II BOB. BOBUR LIRIKASI.
2.1. BOBURNING IJODIY MEROSI. BOBUR DEVONI HAQIDA MA’LUMOT
Bobur faqat yirik davlat arbobi va mohir lashkarboshigina emas, balki, buyuk shoir, adib, tarixchi va olim hamdir. «Boburnoma»ni ingliz tiliga tarjima qilgan Uilyam Erskin Boburni ta’riflar ekan, «Osiyodagi podsholar ichida Boburga teng keladigan bironta ham podshoh topolmaymiz» deganda uni faqat davlat arbobi sifatida emas, uning fan va san’at, she’riyat va badiiyatga bo‘lgan oshnoligini ham nazarda tutgan edi.
Boburning o‘zbekcha devonining ikki qo‘lyozmasi ma’lum. Bulardan biri Parijda, ikkinchisi Hindistonda saqlanadi. Professor A.Samoylovich shu ikki qo‘lyozma nusxa va «Boburnoma»dagi she’rlar asosida 1917 yilda Petrogradda Boburning she’rlarini nashr ettirdi. Uning she’rlari 1931 yilda Istambuldagi «Milliy tatabbu’lar majmui»da ham bosildi.
Bobur lirikasi o‘z hayotiyligi, taraqqiyparvar fikrlar ifodalashi, badiiy soddaligi, jo‘shqinligi va til boyligi bilan o‘zbek dunyoviy adabiyotining taraqqiyotiga hissa bo‘lib qo‘shildi. Boburning eng yirik va eng ajoyib asari, uni butun dunyoga tanitgan, Yevropa sharqshunoslari, jumladan Xerman Vamberi tomonidan Yuriy Sezarning sharhlari kitobi qatoriga qo‘yilgan asari «Boburnoma»dir.
Bobur she’rlari o‘tmishdayoq Yevropa tillariga (ingliz, fransuz, nemis tillariga) tarjima qilingan. Chunki, 1857 yillardan keyin Hindistonning ingliz mustamlakasiga aylanishi natijasida, u yerdagi barcha madaniy, ilmiy, badiiy osori-atiqalar Angliyaga olib ketilgan edi.
Bobur devoni lirik turning turli xil janrlarida yozilgan she’rlarni: g‘azal, ruboiy, tuyuq, masnaviy, qit’a, fard va boshqalarni o‘z ichiga oladi. Unda biz oddiy g‘azallardan tashqari g‘azali musajja’ (markaziy ruknlari qofiyadosh bo‘lgan g‘azal), qit’a g‘azal (birinchi bayti-matla’-qofiyasiz bo‘lgan g‘azal), g‘azali husni matla’ (matla’dan keyingi baytning har ikkala misrasi matla’ga qofiyadosh bo‘lgan g‘azal), qo‘shaloq vaznli va qo‘shaloq qofiyali g‘azal, taronai ruboiy (to‘rtala misrasi qofiyalangan ruboiy), oddiy tuyuqdan tashqari qo‘shaloq tajnisli tuyuq va boshqalarni ham kuzatishimiz mumkin. G‘azal, ruboiy va tuyuq Bobur lirikasining eng xarakterli janrlaridir.
Bobur hayot, muhabbat va shodlik kuychisidir. Bundan tashqari uning lirikasidagi vatan ishtiyoqi, g‘ariblikning xasrat va nadomatli dardlari ham mana shu lirikada o‘zining aksini bildirib turadi.
Yoz fasli, yor vasli, do‘stlarning suhbati,
She’r bahsi, ishq dardi, bodaning kayfiyati,
deb boshlanuvchi sho‘x g‘azallar orasida:
Tole’ yo‘qi, jonimga balolig‘ bo‘ldi,
Har ishnikim ayladim xatolig‘ bo‘ldi.
O‘z yerni qo‘yib Hind sari yuzlandim,
Yo rab, netayin, ne yuz qarolig‘ bo‘ldi
singari misralarda shohlikning-da ko‘zga ko‘rinmasligi, uning vatan oldida, insongarchilik oldida hech narsa emasligi va, ayniqsa, vatan ishqi Hind podsholigidan ham ustun turishi ko‘rinib turadi.
Bobur inqirozga yuz tutgan temuriylar davlatining shuhratini saqlab qolishga va mustahkamlashga, Markaziy Osiyoda markazlashgan yirik davlat vujudga keltirishga uzoq va qattiq kurash olib bordi. Biroq tarixiy sharoit bunga imkon bermagach, u Afg‘onistonni, keyinchalik esa Hindistonni egallab oldi va katta imperiyani vujudga keltirdi. U asos solgan imperiya Afg‘oniston va Hindistonning siyosiy-iqtisodiy va madaniy taraqqiyotida o‘chmas iz qoldirdi.
Bobur asos solgan davlat Hindistonning Angliya tomonidan bosib olinishiga qadar yashadi. Boburiylar sulolasi Hindistonning siyosiy hokimiyatini mustahkamlash, madaniyatini rivojlantirishda katta ijobiy rol o‘ynadi.
Bobur insoniyat madaniy hayoti tarixida ham chuqur iz qoldirdi. Uning faoliyati hamda merosini o‘rganishda turli soha olimlari: tarixchilar, filologlar, o‘lkashunoslar katta natijalarga erishdilar. Uning asarlari ko‘p martalab nashr etildi, tadqiqotlar, ilmiy va ommabop asarlar yaratildi. Uning ijodini o‘rganuvchi o‘nlab olimlar yetishib chiqdi, bu borada ingliz sharqshunosi U.Erskinning xizmatlari katta. U Bobur va Boburiylar sulolasining Hindiston tarixi, uning davlat tuzumi hamda Hindiston yarim orolidagi madaniy hayotning shakllanishida tutgan o‘rni haqida oqilona va odilona xulosalarni bayon qilgan beg‘araz mutaxassislardan biridir.
Boburnoma - qomusiy asar. «Boburnoma» memuar, qomusiy to‘plamdir. Bu tarixiy-badiiy asar 1494-1529 yillarda Movarounnahr, Xuroson, Afg‘oniston, Hindistonda ro‘y bergan voqealarni va ko‘pida bevosita Boburning o‘zi ham ishtirok etgan tarixiy jarayonni o‘z ichiga oladi.
«Boburnoma»ning o‘ndan ziyod qo‘lyozma nusxasi ma’lum. Bobur hayotlik davridayoq ko‘chirilgan ikki nusxasi haqida ma’lumotlar bo‘lsa-da, ularning qaerda saqlanayotganligi ma’lum emas. «Boburnoma»ning XVII-XVIII asrlarda ko‘chirilgan nusxalari Leningrad, Kalkutta, Agra, Haydarobod, Manchester, London, Edinburg va boshqa joylarda saqlanmoqda.
«Boburnoma» 1857 yilda Qozonda turkshunos olim N.Ilminskiy tomonidan nashr etiladi. 1905 yilda ingliz olimasi A.Beverij xonim «Boburnoma»ning Haydarobodda topilgan qo‘lyozmasining faksimilesini sinkografiyada nashr ettiradi.
1586 yilda fors tiliga tarjima qilingan nusxalari «Tuzuki Boburiy», «Voqeoti Boburiy» nomi bilan turli mamlakatlarning kutubxonalarida saqlanadi. Jon Leyden va U.Erskinlar «Boburnoma»
ning o‘zbekcha va forscha nusxalarini solishtirib, uni ingliz tiliga tarjima qilishgan, 1826 yilda Londonda nashr ettirishgan. Rus tilidagi tarjimalari M.Sale tomonidan olib borilgan va u ko‘p marta nashr etilgan.
«Boburnoma» asari o‘z qimmati bilan eng nodir asar hisoblanadi. Unda XV asrning oxiridan XVI asrning 30-yillarigacha ro‘y bergan tarixiy voqealar aks ettirilgan.
Asar 1494 yil voqeasi tasviri: Samarqand hukmdori Sulton Ahmad Mirzoning Farg‘onaga hujumi, Umarshayx Mirzoning halok bo‘lishi va 12 yoshga qadam qo‘ygan Boburing taxtga chiqishi bayoni bilan boshlanadi. Unda tarixiy shaxslar, joylarning tabiati, hayvonot dunyosi va dov-daraxtlari haqida odilona va oqilona baho va tasvirlar beriladi.
Masalan, «Andijondurkim, vasatta voqe bo‘libdur, Farg‘ona viloyatining poytaxtidur. Oshlig‘i vofir, mevasi farovon, qovun va uzumi yaxshi bo‘lur.... Movarounnahrda Samarqand va Kesh qo‘rg‘onidin so‘ngra mundin ulug‘roq qo‘rg‘on yo‘qdur.... To‘qqiz tarnov suv kirar. Bu ajabdurkum, bir yerdan ham chiqmas.... Eli turkdir, shahr va bozorisida turkiy bilmas kishi yo‘qdur... Elning lafzi qalam bila rosttur. Aning uchunkim, Mir Alisher musannafoti bovujudkim nash’u namo topibdur, bu til biladur.»
Boburning hayot yo‘li, harbiy yurishlari, madaniy merosi haqida ko‘plab asarlar bitilib, u davlat arbobi, sarkarda, iste’dodli shoir, donishmand tarixchi, zakovatli olim va tarjimon ekanligini isbotlab bermoqdalar. Shu bilan bir qatorda Boburning naqadar nozik zavq, nafis hissiyot, mustahkam va betakror xotira egasi ekanligi tahlil qilishga muhtoj sohadir.
«Boburnoma» asarini o‘qir ekanmiz, uning qanchalik tarixiy qimmatga ekangligini baholashga aql ojizlik qiladi. Chunki, iloji boricha aniq sanalar, joy va odamlar, tabiat mo‘’jizalari - hayvonot va nabotot sirlari bitilganki, bu asarni bitishning o‘zi uning katta sabr-toqat sohibi ekanligini ko‘rsatib turibdi. Shu bilan birga e’tibor berilsa, asarda Bobur ruhi naqadar pok, zehni yuksak darjada ekanligi sezilib turadi.
Ma’lumki, Boburing umri jangu jadallarda o‘tgan. 12 yoshida Andijonda taxtga o‘tirib, toki Hindistonni to‘la zabt etgunga qadar bosib o‘tgan yo‘liga nazar solinsa, bir so‘z bilan, halovatsiz umr, deyish mumkin.
Shu behalovat umri davomida biz uning mislsiz aql-zakovat, nozik ta’b, betakror zavq va pokiza hissiyot egasi ekanligini sezib turamiz. «Bir qatla sanattim, o‘ttiz ikki - o‘ttiz uch nav g‘ayri makarar lola chiqdi. Bir nav’ lola bo‘lurkim, andin qizil gul xidi kelur, lolai gulbo‘y der eduk», bu ta’if bilan Bobur janggohdagi sarkarda emas, lola saylidagi o‘simlikshunos, gullar shaydosi, ulardan zavq olayotgan bir nozik ta’b shaxs namoyon bo‘ladi.
Qobuldagi paytlarida daraxtlarga ta’rif berar ekan: «Balut yig‘ochida yana bir ajib xosiyatdur; sabzgarlik shohlariga o‘t qo‘ysalar g‘arib sharfa bila kuyar. Oyog‘idan boshigacha sharfa bila bir zamonda kuyar» deydi. Yonib turgan alanganing sharpasi-yu, uning hamma tomoni baravar kuyayotganini sinchiklab kuzatib turgan Bobur jangdan xorib kelgan, g‘alaba yoki mag‘lubiyat tashvishida o‘tirgan sarkarda yoki davlat arbobi, shoh emas, o‘z his-tuyg‘ularini tabiat sirlari bilan yanada poklayotgan dilbar shaxsdir.
Agar «Samarqandning qal’asining ichida yana bir qadimiy imorattur, masjidi Laqlala derlar. Ul gumbazning o‘rtasida yerga tepsalar, tamom gumbazdan laq-laq un kelur, g‘arib amaldur, hech kim sirini bilmas» yoki «Yozlar derlarkim, naqqora va duxul uni bu qumdan kelur» voqealarini, ta’riflarni qiyoslansa, Boburing hatto joylarning sirli ovozlariga ham e’tibor berganligini bilish mumkin.
«Boburnoma» asaridagi Hindiston ta’rifining o‘zini qiyoslab o‘rgangan chog‘da ham bir necha ilmiy ishlarga asos bo‘ladi. Bobur agar «Ning nahorga yetgach, o‘ziga olmas nazarga keldi; giyohlar o‘zgacha va yig‘ochlar o‘zgacha va vuhush o‘zgacha va tuyulur o‘zgacha, el va ulusining roh va rasmi o‘zgacha; hayrate bo‘ldi, filvoqe joyi hayrattur» deb butun hayratini namoyon etsa, xuddi shuningdek, «Boburnoma»ning o‘zi ulkan bir kitobi hayrattur.
«Boburnoma» ensiklopedik asardir. Bobur ayrim nomlarning etimologiyasi haqida ham xabar beradi. Xo‘jand bilan Konibodom orasidagi Xodarvesh dashti haqida so‘z yuritar ekan, «derlarkim, bir necha darvesh bu badiyada tund yelga yo‘liqib, bir-birini topa olmay, «Ho, darvesh, ho, darvesh» deya - deya halok bo‘lubdirlar, andin beri bu badiyani «Hodavrvesh» derlar desa, Sirdaryo yoqasidagi daryoning torroq bir yeridan bir taka sakrab suvdan o‘tgani uchun u yerni «Takasekirgan» deb ataganlari haqida gapiradi. Andijon atrofida o‘sadigan bir o‘t buta-buta bo‘lib o‘sib chiqqani uchun uni butka o‘ti deb ataganlarini aytadi va boshqa etimologik ma’lumotlar beradi.
«Osiyo tarixining sovuq ulug‘vorligi o‘rtasida, kun bo‘yi yig‘lab yurgan va bu yig‘isi haqida birga o‘ynab yurgan o‘rtog‘iga aytganidek, bizga hikoya qilib berayotgan podshohni uchratish dilimizga taskin beradi», - deb yozgan edi U. Erskin «Boburnoma»ni tarjima qilar ekan.
«Boburnoma» asari orqali Temuriylar sulolasining ma’lum bir katta qismini, ularning turmush tarzi va kechmish hayotini o‘rganish mumkin. Bu o‘z o‘rnida hozirgi mustaqillik davri adabiyoti va tarixini yoritish borasida yanada mukammal va yanada ishonchli, badiiy manbaa hisoblanadi. Bu borada birinchilar qatori O‘zbekiston Xalq yozuvchisi P.Qodirovning ikki romanini keltirish mumkin, Ular «Yulduzli tunlar» va «Avlodlar dovoni» bo‘lib, Bobur va Boburiylar sulolasi tarixining badiiy ifodasidir.
Bobur adabiy tilda ishlatilmagan yoki undan mustaxkamroq o‘rin olmagan juda ko‘p so‘zlarni adabiy tilga kiritadi. Va ulardan o‘rinli foydalanadi. Ona tilinig lug‘at boyligiga hamda xalq maqollariga, ta’birlariga katta e’tibor beradi. Ifodaning ixchamligi, soddaligi va ravonligi «Boburnoma» tilining juda muhim xususiyatidir. Bobur oz so‘z bilan keng fikrni bayon etishga, so‘zlarni tanlab ishlatishga, sinonim, antonim va omonim so‘zlardan keng foydalanishga erishadi.
«Boburnoma» asarining yana bir eng asosiy xususiyati shundaki, asarning oxiridagi voqealar, Xumoyun xastalik paytida Boburning o‘z jonini sadqa qilishi inson e’tiqodi, butun borlig‘i bilan biror narsaga astoydil bel bog‘lasa, unga erishishi borasidagi ilohiy quvvatning belgisini bildiradi.
«Boburnoma» asari yana ko‘p yillar mobaynida Yevropa va Osiyo halqlarining - qimmatli obidasi sifatida o‘rganilishi, u haqda va uning ustida yana qator ilmiy ishlar olib borilishi kerakligi ayni haqiqatdir. Chunki Yevropa madaniyati va ilmi uchun Sharq, ayniqsa, Markaziy Osiyo halqlari turmush tarzini o‘rganish manbai bo‘lib xizmat qilsa, Osiyo xalqlari uchun esa, o‘z tarixi, o‘z madaniyati va san’ati haqida to‘la ma’lumotlar beruvchi manbadir.
Do'stlaringiz bilan baham: |