Erkparvarlik. Agar insonparvarlik tamoyili shaxsning barcha insoniy haq–huquqlari himoyasida tursa, ya’ni ancha keng qamrovli va umumiy intilish bo’lsa, erkparvarlik tamoyili uning ma’lum ma’noda muayyanlashgan bir qismi hisoblanadi. Erkparvarlik insonning eng oliy huquqi – erkin, ozod yashash huquqini himoya qilishi bilan muhimdir. Zero, erksiz inson – asir, erksiz millat – qul, erksiz mamlakat – mustamlaka. Erkparvarlik, avvalo, o’z millati, o’z Vatani erki uchun, qolaversa, boshqa millatlar va vatanlar erki uchun kurashni hayotining maqsadi qilib qo’ygan insonlar tamoyilidir.
Erkparvar inson qullikning, mutelikning har qanday ko’rinishini inkor etishi barobarida inson huquqlarining tom ma’nodagi jangchisiga ham aylanadi. Bu jangchi bir tomondan, har bir shaxsning so’z erkinligi, o’z fikrini erkin bayon qilishi, saylash huquqi, vijdon erkinligi uchun kurashadi, ikkinchi tomondan, butun–butun millatlar erki masalasini o’rtaga tashlar ekan, ma’lum ma’noda milliy ozodlik harakatlari uchun ham turtki beradi.
Odatda, erkparvar shaxslar muayyan davrning qahramonlariga aylanadilar. Zero, ular o’zgalar erki uchun o’z erkini, o’z hayotini qurbon qilishdan ham cho’chimaydilar. Buning yorqin misoli buyuk ingliz mumtoz shoiri Jorj Bayron siymosidir. U ingliz bo’laturib, o’z vatani Angliyada Irlandiya ozodligi, irlandlar erki uchun kurashdi: hayrat va nafratga uchradi, Vatanni tark etishga majbur bo’ldi. O’z yurtida erk uchun kurashish baxtidan mahrum bo’lgan shoir o’zga vatanlar erki uchun kurashga otlandi va Italiyani Avstriya istibdodidan ozod qilish harakatining rahbarlaridan biriga aylandi. Bu haqda u shunday deb yozgan edi:
Erk uchun Vatanda qilolmasang jang,
Sen qo’shni vatanlar erki deb kurash;
Tut Yunon, Rumoning tug’ini tarang,
Boshingni tika bil erk uchun sarkash!
Ezgulik yo’lida bo’lsang qahramon,
Sen inson erki deb kurashsang azot,
Bir kuni, sirtmoqdan gar qolsang omon,
Jo’mard deb alqagay seni odamzod!136
Italiyadagi ozodlik harakati mag’lubiyatga uchragach, Bayron Qadim Yunonistonni Turkiya zulmidan ozod qilish uchun kurashdi. U Yunonistonda, botqoqlik yonidagi Missolungi shahrida og’ir bezgakdan vafot etdi. Uning o’limi ham istibdodga qarshi shiorga aylandi. Benazir shoir, Yunonistonning ozod qilingan qismi general–gubernatori, erksevar qo’mondon va ulug’ inson xotirasiga yunon xalqi yigirma bir kun qora kiyib, motam tutdi. Hamma cherkovlarda Bayron haqqiga ibodat qilindi.Darhaqiqat, erkparvarlik tamoyilini hayotining ma’nosi deb bilgan insonlarning ma’naviy umri boqiy, ular kelajak avlodlar uchun ideal bo’lib qoladilar.
Ayni paytda, bu tamoyil keng ijtimoiy–siyosiy ma’noda ham qo’llaniladi. Buni erkparvar davlatlar faoliyatida ko’rish mumkin. SHuni ham aytish kerakki, erkparvarlik tamoyilidan bir oz bo’lsa–da, o’z manfaatlari yo’lida foydalanishga, shu orqali siyosiy obro’ olishga intilish hollari, afsuski, uchrab turadi. Ba’zi davlatlar tomonidan o’zga mamlakatlar ichki ishlariga aralashish uchun erkparvarlikni niqob qilib ish ko’rishga urinishlar ham yo’q emas. Biroq, bunday siyosiy qallobliklar jahon jamoatchiligi tomonidan darhol ilg’ab olinadi va fosh etiladi. Zero, erkparvarlik eng avvalo shaffoflik darajasidagi poklikni, halollikni talab qiladi, ozginagina dog’ni ham ko’tara olmaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |