4. O‘lka tarixini o‘rganishda arxeologik materiallardan foydalanish. O‘lka tarixini o‘rganishda, yuqorida ta’kidlab o‘tganimizdek, arxeologiya fanini rus olimlari tomonidan O‘zbekistonga kirib kelishi, qolaversa yerli milliy havaskor arxeologlarni ya’ni A.Asqarov, Turdi Mirg‘iyosov va boshqalar tufayli keyinchalik Ya.G‘ulomov boshchiligida o‘zbek arxeologiyasi maktabini tashkil topishi natijasida o‘lkamiz tarixini bosqichma-bosqich o‘rganish boshlandi. Tosh, bronza, temir davri, qadimgi, o‘rta asrlar tarixiy yodgorliklari ochib o‘rganila boshlandi.
Qadimgi Xorazm yerlarida, G‘arbiy Buxoro cho‘llarida, ikkinchi jahon urushi arafasida o‘tkazilgan arxeologiyaga oid tekshirishlar bu masalaga aniqlik kiritdi. Shu tariqa Amudaryo va Zarafshon etaklarida cho‘lga aylanib yotgan katta maydonlarda arxeologiyaga oid tadqiqotlar o‘tkazilgan vaqtda bu yerlar qadimgi qal’alar, qishloqlar va shaharlarning vayronalari bilan ular o‘rtasidan o‘tgan qadimgi sug‘orish kanallari izlari bilan to‘la ekanligi bir muncha aniqlandi.
Bundan 2100 yil burun O‘rta Osiyoga kelib ketgan Xitoy sayyohi Chjan szyanning ma’lumotlariga ko‘ra «Davon» deb atalgan Farg‘onada 70 ga yaqin katta va kichik qal’alar, 300000 ga yaqin aholi bo‘lib, bu yerda beda, uzum yetishtirilgan va yilqichlik keng rivojlangan. Farg‘onaning Chjan szyan safaridan keyingi davrda qanday bo‘lganligi haqida yozma ma’lumotlar yo‘q, lekin arxeologiya bu hususida ko‘p ma’lumotlarni aniqlab berayotir.
Ko‘pincha rus sharqshunoslari O‘rta Osiyodagi qadimgi madaniyatni yo‘qqa chiqarib, bu yerlarda madaniyat faqat Eron davlati ta’siri ostida vujudga kelib, keyinroq Iskandar Zulqarnayn istilosi va umuman yunonlar hukmronligi ta’sirida taraqqiy etgan, so‘ngra yana harobalikka yuz tutib, faqat arablar istilosidan so‘ng islom dini ta’sirida yana ko‘tarilgan degan fikrni ilgari surar edilar. Xorazmda, G‘arbiy Buxoro cho‘llarida va umuman butun O‘zbekistonda arxeologiya yordamida topilgan narsalar va dalillar esa G‘arbning bu uydurmalarini fosh qilib tashladi.
Ilgari O‘rta Osiyoning madaniy, siyosiy va iqtisodiy aloqalari haqidagi targ‘ibot faqat Eron hamda Old Osiyo bilan munosabat «Eron ta’siri» degan gaplardan nariga o‘tmas edi. Xorazm va Buxoro viloyatida o‘tkazilgan arxeologiyaga oid qazilmalar O‘rta Osiyo xalqlari Rossiyaning Markaziy tumanlari ayniqsa, Volga daryosining xavzasida bo‘lgan davlatlar bilan juda qadimdan muntazam aloqada bo‘lib kelganini ko‘rsatadi. Daliliy ma’lumotlar qadimdan boshlangan bu aloqaning ilgari surilgani o‘rganilmay kelganini ko‘rsatadi.
Otashparastlik zardo‘sht (zaroastrizm) dinning rivoji Eronda emas, O‘rta Osiyoda bo‘lganligi arxeologlar tomonidan isbotlandi. Arxeolog Ya. G‘ulomov 1936 yili Xorazmning Mang‘it tumanidagi Qubba tog‘ ustida zardo‘shtiylarning qabristonini topdi.
1933 yili Termiz tumanida, Ayritom degan joyda budda dini ibodatxonasining xarobasi topilgan. Ibodatxonada buddaning haykali va boshqa ibodatxona qismlari qatorida toshdan yasalgan odam haykallari topilgan. Haykallarning qiyofasida, kiyimlarda Hindistonga xos belgilar yorqin bo‘lib, bu san’at ikki mamlakat orasidagi munosabatlarning samarasidir.
II asrda Kushon davlati budda dinini Hindistondan O‘rta Osiyo va Sharqiy Turkistonga tarqatib, uni davlat dini darajasiga ko‘targan. III asrga kelib, qadimgi davrning shaharlari xarobalikka yuz tutib, iqtisodiy hayot asosan alohida vohalarga, qishloqlarga ko‘chadi. Hozir Toshkent, Samarqand, Buxoro, Jizzax, Farg‘ona vodiysidagi va boshqa ko‘plab shaharlar atrofidagi sug‘oriladigan yerlarda baland-baland «Oqtepa»lar bor. Arxeologiyaga oid qazilmalar bularning hammasi feodallarning hom g‘ishtdan solingan feodal ko‘shklarning xarobasidan iborat bo‘lib, «dehqonlar» yashab o‘tgan joylarning qoldiqlari ekanligini ko‘rsatadi. Akademik Ya. G‘ulomovning kuzatishlari buni yaqqol isbotladi. Masalan: Xorazmda Tuproqqal’a (IV asr) ko‘shkini qazishda u yerdan «podsholar zali» deb atalgan zal topildi. Professor S.P. Tolstov «Bu zalda Xorazmda Afrig‘ xonadoniga mansub podsholarning haykallari ota-bobolar ruhiga sig‘inish tariqasida aks ettirilgan» - deb aytadi.
1937 yildan to 1956 yilga qadar Buxorodan 40 km g‘arbdagi cho‘lda Varaxsha shahrining xarobalari topilgan.
Tuproqqal’a, Bolaliktepa, Varaxsha, Fayoztepa, Panjikentlarda topilgan rasmlarning san’ati va tasvirlarining boyligi ilk feodalizm madaniyatining o‘z zamonasida ancha rivoj topganligini va mulkdorlik davrida an’anaviy san’atning bu davrga kelib avj olganini tasdiqlaydi.
Keng ko‘lamda respublikamizda olib borayotgan arxeologiyaga oid tadqiqotlar tufayli O‘zbekiston arxeologiyasining deyarli hamma davrlarda: paleolit, mezolit, neolit, eneolit, bronza va temir davrlari hamda antik dunyo va o‘rta asrlarga oid tekshirishlar natijasida to‘plangan boy va qimmatli moddiy manba O‘zbekiston xalqlarining qadimgi tarixini yoritish, imkonini beribgina qolmay, balki o‘rta asrlar tarixi, shuningdek shaharlar «yoshini» aniqlashga ham katta yordam berdi.
Bu esa o‘z-o‘zidan o‘lkamiz tarixini naqadar uzoq o‘tmishga borib taqalishini, o‘lkashunoslik fanini talabalarga o‘tilayotganda arxeologik materiallarni benihoya o‘rni kattaligini ko‘rsatadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |