5-MAVZU: VIRUSOLOGIYADA QO’LLANILADIGAN TADQIQOT USULLARI
Reja:
Virus tutgan materiallarni qayta ishlash
Elektron mikraskopiya metodi
Zamonaviy virusologiya – fanning mustaqil yo’nalishi bo’lib, o’zining tekshirish usullari va maxsus masalalariga ega, ularning yechimi virusologik laboratoriyalar va institutlarda amalga oshiriladi.
Virusologik laboratoriyalarda ishlash qoidalari viruslarning o’ziga xos xususiyatlarining mavjudligi va yuqori yuqumliligiga asoslangandir. SHuning uchun ham bakteriologik va serologik laboratoriyalarda zarur bo’lmagan bir qator sharoitlar virusologik tekshirish usullarida talab qilinadi.
Virusologik laboratoriyalarda virus shtammlarini o’stirish va ajratish, ularning identifikatsiyasi va turli xil ilmiy tekshiruvlarni amalga oshirish kabi ishlar olib boriladi.
Viruslar bilan ishlaganda quyidagilar juda muhim:
1. Virus shtammlarining begona mikroflora bilan zararlanishiga yo’l qo’ymaslik;
2. Ishlovchi xodimlarni virus bilan zararlanishdan himoyalash, ayniqsa, aerozollar bilan ishlaganda ularning xavfsizligini ta’minlash;
3. Atrofda yashovchi aholining xavfsizligini ta’minlash, ya’ni oqindi suv, tajribaviy hayvonlarning o’ligi va boshqalar orqali virusli infektsiya bilan zararlanishning oldini olish.
SHu asosiy talablarni hisobga olgan holda virusologik laboratoriya tashkil etiladi va undagi ish tartibi belgilanadi.
Virusologik laboratoriya toza, yorug’ xonalarda, boshqa laboratoriyalardan ajratilgan holda, yoki alohida binoda joylashishi zarur. Bino virusologik tekshiruvlar uchun zarur bo’lgan jihozlar bilan jihozlanadi. Virusologik laboratoriyada qanday ish bajarilishidan qat’iy nazar tozalikni qat’iy saqlash lozim.
Odatda yirik virusologik laboratoriyalar viruslar bilan ishlash uchun mo’ljallangan quyidagi maxsus bo’limlardan tuzilgan: hujayra kulьturalari tayyorlanadigan, in vitro va in vivo (hayvonlarda va tovuq embrionida) serologik tekshiruvlar o’tkaziladigan; viruslarni fizikaviy usullarda tekshiradigan (elektronnoskopiya, ulьtratsentrifugalash va boshq.). Bundan tashqari yuvish-avtoklav bloki, sog’lom va zararlangan hayvonlar ishonchli ravishda alohidalangan vivariy, shuningdek, yordamchi xonalar – sanitar nazoratdan o’tkazuv xonasi, dush, ventilyatsion jihozlar uchun xona, chiqindilarni sterilizatsiya qilish xonalari ham zarur.
Virusologik laboratoriya yoki institut qancha yirik bo’lsa, shuncha ko’p maxsus bo’limlarga ega bo’ladi.
Viruslar va hujayra kulьturalari bilan “toza” ishlarga mo’ljallangan laboratoriya xonalari oynali to’siq bilan ajratilgan boks oldi va boksdan tashkil topgan bo’lishi lozim. Boks oldi xonasida maxsus bikslarda boksda ishlash uchun mo’ljallangan steril xalat, qalpoq, maska, rezina qo’lqop va boshqalar saqlanadi. Xavfli material bilan ishlaganda ko’pincha himoyalovchi ko’zoynak, o’ta xavfli hollarda esa, respiratorlar yoki protivogazlar taqiladi. Boks oldi xonasida sterillikni kamroq talab qiluvchi yordamchi ishlarni ham o’tkazish mumkin. Asosiy virusologik tekshiruvlar boksda o’tkaziladi. Boksdagi stol ishlovchilarni zararlanishdan saqlash uchun himoyalovchi oyna bilan ekranlashtirilgan bo’lishi kerak. SHu maqsadda ichki tomonida bakteriotsid lampalar bo’lgan stollardan ham foydalaniladi.
Bokslar shunday jihozlanishi kerakki, devor, pol va shiftlarni namlab tozalash mumkin bo’lsin. Bundan tashqari, ish boshlashdan oldin va keyin bokslar bakteriotsid kvarts lampasi bilan zararsizlantiriladi. Ish vaqtida boksga steril havo berish tavsiya qilinadi. Yuqumli materiallar bilan ishlash yakunlangach hamma chiqindilar qopqoqli metall idishlarga joylashtiriladi va shu joyda dezinfektsion eritmalar bilan zararsizlantiriladi. SHundan so’nggina idishlarni maxsus xonalarga yuboriladi va u yerda chiqindilar qayta dezinfektsiyalanadi, avtoklavlanadi va qisman yoqiladi. Bokslardan keluvchi havo maxsus filьtrlar bilan sterilizatsiyalanadi.
Virusologik laboratoriya xodimlari, ish vaqtida muloqotda bo’lishi mumkin bo’lgan, barcha virusli infektsiyalarga qarshi vaktsinatsiya qilinadi. Barcha xodimlar laboratoriyada ichki tartib qoidalariga amal qilishi lozim.
O’ta xavfli viruslar va ularning tashuvchilari bilan ishlaydigan laboratoriyalarga faqat Sog’liqni Saqlash Vazirligi maxsus epidemiyaga qarshi boshqarmasining ruxsatnomasi bo’lgan shaxslargagina ruxsat etiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |