Adib Ahmad aytgim adab, pand so’zum,
So’zum munda qolur, borur bu o’zum.
«Adib Ahmad» so’zlari adiblik-shoirlik Ahmad Yugnakiyning asosiy mashg’uloti, kasb-kori bo’lganidan dalolat beradi. Dostonning bir nusxasidagi Arslonxo’ja Tarxon (XV asr temuriy amaldorlaridan) qaydlarida quyidagi ma’lumotlar bor:
1. Adibning eri oti Yugnak erur,
Safolik ajib er, ko’ngullar yorur.
2. Atosi oti Mahmudi Yugnakiy,
Adib Ahmad o’g’li, yo’q ul hech shaki.
3. Kitobining oti erur Hibatul-
Haqoyiq-iborat arabdan o’shul.
4. Tamomi erur qoshg’ariy til bila,
Ayitmish Adib riqqati dil bila.
5. Agar bilsa koshg’ar tilin har kishi,
Bilur ul adibning ne kim aymishi.
6. Kishi tilni bilsa, bilur ma’nisin,
Bilurman desa, ayb o’zi bilmasin.
Amir Sayfiddin degan kishi sharafiga aytilgan ikkinchi qaydda Adib Ahmad haqida bunday deyiladi:
Adiblar adibi, fozillar boshi,
Guhartin so’z aymish, etin so’z bishi.
Ug’an rahmat etsun bu soat anga,
Yarin qupsa, bo’lsun eranlar boshi.
Bu qayd Adib Ahmadning shuhratli shoir va fozil kishi bo’lganini ko’rsatadi.
Nihoyat, noma’lum shaxs tomonidan yozilgan qaydda shoirning ko’zi ojiz bo’lgani va kitobning 14 bobdan iborat ekanligi aytiladi:
Tug’a ko’rmas erdi adibning ko’zi,
Tuzatti bu o’n to’rt bob ichra so’zi.
Birinchi jahon urushi boshlarida turk olimi Najib Osim Istambuldagi Ayo-Sufiya masjidining kutubxonasida mo’g’ul tilidagi rasoil (risolalar) to’plamiga kiritilgan bir qo’l yozmani topdi. Qo’l yozma turkiy tilda bo’lib, u mo’g’ulcha xatlar to’plamiga yanglish kiritilgan ekan. Topilgan qo’l yozma hali ilm olamiga ma’lum bo’lmagan Ahmad Yugnakiyning «Hibatul-haqoyiq» dostoni bo’lib chiqdi. Qo’l yozma hijriy 884 yilning 7 zulqa’da oyida (1480 yilning 30 yanvarida) Istambulda Abdurazzoq Baxshiy tomonidan ko’chirilgan bo’lib, kotib XV asrda uyg’ur yozuvi ko’pchilikka manzur bo’lmagani uchun, uyg’ur yozuvi bilan ko’chirilgan tekstga misralardan keyin arabcha toanskripsiyada va fors-tojik tilida ayrim izohlar ham beradi. Keyinchalik dostonning yana bir necha nusxasi, jumladan 1444G’45 yillarda ko’chirilgan nusxasi topildi.
Najib Osim 1334 (1916) yilda «Hibatul-haqoyiq»ni 1480 yil nusxasi asosida usmonli turk tiliga qilingan tarjimasi bilan birga nashr etdi, unga so’z boshi yozdi, ayrim sharhlar berdi, kichik grammatik ocherk va lug’at tuzdi. Turk olimi Rashid Arat Rahmat 1951 yilda «Hibatul-haqoyiq»ning yangi qiyosiy nashrini ommalashtirdi.
Rus olimlaridan E.E. Bertelüs, S.E. Malov va boshqalar «Hibatul-haqoyiq»ni o’rganish va uni yoritishda unumli xizmat qildi. (Chunonchi, E.E. Bertelüs dostonni atroflicha tahlil etib, 1945 yilda ToshDU ilmiy to’plamida katta maqola bostirgan edi.) Dostonning parchalari xrestomatiya va antalogiyalarga kiritildi. 1971 yilda alohida kitobcha sifatida Q. Mahmudov tomonidan tayyorlangan tekst asosida bosildi. Q. Mahmudov dostonning tanqidiy tekstini ham tayyorladi. Bu tekst uning lingistik, tekstologik tadqiqotchi bilan birga nashr etildi: Q. Mahmudov Ahmad Yugnakiyning «Hibatul haqoyiq» asari haqida (kirish, fonetika, morfologiya, tanqidiy matn, transkripsiya, sharh, lug’at) (O’zbekiston SSR «Fan» nashriyoti, Toshkent-1972).
«Hibatul-haqoyiq»ning nusxalarida dostonning yozilgan yili haqida hech qanday ma’lumot berilmaydi. Dostonning o’zida ham bu haqda biror ishorat yo’q. Ahmad Yugnakiy o’z dostonini Dod Ispahsolor (Dod-sipahsolor) degan shaxsga bag’ishlaydi. Biroq bu shaxsning kimligi va qachon o’tgani ham qat’iy aniqlangan emas. Shularga ko’ra, dostonning yozilgan davrini faqat uning tili va uslubiga qarab taxmin qilish mumkin. «Hibatul-haqoyiq»da arxaik elementlar «Qutadg’u bilig»dagiga nisbatan birmuncha kamroq, arabcha, fors-tojikcha so’zlar esa ko’proq ishlatilgan. Bu «Hibatul-haqoyiq» «Qutadg’u bilig»dan birmuncha keyin, XII asrda yoki XIII asrning boshlarida yaratilgan, deb taxmin qilishga imkon beradi.
«Hibatul-haqoyiq»ning 1480 yilda ko’chirilgan nusxasidagi noma’lum shaxs tomonidan yozilgan qaydda dostonning 14 bobdan iborat ekani aytilgan edi. Biroq «Hibatul-haqoyiq»ning o’sha 1480 yilda ko’chirilgan nusxasi 235 bayt. U 11 bobdan tashkil topgan. Kotib Abdurazzoq Baxshiy dostonni uning biror qisqartirilgan variantidan ko’chirgan yoki uning 3 bobi boshqa boblarga singdirilgan, sarlavhasi tushib qolgan bo’lishi mumkin.
Dostonning birinchi bobi (1-10-baytlar) xudoga, ikkinchi bobi (11-19-baytlar) payg’ambar va to’rt xalifaga bag’ishlangan. Uchinchi bob (20-33-baytlar) Dod-sipahsolorga bag’ishlanadi. To’rtinchi bob (34-39-baytlar) kitobning yozilish sababi haqida bo’lib, shoir uni Dod-sipahsolorga bir yodgorlik sifatida taqdim qilgani va bu bilan o’z xayrixohligini ifodalamoqchi bo’lganini ta’kidlaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |