“YUSUF VA ZULAYHO” DOSTONINING POETIK TALQINI
Qalandarova Dilafro‘z Abdujamilovna*
Ilmiy maslahatchi, Nizomiy nomidagi TDPU,
O‘zbek tili va adabiyoti kafedrasi dots.v.b.
d.kalandarova2017@yandex.ru
Jo‘rayev Oybek Sherali o‘g‘li*
Nizomiy nomidagi TDPU, O‘zbek tili va adabiyoti yo‘nalishi
2-bosqich talabasi
jorayevoybek265@gmail.com
Anotatsiya: Ushbu maqolada o‘zbek dostonchiligida o‘ziga xos o‘ringa ega bo‘lgan Durbek qalamiga mansub “Yusuf va Zulayho” dostoni haqida fikr yuritilgan va doston tahlilga tortilgan.
Kalit so‘zlar: doston, poetika, toponim, antroponim, syujet, payg‘ambar, antiteza, estetik zavq.
XIV-XV asr o‘zbek mumtoz adabiyoti bir qancha qalami o‘tkir ijodkor darg‘alarni voyaga yetkazdi. Ana shunday qalamnavislardan biri Durbekdir. Durbekning hayot yo‘li va ijodiy faoliyati haqida ma’lumotlar juda kam bo‘lib, uning bizgacha faqat “Yusuf va Zulayho” dostoni yetib kelgan. U haqida ma’lumotlar ozligi sababli doston adibning naqadar nodir ijodkor, o‘tkir istedod egasi ekanligidan dalolat beradi.
Biz bilamizki, Durbek yashagan davr O‘rta Osiyoda, xususan, butun Sharqda Temur va Temuriylar hukmronlik qilgan davrga to‘g‘ri keladi. Temur vafotidan so‘ng u asos solgan imperiya tez orada parchalanib ketadi.Vorislar o‘rtasida toj-u taxt uchun kurash,urush-janjallar boshlanib ketadi.1389-yilda hirotliklar qo‘zg‘alonini bostirib,Kurtlar sulolasini tugatib,Xuroson hokimligini tuzgan Temur bu hokimlikka Balx,Qunduz,Badaxshon,Xuttalon va Hisorni qo‘lga kiritib,uni uchinchi o‘g‘li Mironshohga suyurg‘ol qilib beradi. Uzoq kurashlardan so‘ng Xuroson Shoxrux qo‘liga o‘tadi.Shunday toj-u taxt kurashlari oqibatida Balx shahri uch oy qamalda qoladi.Qamal oqibatida eng ko‘p jabrni oddiy xalq tortadi.Durbek ana shunday qiyin sharoitda ,xalq boshiga og‘ir kunlar tushgan paytda “shaharlar onasi” deb atalgan Balx shahrida xalq bilan yelkama-yelka mudofaa ishlarini olib bordi, “Yusuf va Zulayho” dostoni esa ana shunday qiyin vaziyatda bitildi.
Durbek muallifligidagi ushbu doston yaratilishiga xuddi shu nomdagi rivoyat asos bo‘lgan .Asar syujeti sayyor shaklda bo‘lib,asar shu nomdagi dostonlar uchun mukammal kompozitsiya asosini yaratib berolgan.Ijodkor yashagan davrdagi muhitni asarga olib kirolgan va o‘sha davr manzaralarini dostonga singdirgan.
Hozir ushbu doston badiiyatiga to‘xtalsak.
Doston boshlanish qismida shunday misra kelgan:
Zod edi tari taqi xe-yu dol,
Muddati hijratdin o‘tibmox-u sol.
1Misra tarkibidagi ض-800(zod), ح-(xe)8, د-(dol)4ga teng. Biz bu harflar abjad hisobi bilan hijriy 812-yilda, milodiy hisob bilan esa 1409-1410-yillarda yozilganiga guvoh bo‘lishimiz mumkin va bularning barchasi tarixiy isbotga egadir. [1.5]
Bu dostonning bizgacha juda kam nusxasi yetib kelgan.Xususan, hozirgi kunda “Yusuf va Zulayho” dostonining Toshkentda besh nusxasi (Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik insitutida -to‘rt nusxa,Alisher Navoiy nomidagi Adabiyot muzeyida -bir nusxa), Samarqandda ikki nusxasi (Alisher Navoiy nomidagi SamDU kutubxobasida hamda Abdulxamid Po‘lodiy qo‘lida) bor.
O‘zbekiston SSSR fanlar akademiyasi nashriyoti 1959-yilda Durbekning ushbu dostonini, nashrda bosib chiqardi. Bundan tashqari Durbek va uning asari to‘g‘risida Xaydarovning (O‘zbek dunyoviy adabiyoti taraqqiyotida Durbekning roli 1962-yil) va J. Lapasovning (“Yusuf va Zulayho” dostoni morfologiyasi 1971-yil) dissertatsiya va maqolalari mavjud. [2.273]
Asar muallifi dostonning badiiy uslubi va til vositalaridan unumli foydalanib, murakkab syujetga ega bo‘lgan asar yarata olgan. Asarda voqealar tizmasi, dastlab sarguzashtlar bilan boshlanib, takomillashadi hamda voqealar bosh qahramon hayotida jiddiy ta’sir ko‘rsatib, qahramonning hayoliga kelmagan voqealar rivoji bilan davom etadi. Doston dunyoviy ruhdagi ishqiy-sarguzasht doston hisoblanadi. Shu o’rinda dostonni o‘quvchi kitobxonda bir o‘rinli savol tug‘ilishi tabiiy hol. Agar bu doston dunyoviy doston bo‘lsa,asarda uchraydigan Allohning vakili Jabroil alayhissalom hamda farishtalar obrazi nimaga kerak edi?. Biz bilamiz-ki, Yusuf ismi Qur’onda zikr etilgan -Yoqub alayhissalom o‘g‘li- o‘sha davr payg‘ambaridir.
Insoniyat yaratilishidan oldin hammaning berilgan o‘rni va kelajagi Taqdiri ilohiy (Alloh) tomonidan belgilanadi. Yer yuzidagi jamiki go‘zallikni yuz ulushga bo‘lib, shundan to‘qson to‘qqiz ulushini Yusuf payg‘ambarga Alloh tomonidan in’om etiladi. Shundan beri badiiy adabiyotda Yusuf go‘zallik timsoliga aylanadi. Asli Misr mamlakatidan bo‘lgan, bu dunyoga payg‘ambar bo‘lishi uchun yaratilgan inson bilan bog‘liq asar yozilar ekan, u xoh tarixiy bo‘lsin, xoh ishqiy-sarguzasht, xoh fantastik ruhda yozilgan bo‘lishidan qat’i nazar unda Alloh nomi hamda uning vakillari ishtirok etishi tabiiy holdir.
Asarning syujeti nihoyatda keskin, voqealarga juda boy. Asarda Yusuf alayhissalomning akalari so‘rab, otalari huzuriga kelganiga Yoqub alayhissalomning bergan javobi quydagicha tasvirlangan:
Hazrati Yoqub alayhissalom boshlaydi o‘g‘lonlariga bu kalom:
Dedi: “Boringiz menga siz nuri ayn”,
Toatim erur boriga farzi ayn.
Bori erursiz menga pushtu panoh,
Tengri erur ushbu so‘zimga guvoh. [1.27]
Biz yuqoridagi misralardan Yoqub alayhissalomning o‘g’illariga qarata baringiz menga pushtu-panohsiz, birdek sevimli va suyukli, azizsizlar deya javob qaytaradi.
Endi Yoqub alayhissalomning og‘lini bo‘ri yeganligi haqida xabarni eshitgandan so‘ng holat shunday tasvirlanadi.
Dedi: Qani,ox mening Yusufim,
Xamdami-jonim dog‘i Ko‘rar ko‘zim.[1.34]
Hozirgi ikki misradan biz shuni bilishimiz mumkin-ki, Yoqub payg‘ambar o‘g‘li Yusufni boshqa o‘g‘illariga nisbatan kuchliroq yaxshi ko‘rishini, “Ko‘rar ko‘zim” epitetining qo‘llanishi orqali Yusufni juda qadrlashini bilib olishimiz mumkin.
Shu joyda bitta savol: Durbek asar syujeti tizmasida xatoga yo‘l qo‘yganmi? Nega-ki, Yoqub alayhissalom barcha o‘g‘illarini bir xilda ko‘rishini aytadi-yu,lekin Yusufni ko‘proq yaxshi ko‘rishi to‘g‘risida to‘xtaladi.
Bu kabi qo’llangan unsurlar kitobxonga adabiy xatodek tuyilishi mumkin,lekin biz bunday hayolga bormasligimiz kerak. Bunda muallif ichki ijtimoiy konfliktni qo‘llash orqali antiteza san’atini yuzaga keltiradi.
Antiteza bu- badiiy asarda voqea yoki tushunchalarni, shaxs va uning fikrlarini bir-biriga qarshilantirish orqali, bir-biriga zid tushunchalarni yaqqol ifodalash,bunday tushunchalar bir shaxsning o‘z fikrlari o‘rtasida zidlikni ham yuzaga keltirishi mumkin [3]
Bu dostonning boshqa dostonlarga nisbatan tanqidiy o‘zgacha yondashilgan tomoni mavjud bo‘lib, bu doston boshqa dostonlarga nisbatan ajoyib yondashilgandan darak beradi hamda muallifning mahoratini yaqqol ko‘rsatib beradi.
Biz bilamiz-ki, ko‘pchilik dostonlar (deyarli barchasida –O.J ) kompozitsiyasi qat’iy bir qolipga tushgan va ular aksariyat hollardagina o‘zgargan bo‘lishini ko‘rishimiz mumkin.Biz yuqorida ta’kidlab o‘tgan, o‘zgacha yondashilgan jihati shuki, dostonlarda yigit qizni tushida,oynada va boshqa yo‘llar bilan ko‘rib qolib, uning hajrida bedor bo‘ladi, sevib qoladi va uning vasliga yetishish uchun ne-ne azoblarni boshidan kechiradi. Durbek esa dostonga boshqacha yondashadi, birinchi bo’lib Zulayho Yusufni tushida ko‘rib, ishqi tushib,oromin yo‘qotadi. Bu yondashuv esa dostonni yanada o‘qishli qilib, kitobxonni zeriktirmaydi,balki asarni o‘qiguvchiga,estetik zavq bag‘ishlaydi.
Asar tili juda sodda, xalqona tilda yozilgan doston hisoblanadi. Asarda Kanon (Falastin) va Misr kabi ikkitagina joy nomlari (toponimlar-O.J) uchraydi, lekin toponimlarning kam qo‘llanganligi asarning mavzu va ko‘lamiga ta’sir etmagan. Bundan tashqari asarda Yoqub, Yusuf, Zulayho, Maliki Tojir, Taymus, Aziz, Ibni Yamin, Yaxudo, Mishom, Farohim, Rohima kabi kishi ismlari antroponimlar qo‘llangan.
Kelib chiqish tarixi uzoq o‘tmishga va ilohiy kitoblarga borib taqaladigan ushbu doston musulmon adabiyotida dong‘i ketgan Abulqosim Firdavsiy,Lutfiy,Jomiy kabi ijodkorlar hamda bir qator Yevropa yozuvchilarini qalam tebratishga majbur qildi ,desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Dostondan biz o‘zimiz uchun Allohning barcha ishlarga qodir iloh ekanligini,unga,uning elchilariga (payg‘ambarlariga –O.J) itoat qilgan kishi ikki dunyoda aziz va qadrli bo‘lishini,bir so‘z bilan aytganda,Allohning yagona va buyuk yozuvchi ekanligini ko‘rishimiz mumkin.
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, Durbek ushbu asari orqali o‘sha davr hamda bugungi kun uchun boshqa shu tipdagi dostonlarga o‘xshamaydigan,zotan, o‘zining nodirligi bilan ajralib turadigan,kitobxonni zeriktirmay, aksincha, o‘qiganimiz sari qayta-qayta o‘qigimiz keladigan o‘zbek adabiyoti uchun juda katta badiiy qiymatga ega asarni meros qoldirdi.
Adabiyotlar ro‘yxati:
1 УЗБЕКИСТОН ССР ФАНЛАР АКАДЕМИЯСИ А.С.ПУШКИН НОМИДАГИ ТИЛ ВА АДАБИЁТ ИНСТИТУТИ Т:1959 N:17329
2.УЗБЕК АДАБИЁТИ ТАРИХИ БИРИНЧИ КИТОБ Н.МАЛЛАЕВ"УКИТУВЧИ" НАШРИЁТИ Т:1965
3. uz.m.wikipedia.org
Do'stlaringiz bilan baham: |