Evropalikning nigohi. “G‘arbu Sharq devoni”da Gyotening o‘z milliy nuqtai nazari namoyon bo‘lgan ko‘plab kuzatishlar, mushohadalar va umumlashmalar uchraydi. Bunda u Sharq vakillari uchun qandaydir yangi narsani kashf etadi. M. Baxtin ta’kidlaydiki, begona madaniyat boshqa madaniyat ko‘zida o‘zini to‘laroq va teranroq inkishof etadi. Ayni vaqtda yana ogoh etadiki, “…biroq ijodiy tushunish o‘zidan, zamonidagi o‘z makonidan, o‘z madaniyatidan voz kechishni bildirmaydi va hech narsani esidan chiqarmaydi”. Baxtinning bu haqqoniy qaydi “Devon”ning butun mazmunida o‘z tasdig‘ini topgan, bunda madaniyatlarning o‘zaro muloqoti sodir bo‘ladi, bu muloqotda o‘zaro hamkorlik va o‘zaro bir-birini boyitish tufayli ulardan har birining boyligi, teranligi yangicha tarzda ochib beriladi.
“Devon”ning bosh qahramoni shoir o‘zini sharq ziyoratiga yo‘l olgan sayyoh deb e’lon qiladi. Shoir timsoli Gyotening o‘zi bilan uzviy bog‘liq, u o‘zini nemis deb his etadi, uning uchun Sharq ma’naviy-estetik tajribasi bilan to‘qnashish o‘z ijodining ulkan va qudratli imkoniyatlari — adabiy uyg‘unlikka, “yot” estetik an’anani nozik idrok etish va ijodiy mushohada qilishga qodirlikni namoyon etishga imkon berdi.
“Devon” ustida qattiq ish olib borayotgan vaqtda Gyote noshir I.F.Kottega xatida yozadiki, uning (Gyotening) maqsadi G‘arb va Sharqni, o‘tmish va hozirni, forscha va nemischani xolisona birlashtirishdan iborat, toki tafakkur qilish xulq-atvori va uslublari bir-biriga singib ketsin”.
Ayni vaqtda “Sharq ruhi”da she’rlar yozar ekan, Gyote hamma narsaga yevropalik nigohi bilan qaraydi, uning g‘arb odami qarshisida ochilayotgan muhim narsalarni qayd etib boradi. Shoir ogohlantirib deydiki, “Jannat taassurotlari haqida barcha odamlarga nemis so‘zi bilan xabar qilaman”.
Sharq odamida, san’atida, she’riyatda nemis shoiri uning nazarida jahon madaniyatini boyitadigan fazilatlarni ochib beradi. U yozadi: “Forslarda she’riy natyurmortlar bor, ularni eng yaxshi niderlandiya musavvirlarining suratlari bilan yonma-yon qo‘yish mumkin, axloqiy jihatdan esa ularni yanada balandroq qo‘yish mumkin… tabiat ne’matlari ularga diniy afsonalarning yasama nusxalari bo‘lib xizmat qiladi. Gul va Bulbul Apollon va dafna o‘rnini to‘ldiradi”.
Sharq so‘z ustalari mahorat darajasiga yuksak baho berish bilan birgalikda ushbu gyotecha mushohadalarda umuminsoniy madaniyat qa’riga teran kirib borish, zamon va makonda bir-biridan uzoq, xilma-xil milliylikni bir-biriga baqamti qilib qo‘yish, antiklikdan, mifologiyadan boshlangan g‘arb va sharq adabiyotida umumiy manbalarni ustalik bilan topish kishini hayratga soladi.
Muqaddas kitoblar Injil va Qur’oni Karim ko‘p asrlar davomida Sharq va G‘arbning buyuk so‘z san’atkorlari e’tiborini tortib kelmoqda, borliq va kundalik hayotning abadiy masalalari ustida fikr yuritish va muttasil o‘ylash uchun moya bo‘lib hisoblanmoqda. Zakovat va she’riy tafakkurning Firdavsiy va Navoiy, Jomiy va Hofiz, Sa’diy va Rumiy, Dante va Gyote, Pushkin va Dostoyevskiy, Bayron va Tolstoy singari daholarning adabiy-diniy yodgorliklarga bo‘lgan qiziqishlari jahon mumtoz adabiyotida o‘chmas iz qoldirdi. Injil va Qur’oni Karim g‘oyalari, adabiyotlari, muammolari va timsollariga murojaat qilar ekan, So‘z Ustalari bemisl asarlar yaratganlar. Ular milliy-badiiy tizim sirasidan chiqib, umumbashariy jarang kasb etgan.
Injilni Gyote ko‘p martalab o‘qib chiqqan edi va u ta’kidlaganidek, “biron vaqti-zamoni bilan, usiz ish tutishiga to‘g‘ri kelganida taraddudlanib qolmaslik uchun bu kitobga juda ko‘p mehrini baxshida etgan”di. “Qur’oni Karim — bu ibrat va ko‘ngil ochish uchun o‘qiladigan, odamlar qo‘li bilan yozilgan kitob emas, balki ilohiy bitiklar va hukmlardir”, deydi Gyote. Muqaddas kitobni 1772 yilda D.F. Megerlin tarjimasida o‘qiydi va “Muhammad surasi” she’rini yozadi, “Muhammad” nomli drama ustida ish boshlaydi. Gyote Qur’oni Karimning oltinchi surasini lotin tilidan tarjima qiladi.
O‘rta asr she’riyatida ijodiy jarayon mohiyati o‘ziga xos ko‘rinish kasb etdi. Yaratish qobiliyati faqat Ollohga xos, uning bilimi nihoyasizdir. Insonga esa payg‘ambarlik fazilati qismangina ato etilgan, bu birinchi navbatda shoirlarga tegishli. Aynan shular “ruhiy qalb” bilan yuqoridan nozil bo‘luvchi umumiy g‘oyalar oqimini idrok etishga, ularni xayolan timsollarga aylantirishga, tasavvur etishga, gavdalantirishga va nihoyat adabiy asarlar yaratishga qodirdirlar. Ijodiy jarayon bir necha bosqichdan tashkil topadi: g‘oyani idrok etish, ilhomlanish, g‘oyalarni ko‘ra bilish, ya’ni asar yaratish. Bunda Qur’oni Karimni tez-tez eslab turish shart. Shu bois Gyote “Devon”da she’riyat haqida yozganda, u, hadislarda aytilishicha, xudodan keladigan sharq she’riyatining ayni mohiyatiga, o‘zak-o‘zagiga yorib kiradi.
Hofiz, Sa’diy, Navoiy she’riyatida bo‘lganidek, “Devon”ning she’riy matni sahifalarida Qur’oni Karim tez-tez esga olinadi. Qur’on ruhidagi g‘oyalar, syujetlar “Devon”ning ko‘plab she’rlariga tatbiq etilgan.
Injil va Qur’oni Karim ohanglari shoir ijodida muhim o‘rin tutadi. Gyote aytadiki, “barcha voqealar, ta’limotlar, ramzlar, masallar badiiy ongda u yoki bu tarzda faoldir va xotiraga mahkam o‘rnashib qolgan.
Gyote ikki oshiq-ma’shuq Yusuf va Zulayho haqidagi afsonaviy sharq syujeti bilan tanish edi. Bu haqda Gyote “Ishqnoma” bobida bergan tavsifdan xabar topamiz: “Garchi notanish bo‘lsalar-da, gunohgacha bir qadamdir, bu Yusuf va Zulayhodir” Go‘zal Yusuf timsoli uni yoshlikdan mahliyo qilgan. U qayd etib o‘tganidek, Yusuf tarixini ishlab chiqish azaldan maqbul ish bo‘lib tasavvur qilingan, faqat ish shakli, yondashuv hajmi haqidagi masala mudom ko‘ndalang bo‘lavergan. Nasriy ishlov berish ancha qulay tuyulgan. Demak, Injil afsonalariga asoslangan holda Gyote Yusuf haqida nasrda hajmdor epik doston yozgan, ammo u saqlanib qolmagan.
Gyote sharq adabiyotida Qur’on syujeti adabiy variantini yaratgan so‘z ustalari qatoridan o‘rin olgan. Yusuf va Zulayho sevgisi tarixini Balxiy Baxtiyoriy, Firdavsiy, Rabg‘uziy, Xorazmiy, Jomiylar yoritib berganlar. Bu ikki sevishganlar timsollari Nizomiy, Hofiz, Rumiy, Sa’diy, Navoiy va Sharqning boshqa mumtoz ijodkorlari she’riyatining durdona namunalari bo‘lgan.
Yusuf va Zulayho haqidagi syujetning 70 dan ziyodroq adabiy talqini turkiy tilda yozilgan. Eng qadimgisi Londonda saqlanadi, X asrga oid qo‘lyozmasi Toshkentda mavjud. Alisher Navoiy bu afsonani “dostonlar ichida eng ulug‘vori” deb atagan, u bu syujetni boyitishga jazm qilgan, ammo ish amalga oshmay qolgan. “Yusuf va Zulayho” dostonini Durbek (XV a.)ijodida ko‘ramiz, 1981 yilda Ramz Bobojon tomonidan o‘zbek tiliga, 1983 yilda rus tiliga o‘girilgan.
Shuni ta’kidlash joizki, mazkur doston faqat Sharqda shuhrat topgani yo‘q. Masalan, Kremlning Yoqut saroyi devorini Yusuf va Zulayho tasviri tushirilgan naqshu nigor bezab turibdi, Varshavaning markaziy bog‘ida ular-ning timsollari haykalda abadiylashtirilgan. Jahon adabiyotida bu syujet T.Manning “Yusuf va uning aka-ukalari” romanida, Nozim Hikmatning “Iosif va Menofis” dramasida aks ettirilgan.
Gyotening “Zuleyxanoma”sida mashhur syujetdan chetlaniladi, ammo uni qayta gavdalantirishga harakat qilinmaydi, shoir butunlay boshqa maqsadni ko‘zda tutadi. Gyotening diqqat markazida Ishq, Ma’shuqa, Shoir, She’riyat yotadi. Matnda Yusuf ismi tilga olinsa-da, qahramonlarga daxl qilmaydi, bu yerda Zuleyxa va Hotamni ko‘ramiz. U sharq adabiyoti va she’riyati bilan bog‘liq belgili qiyofadir. Yusuf — ilohiy go‘zallik, ismatu iffat, mardlikning o‘ziga xos ramzi bo‘lib, so‘z ustasi Gyoteni o‘ziga jalb etgani shubhasiz, ammo “Zuleyho kitobi”da uning faqat ismi tilga olib o‘tiladi. Sabab shundaki, Zuleyho — bu rivoyatlardagi Zuleyxa emas, balki shoir Hotam shartli ravishda “o‘zimning Zuleyham” deb atagan boshqa ayol. Ya’ni, sharq rivoyatidagi qahramon qizning faqat ismi va ishq mavzui olingan, xolos.
Hotam tarixiy ism bo‘lib, turkiy dostonlarda uchraydi. Taxminlarga ko‘ra Hotamtoy VI asrda yashab o‘tgan yarim afsonaviy qahramon va shoir bo‘lgan. Yana bir taxminda u afsonaviy arab amiri deyiladi. Barcha tadqiqotchilar pirovard natijada uni yaxshilik, hozirjavoblik, saxovat timsoli degan fikrga keladilar.
Hotam ismi Sa’diyning “Bo‘ston”ida va yana Hofizning g‘azallarida tilga olinadi, Gyote, aftidan, buni o‘sha yerdan olgan bo‘lishi kerak. “Devon”da bu timsol ancha o‘zgartirilgan. U, avvalo, shoir, donishmand, zakiy. U oziga qanoat qiladi, yerdagi ayshu farog‘at va boylik-sarvatlarga parvo qilmaydi. Sevgi va she’riyatni hamma narsadan ustun qo‘yadi.
Ishq mavzui Hotam va Zulayho muloqotida keng muhokama qilinadi. Kozegarten qayd etganidek, ularning muloqotlarida fors shoirlarining timsollari va tili saqlanib qolgan. Hotamning o‘z ma’shuqasini fors shoirlari Nizomiy, Jomiy, Sa’diylardan qizg‘anganligi bejiz emas. U mazkur shoirlar bilan, ularning qahramonlari bilan bahs boylashadi, o‘z she’rlarini ular she’rlariga qarshi qo‘yishi ham — shundan.
“Zulayhonoma” “Devon”dagi eng yirik bob va muallifning o‘zi uni tugallangan, deb hisoblaydi. Bu bob dastavval ikki qismdan iborat bo‘lishi kerak edi, biroq keyinchalik Gyote uning birinchi qismini “Ishqnoma” deb atadi, ikkinchisi esa yuqorida aytilganidek, “Zulayhonoma” bo‘lgan.
O‘zbek adabiyotida Xorazmiyning “Muhabbatnoma”si (XIV asr) tarzidagi mustaqil doston yoki Sa’diyning “Bo‘ston”i so‘ngi qismini o‘rganish asosida ishq mavzui alohida bobga olingan. Ularda ishqiy iztiroblar va ishqiy farog‘atlar haqida ko‘tarinki ruhiy ohanglarda hikoya qilinadi.
“G‘arbu Sharq dostoni” — bu murakkab ramziy tizim bo‘lib, unda ikki milliy — she’riy tizimning uyg‘unlashuvi jarayoni alayna ko‘rinib turadi. Ma’shuqasi haqida hikoya qilar ekan, Hotam Sharqning an’anaviy timsollaridan unumli foydalanadi: ko‘zlar — yulduzlar, aqiq — lablar, olmos — nigohlar, kiprik — o‘q, gajak — ilon, bulbul — gul va h.k. Biroq Gyote o‘z qarashlari bilan sharq she’riy uslublarini boyitadi, sharq she’riyatiga xos bo‘lmagan ramzlarni olib kiradi: mag‘rur bo‘yin, siymin siynalar, lolagul, gunafsha va h.k. Gyote ishqiy tuyg‘ularni, jononga mardonalarcha xizmat qilishni nozik psixologik shakllarda, umuman ishqni yangicha talqinda ifoda etishga muvaffaq bo‘ladi.
“Nizomiy” maqolasida Gyote bunday ta’kidlaydi: “Oshiq-ma’shuqlar Majnunu Laylini, Xusravu Shirinni berdi u bizga: ko‘ngil sezgisi, taqdir, tabiat, odat, mayl, zavq — bular bari shularni bir-biriga bog‘laydi, o‘zaro kayfiyat ularning qovushuviga yordam beradi, ammo hasadgo‘ylar, kaj tabiatlilar, tazyiq, tasodiflar, taqiqlar ularni bir-biridan judo qiladi…”.
Agar Hotam va Zulayhoning o‘zaro munosabatlari rivojlanishi yo‘lini ko‘zdan kechiradigan bo‘lsak, shuni aytish lozimki, Gyote Nizomiy dostonlarida ko‘rsatib o‘tgan o‘rinlarni u qaysidir ma’nolarda qayta gavdalantirishga harakat qiladi. Biroq bu syujet yasovchi vaziyatlar uzra tavsiflar, mushohadalar, eng asosiysi muloqotlar qat-qat taxlana boshlaydi, shular tufayli munosabatlarning mutlaqo boshqa xili paydo bo‘ladi. Zulayho faqat otashin muhabbat o‘tida yongan sohibjamol qiz emas, balki aqlu zakovatda, ma’naviyatda oshig‘idan zarracha kam bo‘lmagan shaxs sifatida namoyon bo‘ladi.
Ma’lumki, Gyote Sharqni har taraflama va chuqur o‘rgangan edi. U o‘ziga xos, jiddiy tarzda, imkoni boricha ilmiy va badiiy adabiyotni mutolaa qildi, tarixiy, jug‘rofiy, iqtisodiy fanlar, yodgorliklar, sayyohlarning qaydlari, sharqshunoslarning ilmiy ishlari — bari-bari unga begona emasdi. Tayyorgarlik ishlari jarayonida shoir Gyote o‘zining sharqshunos, tilshunos, dinshunos, faylasufga xos iste’dodlarini namoyon etardi. Bu keng bilimlar shoirona ichki tuyg‘ular bilan omuxta bo‘lib ketar, yevropalik idroki ila bu murakkab va qiyin mavzudagi eng muhim qirralarni ziyraklik bilan ilg‘ab olardi. Natijada “G‘arbu Sharq devoni”da jahon tamaddudining ko‘plab muammolari olg‘a surildi.
“Devon”da Osiyo bo‘yicha dalolatlarning mo‘lligi va boyligi kishini hay-ratga soladi. O‘zbek adabiyotiga daxldor alohida dalolatlarga ko‘zimiz tushadi. Ma’lumki, mingyillik tarixga ega adabiyotimiz jahon madaniya-tining antiklik, ellinizm, renessans, romantizm, ma’rifatsevarlik singari barcha bosqichlarini bosib o‘tgan. N.Konrad “Renessans va Alisher Navoiy” maqolasida “jahon madaniyatining o‘chog‘i” deb atagan hudud hozirgi O‘zbekiston zaminini ham o‘z ichiga oladi. N.Konrad ta’biricha, “Renessansning bu yo‘lidagi vakolatli vakili” bo‘lgan Alisher Navoiy o‘zbek adabiyotining asoschisi, turkiy tamaddunning yorqin vakili, Jomiyning do‘sti. Uning ijodida ko‘plab jahon madaniyatlari: yunon-rim, ellin, vizantiya, fors, arab, hind, xitoy va h.k. madaniyatlari, turli dinlar va etnik xususiyatlar tutashgandi. Shubhasiz, Gyote singari Navoiy ham jahon adabiyoti vakili.
Ko‘plab davlatlar O‘zbekiston tarixi bilan bog‘lik, ular: kushon saltanati, So‘g‘diyona, Xorazm davlati, Farg‘ona tamadduni, Amir Temur davlati, buyuk Boburiylar sulolasi, Xorazmdir. Ularni Hofiz, Sa’diy, Navoiy o‘z she’rlarida tarannum etganlar va Gyote o‘zining “Devon”ida tilga olib o‘tgan.
Taniqli tarixchi A. Toynnbi Farg‘ona vodiysi yangi tamaddun markazi bo‘lib qoladi, deb bashorat qilishi tasodifiy emasdi, Frantsuz olimi P.Levek “Ellin dunyosi” risolasida So‘g‘diyonani “O‘zbekiston elladasi” deb atagan. U ta’kidlaydiki, Samarqand mana shu ellin davlati hududida qad ko‘targan. Osiyo haykaltaroshlik maktabi bo‘lgan, fan tarixi Sharqning G‘arbga ta’siri to‘g‘risida ko‘plab misollar beradi. O‘zbekistonning ildizi yillarga borib taqaluvchi boy madaniyati turkiy madaniyatga chuqur kirgan, bu bilan Gyote Ditsning ilmiy asarlari orqali tanishgan. Gyote I.Kottega yozgan xatida Mollikat va Qur’on Karimdan tortib, Jomiygacha bo‘lgan sharq she’riyati va adabiyotiga alohida e’tibor qaratgan. Shu narsa muhimki, Gyote tuzgan ko‘rsatkichda “O‘zbeklar” degan band bor, bundan tashqari Xorazm, Samarqand, Buxoro shaharlari tilga olingan. “Devon”ning yettinchi bobi “Temurnoma” deb ataladi, u ikki kun — 1814 yilning 11 va 12 dekabri ichida yozilgan. Unga ikkita she’r kiritilgan: “Sovuq va Temur” va “Zulayho”. Izohlarda Gyote yozadi: “Sirasini aytganda, uni boshlash qolgan, xolos. Agar Nasriddinxo‘ja timsolini olib chiqish lozim bo‘lsa, fojia asarini kulgi bilan bejab chiqish mumkin…”. Gyote iltimosi bilan Dits Xo‘ja Nasriddin haqidagi beshta latifani tarjima qilgan va “Devon” uchun unga yuborgan. “Temurnoma” bitmay qolgan. Shu narsa e’tiborga molikki, Gyote o‘zbek xalqi tarixida, shuningdek, butun jahon tarixi va madaniyati katta rol o‘ynagan tarixiy shaxsga befarq bo‘lmagan.
Gyote o‘z ishi davomida tez-tez turkiy folklorga murojaat qiladi. U “Qo‘rqutnoma”, “O‘g‘uznoma” kitoblarini o‘rganadi, “Devon”da ayrim o‘rinlarda ulardan foydalanadi. Ayniqsa, shoir XIV asrga oid “Qobusnoma”dan qattiq ta’sirlanadi. Qobusnoma” nemis tiliga 1811 yilda tarjima qilingan edi. Uni o‘qigan, Gyote do‘stlariga ham o‘qib, fikrlarini boyitishni tavsiya qiladi. O‘zi esa “Evropa sharoitida o‘z hayoti haqida To‘g‘ri hukm chiqarish uchun ko‘plab ibratli narsalar topadi. Kitob 44 bobdan iborat, bu boblar nomlarini muallif “Devon”da keltirib o‘tgan.
Gyote she’rlari o‘zbek tilida ham xuddi asliyatdagidek yoqimli va jarangdor.
Gyote tarjima ishiga alohida ahamiyat beradi. Ma’lumki, tarjima — bu adabiyotlar o‘rtasida adabiy vositachi. O‘zbek adabiyotida Yevropa madaniyatiga katta qiziqish bilan qaraydilar va bu ham uning darajasini belgilovchi jarayonlardan biridir. Homer, Sofokl, Dante, Shekspir, Bayron, Paulo Koelo, Ibsen asarlari o‘zbek tiliga tarjima qilingan. Gyote ijodidan “Faust”, “Yosh Verterning iztiroblari” va bir qancha she’rlar o‘zbek kitobxonlariga armug‘on etilgan. “G‘arbu Sharq dostoni” esa hali madaniyatimiz xazinasidan o‘z o‘rnini topganicha yo‘q va bu qutlug‘ ish o‘z egasiga muntazir bo‘lib turibdi.
Xulosa
Gyote ijodi — bu ma’naviyat va zakovatni hamma narsadan ustun qo‘yuvchi shaxsning tiklanishi va kamol topishi haqida ko‘plab afsonalar yaratilishi uchun bitmas-tuganmas manbadir.
Ushbu vazifani hal etishda Gyote Sharq qadriyatlari va yutuqlariga murojaat qildi. Sharq madaniyatini o‘rganar ekan, Gyote muhim xulosaga keladi: “Oliy ustuvorlikka ega bo‘lishda sharq she’riyatining asosiy fazilatini, biz, nemislar, ruh deb ataymiz… Biroq bunday imtiyozdan faqat shoir emas, balki butun xalq foydalanadi…”
Gyote tantanavor bunday deydi: “G‘arbni Sharqdan hech qachon ajratish mumkin emas”. U Hofiz sharofati bilan Kalderonni, Sharq sharofati bilan Yevropani, jahon adabiyoti sharofati bilan insoniyatni yaxshiroq tushunish mumkinligiga aslo shak keltirmaydi. Gyote “akedosh” so‘zini yaxshi ko‘rardi, uning she’riyatida “oyna” timsoli katta ahamiyat kasb etardi. G‘arbu Sharq uyg‘unligi sifatida turli madaniyatlarning o‘zaro aks etishini Gyote badiiy she’riy shaklda “Devon”da ko‘rsatib berdi. “Devon” kelajakka tomon betkay turibdi. Buyuk Gyotening so‘zi hali-hanuz dolzarb bo‘lib qolmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |