7-bob. Maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali yo‘l harakati qoidalari buzilganligini qayd etish tartibi
37. MJtKning 3091-moddasiga muvofiq ma’muriy huquqbuzarlik maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali qayd etilgan taqdirda, ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnoma rasmiylashtirilmasdan, huquqbuzarlik sodir etgan shaxsning ishtirokisiz jarima solish to‘g‘risidagi qaror chiqariladi. Bunda huquqbuzarlikni takroriyligi inobatga olinmaydi.
Jarima solish to‘g‘risidagi qaror maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari qo‘llanilgan holda olingan materiallar ilova qilinib, yuridik kuchga ega bo‘lgan elektron hujjat shaklida rasmiylashtiriladi hamda ushbu hujjatni tuzgan vakolatli shaxsning elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlanadi.
Jarima solish to‘g‘risidagi qarorning ko‘chirma nusxasi maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari qo‘llanilgan holda olingan materiallar ilova qilinib, elektron hujjatni qog‘ozdagi hujjatga aylantirish yo‘li bilan tayyorlanadi hamda mazkur qaror chiqarilgan kundan e’tiboran uch kun muddatda buyurtma pochta jo‘natmasi tarzida huquqbuzarga yuboriladi.
38. Ma’muriy huquqbuzarlik maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali qayd etilgan taqdirda, ma’muriy javobgarlikka transport vositasining mulkdori, yuridik shaxsga tegishli transport vositalaridan foydalanib sodir etilgan ma’muriy huquqbuzarlik qayd etilgan taqdirda, yuridik shaxsning transport vositalaridan foydalanish uchun mas’ul bo‘lgan shaxsi javobgar bo‘ladi.
39. Transport vositasi boshqa shaxslarning noqonuniy harakatlari (olib qochishi, o‘g‘irlashi) natijasida transport vositasi egasi (mulkdori)ning foydalanishida bo‘lmagan hollarda, jarima solish to‘g‘risidagi qarorni bekor qilib, bunday hujjatlar alohida yig‘ma jildga tikib boriladi hamda ushbu holat aniqlangan zahoti transport vositasini ushlash bo‘yicha MADXga axborot beradi. MADX tomonidan ushbu holat yuzasidan hududiy ichki ishlar organlariga darhol xabarnoma yuboriladi.
40. Transport vositasi ushlangan taqdirda, belgilangan shakldagi dalolatnoma tuziladi hamda jarima solish to‘g‘risidagi qaror ijrosi yuzasidan ish yuritish tugaguniga qadar transport vositasi maxsus ajratilgan saqlash joyida ushlab turiladi, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan holatlar bundan mustasno. Dalolatnoma uch nusxada tuzilib, birinchi nusxasi transport vositasini maxsus ajratilgan saqlash joyida saqlashga mas’ul bo‘lgan shaxsda, ikkinchi nusxasi DYHXX xodimida qoladi, uchinchi nusxasi huquqbuzarga beriladi.
Transport vositasining maxsus ajratilgan saqlash joyiga olib borilishi, ushlab turilishi hamda ushlab turish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 25-maydagi 149-son qarori bilan tasdiqlangan Qonun hujjatlari buzilganligi uchun ushlangan transport vositalarini to‘xtash joylariga olib kelish, joylashtirish va saqlash tartibi to‘g‘risidagi nizom bilan tartibga solinadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |