22 mart – Jahon suv resurslari kunida Ozodlik muxbiri suhbatlashgan mutaxassislar O‘zbekistondagi toza ichimlik suvi ta‘minoti ahvolining og‘irlashib borayotganini aytmoqdalar.
O‘zbekistonda ichimlik suvi muammosi qaltislashayotgan bir paytda rasmiy tashkilotlar yer osti chuchuk suv zahiralarini muhofaza qilish kuchaytirilayotgani haqida aytmoqda.
Mamlakat bo‘yicha viloyat ahamiyatiga ega 9 ta va respublika ahamiyatiga ega 11 ta yer osti chuchuk suv hosil bo‘ladigan hududlarga muhofaza etiladigan tabiiy hudud maqomi berildi.
Bu haqda O‘zbekiston Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi rasmiysi 22 mart – Jahon suv resurslari kuni munosabati bilan Toshkentda o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma‘lum qilgan.
“O‘zbekistonning qimmatli chuchuk suv manbalari ekologik xavf ostida qolmoqda. Nazoratga olingan chuchuk suvli hududning umumiy maydoni 407 356 gektarni tashkil etadi. Aslida, bu joylar ilgariroq davlat muhofazasiga olinishi kerak edi”, deydi ekologiya sohasida izlanish olib borayotgan mahalliy mutaxassis.
“Yoddan ko‘tarilgan” muammo
“O‘zbekiston o‘z suv resurslariga ega bo‘lsa-da, jiddiy suv taqchilligini boshidan kechirayotgan mamlakatlar sirasiga kiradi. Bu esa iqtisodiy rivojlanish va aholi turmush darajasining yuksalishiga monelik qilmoqda”. Bu BMTning “Suv – O‘zbekiston kelajagi uchun muhim hayotiy resurs” tadqiqotida qayd etilgan xulosa.
Kuzatuvchilar O‘zbekistonda ichimlik suv muammosi kundan kun og‘irlashib borayotgani haqida gapiradilar.
Mamlakatning janubiy va g‘arbiy viloyatlarida ichimlik suv tanqisligi ayniqsa yaqool sezila boshlayapti.
Sobiq ittifoq davrida o‘tkazilgan suv quvurlari chirib,, yaroqsiz holga kelib qolmoqda.
Surxondaryolik inson huquqi faoli Faxriddin Tillayevning aytishicha, odamlar ichimlik suv topishning ibtidoiy yo‘llarini qidirib topishga majbur bo‘lmoqdalar:
- Masalan Boysun tumanida odamlar faqat qor bilan yomg‘irning suvini ichadi. Tarnovlardan oqqan suvlarni odamlar bochkalarga, hovuzlarga zapas qilib qo‘yadi. Bu suvlar iste‘molidan so‘ng dizenteriya, dikteriya degan kasalliklar juda ko‘p tarqalib yotibdi. O‘tgan yil Qumqo‘rg‘onda bo‘ldim, suv umuman yo‘q. Odamlar ariqlardan suv ichyapti. Aslida Surxondaryo viloyati bo‘yicha aholining 85 foizi ichimlik suv bilan ta‘minlangan deb rasmiy ma‘lumot berilgan. Bu hammasi yolg‘on ma‘lumot. Odamlar bir mashina suvni 40-50ming so‘mdan sotib olyapti,- deydi Faxriddin Tillayev.
Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumanida istiqomat qiladigan shifokor Dilmurod akaning aytishicha, sobiq ittifoq paytida aholining ichimlik suv ta‘minoti ancha yaxshi edi:
SSSR paytida 100-200 metr chuqurlikdagi artezian quduqlar bor edi. Bu toza va shirin suv edi. Hozir bu quduqlar juda kam qolgan. Odamlar hozir 15 metr qo‘lbola qazib suv chiqarishgan. Biroq bu suvlar aslida ichishga yaroqsiz, og‘ir suv. Sizot suvlarida, iflos suv. Lekin na chora, boshqa iloj yo‘q,- deydi Dilmurod aka.
Biroq, texnika fanlari nomzodi, “Suvchi” mas‘uliyati cheklangan jamiyat direktori Tohir Majidovning aytishicha, ichimlik suv muammosini hal qilish bu har bir tuman hokimligining bu muammoga qanday darajada yondoshayotganligi bilan bog‘liq:
- Men yaqinda Navoiy viloyatining Xatirchi tumaniga borib keldim. Qishloqlarda vodprovodlarning eski quvurlari o‘rniga yangilari tortilayotgan ekan. Mahalliy hokimiyat yordam beryapti, odamlar hashar qilyapti, xullas xursand bo‘lib qaytib keldim. Umuman O‘zbekistonda ichimlik suv zaxiralari yetarli, faqat gap o‘shandan oqilona foydalanishda,- deydi Tohir Majidov.
Biroq O‘zbekiston rasmiy idoralari ichimlik suvi muammosi ko‘lamini imkon qadar kamaytirib ko‘rsatishga urinadi. Ichimlik suv tangligini matbuotda yoritish bo‘yicha ham yozilmagan taqiq amal qiladi. Davlat nazoratidagi ijtimoiy-ciyosiy gazetalar Xitoy, Hindiston, qo‘yingki, Afrikaning qashshoq mamlakatlarida tashnalikdan odamlar nobud bo‘layotgani haqida kuyinchaklik bilan yozadi.
Mamlakatning o‘zida minglab aholi toza ichimlik suvidan bebahra ekaniga esa ko‘p-da e‘tibor qaratilmaydi.
Rasmiy ma‘lumotlar bo‘yicha¸ O‘zbekistonda ichimlik suvi ta‘minoti 84 foizdan oshgan. Mustaqil kuzatuvlar va xalqaro tashkilotlar hisobotlarida esa ichimlik suvi ta‘minoti rasman ko‘rsatilgandan ancha kam ekani ta‘kidlanadi.
BMTning suv resurslarini baholash bo‘yicha butunjahon dasturi har uch yilda hisobot e‘lon qiladi. 2009 yilgi hisobotda O‘zbekiston dunyodagi suv taqchilligi kuchli sezilayotgan davlatlar toifasiga kiritilgan.
Dunyoda suvga bo‘lgan o‘rtacha ehtiyojdan kelib chiqib xalqaro me‘yor belgilangan.
Toshkent Irrigatsiya va melioratsiya instituti o‘qituvchisi mazkur me‘yorni shunday izohlaydi: “Mamlakatda yil davomida bir kishi 1700 kubometrdan ko‘proq suv iste‘mol qilgani – normal holat. Kishi boshiga to‘g‘ri keladigan iste‘mol miqdori 1000 kubometrdan ortiq, ammo 1700 dan kam bo‘lsa, bu o‘rta darajadagi suv tanqisligi degani. Bir yil mobaynida jon boshiga sarflanayotgan suv 1000 kubometrdan oz bo‘lsa, suv tanqisligi yuqori darajaga yetgan, deb hisoblanadi”.
Suv resurslarini baholash bo‘yicha hisobotda aytilishicha, O‘zbekistonda ushbu ko‘rsatkich atigi 625 kubometrga to‘g‘ri keladi.
Mamlakatda ichimlik suvi asosan yer osti manbalar hisobidan ta‘minlanadi. Yer osti chuchuk suv resurslari Farg‘ona vodiysi (34,5 %), Toshkent (25,7%), Samarqand (18%), Surxondaryo (9%) va Qashqadaryo viloyatlari (5,5%)da jamlangan.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm va Buxoro viloyatlari mahalliy obi hayot manbalaridan deyarli mahrum.
BMTning “Suv – O‘zbekiston kelajagi uchun muhim hayotiy resurs” tadqiqotiga ko‘ra, respublika aholisining qariyb to‘rtdan bir qismi (6 milliondan ortiq kishi) ifloslangan suvning salbiy ta‘sirini his qilmoqda.
Xalqaro tashkilotlar necha yildirki, Qoraqalpog‘iston va Xorazm aholisi ichayotgan suv amaldagi standartlardan bir necha tosh narida ekani haqida bong uradi. Davlat Sanitariya-epidemiologiya idorasi ham ushbu hududdagi vodoprovod suvi kimyoviy tarkibiga ko‘ra 18,7 dan 75 foizgacha davlat standarti talabiga javob bermasligini tan olgan.
Mutaxassislar Samarqand viloyatidagi Zarafshon, Toshkent viloyatidagi Chirchiq va Ohangaron, Farg‘ona viloyatidagi So‘x suv manbalarining ham tagi ko‘rinib qolayotganiga e‘tibor qaratadi.
Isrof va iflos qilganga jazo
Mamlakatda sarflanayotgan chuchuk suvning 91,3 foizi yoki 53 milliard 524 million 200 ming kubometri qishloq xo‘jaligi ulushiga to‘g‘ri keladi. Aholi ehtiyoji uchun esa 2 milliard 583 million 800 ming (4,4% ) chuchuk suv ishlatiladi. Iqtisodiy tadqiqotlar markazi sug‘orma dehqonchilik ahamiyati oshib borarkan, suv taqchilligi yanada kuchayishidan ogohlantiradi.
Rasmiy idoralar taqchillikning asosiy omillaridan biri sifatida aholi suvni isrof qilayotganini ro‘kach qiladi. “Suvsoz” trestiga ko‘ra, Toshkentda bir kishi sutkasiga 330 litrgacha suv ishlatadi. Poytaxt vodoprovod tizimida kunlik oqayotgan 2,5 million kubometr ichimlik suvidan 20 foizining uvol ketishi aytiladi.
Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasiga ko‘ra, ayni paytda Vazirlar Mahkamasi “O‘zbekiston Respublikasida suvdan foydalanish va suv iste‘moli haqidagi tartibni tasdiqlash to‘g‘risida”gi, “Suvdan maxsus foydalanish yoki suv iste‘moliga ruxsatnomani berish tartibi haqidagi Nizomni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarorlari loyihalari ustida ishlamoqda. Mazkur hujjatlar orqali suvni iflos va isrof qilganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish ko‘zda tutilayotir.
Ayni paytda ichimlik suvi muammosi butun dunyoda kuzatilmoqda. Bashoratlarga ko‘ra, 2025 yilga kelib sayyoramiz bo‘yicha har 10 kishidan 6 nafari yoki 5,5 milliard kishi toza ichimlik suvi tanqisligi bilan yuzma-yuz keladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |