Bilimni mustahkamlash uchun savollar:
Portlandsement va uning turlarini aytib bering.
Portlandsement va uning turlari O‘zbekistonda qaysi korxonalarda ishlab chiqariladi?
Portlandsement va uning turlarini ishlab chiqarish usullari haqida gapirib bering.
Quruq usulda portlandsement ishlab siqarishning afzalliklari nimada?
Ishqorli sement haqida nimalar bilasiz?
Ishqorli sement qanday usullarda ishlab chiqariladi?
Ishqorli sement ishlab chiqarishning texnologik tizimi haqida gapirib bering.
Ishqorli sement ishlab chiqarish uchun qanday xom-ashyodan foydalaniladi?
Ishqorli sement portlandsementdan nima bilan farqlanadi?
4. QURUQ QURILISh QORIShMALARI
Quruq qurilish qorishmalari – bu ko‘p komponentlardan tashkil topgan bo‘lib, ularning tarkiblarida mineral bog‘lovchi va to‘ldirgichdan tashqari, mineral bog‘lovchining qotishi va mustahkamligini boshqarish va qorishma qotgandan keyingi zarur fizik-mexanik xossalarga erishishini ta’minlash maqsadida kimyoviy qo‘shimchalar kompleksi mavjuddir.
Hozirgi vaqtda qurilish ishlarini quruq qurilish qorishmalarisiz tasavvur etib bo‘lmaydi, chunki ular zavod sharoitida qorishmaning turi va foydalaniladigan joyiga qarab, barcha komponentlarning nisbati aniq o‘lchab tayyorlanadi. Quruq qurilish qorishmalarining asosi sifatida ohak, yoki gips, yoki sementdan foydalaniladi. Qurilish qorishmalariga zarur xossalarni berish uchun qo‘shimchalardan foydalaniladi. Polimer qo‘shimchalar yopishish qobiliyatini oshiradi. Quruq qurilish qorishmalari yordamida yuqori ishlov berish mumkinligini ta’kidlash zarur. Bundan tashqari ular quyidagilarni imkonini beradi:
- vaqt va joyni iqtisod etish, ya’ni hamma komponentlarni xarid qilish, saqlash va murakkab bo‘lgan tarkiblarni aralashtirib tayyorlashdan voz kechiladi;
- har qanday murakkablikdagi tarkiblarga buyurtma berish imkonining mavjudligi, chunki quruq qurilish qorishmalari zamonaviy uskunalar yordamida tayyorlanadi;
- nobudgarchilikning yo‘qligi, ya’ni hoxlagan vaqtda zarur miqdordagi qorishmani tayyorlash mumkin;
- transport xarajatlarining iqtisodi, ya’ni quruq qurilish qorishmalaridan foydalanish qurilish maydoniga doim tayyor qorishmani tashib keltirishdan voz kechish imkonini beradi;
- yuqori sifat kafolatining mavjudligi, ya’ni tarkib komponentlarini aniq o‘lchash hisobiga qorishma retseptining aniqligi (quruq qurilish qorishmalarining sifatini qurulish maydonida komponentlarni o‘lchab tayyorlangan qorishmalarning sifati bilan solishtirib bo‘lmaydi).
Zamonaviy quruq qurilish qorishmalarining nomenklaturasi juda kengdir. Qurilish materiallari bozori hozirgi vaqtda suvoq, shpaklyovka, zatirka, yelim, gruntovka va boshqalarning xilma-xil turlarini taklif etmoqda.
Hozirgi vaqtda respublikamizda 40 yaqin kichik va o‘rta biznes tadbirkorlari tomonidan quruq qurilish qorishmalari ishlab chiqarilmoqda. O‘zbekiston quruq qurilish qorishmalari bozorida o‘zimizning mahalliy quruq qurilish qorishmalarini ishlab chiqaruvchilarimizdan KNAUF, «Alimix Production», OOO "REAL BUILDING MATERIALS" (Qorasaroy qurilish materiallari) kompaniyalari, OOO Eleron Elit Servis, SP BAUPLAST, «Rademus-servis» xususiy kompaniyasi, VENTUM, OOO "New Live Buildis", «RAHNAMO» kompaniyasi, MEGAMIX kompaniyasi, OOO «ZEIGER IMPEX», OOO "RAZATA", OOO "BI Vermiculit Group" va boshqalar yetakchilik qilmoqda (29-rasm).
Do'stlaringiz bilan baham: |