2. Stabillashuv yillarida AQSH
1922-1929 yillarda AQShda vaqtincha, qisman stabillashuv yillari bo‘ldi.
AQShdagi stabillashuv Yevropa mamlakatlaridagi stabillashuvdan ilgariroq (1922 yil
oxirida) boshlandi, hamda Angliya, Fransiya, Germaniya, Italiya va Yaponiyadan
oldinda bordi. 1923-1929 yillarda AQShdagi sanoat mahsulotining umumiy hajmi 20%
oshdi, yollanma ishchilar soni esa 7,6% kamaydi. 1926-1929 yillarda AQSH sanoat
mahsuloti yuqoridagi 5 ta mamlakat mahsulotidan 9% ortiq bo‘ldi. 1928-1929 yillarda
AQSH iqtisodiyotining juda yuksalgan yillari bo‘ldi. Stabillashuv yillarida kapital tez
konsentratsiyalashdi va markazlashdi. Juda ko‘p sanoat korxonalari birlashtirildi
minglab kichik va o‘rta korxonalar tugatildi. Qishloq xo‘jaligida ham yirik fermer-
kapitalistlar xo‘jaligi mayda fermerlarning xonavayron bo‘lishi hisobiga kengaydi.
O‘sish yangi texnikaviy asosda, eng yangi texnika uskunalari, konveyyer tizimi,
standartlashtirish, modernlashtirish usullarini keng tadbiq etish yo‘li bilan amalga
oshirildi. Ishlab chiqarishda yangi fan va texnika kashfiyotlari, seriyali ishlab chiqarish
usuli keng qo‘llanila boshlandi. Ishlab chiqarishda aql bovar qilmas o‘sish ro‘y berdi.
1927 yilga kelib AQShda yiliga 7 mln. avtomobil ishlab chiqarilardi.
Avtomobilsozlikning o‘sishi keng shosse yo‘llarining barpo etilishiga turtki bo‘ldi,
shahar va qishloq qurilishining rivojlanishiga ta’sir ko‘rsatdi. Ishlab chiqarishning
o‘sishi Amerika monopoliyalariga ulkan daromadlar keltirib, ularning
raqobatbardoshligini oshirdi.
Iqtisodiyotdagi jadal o‘sish o‘z qo‘llarida katta iqtisodiy va siyosiy hokimiyatni
jamlagan ulkan ishlab chiqarish va moliya birlashmalarining tashkil topishiga olib
keldi. Avtomobilsozlikda uch yirik kompaniya - «Ford», «Jeneral Motors» va
«Kraysler» butun avtomobil sanoatini o‘ziga buysundirdi. Kimyo sanoatida «Dyupon»
firmasi, po‘lat qo‘yish sanoatida «Po‘lat tresti» hukmronlik qildi. Banklarning
hukmronligi ayniqsa beqiyos bo‘ldi. Morgan va Rokfeller nazorati ostidagi olti yirik
bank mamlakatdagi jami sarmoyaning yarmidan ortig‘ini nazorat qildi. Amerikaning
barcha yirik moliya va sanoat kompaniyalari birgalikda mamlakat ichki va tashqi
siyosatini, Amerikadagi butun siyosiy tizimni nazorat qildilar. Ular Amerika davlat
siyosatining shakllanishiga hal qiluvchi ta’sir ko‘rsatdilar.
20-yillarda mamlakat siyosiy hayotida yangi sharoitga moslashishga erishgan
Respublikachilar partiyasi muhim rol o‘ynadi. 1920 yildagi prezidentlikka saylovlarda
Demokratlar partiyasi mag‘lubiyatga uchradi va Oq uyni respublikachilar egalladilar.
Ular Oq uy va Kongressda 1932 yilgacha hukmronlik qildilar. Bu davrda prezidentlik
kursida U.Garding (1921-1923), K.Kulij (1923-1924 va 1925-1929) va G.Guver
(1929-1932) o‘tirdi. Bu davr Amerika iqtisodiyotining gullab-yashnash (prosperiti)
davri bo‘ldi. Unga U.Garding asos soldi. 1922 yilda u qo‘shimcha foyda solig‘ini, narx-
navo ustidan nazoratni bekor qildi va kompaniyalarga ishchilar bilan munosabatlarda
to‘liq erkinlik berdi.
U.Garding ishini davom ettirgan K.Kulij 1925 yilda: «Amerikaning ishi –
tijorat», deb e’lon qildi. Bu jumla Amerika hukmron doiralarining bosh tamoyiliga
aylandi. Amerika iqtisodtchilari AQShning stabillashuvini, mamlakatning gullab
yashnashi deb atadilar, Amerika kapitalizmini «alohida kapitalizm» deb maqtadilar,
endi inqirozlar bo‘lmaydi deb jar soldilar. 1925 yili Deyton shahrida yosh biologiya
o‘qituvchisi Jon Skops maktabda darvin evolyutsiya ta’limotini o‘qitganligi uchun
qamoqqa olinib sud qilindi. bu sud «maymun sudi» degan hajviy nomni oldi Xukumat
ishchilar harakatini bo‘g‘ish uchun hamma choralarni ko‘rdi. Fabrika kassirini
o‘ldirishdi nohaq ayblangan Italiyalik inqilobchi ishchilardan Sakko va Vansetti
turmada 7 yillik qamoqdan keyin, 1927 yili sud qilindi. Tuxmatlarni ochib tashlagan
100 dan ortiq guvohlarning so‘zlarini azar e’tiborga olishmadi. Sudning adolatsiz
hukmiga binoan, 1927 yil 23 avgustda Sakko va Vansetti elektr toki o‘tkazilgan stolda
azoblab o‘ldirildi. Kulij hukumati jahon miqyosida agressiv siyosatini kuchaytirib
yubordi. Amerika burjuaziyasi jahonda hukmronlik qilish uchun kurashning
niqoblangan izolyatsionistik metodidan foydalanishini davom ettirdi. 1924 yilda
Amerikalik bankir Charliz Daues tashabbusi bilan Germaniyadan olinadigan
reparatsiya bahonasi bilan «Daues rejasi» degan maxsus reja tuzildi. Bundan maqsad
Germaniya iqtisodiyotida AQShning moliyaviy pozitsiyasini kuchaytirish, katta foyda
olish, Germaniya og‘ir sanoatini rivojlantirish edi. 1924-1929 yillarda AQSH, Angliya
va boshqa mamlakatlarning Germaniyaga bergan qarzlari 23 mlrd. marka miqdorida
bo‘lsa, shundan 70% AQSH bergan qarz edi. Shimoliy Amerika zo‘ravonlari «katta
tayoq» siyosatiga amal qilib, butun Amerika qit’asida hukmron bo‘lib olish uchun
kurashdilar. Markaziy Amerika mamlakatlariga (masalan, Gaiti, Gonduras, Kuba va
boshqalarga) qarshi qurolli intrvensiya uyushtirildi. Panamadagi askarlar soni oshirildi,
Panama AQShning harbiy strategik platsdormiga aylantirildi. Meksika neft boyligining
73% AQSH monopolistlari qo‘liga o‘tdi. 1928 yilga kelib Lotin Amerikasidagi 20 ta
mamlakatdan 14 tasi AQShga qaram bo‘lib qoldi. AQSH 1929 yilda Filippindagi
milliy ozodlik harakatini qurol kuchi bilan yovuzlarcha bostirdi.
Amerika Qo‘shma Shtatlari G‘arbiy Yevropadagi moliya tizimlarida ham
yetakchi marralarni qo‘lga kiritib, bundan qit’a ustidan o‘z siyosiy hukmronligini
o‘rnatish yo‘lida foydalandi. Daues rejasi (1924) ko‘magida moliya sarmoyasi G‘arbiy
Yevropaga kiritildi va Germaniya harbiy-ishlab chiqarish qudrati hamda Germaniya
militarizmining tiklanishiga ko‘maklashdi. Amerika kompaniyalarida, ayniqsa Polsha
katta qiziqish uyg‘otdi, Amerika sarmoyasi bu yerda Polsha qazilma va metallurgiya
sanoatining 50%i ustidan nazorat o‘rnatishga erishdi. 1928 yilgi prezident saylovlarida
respublikachilar partiyasi prezidentlikka Gerbert Guver nomzodini ko‘rsatdi. Guver
demokratlar partiyasining nomzodi Smitga nisbatan ko‘proq ovoz oldi va
prezidentlikka saylandi.
Do'stlaringiz bilan baham: |