YPX xodimi transport vositasini qanday asoslarga ko‘ra to‘xtatishi mumkin?
Normativ-huquqiy hujjatlarning muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining «Yo‘l-patrul xizmati xodimlarining yo‘l harakati qatnashchilari bilan o‘zaro munosabatlari hamda maxsus moslamalardan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida»gi qarori loyihasi e'lon qilindi.
Yo‘l-patrul xizmati xodimlarining yo‘l harakati qatnashchilari bilan o‘zaro munosabatlari hamda maxsus moslamalardan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, YPX xodimlarining yo‘l harakati qatnashchilari bilan o‘zaro munosabatlari qonuniylik, odillik, tenglik, ayb uchun javobgarlikning muqarrarligi, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya etish hamda ushbu huquqlarni, erkinliklarni va qonuniy manfaatlarni hurmat qilish prinsiplariga asoslanadi.
YPX xodimi tomonidan transport vositalari quyidagi asoslarga ko‘ra to‘xtatilishi mumkin:
haydovchi tomonidan yo‘l harakati qoidalarining buzilishi vizual kuzatuvda aniqlanganda yoki maxsus moslama yordamida qayd qilinganda;
transport vositasi qidiruvda ekanligi, haydovchi yoki yo‘lovchilarning yo‘l transport hodisasi va boshqa huquqbuzarlikka aloqador ekanligi to‘g‘risida ma'lumotlar mavjud bo‘lganda;
yo‘l transport hodisasi, huquqbuzarlik sodir etilganini ko‘rgan haydovchi yoki yo‘lovchilardan hodisa tafsilotiga oydinlik kiritish zaruriyati yuzaga kelganda;
vakolatli davlat organlari yoki mansabdor shaxslarning harakatni cheklash yoki taqiqlash bo‘yicha ko‘rsatmalarini bajarish jarayonida;
yo‘l harakati qatnashchilari yoki huquqni muhofaza qiluvchi organlarining xodimlariga yordam ko‘rsatish zaruriyati yuzaga kelganda;
transport vositasidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda foydalanish zaruriyati yuzaga kelganda (chet davlatlarning diplomatik, konsullik vakolatxonalariga va boshqa vakolatxonalariga, xalqaro tashkilotlarga tegishli bo‘lgan transport vositalari hamda maxsus mo‘ljallangan transport vositalari bundan mustasno);
maxsus tadbirlarni o‘tkazish jarayonida;
foydalanish va boshqarish huquqini beruvchi, shuningdek transport vositasi va olib ketilayotgan yuk hujjatlari mavjudligini tekshirish zaruriyati yuzaga kelganda (maxsus va harbiy yuklar, bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazilib, bojxona xizmat tomonidan plombalangan yuklar bundan mustasno).
YPX xodimlari tomonidan boshqa asoslarga ko‘ra transport vositalari to‘xtatilishi taqiqlanadi.
YPX xodimlarining ishoralari yo‘l harakati qatnashchilariga tushunarli bo‘lishi va o‘z vaqtida berilishi lozim.
YPX xodimlari tomonidan haydovchi transport vositalari hujjatlarni tekshirish uchun to‘xtatilganda, faqat hujjatlarni tekshirish jarayonida aniqlangan qoidabuzarliklar bo‘yicha qonun hujjatlarida belgilangan tartibda chora ko‘riladi.
Transport vositasi haydovchisi tomonidan Qoidalarning buzilishi vizual kuzatuv yoki maxsus moslama yordamida qayd qilinganda, YPX xodimi haydovchiga dastlab aynan sodir etgan qoidabuzarligini tushuntirib, shundan so‘ng hujjatlarni tekshirib, tegishli choralarni ko‘radi.
Haydovchi to‘xtatilganida MADX – ADXdan YPX xodimi aynan u to‘xtatilgan hududda dislokatsiyaga asosan xizmat o‘tayotganligi haqida ma'lumot olishi mumkin. YPX xodimi haydovchining talabiga ko‘ra, MADX – ADXning telefon raqami haqida ma'lumot beradi. Bunda YPX xodimining xizmatni o‘tash vaqtidagi to‘liq dislokatsiyasi haqida batafsil ma'lumot berilmaydi.
YPX xodimining dislokatsiyasi ushbu xodim xizmat olib borayotgan Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati (keyingi o‘rinlarda DYHXX deb ataladi) saf bo‘limi (bo‘linmasi) boshlig‘ida saqlanadi va zarur hollarda haydovchining talabiga binoan tanishib chiqish uchun ko‘rsatilishi mumkin. Dislokatsiyadan nusxa berilmaydi.
YPX xodimlari tomonidan maxsus tadbirlarni o‘tkazish jarayonida transport vositalari to‘xtatilganda, yo‘l harakati qatnashchisiga maxsus tadbirning aynan nima maqsadda o‘tkazilayotganligi hamda to‘xtatish sababi haqida tushuntirish beriladi.
Maxsus tadbirlar O‘zbekiston Respublikasining Ichki ishlar vaziri, Ichki ishlar vazirligi yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi, hududiy ichki ishlar organlari boshliqlari, hududiy DYHXX rahbarlari tomonidan tasdiqlangan yoki o‘zaro kelishilgan reja asosida o‘tkazilishi mumkin.
Yo‘l-harakati qatnashchisi maxsus tadbirlarni haqiqatda tasdiqlangan reja asosida o‘tkazilayotganligi haqida MADX – ADX telefon qilish yoki ushbu xodim xizmat olib borayotgan DYHXX saf bo‘limi (bo‘linmasi) boshlig‘iga murojaat qilish orqali ma'lumot olishi mumkin.
Yo‘l harakati qatnashchilariga maxsus tadbirlarning o‘tkazilish maqsadi, transport vositasini to‘xtatgan YPX xodimi maxsus tadbirda ishtirok etgan yoki etmaganligi, transport vositasi to‘xtatilgan hududda maxsus tadbir o‘tkazilganligi haqida ma'lumot beriladi. Maxsus tadbirning shartli nomlanishi, to‘liq mohiyati hamda ko‘lami haqida ma'lumot, shuningdek maxsus tadbirning o‘tkazilishiga asos bo‘lgan hujjatlardan ko‘rsatilmaydi, ulardan nusxalar berilmaydi.
Yo‘l harakati qatnashchisi uni to‘xtatgan YPX xodim xizmat olib borayotgan DYHXX saf bo‘limi (bo‘linmasi) boshlig‘iga murojaat qilganda, murojaat muallifiga qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda asoslantirilgan javob xati beriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |