Ilohiy mo‘’jizalar
yoxud Britaniya muzeyidagi uch ming yillik topilma kimga tegishli?
Sizu biz yashab turgan bu ko‘hna ochunda har qadamda Yaratganning beqiyos mo‘’jizalariga duch kelamiz. Zotan, Shayx Sa’diy aytganidek, har bir yaproq Yaratganning qudratidan darak beradi. Qur’oni karimning nozil qilinishi ham ana shunday buyuk mo‘’jizalardan biridir. Buni hech kim inkor etmaydi. Qur’oni karim oyatlarida keyinchalik o‘z tasdig‘ini topgan ilmiy dalillar ham behisob. Biroq musulmonlar orasida katta shov-shuvga aylangan ayrim «mo‘’jizalar» haqidagi bahslar hamon to‘xtagani yo‘q. Ulardan biri «la’natlangan Fir’avn» jasadidir.
«Har Fir’avnga bir Muso»
Xalqimizda «har yaxshiga bir yomon» degan naql bor. Buning aksi o‘laroq, arablarda «har Fir’avnga bir Muso» deyishadi.
Alloh tomonidan elchi qilib jo‘natilgan payg‘ambarlardan biri Muso (a.s.) haqidagi ma’lumotlar Tavrot, Injil singari samoviy kitoblarda, shuningdek, Qur’oni karimda ham keltirilgan.
Hazrati Muso (a.s.) miloddan avvalgi 1200-yillarda yashagan. O‘sha davrda Misr hududida hukmronlik qilgan Fir’avn xudolikni da’vo qilib, fuqarolarini o‘ziga sig‘inishga undab kelardi. Kelgusida tug‘ilajak bir o‘g‘lon ulg‘aygach, uni o‘ldirishi va saltanatini yiqitishi tushida ayon bo‘lgach, Fir’avn yangi tug‘ilgan hamma o‘g‘il chaqaloqlarni o‘ldirishga buyruq beradi. Ammo Alloh o‘sha paytda tug‘ilgan hazrati Muso(a.s.)ni o‘z himoyasiga oladi va uni o‘ziga rasul (elchi) etib tayinlaydi.
Fir’avning u zotga qarshiligi Muso (a.s.) payg‘ambarlik maqomiga ko‘tarilganidan keyin yanada keskinlashadi.
Fir’avn Muso(a.s.)ga va unga ergashgan Bani Isroil qavmiga zulm o‘tkaza boshlagan bir paytda Alloh o‘z rasuliga qavmini olib, Misrdan chiqib ketishni amr qiladi. Muso (a.s.) qavmi bilan yo‘lga chiqqanidan xabar topgan Fir’avn katta bir qo‘shin bilan ularni ta’qib etadi.
Hazrati Muso (a.s.) o‘z qavmi bilan Fir’avn ta’qibidan qochib, Qizil dengiz qirg‘og‘igacha keladi. Oldinda dushmandek beomon dengiz, ortda esa dengizdek haybatli dushman. Shunday bir og‘ir vaziyatda ilohiy vahiyga binoan hazrati Muso hassasini dengizga uradi. Allohning irodasi ila suv ikkiga bo‘linib, o‘rtada yo‘lak hosil bo‘ladi va Muso (a.s.) odamlari bilan bu yo‘ldan sog‘-omon o‘tib olishadi.
Fir’avn va uning qo‘shini dengizning ikkiga ajralganini ko‘rib dahshatga tushadi. Keyin dengizda ochilgan «yo‘l»dan ta’qibni davom ettiradilar. Lekin qo‘shin «yo‘l»ning yarmiga yetganda dengiz suvi Allohning amri bilan qaytadan birlashadi va to‘lqin butun boshli qo‘shin va Fir’avnni o‘z domiga tortadi.
Ilohiy kitobdan daraklar
«Yunus» surasining 90-oyatida bu hodisa quyidagicha bayon etilgan:
«Biz Bani Isroilni dengizdan o‘tkazganimizdan keyin ularga zulmu-zo‘ravonlik qilish uchun Fir’avn va uning lashkari quvib yetdi. Endi unga (Fir’avnga dengizda) g‘arq bo‘lish payti yetganida esa u dedi: «Hech qanday iloh yo‘q, magar Bani Isroil iymon keltirgan zot — Allohgina borligiga iymon keltirdim. Men musulmonlardandirman —Allohga bo‘yinsunuvchilardandirman"».
Lekin Alloh o‘zini xudo deb da’vo qilib kelgan Fir’avnning bu iymonini, tavba-tazarrusini qabul qilmaydi.
Keyingi oyati karimada shunday deyiladi:
«Endi-ya! Axir sen ilgari (ya’ni, shu paytgacha) itoatsizlik qilgan va buzg‘unchi kimsalardan bo‘lgan eding-ku!».
Va u dengizga g‘arq bo‘ladi. Shu suraning 92-oyatida esa voqeaning davomi bunday bayon etiladi. Ya’ni, suvga g‘arq bo‘lgan Fir’avnga Alloh: «Mana bugun o‘zingdan keyingi kishilarga oyat-ibrat bo‘lishing uchun sening jasadingni qutqarurmiz. Darhaqiqat, ko‘p odamlar bizning oyatlarimizdan g‘ofildirlar (ya’ni, ulardan ibrat ololmaydilar)», —deb xitob qiladi.
Ayni chog‘da oyatlar va ularga berilgan tafsirlar mohiyati ham hodisaning haqiqat ekanligini ochiqlaydi. Masalan, Zamaxshariy (1144 yilda v.e.) «Yunus» surasining 92-oyatini quyidagicha tafsir qiladi:
«...Seni dengiz qirg‘og‘idagi bir go‘shaga otamiz... Jasadingni hech bir nuqsonsiz va buzilmagan, yalang‘och va kiyimsiz holda sendan bir necha asr keyin keladiganlarga ibrat bo‘lsin deb qo‘riqlaymiz» (Kashshof tafsiri, 2-jild, 251-252-betlar).
Oyat va tafsirda Fir’avn jasadining bus-butun qolishining ta’kidlanishi uning mo‘miyolanmagan holda ekanini ko‘rsatadi. Chunki odatda jasadlar mo‘miyolansa, ichki a’zolari olib tashlanadi. Demak, muzeydagi jasadning holati oyat va tafsirlarga bu jihatdan ham uyg‘un kelayapti.
O‘tgan asrning 80-yillaridan boshlab ko‘p diniy nashrlar bugungi kunda dunyoning eng yirik muzeylaridan sanalgan Britaniya muzeyidagi bir jasad xuddi mazkur oyatlarda tasvirlangan Fir’avnning jasadi ekanini ta’kidlab keladi. Mazkur nashrlarda yozilishicha, jasad hodisa bo‘lib o‘tgan Misrning Jabalayn degan mavzesidan topilgan va ingliz tadqiqotchilari uni qizigan qumlar orasidan chiqarib, o‘z o‘lkalariga olib ketganlar.
Jasadning yoshini aniqlash uchun olib borilgan tadqiqotlar natijasida bu jasad eng kamida uch ming yillik tarixga ega ekani aniqlandi. Bu esa u odam hazrati Muso (a.s.) davrlarida yashab o‘tganini ko‘rsatadi.
Muzeydagi jasad kimga tegishli?
Chindan ham mazkur muzeyning «Qadimgi Misr» bo‘limida YeA32751 inventar raqami ostida mo‘miyolanmagan, yoshi 3000 yillarga teng deya taxmin qilingan sajda holatidagi qadimiy jasad saqlanadi.
Qadimgi Misrda fir’avnlar vafot etgach, ularning ichki a’zolari alohida og‘zi yopiq idishlarga solingan, jasadning ustki qismlari mo‘miyolanib, maxsus tobut – sarkofaglarda dafn qilingan. Bu jasad esa mo‘miyolanmagan, dorilanmagan, barcha a’zolari o‘z holicha saqlangan. Hatto jasadning sarg‘aygan sochlari va soqollarini ham ko‘rish mumkin.
Foto: «abzubov.com»
Jasadlarning bir necha haftadayoq batamom buzilishi ma’lum haqiqat, biroq oradan uch yarim ming yil o‘tgan bo‘lishiga qaramay bu jasad nega chirimagan, buzilmagan? Hatto mo‘miyolangan jasadlar ham ma’lum vaqt o‘tgach buzila boshlaydi — buni fan isbotlagan. Unda bu jasadning buzilmagani siri nimada?
Nahotki, bu o‘sha Qur’oni karimda «keyingilarga ibrat uchun jasadi saqlanishi» va’da qilingan mal’un Fir’avn bo‘lsa?
Bahslar to‘xtagani yo‘q
Albatta, ko‘pgina mutaxassislar Britaniya muzeyidagi bu jasad aynan Qur’onda tilga olingan jasad ekaniga shubha qilmaydilar.
Ayrim manbalarga ko‘ra bu jasad Ramzes Ikkinchining o‘g‘li Merneptaxga (er. av. 1212—1202-y.) tegishli deb qaraladi. Chunki tarixiy ma’lumotlar Qur’onda tilga olinganidek yahudiylarning Misrdan quvg‘in qilinishi aynan ushbu Fir’avn davriga to‘g‘ri kelishini tasdiqlaydi.
Ammo, muammo shundaki, Merneptax dengizga g‘arq bo‘lgani haqida ma’lumotlar yo‘q. Aksincha, u o‘z ajali bilan vafot etgani aytiladi. Uning mo‘miyolangan jasadi esa 1898 yilda Qohira yaqinidagi Shohlar vodiysida arxeolog Viktor Lore tomonidan topilgan bo‘lib, ayni paytda u Qohira muzeyida saqlanmoqda. Qolaversa, ayrim manbalar Merneptax yahudiylar Misrdan quvg‘in qilinganidan keyin yana besh yil yashagani haqida ma’lumot beradi.
Arxeolog, Britaniya muzeyining «Qadimgi Misr» bo‘limi mutaxassisi Derek Uelsbining aytishicha, bu eksponat aynan Fir’avn jasadi ekaniga oid dalil-isbotlar yo‘q. Ammo jasad chindan ham tabiiy usulda (mo‘miyosiz), deyarli chirimagan holatda saqlanib qolgan.
Unda bu kim bo‘ldi?
Ko‘pgina g‘arb mutaxassislari bu jasad oddiy insonga tegishli deb iddao qiladilar. Zotan, tabiiy shart-sharoitlar yuzaga kelganda (iqlim, namlik, harorat, bosim va hokazo) ham jasad qo‘shimcha ishlovsiz ham mo‘miyo holiga kelishi mumkin. Deylik, jasad issiq qumga ko‘milganda yuqori haroratda badandagi suv qisqa muddatda bug‘lanib ketadi, tana esa tabiiy mo‘miyoga aylanib qoladi. Bunday jasadlar Misrda, shuningdek Peruning Naska sahrosida ham topilgan. Bu singari «tabiiy mo‘miyo»lar dunyoning boshqa muzeylarida ham uchraydi.
Bu jasad Qadimgi Misrning Yangi podsholik davri(er.av. 3500—3250-y.)ga tegishli bo‘lib, Qizil dengiz qirg‘oqlaridan 300 chaqirim uzoqlikdan topilganiga ishonadigan bo‘lsak, uni o‘sha Fir’avnga tegishli deb o‘ylashimiz mantiqqa zid bo‘lur edi. Bundan tashqari, jasad atrofida loydan yasalgan oddiy ro‘zg‘or buyumlari topilgan. Bu esa qadimgi misrliklar uchun xos odatlardan sanaladi. Fir’avnlar qanchalik dabdaba, behisob boyliklar bilan dafn etilgani tarixdan yaxshi ma’lum.
To‘g‘risini Alloh bilguvchiroqdir
Unda o‘z-o‘zidan savol tug‘iladi: axir Qur’oni karimdagi «Mana bugun o‘zingdan keyingi kishilarga oyat-ibrat bo‘lishing uchun sening jasadingni qutqarurmiz» oyatini qanday tushunish mumkin?
Albatta, muqaddas Kalomullohning oyati karimalarini o‘zimizcha talqin qilish fikridan mutlaqo yiroqmiz. Ammo Ibn Abbos va boshqa mufassirlarning tafsir qilishlaricha, Bani Isroildan ayrim kishilar Fir’avnning o‘limiga ishonishmagan. Shunda Alloh dengizga Fir’avnning jasadini qirg‘oqqa chiqarib tashlashni amr etgan. Darhaqiqat, Bani Isroil qavmi Fir’avnning jasadini egnidagi sovutdan tanib, uning o‘limidan ibrat olishgan ekan. Tafsirga ko‘ra bu oyatda «o‘zingdan keyingi kishilar» deyilganda aynan Bani Isroil qavmi nazarda tutilgan bo‘lishi mumkin.
Albatta, bu fikrlar bilan odamlar ishonib ulgurgan bir «mo‘’jiza»ga nisbatan shubha uyg‘otish niyatimiz yo‘q. Aksincha, odamlar orasida tarqalgan turli shov-shuvlarga sal bo‘lsa-da oydinlik kiritmoqchi edik, xolos. Zotan, iymoni mustahkam insonlar uchun hech qanday mo‘’jizaning keragi yo‘q. Axir bu hayotda mo‘’jiza bo‘lmagan biror narsani topish mumkinmi?
Do'stlaringiz bilan baham: |