Matn – arabcha izohli lug’atlarda bu so’z “narsaning ustki, yuza qismi” deb ta’riflangan. Masalan, erning ustki qattiq qismi (متن الارض), yo’lning o’rtasi (متن الطريق), kitob sahifasidagi yozuvlarning hoshiya va sharhlardan xoli asosiy qismi11 (متن الكتاب) matn so’zi bilan ifodalangan. Shunindek, bu so’zning “mustahkam; pishiq” kabi sifat ma’nosida kelgan turi ham mavjud. Tilimizga o’zlashgan matonat, metin so’zlari ham matn bilan o’zakdoshdir. “Adabiyotshunoslik terminlari lug’ati”da tekst so’zi “avtorning asl so’zi, asarning qo’lyozmasi yoki nashr etilgan nusxasi”12, “Slovar-spravochnik lingvisticheskix terminov» kitobida “yozuv yoki nashrda aks ettirilgan nutqiy asar (bayon qilish”)13, “Hozirgi o’zbek tili faol so’zlarining izohli lug’ati”da “matn – mazmunan va mantiqan o’zaro aloqador bo’lgan gaplar yoki alohida olingan gap”14, “Tilshunoslik terminlarining izohli lug’ati”da “matn – yonma-yon harflar, yozuv orqali aks ettirilgan nutq, umuman, nutq parchasi; tekst”15 tarzida turlicha ifodalangan. Matn bilan teng ma’noda qo’llanadigan tekst so’zi lotincha textus so’zidan olingan bo’lib, “to’qima mato; to’qish; o’rish; chirmash; qo’shish” kabi ma’nolarni anglatadi. Bu so’zning nisbatan kengroq va qamrovli izohini 2010 yil “Akademnashr” nashriyotida chop etilgan “Adabiyotshunoslik lug’ati”da ko’rish mumkin.
Matn tarixi – muayyan matnning paydo bo’lishidan to oxirigi holatigacha davom etgan jarayon matn tarixini tashkil qiladi. Aksar matnlar ma’lum vaqt mobaynida sub’ektiv (muallif, kotib, nashrga tayyorlovchi, muharrir) va ob’ektiv (ijtimoiy) omillar ta’sirida o’zgarishga uchraydi. Matnshunosning vazifasi mana shu o’zgarishlarni aniqlash, ularni tarixiy, ilmiy dalillar bilan asoslash va shu yo’l bilan asl matnni tiklashdir.
Odob – “adab” so’zining ko’plik shakli (آداب). Mumtoz adabiyotda “adab”ning ko’pligi sifatida qo’llanadi. Undan tashqari “odob” so’zi inson faoliyatining ayrim sohalariga oid qoidalar va ularga rioya qilish ma’nosida ham ishlatiladi.
Tekst– yozuvda qayd etib qo’yilgan nutq. Termin bu ma’nosida og’zaki nutqqa qarshi qo’yiladi; nutqiy asar, jumladan, adabiy asarning yozma (harflar) yoki og’zaki (tovushlar) belgilar vositasida qayd etilgan konkret-hissiy (ko’rish yo eshitish) qabul qilinadigan tomoni. Bu ma’nodagi tekst matnshunoslikning ob’ekti sanaladi; nutqiy kommunikatsiyaning nisbiy butunlik, yaxlitlik kasb etgan va nisbiy avtonomlik, alohidalik xususiyatiga ega eng kichik birligi, ya’ni adabiy-badiiy asar. Bu ma’nodagi tekstning mazmuni uni tashkil qilayotgan nutq birliklari, ularning o’zaro aloqalari bilangina cheklanib qolmaydi. Butun sifatida u muallif tomonidan muayyan nutqiy situatsiyada tug’ilgan, uning butun sifatidagi mazmun-mohiyati o’zidan tashqaridagi reallik bilan bog’liq holda voqe bo’ladi”16.
Do'stlaringiz bilan baham: |