Nazariyaning turlari
Ilmiy nazariyaning juda ko’p turlari mavjud. Ularni turli xil asoslarga ko’ra tasniflash (turkumlash) mumkin. Xususan, qurilish metodiga ko’ra nazariyalarni to’rt turga ajratish mumkin: 1) tajriba bilan ish ko’radigan fanlarning mazmundor nazariyalari; 2) gipotetik-deduktiv (yoki yarim aksiomatik) nazariyalar; 3) aksiomatik nazariyalar; 4) formallashgan nazariyalar.
«Mazmundor» nazariyalarda ma’lum bir sohaga oid faktlar tizimga solinadi, umumlashtiriladi va tushuntiriladi. Ular asosan tajriba natijalari, empirik materiallarga tayanadi, ularni tahlil qiladi, tartibga soladi va umumlashtiradi. Ana shuning uchun ham ularni «tajribaga tayanuvchi nazariyalar», deb atashadi. «Mazmundor» deb atalishiga sabab, ularni matematika va mantiqdagi formallashgan nazariyalardan farq qilishdir. Mazmundor nazariyalarni sof empirik nazariyalar deb bo’lmaydi. Ular faqat empirik materiallargagina emas, balki nazariy qonunlarga ham tayanadi. Masalan, mazmundor, deb hisoblanadigan CH. Darvinning evolyustiya nazariyasi, I.P. Pavlovning oliy asab faoliyatining shartli reflektorlik nazariyasi va shu kabilar chuqur nazariy g’oyalarga suyanadi, ular yordamida to’plangan materiallarni rastional usul bilan anglaydi, qayta ishlaydi va tushuntiradi.
Gipotetik-deduktiv nazariyalar tabiatshunoslikda uchraydi. U turli xil mantiqiy kuchga ega gipotezalar tizimidan iborat bo’lib, unda mantiqan kuchlilaridan mantiqan kuchsizroqlari dedukstiya qilinadi. Gipotetik-deduktiv tizimni gipotezalar zanjiri (ierarxiyasi) tarzida olib qarash mumkin. Bunda empirik asosdan uzoqlashgan sari gipotezaning kuchi ortib boradi, chunki har bir keltirilib chiqarilgan gipoteza o’zidan avvalgi gipotezalarda mavjud bo’lgan bilimlarni sintez qilish natijasi sifatida gavdalanadi.
Gipotetik-deduktiv nazariyalarning o’ziga xos jihatlaridan biri undagi gipotezalarning darajalari bo’yicha qat’iy izchil joylashishidir. Gipotezaning darajasi qanchalik yuqori bo’lsa, xulosalarni mantiqiy yo’l bilan keltirib chiqarishda uning ishtiroki shunchalik ko’p bo’ladi.
Nazariyaning gipotetik-deduktiv modeli empirik materiallarni ishlashda ko’p qulayliklarga ega bo’lishi bilan bir qatorda ayrim kamchiliklardan ham xoli emas. Xususan, boshlang’ich gipotezalar qanday tanlab olinishi kerak, degan savolga haligacha aniq, qat’iy holdagi javob yo’q.
Aksiomatik tizimlarda nazariya elementlarining katta qismi kichkina boshlang’ich asosdan – asosiy aksiomalardan deduktiv yo’l bilan keltirilib chiqariladi. Aksiomatik nazariyalar asosan matematikada quriladi.
Aksiomatik metod birinchi marta Yevklid tomonidan elementar geometriyani qurishda muvaffaqiyatli ishlatilgan. Mazkur geometriyaning asosiy aksiomatik tushunchalari «nuqta», «to’g’ri chiziq», «tekislik» bo’lib, ular ideal fazoviy ob’ektlar sifatida olib qaralgan; geometriyaning o’zi esa fizikaviy fazoning xususiyatlarini o’rganuvchi ta’limot sifatida talqin qilingan. Yevklid geometriyasining qolgan barcha tushunchalari ular yordamida hosil qilingan.
Quyidagi misolga murojaat qilaylik: «Tekislikdagi bitta nuqtadan baravar uzoqlikda yotadigan nuqtalar to’plamiga aylana deyiladi», unda «aylana» tushunchasi «nuqta va tekislik» tushunchalari yordamida hosil qilingan, ya’ni ulardan dedukstiya qilingan.
Matematikaning taraqqiyoti davomida aksiomatik metod takomillashib borgan, uni qo’llash mumkin bo’lgan sohalar doirasi kengaygan. Xususan, asta-sekin Yevklid aksiomalarining faqat geometrik ob’ektlarnigina emas, balki boshqa matematik va hatto, fizik ob’ektlarni ham tasvirlash uchun yaroqli ekanligi ma’lum bo’ldi. Masalan, nuqtani haqiqiy sonlarning uchtasining to’plami – to’g’ri chiziq va tekislikni, chiziqli tenglamalarni bildiradi, deb qabul qilinganda, mazkur nogeometrik ob’ektlar xossalarining Yevklid geometriyasi aksiomalari talablariga javob berishi aniqlangan.
SHuni aytish kerakki, aksiomatikaga bunday abstrakt tarzda yondashishga ma’lum bir darajada N.I. Lobachevskiy, B. Riman va boshqalar noevklid geometriyalarining yaratilishi yaxshi imkoniyat yaratdi.
Hozirgi zamon matematikasida abstrakt aksiomatik tizimlar keng qo’llaniladi. Bunday tizimlarning muhim xususiyatlari ularning yopiq tizimdan iborat bo’lishi, ya’ni miqdor jihatidan cheklangan aksiomalar, tushunchalar, prinstiplardan tashkil topishi, ular qatoriga ixtiyoriy ravishda, asossiz Yangi aksiomalar, tushunchalarni qo’shib bo’lmaslik; tizimlarning mantiqan ziddiyatsiz va ma’lum bir darajada to’la bo’lishi va shu kabilardan iborat. Ana shuning uchun ham ular uzoq vaqt davomida o’zining barqarorligini saqlaydi, Yangi bilim olishning ishonchli vositasi bo’lib qoladi.
Aksiomatika tabiatshunoslikda ham qo’llaniladi. Tajriba bilan bog’liq bo’lganligi va shuning uchun ham zaruriy ravishda empirik talqinga muhtoj ekanligi sababli tabiatshunoslikning faqat o’zagini tashkil etadigan tushunchalarnigina aksiomalashtirish mumkin.
Abstrakt matematik strukturalar faqat aksiomatik tizimlardagina emas, balki formallashgan nazariy tizimlarda ham tasvirlanishi va tushuntirilishi mumkin.
Formallashgan nazariyalar mantiqda keng qo’llaniladi. Bunga misol qilib mulohazalar mantig’i, predikatlar mantig’ini ko’rsatish mumkin. SHuningdek, u matematikada ham uchraydi.
Nazariyaning yuqorida biz ko’rib chiqqan turlari va boshqalari nazariy bilishning muhim vositalari sifatida fanda nihoyatda qadrlanadi. Ular tafakkurning strukturasi va qonuniyatlarini yaxshi bilib olishga imkon beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |