ZAMONAVIY O`ZBEK ADABIY JARAYONI
Yuldasheva Dilnavoz Rahmonqulovna – Quvasoy shahar 29 - umumiy o`rta ta`lim maktabi ona tili va adabiyoti fani o`qituvchisi, Farg`ona.
Annotatsiya: Ushbu maqolada zamonaviy o`zbek adabiy jarayoni hamda bir qator adiblar ijodi haqidagi fikrlari o`z ifodasini topgan.
Kalit so’zlar: zamonaviy o`zbek adabiy jarayoni, hikoya, janr, novator, fantastik, nasr, komediya.
XX asr oxiri – XXI asr boshlaridagi o`zbek adabiyoti ushbu davrda yuz bergan ijtimoiy-siyosiy, madaniy hayotdagi o`zgarishlarni aks ettiradi. Bugungi kun adabiyotshunos olimlari o`zbek adabiyoti rivojida yuz berayotgan o`zgarishlarni anglab yetishga va ularga munosib baho berishga urinmoqdalar.
Adabiyotshunos olim X.Karimov “Zamonaviy o`zbek adabiyoti uchun muallifning dunyoni his etish konsepsiyalaridagi xilma-xillik, voqelikni anglashning yangicha shakllari paydo bo`lishi hamda adabiy obrazlarni milliy qadriyatlar nuqtai nazaridan qayta anglash xosdir”, deya xulosa qiladi.
Biz zamonaviy o`zbek adabiyotining yirik namoyondalari sifatida o`zbek milliy modern she`riyatining asoschilaridan biri va eng buyuk vakili Rauf Parfini, she`riyatning turli janrlari va uslubiy yo`nalishlarida muvaffaqqiyat bilan ijod qilayotgan, tuyg`ularining samimiyligi, tilining shiradorligi, ifodasining ta`sirchanligi bilan ajralib turadigan shoir Omon Matjonni, hikoya, qissa, roman, komediya janrlarida xalq qalbidan chuqur joy olgan Abdulla Qahhorni, o`zbek fantastik adabiyoti taraqqiyotiga sezilarli ta`sir ko`rsatgan ijodkorlardan biri Tohir Malikni, atoqli shoir va jamoat arbobi, journalist Azim Suyunni, o`zbek milliy adabiyotining noyob vakili, novator (yangilik kashf etuvchi, yangi yo`l ochuvchi) yozuvchilardan biri bo`lgan Tog`ay Murodni, sodda, samimiy, xalqchil she’rlari bilan milliy adabiyotimizda o`chmas iz qoldirgan O`zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf va boshqa adiblarni ko`z oldimizga keltitramiz. Adiblarimiz yozgan asarlar allaqachon o`z muxlislarini topib ulgurgan. Yozuvchi va shoirlar erkin, hur bo`lishlari shart. Shundagina ular avlodlarga o`z zamonasini ro`yu-rost, to`laqonli yoritib bera oladilar.
Rauf Parfi bir tomondan, o'ziga qadar bo'lgan o'zbek she’riyati an’analarini, ayniqsa, Oybek, Mirtemir, Asqad Muxtorning she’riy izlanishlarini, ikkinchi tomondan, Nozim Hikmat, Garsiya Lorka singari xorijiy shoirlar ijodini mehr bilan o'rgandi hamda ularning hech biriga o'xshamagan, o'ziga xos shoir bo'lib yetishdi. Shoir “Turkiston yodi” she’rini 1981-yilda yozgan. “Turkiston” so'zini o'sha vaqtda tilga olish, turkiy xalqlarning bir davlatga aylanishini orzu qilish va she’rning qon tomirlariga shu orzuni singdinb yuborish yomon oqibatlarga olib kelishi mumkin edi. Shoir o'ta qaltis orzusini pardalash uchun Qozog'istondagi Turkiston shahrini she’r markaziga olib chiqqan. Turkistonni atoqli o'zbek shoiri Mirtemirning kindik qoni to'kilgan tuproq, ulug' bobomiz Ahmad Yassaviyning abadiy manzili bo'lganligi unga qo'l kelgan: Yassaviy maqbari mung'aymish mag'rur,
Tovushga aylandi har bir g‘isht rangi.
“Dunyo mening, deganlar... ” Nido kelur,
“Karkas qushdek... ” Qadim so'zlar jarangi...
Yassaviyning bundan necha asr ilgari o'ziga zamondosh kimsalarga nisbatan aytgan bu so'zlari sho'ro davri va shu davrning korchalonlariga ham qaratilgandek jaranglaydi. Agar Yassaviy o'z davridagi chidab bo'lmas riyodan, makrdan, turli munofiqlikdan tarkidunyo qilishga majbur bo'lgan bo'lsa, Mirtemir sho'ro davrida boshiga tushgan chidab bo'lmas kulfatlardan, razolatdan, malomatdan to'yib, “men yig'lab bo'ldim”, - degan. Turkiston bu ikki siymoning Vatani sifatida ham, turkiy xalqlarning tarixiy manzili sifatida ham ko'p adolatsizliklarga, haqsizliklarga guvoh bo'lgan - hammasiga chidagan.
Yana bir adibimiz Abdulla Qahhor hikoya janrida katta muvaffaqiyatlarga erishdi. U bir maqolasida: “Men hikoyachilikni juda yaxshi ko'raman va shu bilan birga, hamma vaqt qalamimning qayrog'i, deb qaraganman”,- deb yozgan edi. Abdulla Qahhorning “Ayajonlarim” asari lirik komediya janrida yozilgan. Unda yoshlar va kattalar, farzandlar va ota-onalar hamda yoshlaming muhabbati o'rtasidagi munosabatlar haqida hikoya qilinadi. Bu komediyada ham Abdulla Qahhor iste’dodining yangi qirralari ochiladi. Eng muhimi shundaki, asar g'oyatda hayotiy masala asosiga qurilgan bo`lib, teran bir samimiyat bilan sug'orilgan. Bu samimiyat asardagi yumorning boyligi tufayli yanada chuqurlashgan.
Abdulla Qodiriydan boshlangan yangi o'zbek nasri 60-70 yil davomida, garchi unda o'ziga xos iste’dod mo'l bo'lsa-da, til-ifoda bobida asosan Qodiriy kashfiyotlari doirasida rivojlandi. Tog'ay Murod asarlaridagi ifoda, hikoya yo'sini esa 70 yillik milliy o'zbek nasrida tamomila boshqacha, o'zgacha o'zanni tashkil etadi. Ijodkor nasri sa’jlar asosiga qurilganiga guvoh bo'lamiz. Bu nasriy ifoda faqat Tog`ay Murodgagina xos. XX asr zamonaviy o'zbek tili, yangi o 'zbek nasri mahsuli bo'lmish bu xil badiiy matn adabiyotimizda tamomila yangi, noyob hodisa.Matndagi gaplarning tuzilish tarzi, ohangi, so'z va jumlalarning takroriy kelishi, xalq tilining rang-barang tovlanishi, nozik lutf, qochiriqlar, goh hazin kayfiyat, goh tabassum u ug'otuvchi ifodalar, birgina jumla, birgina tashbeh orqali butun boblarga tatigulik voqea, drama, ruhiy holat-kechinmlarning jonli ifoda etilishi-bularning barchasi yetuk she’riyat, dostonchilik tajribalarini yodga soladi. Tog'ay Murodning “Otamdan qolgan dalalar” romani o'zbek xalqining Chor Rossiyasi va sho'ro bosqini ostida o'tgan hayotini-yuz yildan ortiqroq tarixni o 'zida mujassam etgan. Asarda bir oilaning uch avlodi hayoti misolida butun millatning taqdiri juda ta’sirchan bo'yoqlarda ifoda etiladi.
Shu o`rinda aytib o`tish lozimki, zamonaviy o`zbek adabiyotining nasrchiligida o`ziga xos o`rin egallagan yana bir yozuvchi Luqmon Bo`rixon o`z asarlari bilan allaqachon kitobxonlar mehriga sazovor bo`lgan. Iqtidorli adib “Sirli muallim”, “Xizr ko`rgan” qissalari, “Jaziramadagi odamlar”, “Temir yo`l” kabi romanlarida keng ko`lamli muammolarni kichik taqdirlar orqali ko`rsatadi. Qahramon tiliga singdirilgan piching, ming`irlab bo`lsada haqiqatni aytishga urinib, ma`noli tabassum bilan adib o`z qiyofasini chizgandek bo`ladi.
Foydalanilgan adabiyotlar:
N.Karimov va b., XX asr o`zbek adabiyoti,-Toshkent.: O`qituvchi, 1999.
Sanjar Sodiq. Yangi о'zbek adabiyoti tarixi.-Toshkent.: Universitet, 2005.
Mirzayev S, XX asr o`zbek adabiyoti, -T.: Yangi asr avlodi, 2005-yil.
Internet ma’lumotlari: www.natlib.uz
Do'stlaringiz bilan baham: |