4.O‘rta Osiyo tarixini o‘rganishda rus sharqshunos olimlarining roli va ularning mahalliy tarixchilikka ta’siri. XIX asrning ikkinchi yarmida O‘rta Osiyo chor askarlari tarafidan bosib olingach bu yerga rus olimlari kelib, ko‘plab tadqiqot ishlarini olib bordilar. Shunday murakkab va og‘ir sharoitda ham o‘lkashunoslar o‘z fikr va mulohazalarini erkin bayon etishga harakat qilganlar. O‘rta Osiyoga kelgan olimlar o‘lkadagi ilg‘or mahalliy ziyolilarning namoyondalari bilan yaqin aloqada bo‘lardilar.
Tabiiy boyliklari, madaniy merosi g‘oyat boy bo‘lgan va kam tekshirilgan bu o‘lka rus ziyolilarining taraqqiyparvar qismini juda qiziqtirardi. Mashhur rus zoologi, zoogeografi va sayyohi, darvinizmni e’tiqodli tarafdorlaridan bo‘lgan N.A. Seversov (1827-1886) Turkistonning ko‘p joylarini fizik-geografik jihatdan o‘rganishda, jumladan Pomir tizma tog‘larining orfografiyasini o‘rganishda ko‘p mehnat va kuch sarf qildi. Zoologiya, botanika mineralogiya va paleantalogiyaga oid juda qimmatli kolleksiyalar to‘pladi.
Mashhur rus geografi P.P. Semyonov – Tyanshanskiy (1827-1914) O‘rta Osiyo, ayniqsa Tyanshan tizma tog‘larini geografik o‘rganilishiga asos soldi.
Rus tabiatshunosi va sayyohi A.P.Fedchenko (1844-1873) Turkiston tabiatini o‘rganishda katta rol o‘ynadi. U Farg‘ona vodiysi bilan Oloyni birinchi marta tekshirib chiqdi. Oloy tog‘i orasidagi tizma tog‘lar va uning eng baland cho‘qqisini ochish sharafi ham unga nasib bo‘lgan.
Geolog va geograf I.V. Mushketovning (1850-1902) ilmiy xizmatlari ham katta. Shimoliy Tyanshan tizma tog‘i orfografiyasining geologik asoslarini dastlab u ko‘rsatib berdi. 1877-1879 yillarda Mushketov geologik tekshirish ishlarini bajarish maqsadida Oloy, Pomir, Buxoro, Xisorga, Amudaryo bo‘ylab va Qizilqumga sayohat qildi. 1881 yilda (G.D. Romanovskiy bilan) Turkistonning birinchi geologiya xaritasini tuzdi.
O‘lkani o‘rganishda statistika qo‘mitalari ham muhim rol o‘ynaydi. 1868 yil yanvar oyida Turkiston statistika qo‘mitasi tuzildi. Uning tashabbusi bilan 1872 yildan «Turkiston o‘lkasi statistikasi uchun materiallar» nomli to‘plam chiqarila boshladi: (1872-1876 yillar ichida hammasi bo‘lib 5 to‘plam chiqarildi) 1887 yil 1 yanvardan boshlab Sirdaryo (Toshkentda), Samarqand, Farg‘ona (Yangi Marg‘ilon) viloyatlari statistika qo‘mitalari tuzildi.
O‘rta Osiyo xalqlarining turmushiga bag‘ishlangan, ilmiy va o‘lkashunoslikka doir turli habarlar va maqolalar «Turkestanskiy vedomosti», hamda «Turkiston viloyatini gazetasi» (Toshkent 1870-1917 yillar), shuningdek boshqa mahalliy matbuotlarda ham muntazam bosilib turgan.
1870 yilda Toshkentda ochilgan Turkiston xalq kutubxonasi (hozirgi Alisher Navoiy nomli
O‘zbekiston milliy kutubxonasi) o‘lkani o‘rganish bilan shug‘ullanuvchi barcha tadqiqotchilar, ayniqsa mahalliy xodimlar uchun katta ahamiyatga ega bo‘ldi. Kutubxona ochilishi vaqtida faqat 1700 jild kitob bor edi, 1917 yilga kelib undagi kitoblar soni 80 ming jildga yetdi.
Kutubxona fondida saqlanayotgan adabiyot va manba majmualaridan O‘rta Osiyoga ayniqsa Turkiston o‘lkasiga taalluqli «Turkiston asarlar va maqolalar to‘plami» juda ham qimmatli asar bo‘lib, shu kunlarda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan. Bu to‘plamni tuzish ishlarini ko‘zga ko‘ringan rus bibliografi V.I. Mejov Peterburgda 1868 yildan boshlab, 20 yil davomida olib borgan edi. 1888 yilda «Turkiston to‘plami»ga kirgan katta-katta jildlarning soni 416 ga yetganda (1867-1887 yillarda to‘plangan materiallar edi) o‘lkadagi chor ma’muriyatining buyrug‘i bilan «mablag‘ yo‘qligi sababli» bu ishlar to‘xtatilgan edi.
1872 yilda A.A. Kun va boshqa Sharqshunoslar mashhur «Turkiston albomi» ni (Turkiston o‘lkasining etnografiya, arxeologiya, kasb-hunar va tarixiga doir sur’atli albomni) tuzib tamomladilar. Albom 1262 dona rangli va rangsiz fotosur’atlar yopishtirilgan 447 kartondan iborat bo‘lib, Rossiyada faqat uch kutubxona imperator kutubxonasi, Fanlar akademiyasi kutubxonasi va Turkiston kutubxonasigina faxrlana oladigan, badiiy jihatdan g‘oyat noyob asar edi.
O‘rta Osiyo tarixiga oid eng muhim manbalardan biri X asr muallifi Muhammad Narshaxiyning «Buxoro tarixi» asari N.S. Likoshin tomonidan rus tiliga o‘girilib, 1897 yilda nashr etilishi (V.V. Bartold tahriri ostida) juda katta ahamiyatga ega bo‘ldi.
Qisqa muddat ichida O‘rta Osiyo olimlari jamiyati paydo bo‘ldi. Bu jamiyat o‘z oldiga O‘rta Osiyo tarixi, geografiyasi, etnografiyasi, statistikasini, iqtisodiga oid ma’lumotlarni to‘plash, ishlash va tarqatishni maqsad qilib qo‘ygan edi. Uning ochiq majlisi 1871 yil 28 yanvarda bo‘ldi.
O‘lkada ishlab turgan xavaskor arxeologlar 1875 yilda Turkiston arxeologiyasi xavaskorlari to‘garagiga a’zolari tomonidan Farg‘ona tog‘ tizmalaridagi Saymalitosh degan joyda toshga o‘yib solingan juda ko‘p sur’atlarni topish fanga muhim ilmiy kashfiyotlar bo‘lib kirdi.
O‘rta Osiyo tarixi va arxeologiyasi XIX asr boshidan chuqurroq tekshirila boshlandi. Bunda sharqshunos olim V.V.Bartoldning o‘rni benihoya kattadir. U sharq tillarini juda yaxshi bilganligidan, hamisha uning ilmiy faoliyati markazida turgan O‘rta Osiyo tarixchiligi emas, shu bilan birga butun «Musulmonlar Sharqi» tarixiga ham oid juda ko‘p birmuncha manbalarni o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Uning 1898-1900 yillarda yozilgan «Turkiston mo‘g‘illar hujumi davrida» asari puxtaligi, ma’lumotlarga boyligi jihatidan O‘rta Osiyoning o‘tmishini o‘rganishda qimmatli manba sanaladi.
V.V. Bartoldning «Ulug‘bek va uning zamoni», «Turkistonning sug‘orilish tarixiga oid» degan tadqiqotlari va boshqa ko‘p kitob , maqola, tadqiqot va mulohazali, g‘oyat qimmatli o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan asarlardir. V.V. Bartoldda katta tashkilotchilik ilmiy qobiliyati ham bor edi. Darhaqiqat, O‘rta Osiyoni tarixi va arxeologiyasini o‘rganish sohasidagi biron kattaroq tadbir Bartoldning ishtirokisiz bo‘lmagan. Mahalliy arxeologlardan V.P. Vyatkinning (1869-1932) qilgan ishlari ham diqqatga sazovordir. Bu olim 1908 yilda Samarqandagi mashhur Ulug‘bek rasadxonasining qoldiqlarini o‘rganish va saqlash bilan shug‘ullangan.
V.V. Bartold o‘zining 1894 yilda bosilib chiqqan «Turkistonda arxeologik tadqiqotlar masalasiga oid» kitobida o‘lkani jiddiy ravishda o‘rganish hali oldimizda turibdi, bu ishda bosh rolni mahalliy ilmiy kuchlar o‘ynamog‘i lozim degan edi. Uning taklifi bilan 1895 yil oktabr oyida Turkiston arxeologiyasi xavaskorlar to‘garagi va uning Nizomi tasdiqlandi. Nizomda jumladan:
Turkiston o‘lkasini qadimgi yodgorliklarini o‘rganish;
To‘garakni faxriy va haqiqiy a’zolaridan tuzishadi;
To‘garakning haqiqiy va xavaskorlik a’zoligiga mahalliy arxeologik masalalari bilan qiziquvchi, unga a’zolik badallarini to‘lab turuvchi har bir kishi saylana oladi, saylovchining unvoniga, kelib chiqishiga, millatiga va jinsiga qaralmaydi;
Haqiqiy a’zolar o‘z ichidan bir yil muddatga boshqarma saylanadi;
Boshqarma to‘garagidagi ishlarni olib boradi, qaysi yodgorliklarni qazib, tadqiq qilishni aniqlaydi. Mahalliy idoralar va Rossiya arxeologiya komissiyasi bilan aloqa ishlarini olib boradi;
To‘garakning umumiy majlislariga har bir qiziquvchi kishi qatnasha oladi;
To‘garakning bo‘limlarini boshqa shaharlarda ham ochish;
To‘garak mablag‘i haqiqiy a’zolaridan hamda arxeologiya xavaskorlari tomonidan beriladigan hayriyalardan tashkil topadi.
Rus sharqshunosligi o‘zining g‘oyat katta ilmiy faoliyati bilan mahalliy tarixchilikka shakshubhasiz katta ta’sir ko‘rsatdi. Yuqorida ta’kidlab o‘tganimizdek, rus sharqshunoslari O‘rta Osiyo tarixi yuzasidan jiddiy tadqiqot ishlari olib borib, bu ishga yerli tarixchi havaskorlarni ham jalb qilish, ular bilan birga hamkorlikda ish olib borishga harakat qildilar. Turkistonga kelgan sharqshunos olimlar mahalliy tarixchi va havaskorlar o‘rtasida yurib va yashab, O‘rta Osiyo tarixi haqida muhim ma’lumotlar va asarlarni to‘pladilar. Toshkentlik tarixchi Muhammad Solih Qoraxo‘ja o‘g‘li o‘zining «Tarixi jadidi Toshkent» degan asarida Iskandar to‘ra ismli bir rus olimining uyiga kelgani, u bilan suhbatlashgani va O‘rta Osiyo tarixiga oid ko‘p savollar berib bahslashgani haqida yozadi. Iskandar to‘ra aslida Aleksandr Kun bo‘lib mahalliy xalq qadimdan Aleksandr ismini Iskandar deb atashadi. Faqat A. Kunning emas, balki O‘rta Osiyoga kelgan barcha sharqshunoslarning ham xalq orasida yurib tarixga oid savollar berishi, ayrim masalalar yuzasidan bahslashishlari hamda ularga yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatishlari, shubhasiz, yerli xalqlar o‘rtasida tarixga qiziqish hissini oshirdi.
O‘sha vaqtda nashr qilingan «Turkiston viloyatining gazeti» «Turkestanskiy vedomosti» va boshqa gazeta sahifalaridagi mahalliy tarixchi va havaskorlar tomonidan yozilgan yodnomalar, yodgorliklar haqidagi kichik-kichik xabarlar va maqolalar, arxeologik kolleksiyalar rus sharqshunoslarining mahalliy tarixchilikka samarali ta’sir ko‘rsatganligini va yerli xalq orasida ham tarixga qiziqish avj olganligini ko‘rsatdi.
Sattorxon Abdug‘offorov – rus sharqshunosligining bevosita ta’siri ostida tarixchilar qatoridan o‘rin olgan. U 1876 yili Peterburgda chaqirilgan III xalqaro sharqshunoslar s’ezdiga A. Kun, Jo‘rabek Toshkentlik Muhammadqulov, Abdulla Niyozov, Buxorolik Mo‘sajon Saidjonovlar bilan birga Turkiston vakili bo‘lib qatnashdi.
Rus sharqshunoslari, jumladan, N.I. Veselovskiy rahbarligida Akrom polvon Asqarov kabi havaskor tarixchi va arxeologlar yetishib chiqdi. U o‘zining harakatchanligi va ishchanligi bilan Turkistondagi fan ahillariga tanila boshlaydi. «Turkestanskiy vedomosti» gazetasining 1892 yida bosilib chiqqan sahifasida Akrom Asqarovning 1370 dona kumush pul, 13274 dona mis pul, neolit davriga oid tosh bolg‘a, jezdan yasalgan sulug‘, jez oyna kabi turli buyumlar to‘planganligi haqida ma’lumot beradi. Ular orasida sopoldan yasalgan odam haykallari, bir bo‘lak nefrit, isirg‘a, tumor, mis va sopol idish hamda shunga o‘xshash tarixiy buyumlar bor. Akrom Asqarovning fan uchun qimmatli bo‘lgan bu kolleksiyasiga o‘sha davr mutaxassisi professor N.I. Veselovskiy ham katta baho bergan edi.
O‘rta Osiyo, shu jumladan Qo‘qon xonligining Namangan va Toshkent shaharlarida yashagan, o‘zbek xalqining tarixi, tilini va urf-odatlarini o‘rganishda Vladimir Petrovich Nalivkinning (18521918) ham qo‘shgan hissasi kattadir. Uning ilmiy faoliyati O‘rta Osiyo xalqlari tarixi, tilini va etnografiyasini o‘rganishdan boshlandi. U rafiqasi M.V. Nalivkina bilan hamkorlikda «Farg‘ona mahalliy aholisi ayollarining turmushi haqida ocherk» degan kitob yozdi. V.P. Nalivkin rus olimlari ichida birinchi bo‘lib, mahalliy tillarni o‘rganib, mahalliy tarixchilar qo‘lyozma asarlarini o‘rgangan va shular asosida «Qo‘qon xonligining qisqacha tarixi», «Ruscha-sartcha va sartcha-ruscha lug‘at» hamda «Intixob ut-tavorix mamlakati Rusiya» («Rossiyaning qisqacha tarixi») kitoblarini va 40 dan ortiq ilmiy asarlar, maqolalar yozgan. Mahalliy xalq tilini juda mukammal bilganligi sababli uni yerli xalqlar Jahongir to‘ra deb ataganlar, u ham bir necha asarini Jahongir to‘ra nomi bilan chop etgan.
Uning 1885 yilda Jahongir to‘ra nomi bilan yozilgan «Intihob ut-tavorix mamlakati Rusiya» nomli asari buning yorqin dalilidir. Muallifning «Bu faqir... zaboni nochor va suxoni ojiz birlan tavorix kitoblarining tahriridagi voqealarni intihab aylab ko‘p tafsili keltirmay imoli birla muxtasar bayonini qilardiki, Rusiya mamlakatining paydo va bino bo‘lganidan to oxir zamonigacha mazkur viloyat ichra o‘tgan xodisa va voqeliklarni tasnif qilg‘ay»,- deyishidan ma’lumki, u o‘z asarini ko‘p adabiyotlardan foydalangan holda yozgan. Bu asarning yerli aholini Rossiyaning o‘tmish tarixi bilan tanishtirish maqsadida o‘zbek tilida yozilishi o‘z davri uchun juda katta ahamiyatga ega bo‘lgan bir xodisa edi.
Shunday qilib, XX asrning 20-yillariga qadar olimlar va turkshunos havaskorlarning kuchlari bilan O‘zbekiston o‘lkasini o‘rganishga doir anchagina materiallar to‘plangan. Biroq bularning orasida uzuq-yuluq va tasodifiy materiallar anchagina bo‘lib, keng, ilmiy asosda umumlashtirilmagan edi.
Do'stlaringiz bilan baham: |