Baxtiyor ALIMJANOV,
tarix fanlari nomzodi,
O‘zbekiston Respublikasi
Fanlar Akademiyasi
Abu Rayhon Beruniy nomidagi
Sharqshunoslik instituti doktoranti
ishonch.uz
IQTISODIY YANGI SOʻZLAR
“...Til masalasi — jiddiy masala. Demak, uni chinakam maʻruf kishilarga xos aql-zakovat va yangicha tafakkur bilan hal etish lozim...”
Xayriddin Sulton, taniqli adib
Bugungi kunda barcha sohalarda yangi soʻzlar bilan boyimoqda. Jumladan, iqtisodiyot sohasi ham “toʻlishib” bormoqda. Ayniqsa, iqtisodiyotning yetakchi yoʻnalishlaridan boʻlgan buxgalteriya, marketing, menejment, logistika yoʻnalishlari yangi soʻzlar bilan boyishi har bir iqtisodchini beeʻtibor qoldirmasa kerak. Oʻzbek tilining asoschilari A.Navoiy va M.Qoshgʻariyning iqtisodiyotga oid atamalari mazkur sohaning xazinalaridir desam mubolagʻa boʻlmaydi.
Tilimizni asrab-avaylash, toza saqlash, chet tillar taʻsirini bir meʻyorga keltirish zarurati har birimizning zimmamizda ekanligi xususida koʻp va xoʻp gapirmoqdamiz, soʻz yuritamiz. Inchunun, tilimizdagi oʻzgarishlar, avvalo, istilohlar evaziga kirib keldi deyish mumkin.
Eʻtiboringizga koʻp qoʻllanilayotgan soʻzlarining kelib chiqishi, maʻnosi haqida gaplashamiz.
HALOLLIK VAKSINASI — korrupsiyaga qarshi kurashish chora-tadbirlari majmuasi. Bu atama ilk marotaba Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 24-yanvardagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida tilga olingan:
“Bugungi kunda ham halollik va poklik masalasiga hayotimizning yaxshilanishi hamda insoniyligimizning mezoni sifatida qaralmoqda. Shu maqsadda turli illatlardan xoli, farovon, odil jamiyatni qurishda eng muhim “richag” – har birimiz oʻzimizni “halollik vaksinasi” bilan emlashimiz kerakligi taʻkidlanadi.
Korrupsiyaga qarshi kurashda adolat bosh mezon hisoblanadi. Bunga erishishning yagona yoʻli – “halollik vaksinasi” hisoblanadi. “Halollik vaksinasi” hozirgi kunda Yangi Oʻzbekiston gʻoyasini izchil amalga oshirishda va bozor munosabatlariga keng yoʻl ochib berilgan davrda nihoyatda zarur ahamiyat kasb etadi”.
CHELLENDJ — bu Internet-rolik janri boʻlib, Ijtimoiy tarmoqda chaqiruv maʻnosi tushuniladi. Bu video janrini anglatuvchi atama boʻlib, unda foydalanuvchilar oʻzlarining biron bir harakatini amalga oshirganligini yozib olishadi va keyin boshqalarni takrorlashga daʻvat etishadi. Ular internet-memlar madaniyatida muhim rol oʻynaydi va koʻplab muammolar bu kabilar orqali tarqaladi.
INSAYT NIMA? Bu soʻzni kimlar koʻproq ishlatadi? Tadbirkorlar orasida, biznes-trenerlar oʻz nutqlarida “insayt” soʻzini koʻp ishlata boshladilar. Inson tasodifan biror muhim vaziyat va holatni anglab yetishi, va unga ajoyib yechim topish holati — insayt deyiladi.
Yaqin-yaqinlardan biznes sohasida bu soʻz boshqa bir maʻnoda ishlatilishni boshladi va endi u holatni emas, ayni muammoning yechimiga sababchi boʻluvchi fikr, maʻlumot yoki faktlar yigʻindisini ifodalaydigan boʻldi.
KAMBAGʻALLIK — insonning hayoti davomida tanlov va imkoniyatlarga ega boʻlmasligi, jamiyatda toʻlaqonli ishtirok etish uchun toʻsiqlarning mavjudligi, bundan tashqari, oilasini boqishi va kiyintirishi, taʻlim olishi yoki kasalxonada davolanishi, biror sohada faoliyat yuritishi yoki daromad olishga imkon beradigan mehnat bilan taʻminlash imkoniyatlari yetishmasligi hamda kredit olish imkoniyatining cheklanganligida namoyon boʻladi. Shuningdek, kambagʻallik — bu insonlar, uy xoʻjaliklari va jamoalarning ijtimoiy jihatdan chegaralanganligi, xavf-xatarlar oldida chorasizligi hamda nochorligi sanaladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |