Yo asling kabi ko’rin yo ko’ringaning kabi bol
Reja:
Yo asling kabi bo’l yoki koringaning kabi bo’l.
Hikmatlar to’plami.
Jaloladdin Rumiy hayoti va ijodi.
Foydalanilgan adabiyotlar.
Yo asling kabi bo’l yoki koringaning kabi bo’l.
XIII asrda yashab ijod qilgan buyuk alloma Jaloliddin Rumiyning ushbu purma'no hikmatlari bugungi kunda ham ahamiyatini yo'qotmagan. Bu misralar botinan chuqur falsafiy ma'noni anglatsa-da, zohiran qaraganda hozirda o'zlariga dinni niqob qilib olgan johil, manfur kimsalarga aytilgandek, nazarimizda. Sababi, “o'rgimchak to'ri”ning ortida o'zlarining asl kim ekanliklarini sir tutib, payt poylab, g'o'r yoshlarni turli aldovlar bilan o'z domiga tortish manfur kuchlarning asosiy maqsadi desak, aslo mubolag'a bo'lmaydi.Mana bir necha asrdirki, Islom dini bunyodkorlik, insonparvarlik, hamjihatlik, ahillik, diniy bag'rikenglik va tinchlik kabi ezgu g'oyalari bilan insoniyatni to'g'ri yo'lga chaqirib kelmoqda. Hech bir din, xususan, Islom dini kishilarni yovuzlik, vayronkorlik, buzg'unchilik kabi razil ishlarni qilishga undamagan. Afsuski, ayni vaqtda Islom dinidek bag'rikeng, tinchlikparvar dinni buzib ko'rsatib, musaffo e'tiqodini yomonotliqqa chiqarayotganlarning qilmishlari o'z manfaatlari yo'lida qilinayotgan g'arazli maqsaddan boshqa narsa emas.
Muhtaram Yurtboshimiz “Mafkura poligonlari yadro poligonlaridan xavfliroqdir” deya bejiz ta'kidlamaganlar. Darhaqiqat, XXI asrga kelib biror mamlakat xalqini bo'ysundirish uchun katta harbiy qo'shinga zarurat qolmadi, bil'aks, o'sha xalqning ongini egallash va o'zgartirishning o'zi kifoya qilmoqda. Bu borada aholi, xususan, yoshlar ongini zaharlashda ijtimoiy tarmoqlardan “oqilona” foydalanilmoqda.Boston Consulting Group tadqiqot markazi olib borgan izlanishlar shuni ko'rsatadiki, dunyoning eng yirik 4 ta mamlakati – Xitoy, Braziliya, Rossiya va Hindistonda ayni damda internetdan foydalanuvchilar soni 610 milliondan oshdi. Hademay bu ko'rsatkich 1,2 milliardga yetadi. Ularning 60 foizdan ortig'i 35 yoshgacha bo'lgan kishilarni tashkil qiladi. Mutaxassislar ta'kidlashicha, har yili internetdan foydalanuvchilar dunyo bo'yicha 9-20 foizga ortib bormoqda ("Internetga in qurgan “o'rgimchaklar”, 44-bet). Bu raqamlardan shuni anglash mumkinki, hozirda dunyo aholisi soni 7 milliardga yetgan bo'lsa, har 7 kishidan 1 tasi internet olami bilan yashaydi. Bu esa turli buzg'unchi aqidaparast kuchlarga qo'l kelishi tayin. Chunki aqidaparast oqimlarning iddaolarini targ'ib qilishda internet juda qulay vosita hisoblanadi. So'nggi yillarda buzg'unchilikni targ'ib qiluvchi veb-saytlar soni bir necha baravarga ko'paygan. Xususan, 10 yil avval bunday saytlar 20 ta bo'lsa, bugun 7000 dan ortib ketishi natijasida ayrim ilmsiz yoshlarning buzuq e'tiqodga chalg'ib, botil firqalarga qo'shilayotgani achinarli hol ("Internetga in qurgan “o'rgimchaklar”, 5-bet).Bunday buzg'unchi saytlar ortida turgan yovuz kimsalar sodda va g'o'r yoshlarni o'zlarining shirin aldovlariga osongina ishontirmoqda. Din ilmidan xabari yo'q johil kimsalar komp`yuter ortidan turib, yoshlarni tuzoqlariga ilintirish maqsadida katta-katta va'dalar berib o'z saflariga qo'shib olishga harakat qilmoqdalar. Albatta, bunday sharoitda har birimizdan ziyraklik, hushyorlik talab qilinadi. Alloh taolo Qur'oni karimda ayni shunday insonlarga qarata marhamat qiladi: “Ey mo'minlar! Agar sizlarga biror fosiq kimsa xabar keltirsa, sizlar (haqiqiy ahvolni) bilmagan holingizda biror qavmga aziyat yetkazib qo'yib, (keyin) qilgan ishlaringizga pushaymon bo'lmasligingiz uchun (u xabarni) aniqlab (tekshirib) ko'ringiz!” (Hujurot, 6).Demak, xoh internet, xoh boshqa axborot manbasi bo'lsin, avvalo o'sha ma'lumotning aniqligi va to'g'riligini tekshirib ko'rish kerakligi, bunda har kimdan emas, o'sha sohaning mutaxassisidan so'rash lozimligi aytilmoqda. Donishmand bobolarimiz: “Bir bolaga yetti mahalla ota-ona”, deb bejiz aytishmagan. Mahalla, ko'cha-ko'yda u xoh tanish, xoh notanish bola bo'lsin, har birimiz ularning xatti-harakatlariga bee'tibor bo'lmaylik. Mahallada begona kimsa paydo bo'lsa, uni to'xtatib: “Kimsan, kimning bolasisan, nima yumush bilan kelding?” deb so'rash, shu asnoda mahalladagi tinchlik va osoyishtalikni ta'minlash har birimizning fuqarolik burchimiz. Bugungi tahlikali zamonda “Sen menga tegma, men senga tegmayman” qabilidagi qarashlardan voz kechib, bir zum bo'lsa-da hushyorlikni yo'qotmaslik zarur. Bugun dunyoda sodir bo'layotgan to'qnashuvlar, to'polonlar, g'ayriinsoniy xatti-harakatlar hech bir inson zotiga to'g'ri kelmaydi. “Internet” ortiga yashiringan kimsalar o'zlarining barcha razil ishlarini “parda” ortidan turib, tagi puch va asossiz g'oyalar bilan aholi, xususan, yoshlar ongini zaharlab, o'z yurtidan va hatto ota-onasidan ayirishga urinmoqdalar. Islom dini farzandga ota-onasini hurmat qilishga buyuradi. Alloh taolo Luqmon surasi, 14-oyatda: “Biz insonga ota-onasini (rozi qilishni) buyurdik”, deya qat'iy ta'kidlaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |