«Qutadg’u bilig»ning qo’l yozma nusxalari va nashri
«Qutadg’u bilig»ning uch qo’l yozma nusxasi ma’lum. Bu nusxalar «Vena» (yoki «Hirot»), «Qohira» va «Namangan» nusxalari deb yuritiladi. «Qutadg’u bilig»ning birinchi nusxasi XIX asrning 20-yillarida Istambulda topildi. Bu nusxa XV asrda-1439 yilda Hirotda Hasan Qara Sayil Shams tomonidan uyg’ur yozuvi bilan ko’chirilgan. Qo’l yozmani topgan olim Xammer Purgshtall uni Venadagi Qirollik kutubxonasiga topshiradi. Shuning uchun bu nusxa «Hirot» yoki «Vena» nusxasi deb yuritiladi.
«Qutadg’u bilig»ning ikkinchi qo’l yozma nusxasi 1896 yilda Qohirada topildi. Bu nusxa (XV asr) arab yozuvida ko’chirilgan bo’lib, u Hirot nusxasidan birmuncha farq qiladi. Tekstdagi juz’iy farqlardan tashqari, Qohira nusxasida Hirot nusxasidagi ayrim o’rinlar yo’q.
«Qutadg’u bilig» uchinchi nusxasi 1913 yilda Namanganda topildi va 1914 yilda ma’lumot e’lon qilindi. (Nusxa namanganlik Muhammadhoji Eshon Lolaresh degan kishining shaxsiy kutubxonasida sharqshunos olim A. Z. Validov tomonidan topilgan.) Bu nusxa ham Qohira nusxasi kabi arab yozuvida ko’chirilgan: «Qutadg’u bilig»ning Namangan nusxasi boshqa nusxalarga qaraganda birmuncha mukammalroq bo’lib, E.E. Bertelüsning taxminicha, u XIII asrning oxiri yoki XIV asrning boshlarida ko’chirilgan bo’lishi kerak. Bu nodir nusxa O’zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida saqlanmoqda.
«Qutadg’u bilig»ning prozaik muqaddimasida ta’kidlanishicha, dostonda to’rt asosiy masala qo’yilgan va bu masalalar majoziy obrazlar qiyofasida mujassamlashtirilgan
«Qutadg’u bilig» jami Namangan nusxasida 6500 baytga 13000 misraga yaqin bo’lib, u 73 fasl-bobga bo’lingan. O’n bir bobi dostonning muqaddimasi bo’lib, muqaddima xudoga, payg’ambarga va to’rt xalifaga bag’ishlangan tardision boblardan tashqari, yoz tavsifi va Bug’raxon madhi, 7 sayyora va 12 burj, til odobi va bilimning foydasi kabi masalalarga bag’ishlangan boblarni o’z ichiga oladi. Dostonning asosiy qismi 12-bobdan, Kuntug’di degan hukmdorning ta’rifi bilan boshlanadi. Dostonda quyidagi voqea hikoya qilinadi:
Kuntug’di degan odil podsho bo’lib, uning shon-shavkati va shuhrati yaqin va uzoq o’lkalarga yoyilgan ekan. Oytuldi degan oqil bir kishi uning xizmatiga kirish istagi bilan poytaxtga kelibdi. U musofirlikning azob-uqubatlarini chekibdi hamda yor-do’st, tanish-bilish orttiribdi. Oyto’ldi Ko’samish (Istanilgan) degan do’stiga musofir bo’lib Kuntug’di poytaxtiga kelishining sabablarini so’zlab beribdi. Ko’samish unga madad berib, Kuntug’dining Xos Hojibi bilan tanishtiribdi. Oyto’ldi Kuntug’dining saroyiga borib, uning suhbatida bo’libdi. Oyto’ldini yoqtirgan Kuntug’di uni saroyga xizmatga olibdi. Oyto’ldining mansab-martabasi kundan-kun ziyod bo’lib, oxiri u vazir qilib tayinlanibdi. U saroyda uzoq vaqt xizmat qilib, aql-idroki va tadbirkorligi bilan Kuntug’dini mamnun qilibdi. Biroq yurti va oilasini sog’inib, Oyto’ldi hukmdordan ruxsat olib, o’z yurtiga qaytibdi va birmuncha vaqtdan keyin o’sha erda vafot etibdi.
Oyto’ldining O’gdulmish degan o’g’li bor ekan. U otasining so’ziga amal qilib, Kuntug’dining dargohiga kelib, saroyga xizmatga kiribdi. O’gdulmish otasining izidan borib, davlat ishlaridagi faoliyati va donoligi bilan Kuntug’dini shod va mamnun qilibdi. Kuntug’di bilan O’gdulmish o’rtasida turli xil masalalarga doir suhbat va munozaralar bo’libdi. Oqil va olim kishilarning davlat ishlariga katta foyda keltirayotganini ko’rgan Kuntug’di donishmand O’zg’urmishni (O’dg’urmish ham yoziladi) saroyga taklif qilibdi. Uzgurmish tarkidunyo qilib, kishilar orasidan chiqib ketgan ekan. U bir necha xat-xabar va oqil O’gdulmish bilan bo’lgan suhbatlaridan keyin Kuntug’dining taklifini qabul qilib, saroyga kelibdi. O’zgurmish bilan Kuntug’di davlat idora ishlari, axloq-odob va boshqa masalalar bo’yicha suhbat va munozaralar qilishibdi. O’zg’urmish Kuntug’diga ko’p o’gitva nasihatlar beribdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |