki, Hudaybiya sulhidan keyin amalga oshirilgan Muhammad (sav)ning harbiy-siyosiy faoliyati asosan shimolga qaratildi. Xaybarda aksariyat tub aholisi yahudlar bo‘lganidan tashqari banu Qaynqo va banu Nadir ham bu erga ko‘chib kelgandi. Bu ikki yahud qabilasi Xandaq jangining faol tashkilotchilaridan bo‘lgandi. Ikki oydan so‘ng boshlangan Xaybar safariga faqat Hudaybiya ishtirokchilari jalb qilindi. Katta kuchning Xaybar vohasida paydo bo‘lishi kutilmagan holda yuz berdiki, aholi etarli qarshilik ko‘rsataolmadi va kichik qo‘rg‘onlar birin-ketin taslim bo‘ldi. Vohada uchta mustahkam qal’a mavjud edi: ash-SHiq, an-Natat va al-Katiba. Nisbatan katta qarshilikni Al-Katiba ko‘rsatdi. Undagi al-Qamus qo‘rg‘oni qulagach, u erda istiqomat qilayotgan Nadir qabilasi qarshilik qilishni to‘xtatdi va boyliklarini topshirishga va’da berdi. SHundan so‘ng al-Katibaning boshqa qo‘rg‘onlari jangsiz taslim bo‘ldilar. Muhammad (sav) ularga hosilning yarmini topshirish sharti bilan Xaybarda qolishga ijozat berdi. Bu jangda 93 xaybarlik halok bo‘ldi. Ammo musulmonlar uchun ham Uxuddan keyingi eng katta yo‘qotish bo‘ldi: 25 kishi halok bo‘ldi va 100dan ortiq kishi yaralandi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Xaybarda oxirgi kunlarda Payg‘ambarga suiqasd uyushtirilgan. Aytishlaricha, bir yahudiya ayol musulmon askaridan, boshlig‘inglar kim, deb so‘ragan. “Rasululloh, ya’ni Allohning elchisi”,-deb javob bergan askar. “U qaysi ovqatni xush ko‘radi”,-deb so‘ragan yana ayol. Askar:”Qo‘zi go‘shtini”,-degan. “Qo‘zining qay joyini yoqtiradi”,-degan savoliga, askar:”Qo‘l son qismini”,-deydi. “Unda boshlig‘inga aytib qo‘y, tushlikka butun qo‘zini pishirib keltiraman”,-debdi ayol va shunday qilibdi. Ovqat tanovul paytida Payg‘ambar odatlariga ko‘ra pichoqning uchi bilan qo‘zining tirsak qismidan bir luqma olib, yonlarida o‘tirgan sahoba Bishr al-Baroga uzatibdilar. Bishr luqmani chaynab yutibdi. Payg‘ambar keyingi luqmani og‘ziga olibdi-yu, achchiq zaharni sezib, tuflab tashlabdi. Bishr til tortmay jon taslim qilgan ekan, Muhammad (sav) esa, zaharlangan, qattiq qorin og‘rig‘iga duchor bo‘lgan ekanki, oshqozonni yuvib, bir amallab halokatdan saqlab qolishibdi. Ayolni ushlab, Muhammad (sav) qoshiga keltirganlarida, u ayyorlik qilib:”Sinab ko‘rmoqchi edim, axir haqiqiy payg‘ambar bo‘lsa, zahar ta’sir qilmasligi kerak-ku”,-degan ekan. Xullas, uni Bishr qarindoshlari tasarrufiga qasos olish uchun topshirishgan. Oradan uch yil o‘tib, hayotining oxirgi kunlari Muhammad (sav) betob bo‘lib yotib qolganlarida, ko‘pchilik qatori ko‘ngil so‘rab kelgan Bishrning onasiga Payg‘ambar: “E, Umm Bishr, sening o‘g‘lingni olib ketgan narsa endi menga kuchini ko‘rsatayapti, shekilli”,-degan ekanlar.
Xaybarning qulashi qo‘shni Fadak aholisiga ta’sir qildi va ular ham yarim hosilning evaziga jangsiz taslim bo‘ldilar. Xaybardan Muhammad (sav) Vodil quroga yo‘l oldi. 4 kun davom etgan qamaldan so‘ng hosilning ma’lum qismini berish evaziga ular ham Muhammad (sav) hokimiyatini tan oldilar. Buni eshitgan Teyma shahrining aholisi ham boj-xiroj to‘lashga rozi bo‘ldi.
SHu orada Hudaybiya sulhiga ko‘ra umra vaqti ham etib keldi. 1- zul qa’da, ya’ni 629 yilning 2 martida Hudaybiya qatnashchilariga yana 600 kishi qo‘shilgan holda ziyoratchilar Makkaga yo‘l oldilar. Makkaga yaqinlashganda 200 kishi qurol-yaroqqa qorovullikka qolib, boshqalar ehromda Makkaga kirib bordilar. Qurayshiylar Dor an-Nadva oldida joyni bo‘shatib berdilar. Etti marta Ka’bani tavof qilgach, Payg‘ambar Marva yonida to‘xtadi, qurbonlik qilib, soch va tirnoqlarni oldida, ehromdan chiqdi: umra ado etib bo‘lingandi. So‘ngra bir guruh ziyoratchilar qurollarni qorovullab turganlarni almashtirish uchun ketdi, Muhammad (sav) esa, Ka’bada tanho qoldi. Qurayshiylar qo‘shni tomlarga chiqib, Muhammad (sav) va safdoshlarining ibodatlarini qiziqib tamosho qildilar. Uch kun o‘tgach: “Vaqt tugadi, endi ketinglar”,-deyishdi Quraysh vakillari. SHartnomaga muvofiq Muhammad (sav) bu talabni bajardi. “Al-Umra al-Qodiya” nomini olgan bu ziyorat makkaliklarda katta taassurot qoldirdi. 2000 kishidan iborat ziyoratchilarning tartib-intizomi, Payg‘ambarga cheksiz hurmatni ko‘rgan ko‘pgina makkaliklarda fikr o‘zgardi. Birinchi bo‘lib, mashhur sarkarda Xolid ibn Valid Makka “malo”siga murojaat qilib: “Endi har bir aqli raso kishiga ayon bo‘ldiki, Muhammad (sav) shoir, sehrgar, folbin emas, uning nutqlari Olamlar Parvardigorining nutqlari, har bir ongli kishi unga ergashmog‘i lozim”,-deya bayonot berdi. Ikrima qanchalik qaytarmasin, Xolid islomni qabul qildi. Buni eshitgan Abu Sufyon darg‘azab bo‘lib, o‘z odamlariga Xolidni qatl etishni buyurdi. Bunga norozilik bildirib, Makkaning yana bir ko‘zga ko‘ringan kishisi, keyinchalik Misrning fotihi sifatida shuhrat qozongan Amr ibn al-Os va boshqa birnecha faol qurayshiylar islomga kirdilar. Hudaybiya haqida so‘z ketganda keyinchalik Abu Bakr odatda bir gapni ko‘p aytardi: “Insonlar voqealarni jadallashtirishni istaydilar, ammo Parvardigor esa ularning pishib etilishini hohlaydi.” O‘sha Payg‘ambar uchun juda og‘ir kechgan muzokaralar paytida faqat Abu Bakr Muhammad (sav) sa’y-harakatlarini to‘g‘ri tushungan bo‘lsa, ajab emas. U hatto sahobalarning ichida eng qiziqqoni bo‘lgan Umarni ogohlantirgan edi: “Unga yaqin tur, uning yuganining shundoqqina oldida bo‘l, yodingda tut! U – Allohning rasuli!”
Hudaybiyadan so‘ng Muhammad (sav) qo‘shni davlatlarga o‘zini tanitishi kerak edi. SHu maqsadda 628-629 yillarda Payg‘ambar Vizantiya imperatori Irakliy, Eron shohanshohi Xusrav II, Habashiston najoshiysi, G‘assoniylar amiri, Misr hokimi Muqavqis, O‘mon “maliki”, YAman “maliki”, Bahrayn va YAmoma hokimlariga elchilar orqali maktublar yubordi. Muhammad (sav)ga bu hokimlar faqat muxrlangan xatlarni o‘qishlari aytilganda u kumushdan, ichiga uch qator qilib “Muhammadun rasul ul-lohi”, deb yozilgan uzuk yasattirdi.
Arab manbalariga ko‘ra, elchilar va ular eltgan maktublarga turlicha munosabat bo‘lgan. Masalan, Bahrayn amiri Muhammad (sav)ning da’vatiga javoban islomni qabul qildi. Ko‘pchilik hokimlar elchilarni xayrihohlik bilan qabul qilgan bo‘lsalarda, islomga kirmadilar. Eron shohanshohi Xusrav II Muhammad (sav)ning maktubini olib g‘azabi jo‘shdi va uni yirtib tashlab, YAmandagi unga vassal noibi Bozonga o‘z vakilini yuborib, Hijozda paydo bo‘lgan bu kishini ushlab, huzuriga keltirishni buyurdi. Lekin bu noib Muhamad (sav) bilan bog‘langan zamonoq, islomni qabul qildi va Muhammad (sav) uni o‘z mansabida qoldirdi. Payg‘ambarning deyarli barcha elchilari sog‘-omon qaytishdi. Faqat bir elchini Busra hokimi SHurahbil ibn Amr al-Juzamiy, Vizantiyaning al-Balqodagi noibi, razilona, qoidaga xilof ravishda qatl qildi. Aksariyat g‘arb tadqiqotchilari arab manbalarining bu xatlar haqidagi ma’lumotlarga ishonchsizlik bilan qarashadi, lekin ayni vaqtda hech bo‘lmaganda Muhammad (sav)ning Arabistondan tashqaridagi bir hokim – Misr noibi Muqavqis bilan aniq aloqada bo‘lganini inkor qilolmaydilar. Muqavqis 629 yili Muhammad (sav)ga hadya sifatida opa-singil ikki joriya, xachir va qo‘bt matolaridan yubordi. Mariya ismli birini Muhammad (sav) o‘z nikohiga oldi va SHirin ismli ikkinchisini shoiri Hasson ibn Sobitga nikohlab berdi. So‘ngra Mariyadan o‘g‘il tug‘ilganligi, rasululloh unga Ibrohim deb ism qo‘ygani, 2 yoshga etar-etmas, uning nobud bo‘lgani haqidagi ma’lumotlar isbot talab qilmaydigan aksiomadir. Ibn Ishoq ehtiyotkorlik bilan bu xatlar yuborilgan muddatini 628-632 yillar bilan belgilaydi. Bunday yondoshuvda go‘yo “mantiqiy nuqtai nazardan Muhammad (sav) Irakliy va Xusravga deyarli buyruq tarzida xat bilan murojaat qilishi amri-mahol edi”, degan fikrga o‘rin qolmaydi.
CHamasi, Muhammad (sav) bu ikkala avvallari buyuk bo‘lgan imperiya- Vizantiya va Erondagi ahvoldan juda yaxshi xabardor bo‘lgan.Ularning ikkalasi ham chuqur tanazzulni boshidan kechirayotgan edi. 604 yildan 628 yilgacha ular o‘rtasida urush holati davom etdi. 604-622 yillar orasida Eronning qo‘li baland kelib, Vizantiyaning YAqin SHarqdagi barcha erlarini bosib olgan, hatto Konstantinopolgacha yaqin borib qolgan bo‘lsa, keyinchalik vaziyat batamom o‘zgarib, endi vizantiyaliklar barcha erlarini qaytib olib, Eron poytaxti Ktezifongacha yaqin kelib qolishgandi. Irakliy g‘alabani oxirigacha etkazilmaganining sababi – Vizantiyaning o‘zida ichki ziddiyatlar avj olgan, plebey va kolonlarning qo‘zg‘olonlari to‘xtamas, Dunay armiyasida isyon ko‘tarilgandi. Eronning bu davrdagi tarixidan bir lavhagina keltirish kifoya: 628-632 yillar mobaynida 6 ta shohanshoh o‘zgardi! Darvoqe, Payg‘ambarga Xusrav uning maktubini yirtib tashlaganini xabar qilishganda, Rasululloh: “Alloh uning podshohligini xuddi mana shu xatdek tilka-pora qilib tashlaydi”,- degan ekanlar, Ayni o‘sha kunlari Eron qo‘shinlarining navbatdagi mag‘lubiyatidan so‘ng, saroy to‘ntarishi ro‘y bergan, SHirue o‘z otasi Xusravni qatl qilib, taxtni egallagandi. Endi, SHirue YAmandagi noibiga maktub yo‘llab: “Otam xatida yozgan Hijozdagi kishini to mendan yangi topshiriq olmaguncha tinch qo‘y!”-deya tayinlagandi. Kim bilsin, balki shu voqea Bozon va “abno” deb nom olgan YAmandagi eronliklarning yoppasiga islomga kirishiga sabab bo‘lgandir. SHunday ekan, “mantiq” o‘z yo‘liga, lekin faktlarni inkor qilib bo‘lmaydi!
Hudaybiya sulhi bir qancha yirik badaviy arab qabilalarining islomga kirishiga sabab bo‘ldi. SHundan so‘ng o‘tgan ikki yil davomida badaviylar orasidagi musulmonlar soni shu darajada ko‘paydiki, 630 yilda Makka fath etilganda askarning ko‘pchiligini ular tashkil qilgandilar. Sulh bitimining dastlab sahobalarga ma’qul bo‘lmagan yana bir sharti tez orada quraysh manfaatiga zid bo‘lib chiqdi: makkaliklar ba’zi musulmon hamshaharlarini Madinaga hijra qilishiga ijozat bermay, hibsga olishlari oxir-oqibatda o‘zlariga ziyon bo‘lib chiqdi, zero ular beixtiyor «beshinchi tobur», ya’ni o‘zlarining ichida boshqa davlat topshirig‘i bilan ish olib boruvchi kishilar toifasini vujudga keltirgan edilar.
Xullas, Hudaybiya sulhi, bir tomondan, Payg‘ambarning uzoqni ko‘ra bilishini isbotlagan bo‘lsa, ikkinchi tomondan, eng yuksak diplomatiya va siyosatning namunasi o‘laroq yaqin kelajakda Makkaning tinch yo‘l bilan taslim bo‘lishiga, uning islom davlati tarkibiga kirishiga, pirovardida Arabiston yarim orolining birlashtirilishiga olib keldi.
Do'stlaringiz bilan baham: |