Yevropadagi harbiy harakatlar. Osiyo-Tinch okeani mintaqasidagi harakatlar haqida ma’lumot bering?
1940-yilning 28-oktabrida Italiya Gretsiyaga hujum qildi. 1941-yilning 6-aprelida Germaniya armiyasi Italiyaga yordamga keldi va natijada 17-aprelda Yugoslaviya, 23-aprelda Gretsiya taslim bo‘ldi. Buyuk Britaniya hukumati Gretsiyadagi ingliz korpusini Misrga evakuatsiya qilishga majbur bo‘ldi. 1941-yilning yozigacha Germaniya va Italiya Yevropaning 12 davlatini zabt etishga ulgurdilar. Bosib olingan davlatlarda fashistlarning okkupatsiya tartibi o‘rnatildi. Fashistlar o‘zlarining bu tartibini «yangi tartib» deb atadilar. Yangi tartibga ko‘ra, demokratik erkinliklar tugatildi; siyosiy partiyalar va kasaba uyushmalari faoliyati taqiqlandi. Ish tashlash va mitinglar o‘tkazish man etildi. Bo‘ysunmaganlar o‘lim lagerlariga tashlandi. Polsha va Germaniyada tashkil etilgan konsentratsion lagerlar aslida o‘lim fabrikalari edi. Fashistlarning jinoyatchi rahbarlari millionlab kishilarni qirib yuborish uchun maxsus rejalarni ishlab chiqdilar. Rejaga ko‘ra, o‘lim fabrikalarida 11 mln kishining yostig‘ini quritdi. Bosib olingan davlatlar iqtisodiyoti bosqinchilar manfaati uchun mahsulot ishlab chiqara boshladi. Biroq «yangi tartib» ijodkorlarining jinoyatlariga befarq qarab turilmadi. Har bir bosib olingan davlatdan Qarshilik ko‘rsatish harakati vujudga keldi. Bu harakat a’zolari mumkin bo‘lgan barcha vositalar bilan umumiy dushman — fashizmga qarshi kurashdek muqaddas ishga baholi qudrat hissa qo‘shdilar. Bu harakatda turli millatlar, turli siyosiy va diniy qarashdagi, turli e’tiqoddagi kishilar — sotsial-demokratlar, kommunistlar,
partiyasizlar, ateistlar, xristianlar, musulmonlar, buddistlar va boshqalar qatnashdilar. G‘arbiy Yevropada qudratli qarshilik ko‘rsatish harakati markazi Fransiya va Italiya edi. Fransiyaning barcha vatanparvar kuchlari 1943-yilda Qarshilik ko‘rsatish milliy kengashiga birlashdilar va general de Gollning rahbarligini tan oldilar. Yugoslaviya, Gretsiya, Albaniya, Polsha, Chexoslovakiya va boshqa davlatlarda ham qarshilik harakati nihoyatda kuchaydi. Bunday harakat Janubi-Sharqiy Osiyoda ham vujudga keldi. Yer sharining bu mintaqa xalqlari Yaponiya bosqinchilariga qarshi milliy-ozodlik kurashini kuchaytirdilar. Chunonchi, 1943-yilning oxirida partizan otryadlari Shimoliy Vetnamning bir qismini ozod etishga muvaffaq bo‘ldi. Xitoyda ham yapon bosqinchilariga qarshi kurash kuchaydi. 1944-yilning yozi va kuzi davomida Sharqiy va Janubi-Sharqiy Yevropa davlatlari fashizmdan to‘la ozod etildi. Yevropaning bu qismida Polsha, Yugoslaviya, Ruminiya, Bolgariya, Vengriya, Albaniya kabi davlatlar joylashgan edi. Ularning ozod bo‘lishida Sovetlar armiyasi hal qiluvchi rol o‘ynaydi. Yevropa davlatlarini ozod etishda sovetlarning jami 3 mln dan ortiq jangchisi halok bo‘ldi, mayib-majruh bo‘lib qoldi yoki bedarak yo‘qoldi. Ular orasida minglab o‘zbek jangchilari ham bor edi. Birgina Polshani ozod etishda 600 ming sovet jangchisi qurbon bo‘ldi. Bu davlatlarda xalq demokratik inqiloblari amalga oshirildi va ular xalq demokratiyasi davlatlari deb atala boshlandi. 1941-yilning 2-iyulida Yaponiya hukumati urush harakatlarini boshlash haqida qaror qabul qildi. 7-dekabr kuni Yaponiya harbiy-dengiz floti aviatsiyasi AQSHning Gavay orollarida joylashgan Pirl-Xarbor buxtasida
joylashgan harbiy-dengiz kuchlariga hujum boshladi. AQSH floti katta talafot ko‘rdi. Ayni paytda Yaponiya harbiy floti va aviatsiyasi AQSH va Buyuk Britaniyaning Filippin orollarida joylashgan kuchlariga ham hujum uyushtirdi. Filippin, Malayziya va Indoneziyaga desant tashladi. Tailandni ham bosib oldi va o‘zining navbatdagi hujumini Buyuk Britaniya mustamlakasi — Birmaga qaratdi. Shu tariqa 1942-yilning yoziga kelib Yaponiya Osiyoning deyarli barcha yirik davlatlarini bosib olishga ulgurdi. Yaponiya qo‘shinlari g‘arbda Hindiston, janubda esa Avstraliya chegaralarigacha yetib keldi. Faqat 1942-yilning yozida AQSH va Buyuk Britaniya Yaponiya armiyasining zafarli harakatini to‘xtata oldi. Yaponiya taslim bo‘lmaguncha Ikkinchi jahon urushi tugamas edi. 1944-yilning oktabr oyida eng yirik harbiy-dengiz floti jangida AQSH Yaponiya flotini tor-mor keltirdi. 1945-yilning aprel oyida AQSH armiyasi Okinava orolini egalladi. U Tokio shahridan 500 km uzoqlikda edi. Yozga kelib Yaponiya armiyasi Osiyoning katta qismidan quvib chiqarildi. Biroq Yaponiyani taslim etish oson ish emas edi. Buning uchun AQSH Yevropadagi kuchlarini Yaponiyaga tashlashi zarur edi. Urush esa 1946-yilning oxirigacha cho‘zilar va AQSH odam va aslaha jihatidan juda kata zarar ko‘rar edi. Shuning uchun ham Sovet davlatining Yaponiyaga qarshi urushga kirishi nihoyatda zarur edi. 26-iyul kuni AQSH, Sovet davlati va Xitoy Yaponiyadan so‘zsiz taslim bo‘lishni talab etdilar. Biroq Yaponiya bu talabni rad etdi. 8-avgust kuni Sovet hukumati Yaponiyaga urush e’lon qildi. 9-avgustda esa Shimoliy-Sharqiy Xitoy, Shimoliy Koreya, Janubiy Saxalin va Kurill orollarida joylashgan Yaponiya armiyasiga qarshi hujumga o‘tdi. Shu orada Xirosima va Nagasaki shaharlariga AQSH aviatsiyasi atom bombasini tashladi. Bu ikki atom bombasidan 100 mingdan ortiq kishi halok bo‘ldi. 400 mingdan ortiq kishi esa radiaktiv nurlandi. Atom bombasining ishlatilishi va Sovet davlatining urushga kirishi Yaponiyani mag‘lubiyatga uchraganligini tan olishga majbur etdi va 2-sentabr kuni Yaponiya taslim bo‘lganligi haqidagi hujjat imzolandi. Shunday qilib, Yaponiya mustamlakachilik imperiyasi quladi va Yaponiyaning taslim bo‘lishi bilan Ikkinchi jahon urushi ham tugadi.
Germaniyaga qarshi koalitsiyani vujudga kelishi. Tehron, Yalta, Podstam konferensiyalari haqida ma’lumot bering? Germaniya ittifoqchilarining Sovet davlatiga, Yaponiyaning esa AQSH hamda Buyuk Britaniyaga qarshi urush harakatlarini boshlashi fashist agressorlariga qarshi kurashuvchi davlatlar koalitsiyasini (ittifoqini) tuzish masalasini kun tartibiga qo‘ydi. Bunday koalitsiya tuzish zarurligi va uning maqsadlari Buyuk Britaniya bosh ministry U. Cherchill va AQSH Prezidenti F. Ruzvelt 1941-yil avgustda imzolagan «Atlantik nizom»da o‘z ifodasini topdi. Sovet davlati ham «Atlantik nizom»ga qo‘shildi. 1942-yil 26-mayda Londonda Sovet davlati bilan Buyuk Britaniya o‘rtasida 20 yilga mo‘ljallangan va «Gitler Germaniyasi va uning Yevropadagi sheriklariga qarshi urushda ittifoqlik va urushdan keyingi hamkorlik hamda o‘zaro yordam to‘g‘risida» deb atalgan shartnoma imzolandi. 10-iyunda esa Vashingtonda o‘zaro yordam to‘g‘risida sovet-amerika bitimi imzolandi. Ungacha AQSH lend-liz to‘g‘risidagi qonunni Sovet davlatiga nisbatan ham qo‘llay boshlagan edi. Shu tariqa uch buyuk davlat o‘rtasida harbiy-siyosiy ittifoq vujudga keldi. Ittifoqchilar o‘rtasida xalqaro masalalar va ularni hal etish yo‘llari xususida chuqur ziddiyatlar mavjud bo‘lsa-da, bu ittifoq Yevropa va Osiyoda agressorlarni tor-mor etishda beqiyos katta tarixiy rol o‘ynadi.
1943-yilning 27-noyabr – 1-dekabr kunlari Eron poytaxti Tehron shahrida 3 buyuk davlat rahbarlarining ikkinchi front masalasida konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Konferensiyada F. Ruzvelt, I. Stalin va U. Cherchill qatnashdi. Buyuk Britaniya va AQSH 1944-yilning yozidan kechiktirmay Yevropada ikkinchi frontni ochishga va’da berdilar. Sovet davlati esa Yevropada urush tugagach, Yaponiyaga qarshi urushga kirish majburiyatini oldi. 1944-yilning 6-iyunida Buyuk Britaniya va AQSHning birlashgan qurolli kuchlari AQSH generali Eyzenxauer qo‘mondonligida Fransiya hududiga tashlandi. Shu tariqa Yevropada ikkinchi front ochildi.
Germaniyani butunlay tor-mor etish va ozod Yevropada birgalikda siyosat yuritishni kelishib olish maqsadida Sovet davlati, AQSH va Buyuk Britaniya rahbarlari 1945-yilning 4-fevralida Qrim viloyatidagi Yalta shahrida to‘plandilar. Bu yerdagi Livadiya saroyida 4—11-fevral kunlari tarixga Qrim konferensiyasi nomi bilan kirgan xalqaro anjuman bo‘lib o‘tdi. Konferensiyada I. Stalin, U. Cherchill, F. Ruzvelt ishtirok etishdi. Konferensiyada Germaniyani so‘zsiz taslim etish, uning qurolli kuchlarini yo‘q qilish, harbiy jinoyatchilarni jazoga tortish, fashistlar tashkilotlarini, qonunlari va tartiblarini yo‘q qilish, Germaniyani uning agressiyasiga duchor bo‘lgan davlatlarga reparatsiya to‘lashga majbur etishga kelishib oldilar. «Ozod Yevropa to‘g‘risidagi deklaratsiya» e’lon qilindi. Shuningdek, bu maqsadlarni ro‘yobga chiqarish uchun Germaniyani 3 ta okkupatsion hududga bo‘lishga qaror qildilar. Konferensiyada Sovet davlatining Yevropada urush tugaganidan keyin 2—3 oydan so‘ng Yaponiyaga qarshi urushga kirishishiga kelishib olindi. Buning evaziga Mo‘g‘uliston Xalq Respublikasining oldingi holati saqlanib qolishi, Janubiy Saxalin va Kurill orollari sovetlarga berilishi hamda Xitoyga qarashli Port-Arturda sovetlarning harbiy-dengiz bazasi qurilishi lozim edi. Bundan tashqari, Qrim konferensiyasi qarorlariga ko‘ra, xalqaro tashkilot — Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) tashkil etiladigan bo‘ldi. Uning maqsadi dunyoda tinchlik va xavfsizlikni ta’minlashdan iborat bo‘lishi zarur edi. 1945-yilning 25-aprelida AQSHning San-Fransisko shahrida BMT ning Ta’sis konferensiyasi ochildi. Uning ishida Germaniyaga qarshi urush e’lon qilgan 42 ta davlat delegatsiyasi qatnashdi. Shu tariqa BMT vujudga keldi. 24-oktabr BMT tashkil etilgan kundir. Uning qarorgohi Nyu-York shahri deb belgilandi.
1945-yilning 17-iyulida Germaniyaning Potsdam shahrida uch buyuk davlatlar rahbarlari (I. Stalin, U. Cherchill, G. Trumen) konferensiyasi ochildi. Germaniyani qurolsizlantirish, natsistlar partiyasini yo‘q qilish, Germaniyani reparatsiya to‘lashga majbur etish va asosiy jinoyatchilarni xalqaro harbiy tribunalga berish haqida kelishib oldilar. Konferensiya, bundan tashqari, chegara masalasini ham hal etdi. Chunonchi, Germaniya chegarasi 1938-yilgi holatiga nisbatan qisqartirildi. Germaniya — Polsha chegarasi Oder — Neyse daryolari bo‘ylab o‘tadigan bo‘ldi. Sharqiy Prussiyaning sohil bo‘yi Kenisberg shahri bilan birga SSSRga berildi. Qolgan qismi Polshaga o‘tkazildi. Polsha va SSSRga o‘tgan hududlarda yashovchi 9 mln dan ortiq nemislar ko‘chirildi. Uch davlat ishg‘ol etgan hududlarda saqlanayotgan harbiy asirlar almashiniladigan bo‘ldi. Germaniya to‘laydigan tovon 20 mlrd dollar miqdorida belgilandi. Uning 50 foizi SSSR ga berilishi to‘g‘risida kelishildi. Konferensiya qaroriga ko‘ra, Germaniya yaxlit davlat bo‘lib qolishi kerak edi. Ayni paytda Germaniyada so‘z, matbuot, din erkinligi tiklanadigan bo‘ldi. Kasaba uyushmalari va demokratik partiyalar faoliyatiga ruxsat berilishiga kelishildi. Germaniyaga qarashli Kenisburg viloyati Sovet davlatiga berildi. Sovetlar Yaponiyaga qarshi urushga kirishi haqidagi qaroriga amal qilishini yana bir bor tasdiqladi.
Ikkinchi jahon urushining yakun topishi va yangi xalqaro munosabatlarning o’rnatilishi haqida ma’lumot bering? 1945-yilning 16-aprel kuni Sovetlar armiyasi Berlinni qurshab oldi va ishg‘ol etishga kirishdi. Shu tariqa Berlin operatsiyasi boshlandi. Unga mashhur rus sarkardasi G. K. Jukov qo‘mondonlik qildi. 25-aprelda Sovet qo‘shinlari hujumga o‘tdi. 3000 ta projektor hujum qiluvchilarning yo‘lini yoritib turdi. Projektor nurlari dushman jangchilari ko‘zini qamashtirib yubordi. Sovet qo‘mondonligi niqob sifatida tutun tarqatish vositasini qo‘lladi. Minglab tank va samolyotlar dahshat solib hujumga tashlandi va bular nemis qo‘shinini sarosimaga solib qo‘ydi. Italiyada ham fashizm keskin zarbaga uchradi. Ko‘p joylar fashistlardan ozod qilindi. 29-aprel kuni Italiya partizanlari Mussolinini asir oldilar va otib tashladilar. Gitlerchilarning insoniyatga qarshi qilgan jinoyatlari uchun qasosdan qochib qutulolmasligi muqarrar bo‘lib qoldi. 30-aprel kuni Germaniya rahbarlari A. Gitler, Gimmler, Gebbelslar o‘z jonlariga qasd qildilar. Gitlerning jasadi benzin sepib yoqib yuborilgan. Bu voqea sovet jangchilari tomonidan reyxstag binosiga qizil bayroq — g‘alaba bayrog‘i ilingan kunda sodir bo‘ldi. Insoniyat jallodining qismati ana shunday poyoniga yetdi. 2-may kuni Berlin garnizoni taslim bo‘ldi. 8-maydan 9-mayga o‘tar kechasi Berlin yaqinidagi Karlxorst deb ataladigan binoda Germaniyaning so‘zsiz taslim bo‘lganligi haqida hujjat imzolandi. Hujjatni g‘oliblar —Sovetlar davlati nomidan marshal G. K. Jukov, Buyuk Britaniya nomidan marshal A. Tedder, AQSH nomidan marshal K. Spaats, Fransiya nomidan general J. Delatr de Tassini imzoladilar. Mag‘lub Germaniya nomidan esa feldmarshall Keytel imzo chekdi. Shu tariqa Yevropada urush tugadi.
Dunyoning asosiy davlatlarini o‘z domiga tortgan Ikkinchi jahon urushida 40 davlatning hududida harbiy harakatlar olib borildi. Urushda behisob qurbonlar berildi va juda katta vayrongarchilik yuz berdi. Urushda fashistik Germaniya, Italiya va militaristik Yaponiya tor-mor etildi. Ular vaqtinchalik buyuk davlatlar qatoridan tushib qoldi. Ayni paytda fashizm halokatga uchradi, fashistlar partiyasi va tashkilotlari faoliyati taqiqlandi. Uzoq va og‘ir kurashda demokratik va antifashistik kuchlar g‘alaba qozondi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti tuzildi va uning Ustavi 1945-yilning 24-oktabridan kuchga kirdi. Mustamlakachi imperiyalarning yemirilishi boshlandi. O‘nlab yangi mustaqil davlatlar vujudga keldi. Buyuk Britaniya va Fransiya sezilarli darajada zaiflashdi. AQSH esa dunyoning ikki o‘ta qudratli davlatidan biri bo‘lib qoldi. Sovet davlati ham urush natijasida mislsiz talafotlar ko‘rgan bo‘lsa-da, AQSH kabi dunyoning o‘ta qudratli davlatiga aylandi. Hozirgi bosqichda Sovet davlati merosxo‘ri Rossiya bilan AQSH dunyoni muvozanatda saqlab turibdi. Bugungi kunda Yer yuzida mustahkam tinchlikning o‘rnatilishi, yangi qirg‘inbarot urushlarning ro‘y bermasligi uchun barcha davlatlar (birinchi navbatda, buyuk davlatlar) hamda jahon jamoatchiligi mas’uldir.
Do'stlaringiz bilan baham: |