YOSHLAR HUQUQLARINI HIMOYA QILISH FUQAROLIK JAMIYATI ASOSI
Samarqand davlat SILK ROAD Unversiteti talabasi Zohidov Farhodbek Kamolliddin o’g’li Yoshlik insonning porloq kelajagi uchun urugʻ qadaydigan bahor pallasidir. Bu neʼmatdan unumli foydalanib, oʻzining salohiyatini oshirib borgan, jamiyatda munosib oʻrin egallashga kirishgan insonning ertasi nurafshon. Mana shu nurafshonlikni ta’minlash esa fuqarolik jamiyatining asosiy masalasidir. Ammo, ayrimlar “Yoshlik – beboshlik” deya nojoʻya harakatlarga qoʻl urib jinoyat kи oʻchasiga kirib qolganini bilmay qolyapti. Bundaylar oʻz boshiga oʻzi kulfat sotib oladi, desak xato boʻlmaydi. Agar ular ham oʻz muvaffaqiyatlari bilan yurt ravnaqiga hissa qoʻshayotgan yoshlardan ibrat olganida, ularning ota-onalari farzandlariga befarq boʻlmaganlarida edi bugun yoshlar jinoyatchiligi ancha kamayardi. Adashgan yoshlar mayda bezorilik, oʻgʻirlikka qoʻl urib bebaho, betakror umrning oltinga teng davrini panjara ortida oʻtkazmagan boʻlardilar. Davlatimizning ham oldiga qo’ygan asosiy vazifasi kelajagimiz nuri bo’lgan yoshlarning huquqiy madaniyatini oshirish, ularda vatanga bo’lgan hurmat hissini yanada oshirishga qaratilgan.
Qadimdan maʻlumki, har bir davlat oʻz jamiyatini emin-erkin yashashini, tinch-totuv hayot kechirishini taʻminlashga harakat qiladi. Bu yoʻlda har qancha qiyinchilik boʻlmasin barchasini yechishga harakat qiladi. Jonajon Oʻzbekistonimiz ham mana shunday fuqarolik jamiyatini qurish sari ildam qadam tashlamoqda. Fuqarolik jamiyati — haqiqiy fuqarolardan, ya’ni uzviy bogʻliqlikda boʻlgan hamda axloqiy madaniyatga tayanadigan huquqiy va siyosiy madaniyatga ega odamlardan iborat jamiyatdir. Fuqarolik jamiyatida fuqarolar davlat faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini oʻrnatadilar, davlatning koʻpgina vakolatlari jamoat tashkilotlari zimmasiga yuklanadi. Fuqarolik jamiyati nafaqat davlatning majburlov kuchi bilan, balki uning aʼzolari boʻlmish fuqarolarning oʻzlari orqali saqlab turiladigan va qatʼiy tartib qaror topgan jamiyatdir. Bunday jamiyat oʻzini oʻzi yuksak darajada tashkil etishi bilan ajralib turadi. Gapning mazmuniga qaraydigan boʻlsak bunday jamiyatda huquqbuzarliklar deyarli sodir etilmaydi.
Buning uchun esa albatta yosh avlodni axloqiy tarbiyasini toʻgʻri yoʻlga sola bilmogʻimiz lozim. Bu ishda avvalo ota-onalar ma’suldirlar. “ota onalar oʻz farzandlarini voyaga yetgunlariga qadar boqish va tarbiyalashga majburdirlar...”1 shunday ekan ota-ona farzandini yaxshi tarbiyalab voyaga yetgazsa kelajakda bu boladan jamiyat uchun manfaat keladigan komil inson yetishib chiqadi. Bu haqida Ibn Sino bobomiz ham tarbiyani bolaga hali dunyoga kelmasidan oldin Onaning qornidaligida berish kerakligini bejiz ta’kidlamaganlar. Oilaviy muhit sogʻlom boʻlsagina bola bilimli boʻlib yetishadi.
Biroq bizga maʼlumki, yoshlar asosan bekorchiligi, eʼtiborga muhtojligi, huquqiy savodxonligining pastligi tufayli jinoyat sodir etadi. Muammoga yechim topish maqsadida Yoshlar ittifoqi huquqni muhofaza qiluvchi organlar, davlat va nodavlat notijorat tashkilotlari bilan hamkorlikda yoshlarning siyosiy faolligi, huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan saʼy-harakatlarni kuchaytirib boryapti. Xususan joriy yilda profilaktik tadbirlar tashkil etilib, reydlar davomida aniqlangan 3 854 nafar voyaga yetmagan va ularning ota-onalari bilan tushuntirish ishlari olib borildi, 890 nafar yosh taʼlimga qaytarildi. Yoshlar huquqbuzarligini oldini olishga qaratilgan ishlar IIV hodimlari tomonidan ham amalga oshirildi. “Sinovdan yuksalishga qatʼiy qadam” mavzusida ochiq muloqotlar oʻtkazilib, unda 269 ta murojaat (237 ta muammo, 30 ta taklif) bildirilgan. 162 ta muammoning yechimi topilgan, 48 nafar yoshning bandlik masalalari hal etilgan, 55 nafar yosh kasb-hunar va chet tillari toʻgaraklariga jalb etilgan. 2 Ko’rinib turibdiki yoshlar huquqiy savodxonligi hozirgi davrning eng muhim masalasidir. Sababi inson voyaga yetgunga qadar oʻz qilayotgan ishining mazmun mohiyatini tushunib yetmasligi mumkin. Natijada turli qonunga zid boʻlgan ishlarni amalga oshirishi koʻplab kuzatolmoqda. Mana shunday ishlarni oldini olish maqsadida albatta, tizimli ishlar tashkil etilib, amalga oshirilsa tabiiyki huquqbuzarliklar soni keskin kamayadi. Xususan yuqorida aytilgan koʻplab profilaktik chora tadbirlar natijasida Respublikada yoshlar huquqbuzarligi 39.1% foizga kamaydi.
Yoshlarning huquqiy bilim darajasini oshirish, ularning boʻsh vaqtlarini unumli tashkil etish hamda Fuqarolik jamiyati uchun kerakli bir kadr bo’lib yetishishini ta’minlash uchun quyidagi takliflarni bildiraman.
1. umumta’lim maktablarida darslardan soʻng oʻquvchilar uchun ularni qiziqtiradigan hamda kelajakda kerakli boʻlgan bepul kasb-hunar kurslarini tashkil etish oʻqituvchilarni oʻquvchilar soniga mos ravishda maosh bilan ta’minlash.
2. yoshlar hamda voyaga yetmagan bolalarning televizor qarshisida koʻp otirganini hisobga olib huquq shoulari hamda sud, prokuratura xizmatiga oid koʻrsatuvlar sonini koʻpaytirish.
3. Viloyat, tuman, shahar markazlarida harbiylarning paradlarini koʻproq oʻtkazish bu orqali bolalarni ona vatanga muhabbat hissini kuchaytirish.
4. bolalar parlamentlari joriy qilish. Ya’ni ularni yoshlariga mos ravishda biror masalani ular oʻzlari mulohaza qilib “qonun” lar ishlab chiqishini tashkil etish.
5. ta’lim muassasalarida ma’naviyat soatlarida internet savodxonligini oʻrgatish bu orqali ularning tarbiyasiga zid boʻlgan internet tarmoqlariga kirishini oldini olish.
Bolaning yomoni bo’lmaydi. Faqat ularga e’tiborli boʻlib, befarq boʻlmasdan ularni eshitishni bilishimiz kerak.3 Jamiyat qachonki, mustahkam bir qal’a kabi jips boʻlib birgalikda harakat qilsa, uning amalga oshirmoqchi boʻlgan har qanday ijobiy harakati tez amalga oshadi.
1 O’zbekiston Respublikasi konstitutsiyasi T.2017
2 Xalq so’zi gazetasi 2019yil 26 avgust
3 Akmal Alimov Yoshlar Ittifoqi bo’lim boshlig’i 2019 yil Xalq so’zi