YORUG’LIK NURINING TARKIBI
Reja:
1.Umumiy ma`lumot
2. Kamalak qanday yuzaga kelishi
3. Yorug’lik nurining yutilishi
Ba’zan yomg’ir yog’ishidan oldin yoki yomg’irdan so’ng «shoxlari» yer sirtiga tegib turgandek tuyuladigan rangli yoyni - kamalakni ko’rish mumkin (158-rasm). Siz, albatta, buning nima ekanligini bilgingiz keladi. Biroq siz, fizika ilmidan xabardor bo’lmaganingiz tufayli bu ajoyib hodisani tushuntirishga ojizlik qilgansiz. Endi esa siz optik hodisalar haqida erishgan bilimlaringiz tufayli by hodisa mohiyatini anglashga yetarli darajada tayyorsiz. Lekin shunga qaramasdan, keling, yorug’lik haqidagi bilimlaringizni yanada chuqurlashtirishga harakat qilaylik.
Nyuton tajribasi. 1672-yilda buyuk ingliz fizigi Isaak Nyuton ajoyib bir tajriba qildi. Bu tajribaning soddalashtirilgan sxemasi 159-a, b rasmlarda ko’rsatilgan. Qorong’ilashtirilgan xonaning deraza pardasida cho’zinchoqroq A tirqish qilingan. Yig’uvchi L linza yordamida Nyuton xonaning qarama-qarshi devorida tirqishning tasvirini hosil qildi (159-a rasm). So’ng olim yorug’lik dastasi yo’liga uchburchak prizma o’rnatdi. Bu holda xonaning qarama-qarshi devorida rangi biridan ikkinchisiga uzluksiz o’tib boruvchi yettita rangli yo’l hosil bo’ldi (159-b rasm). Eng yuqorida qizil yo’l, eng pastda esa binafsha yo’l ko’ringan. Rangli tasvirlar (yo’llar) quyidagi tartibda joylashgan: qizil, zarg’aldoq, sariq, yashil, havorang, ko’k va binafsha.
gar yorug’likning prizmadan o’tishiga sinchiklab qaralsa, prizmaning havo bilan har bir chegarasida quyosh yorug’ligi yettita asosiy ranglarga ajralishini ko’rish mumkin. Bunda havo − shisha chegarasida qizil rangdagi yorug’lik eng kam sinishini, binafsha rangdagi yorug’lik esa eng ko’p sinishini ko’rish mumkin (160- rasm).
Shunday qilib, Quyoshdan kelayotgan oq yorug’lik tarkibida yetti xil asosiy ranglar bor ekan. Oq yorug’likning tarkibiy qismlarga ajralish hodisasi dispersiya degan nom olgan.
2. Kamalak qanday yuzaga keladi? Kamalakning qanday yuzaga kelishini tushunish uchun, avvalo, kamalak quyoshli kunda yo yomg’irdan bevosita oldin, yo yomg’ir paytida, yoki undan keyin yuzaga kelishini unutmaslik lozim. Demak, kamalak havodagi suv tomchilari bilan bog’liq ekan. Ikkinchidan, yorug’lik ikki muhit chegarasidan o’tayotib, bir vaqtning o’zida ham qaytishini, ham sinishini, ham tarkibiy qismlarga ajralishini eslash kerak. Uchinchidan, suv-havo chegarasidan o’tayotganida qizil nur eng kam, binafsha nur esa eng ko’p sinishini hisobga olish kerak.
Quyosh yorug’ligi bilan yoritilayotgan yomg’ir tomchisini ko’raylik. Yomg’ir tomchisi shar shaklida bo’ladi, deb faraz qilaylik (161- rasm). Havo - tomchi chegarasida yorug’likning bir qismi qaytadi, boshqa qismi sinib, tomchi ichiga kiradi. Shar sirtiga o’tkazilgan tik chiziq uning radiusi bo’ylab yo’naladi. Yorug’lik nuri tomchi ichiga kirganda sinadi, sinish burchagi tushish burchagidan kichik bo’ladi. Bundan tashqari, qizil rangdagi yorug’lik binafsha rangdagi yorug’likka qaraganda kamroq sinadi (160- rasmga qarang). Birinchi havo - tomchi chegarasida yorug’lik qaytish qonuniga muvofiq ravishda qaytadi. Tushish burchagi qaytish burchagiga teng bo’ladi.
Тоmchi - havo chegarasida yorug’lik tomchidan chiqadi, bu holda sinish burchagi tushish burchagidan katta bo’ladi. Kuzatuvchining ko’ziga yorug’lik tarkibiy qismlarga ajralgan holda yetib keladi.
3. Yorug’likning yutilishi. Biror jismga tushganda yorug’lik faqat qaytib, sinib va tarkibiy qismlarga ajralibgina qolmay, buning ustiga yana yutiladi ham. Yorug’likning yutilishini har biringiz ko’p marta sezgansiz. Masalan, Quyoshdan kelayotgan yorug’lik ta’sirida yerning, qirg’oqdagi qumning, inson tanasining, kiyimning qizishi yuz beradi. Elektr lampasidan chiqayotgan yorug’lik abajurni qizdirishi ham shundan.
Qora jismlar yorug’likni ko’p yutadi, oq jismlar esa kam yutadi. Shuning uchun yozda ochiq rangli kiyimlar, qishda esa to’q rangli kiyimlar kiyamiz.
Do'stlaringiz bilan baham: |